Doimiy (stasionar) parazitizm


“ Doimiy (stasionar) parazitizm ” REJA: 1. Doimiy parazitizmning xususiyatlari va uning asosiy shakllari. 2. Davriy parazitizm. Avlodlarning gallanishi bilan sodir bo’ladigan davriy parazitizm. 3. Hayot siklining ma’lum bosqichlarida sodir bo’ladigan davriy parazitizm. 4. Haqiqiy doimiy parazitizm.
Doimiy (stasionar) parazitizm Doimiy parazitizm shundan iboratki parazit uzoq vaqt davomida yoki butun umrini xo’jayin tanasida, uning tashqi yoki ichki organlarida o’tkazadi. Doimiy parazitlar xo’jayinsiz o’z hayotini davom ettiraolmaydi. Shuningdek xo’jayin o’z navbatida bunday parazitlarni tashuvchi ham hisoblanadi. Doimiy (stasionar) parazitizm davriy va haqiqiy doimiy shakllarga bo’linadi. I. Davriy parazitizm. Parazitizmning ushbu shakli shundan iboratki, parazit hayotining ma’lum qismini yoki bosqichini xo’jayindan tashqarida, u bilan bog’lanmagan holda o’tkazadi. Davriy parazitizm shakli bir tomondan vaqtinchalik parazitizmga o’xshab ketadi, lekin ayrim xususiyatlari bilan undan keskin farq qiladi. Davriy parazitlarga mansub bo’lgan organizmlar o’zlarining hayoti jarayonida ma’lum bir bosqichda albatta parazitlik bilan hayot kechirishi shartdir. Parazitlik bilan oziqlanish jarayoni ayrim tur yoki guruh organizmlarida avlodlarning gallanishi bilan bog’liq bo’lsa, ayrimlarida lichinkalik davrida yoki imaginal bosqichda sodir bo’ladi. Shunga binoan davriy parazitizmning uch ko’rinishi farq qilinadi: a) parazitlik bilan hayot kechiruvchi avlodning erkin yashovchi avlod bilan gallanishi. Ushbu shakldagi parazitizm ma’lum darajada fakultativ parazitizmga o’xshab ketadi. Masalan, baqalarning o’pkasida parazitlik qiluvchi nematoda Rhabdias bufonis aslida germafrodit avlod hisoblanadi. Uning o’pkaga qo’ygan tuxumlari baqaning og’zi yoki ichagi orqali kloakasidan tashqariga chiqariladi. Tuproqda tuxumlardan chiqqan lichinkalar rivojlanib ayrim jinsli erkin yashovchi nematodalar avlodi (generasiyasi ) paydo bo’ladi. Ular o’z tuzilishi bilan Rhabditis avlodiga kiruvchi boshqa erkin yashovchi nematoda turlariga juda ham o’xshash bo’ladi. Ushbu avlodning erkak va urg’ochilari o’zaro jinsiy qo’shilib, qo’yilgan tuxumlardan hosil bo’lgan lichinkalar ho’jayin (baqa) tanasiga kirib parazitlik bilan hayot kechiruvchi germafrodit avlodga (generasiyaga) aylanadi. Shunday qilib, Rhabdias uchun parazitlik bilan hayot kechirish davriy xarakterga ega bo’lib, u turli avlodlarning gallanishi jarayonida namoyon bo’ladi,
ya’ni ayrim jinsli avlodi erkin yashovchi bo’lib, tuproqda yashasa, germafrodit avlodi baqa o’pkasida parazitlik bilan hayot kechiradi. Avlodlarning gallanishida sodir bo’ladigan davriy parazitizmni yana kovakichlilarning Narcomedusae guruhiga mansub bo’lgan Cunoctantha octonaria gidroid meduzasida ham ko’rish mumkin. Ushbu turning erkin suzib hayot kechiruvchi voyaga yetgan meduza bosqichi planulasimon lichinkalarni hosil qiladi. Bunday lichinkalar boshqa meduzalarning subumbrellyar bo’shlig’iga kirib, u yerda parazitlik bilan hayot kechiradi. Lichinka kichikgina meduzachaga aylanib, o’zining xartumchali og’zini xo’jayinining xartumchasiga kiritib uning tana suyuqligini so’rib oziqlanadi. Keyin meduzacha kurtaklanish (jinsiz) yo’li bilan yangi meduzachalarni hosil qiladi. Bunday yo’l bilan hosil bo’lgan meduzachalar ajralib, erkin yashovchi avlodga aylanadi. Ularning