GLOBALLASHUV VA GLOBAL MUAMMOLARNING FALSAFIY JIHATLARI
GLOBA LLA SHUV VA GLOBA L MUA MMOLA RN IN G FA LSAFIY J IHA TLA RI Reja : 1. Globallashuv - falsafiy mazmuni.Globallashuv xodisasi va globalistika. 2. Global jarayonlarning shakllanish tarixi va darajalari. 3. 2017-2021 yillardagi O’zbekistonni yanada rivojlantirish bo’yicha Xarakatlar strategiyasida global muammolar va ularni hal qilish mexanizmlari. Global muammolarni hal qilishda xalqaro kuchlar birlashuvining axamiyati. 4. Bashorat tushunchasi unig turlari va metodlari. Kelajakni bashorat q ilishning uzig a xos xususiyatlari.
GLOBALLASHUVNING FALSAFIY MAZMUNI. Falsafa va hozirgi zamon. Falsafa nafaqat insonning azaliy muammolari va g’am-tashvishlarini, balki uning so’nggi yillarda fan-texnika taraqqiyoti ta’sirida tobora jadalroq sur’atlarda, shu jumladan dunyo miqyosida o’zgarayotgan real hayoti kundalik amaliyotini ham aks ettiradi. Shu munosabat bilan yuzaga kelayotgan yangi hodisalar, g’ayrioddiy qiyinchiliklar va alohida sharoitlar olimlarning ham, faylasuflarning ham e’tiborini tortmoqda. Bunda falsafaning fandan ustunligi shundaki – u o’z xulosalarida tafsilotlar va muayyan dalillarga mahkam yopishib olmaydi, ayrim, uzuq-yuluq va o’tkinchi narsalarni osongina chetlab o’tadiki, bu unga asosiy e’tiborni ishning mohiyatiga qaratish, rivojlanishning eng muhim omillari va asosiy jarayonlarini qayd etish imkonini beradi. Falsafaning mazkur fazilatlari insonning ijtimoiy munosabatlar tizimida yoki «jamiyat-tabiat» tizimida yuzaga kelayotgan murakkab, kompleks vazifalarni hal qilishga majbur bo’layotgan hozirgi sharoitlarda alohida ahamiyat kasb etadi. Shu munosabat bilan falsafiy tahlilning, muhim narsalarni ikkinchi darajali narsalardan, qonuniy narsalarni tasodifiy narsalardan farqlash, tarixiy
rivojlanishda obyektiv jarayonlarning subyektiv omillardan farqi kabi usullari va metodlari hozirgi vaqtda insoniyat duch kelgan olamshumul muammolarni nazariy anglab yetish va amalda bartaraf etish uchun ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. Globallashuv hodisasi . Hozirgi davr haqida aniqroq tasavvur hosil qilish uchun XX asr boshigacha jahon tarixi asosan mustaqil rivojlangan va bir-biriga jiddiy ta’sir ko’rsatmagan sivilizasiyalardan iborat bo’lganini nazarda tutish muhimdir. Hozirgi vaqtda dunyo so’nggi yuz yillik ichida yuz bergan jamiyat hayoti barcha jabhalarining faol integrasiyalashuvi natijasida sezilarli darajada o’zgardi va yaxlit bir butun organizmga aylandi. Buning oqibati o’laroq, ayrim xalqlar va butun insoniyatning ijtimoiy ongida global jarayonlar va ularning ta’sirida yuzaga kelgan umumiy (dunyo miqyosidagi) muammolar bilan belgilangan jiddiy o’zgarishlar yuz bera boshladi. Jahon hamjamiyati o’z rivojlanishining yangi bosqichiga qadam qo’ygani, u avvalgi bosqichlardan nafaqat o’zgarishlar miqyosi, balki faollik darajasi va universal xususiyati bilan ham farq qilishi ayon bo’ldi. Bu o’zgarishlarning butun majmui, shuningdek ularning sabablari 1990- yillarda globallashuv (lot. globus – yer kurrasi) deb nomlandi. Globallashuv jamiyat hayotining turli jabhalarida butun yer sayyorasi uchun yagona bo’lgan tuzilmalar, aloqalar va munosabatlarning shakllanishi, universallashuv jarayonidir. Shuningdek globallashuv global makonning tutashligi, yagona jahon xo’jaligi, umumiy ekologik o’zaro aloqadorlik, global kommunikasiyalar va shu kabilar bilan tavsiflanadi. Globalistika. Jahon rivojlanishining eng yangi tendensiyalarini anglab yetish borasidagi ko’p sonli sa’y-harakatlar globallashuv jarayonlarining mohiyati, tendensiyalari va sabablarini, ular ta’sirida yuzaga kelayotgan global muammolarni aniqlash va bu jarayonlarning oqibatlarini anglab yetishga qaratilgan fanlararo ilmiy tadqiqotlar sohasi – globalistika paydo bo’lishiga olib keldi. Kengroq ma’noda «globalistika» atamasi globallashuvning turli jihatlari va global muammolarga oid ilmiy, falsafiy, madaniy va amaliy tadqiqotlarni, jumladan ularning olingan natijalarini, shuningdek ularni ayrim davlatlar darajasida ham,
xalqaro miqyosda ham iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy jabhalarda amalga joriy etish borasidagi amaliy faoliyatni ifodalash uchun qo’llaniladi. Shuni ta’kidlash lozimki, globalistika odatda ilmiy bilimning tabaqalanishi natijasida yoki turdosh fanlar tutashgan joyda paydo bo’ladigan ayrim fanlar qatoriga kirmaydi. Uning vujudga kelishi zamirida qarama-qarshi jarayonlar – hozirgi zamon faniga xos bo’lgan integrasiyalashuv jarayonlari yotadi. Globalistika tadqiqotlar va bilishning shunday bir jabhasiki, bu yerda turli fanlar va falsafa, asosan bir-biri bilan uzviy aloqada, har biri o’z predmeti va metodi nuqtai nazaridan, globallashuvning turli jihatlarini tahlil qiladi, global muammolarni bir- biridan alohida va yaxlit tizim sifatida o’rganib, ularning yechimlarini taklif qiladi. Globalistika mustaqil ilmiy yo’nalish va ijtimoiy amaliyot jabhasi sifatida 1960-yillarning oxirlaridan e’tiboran shakllana boshladi, lekin uning paydo bo’lishi uchun obyektiv asoslar ancha oldin yuzaga kelgan edi. 2- MASALA. Global jarayonlarning shakllanish tarixi . Hozirgi globallashuv jarayonlarining ilk nishonalariga XV asr oxirlaridan boshlab duch kelish mumkin, XIX asr boshiga kelib esa u amalda real shakl-shamoyil kasb etdi. Bu pirovardida yagona geografik, ma’lum darajada iqtisodiy va siyosiy jahon maydoni shakllanishiga olib kelgan Buyuk geografik kashfiyotlar yuz bergan davr edi. Ayni shu davrda dunyoni tushunishga nisbatan geosentrik yondashuvlar geliosentrik yondashuvlarga o’rin bo’shatdi, insoniyat esa, nihoyat, kun va tunning almashishini to’g’ri talqin qilishga muvaffaq bo’ldi. Fan falsafadan ajralib chiqib, bilimlar to’planishi va texnikaning rivojlanishiga kuchli turtki berdi, fan-texnika taraqqiyoti va sanoat inqilobi yuz berishiga sabab bo’ldi. So’nggi zikr etilgan voqyealar pirovard natijada insonning tabiatni o’zgartiruvchi imkoniyatlari va uning atrof muhit bilan munosabatini butunlay o’zgartirdi. Yer kurrasi shar (globus) ko’rinishida ekanligini nazariy va amaliy jihatdan isbotlab insoniyat o’z tarixida birinchi bo’lib savdo-sotiq sohasida dunyo darajasiga chiqdilar va dunyo miqyosida xalqaro munosabatlarga asos soldilar. Ayni shu davrda ilk transmilliy savdo kompaniyalari vujudga keldi. Tez orada ularning faoliyati sof savdo chegarasidan tashqariga chiqdi va ular qullarni qo’lga
kiritish va ularni ekspluatasiya qilish, bosib olingan hududlarda plantasiyalar va manzilgohlar barpo etish jarayonida ishtirok eta boshladi, nihoyat, o’z davlatlari amalga oshirayotgan mustamlakachilik siyosatining asosiy ijrochisiga aylandi. Bularning barchasi jiddiy migrasiya jarayonlari yuz berishiga ham sabab bo’ldi; xususan, mustamlakachilar qora tanli qullarni Afrikadan Amerikaga ommaviy tarzda tashib keltira boshladilar va shu tariqa uning demografik tarkibini butunlay o’zgartirdilar. Shuning o’ziyoq globallashuv turli xalqlarning iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayoti bilan avvalboshdan uzviy bog’liq bo’lgan, degan xulosaga kelish imkonini beradi. XVII asr boshlariga kelib yevropalik savdogarlar ulkan hududlarni o’zlashtirdilar va deyarli butun dunyo bo’ylab joylashdilar. Shu tariqa ular insoniyat tarixida birinchi bo’lib yagona global iqtisodiy va siyosiy tizimning zaruriy asoslarini yaratdilar va mazkur tizim shakllanishi uchun zamin hozirladilar. Shunday qilib, XV-XVI asrlarda yuz bergan Buyuk geografik kashfiyotlar jahon tarixining rivojlanish jarayonida tub burilish yasadi va «Yevropa siyosati keskin, misli ko’rilmagan darajada kengayishiga olib keldi. Dunyo chegaralari muayyan darajada kengaydi. Endilikda Yevropa mamlakatlari o’rtasidagi turli ziddiyatlarga mustamlakalar uchun kurashda raqobat ham qo’shildi» 1 . Shu tariqa yangi xalqaro iqtisodiy va siyosiy munosabatlarga, turli madaniyatlarning o’zaro ta’siriga va G’arbiy Yevropa dengiz davlatlarining o’zlari kashf etgan yer kurrasining turli hududlaridagi ekspansiyasiga asos solindi. Fundamental globallashuv . Globallashuvning navbatdagi bosqichi dunyo miqyosidagi aloqalar, tuzilmalar va munosabatlar yuzaga kelishi bilan bog’liq. Mazkur jarayonlar natijasida dunyo o’zining deyarli barcha jihatlarida yaxlit bir butun organizm sifatida uzil-kesil shakllandi. Fundamental deb nomlanuvchi bunday globallashuvning ilk alomatlari XIX asrning ikkinchi yarmida paydo bo’ldi, XX asr o’rtalariga kelib esa u to’la darajada borliqqa aylandi. Ayni shu davrda dunyoni iqtisodiy bo’lib olish yakunlandi va buning natijasida turli mamlakatlar va xalqlarning kuchayib borayotgan o’zaro 1 1 Харенберг Б. Хроника человечества. – М.: Слово, 2000. – С. 387.