jinsiy ko’payishi tufayli hosil bo’lgan navbatdagi lichinkalar parazitlik bilan hayot kechiruvchi meduzachalar avlodiga aylanadi. Ushbu misolda erkin yashab jinsiy ko’payuvchi avlodning, parazitlik bilan yashovchi jinsiz ko’payuvchi avlod bilan gallanishini ko’rish mumkin. b) hayot siklining ma’lum bosqichlarida ko’zatiladigan davriy parazitizm. Parazitizmning ushbu shaklida ikki xildagi ko’rinishini farq qilish mumkin, ya’ni lichinkalik bosqichda namoyon bo’ladigan parazitizm va imaginal (voyaga yetgan) davrida bo’ladigan parazitizm. Lichinkalik bosqichda sodir bo’ladigan davriy parazitizm ko’pgina hayvonlar orasida, jumladan nematodalarda, tuban qisqichbaqasimonlarda, ayrim o’rgimchaksimonlarda (xeliseralilarda), hasharotlarda va yumshoqtanlilarda uchraydi. Masalan, Mermithidae oilasiga kiruvchi nematodalarning voyaga yetgan bosqichi suvda erkin hayot kechirishga moslashgan. Ular o’z tuxumlarini suvga qo’yadi. Tuxumdan chiqqan lichinkalar suv hayvonlaridan mollyuskalar yoki suv bilan bog’liq bo’lgan hasharotlar tanasiga kirib, parazitlik bilan yashab, barcha rivojlanish bosqichlarini boshidan kechiradi. Voyaga yetgandan keyin xo’jayin tanasini tashlab suvga chiqadi va erkin hayot kechirish davrini boshlaydi. Turli mermitidlarning voyaga yetgan davri turlicha vaqt davom etadi. Ko’pgina
turlari voyaga yetishi bilanoq xo’jayin tanasini tashlab, xar xil jinslar o’zaro jinsiy qo’shilib tuxum qo’ya boshlasa, ba’zi turlari, masalan, Mermis nigresens xo’jayin tanasini tashlab, ikki yil erkin hayot kechirishdan so’ng jinsiy qo’shilib, tuxum qo’yadi. Tuban qisqichbaqasimonlarning eshkak oyoqlilar (Copepoda ) turkumining Monstrillidae oilasi vakillari o’ziga xos parazitlik qilish xususiyatiga ega. Dengizda nauplius ko’zi yordamida mo’ljal olib eshkak oyoqlari bilan planktonda tez suzib hayot kechiradi. Voyaga yetgan qisqichbaqaning ovqat hazm qilish sistemasining reduksiyaga uchraganligi tufayli u oziqlanmaydi. Urg’ochilari urug’langan tuxumlarini qo’ygandan keyin, ulardan nauplius lichinkalari chiqib o’zlarining xo’jayinini ( Polydora, Salmocina polixetalari) topib, uning (hozirgacha fanga noma’lum bo’lgan yo’l bilan) orqa qon tomiriga kirib joylashib oladi va po’st tashlab avval tanasi aniq qismlarga bo’linmagan (chegaralanmagan) ko’p xujayrali oval shakldagi tanachaga, keyin uning bir tomonida (old tomoni deb qarash lozim) ikkita paypaslagichsimon uzun o’simtasi o’sib chiqadi. Ushbu o’simtalar oziq moddalarni so’rib oluvchi va hazm qiluvchi organlar sifatida xizmat qiladi. Ushbu parazit lichinka yana bir marta po’st tashlab, tashqi va ichki organlari shakllangan, voyaga yetgan qisqichbaqaga aylanadi va o’z kutikulasini yorib, shuningdek xo’jayin tanasini tashlab, suvga chiqadi va erkin hayot kechirishga o’tadi. Lichinkalik bosqichida parazitlik qilish xususiyati dengiz o’rgimchaklari sinfining (Pantopoda ) ko’pgina turlarida ham mavjuddir. Ularning lichinkalik parazitizmdagi yana bir xususiyati shuki, ularda ektoparazitlikdan endoparazitlikka o’tish jarayonini ko’rish mumkin. Dengiz o’rgimchagining (Numphon rubrum) tuxumdan chiqqan olti oyoqli lichinkasi ayrim muvaqqat organlari yordamida o’z xo’jayiniga yopishib olishga yordam beradi. Bunday organlardan oldingi oyoqlarda joylashgan ip o’rovchi bezlarning ajratgan suyuqligi mustahkam ip hosil qilib, xo’jayin tanasiga ilashib oladi.