O’SIMLIKLARNING URUG’ YORDAMIDA KO’PAYISHI. URUG’LI O’SIMLIKLARNING RIVOJLANISH DAVRLARI.
MAVZU: O’SIMLIKLARNING URUG’ YORDAMIDA KO’PAYISHI. URUG’LI O’SIMLIKLARNING RIVOJLANISH DAVRLARI. Reja: 1. O’simliklarning urug’ yordamida ko’payishi. 2. O’simliklarning rivojlanish davrlari.
O‘simliklar dunyosining juda katta qismini tashkil qiladigan ochiq va yopiq urug‘li o‘simliklarda ko‘payish elementi bo‘lib spora emas, balki urug‘ xizmat kiladi. Urug‘lar ona o‘simlikda ko‘plab shakllanib, undan ajragandan keyin yangi ona o‘simlikka o‘xshash individlarni hosil qiladi. Urug‘ ona o‘simlikda urug‘kurtakdan - shakli o‘zgargan megasporangiydan hosil bo‘ladi. Urug‘kurtakda arxesporial hujayradan meyoz yo‘li bilan 4 ta megaspora shakllanadi. Megasporalarda 3 tasi reduksiyalanib ketib, 1 tasi mitoz bo‘linish orqali murtak xaltachasini hosil qiladi. Bu yerda biz moxlar, paporotniklar, plaunlardan farqli o‘larok, hosil bo‘lgan megaspora megasporangiydan ajralib ketmay, balki uning ichida rivojlanishni davom ettirib, urg‘ochi gametofitga aylanishini ko‘ramiz. Urug‘li o‘simliklar uchun yana eng xarakterli xususiyatlardan biri urug‘lanish jarayoni uchun suvli muxit talab qilinmaydi. Urug‘lanish jarayoni urug‘kurtak ichida sodir bo‘ladi. Buning uchun esa changchida (mikrosporangiyda) hosil bo‘lgan chang (erkaklik gametofiti) ichida urug‘kurtak joylashgan urug‘chi tumshuqchasiga kelib tushish kerak. Bu xodisa changlanish deb nomlanib, turli vositalar (shamol, xasharot, qushlar) yordamida amalga oshiriladi. Chang o‘zidan chang naychasi deb ataluvchi naycha hosil qiladi. Bu naycha ichida spermiylar xarakatlanib, urug‘kurtak ichida joylashgan murtak xaltasi tomon boradi va tuxum hujayrani urug‘lantiradi. Urug‘lanish jarayoni o‘tgandan keyin urug‘kurtak urug‘ga aylana boshlaydi. Urug‘ yordamida ko‘payishning yana bir afzalligi shuki, urug‘ ichida murtak joylashgan bo‘lib, u tayyor zapas ozuka modda bilan ta’minlangan bo‘ladi. Bundan tashqari urug‘ po‘sti ko‘p o‘simliklarda juda yaxshi rivojlangan bo‘lib, murtakni tashki muxit ta’sirlaridan ximoya qila oladi.
O‘ simliklarning urug‘ yordamida ko‘payishi jinsiy ko‘payishning alohida turi h isoblanadi, chunki urug‘ning ichidagi murtak - jinsiy qo‘shilish jarayoni ma h sulotidir. Ochiq urug‘li o‘simliklarning ko‘payishi . Ochiq urug‘li o‘simliklarning ko‘payishini oddiy karag‘ay o‘simligi misolida ko‘rib chiqamiz. Oddiy karag‘ay daraxti 400 yildan ortiqrok xayot kechiradi. U 30- 40 yoshidan boshlab urug‘ yordamida ko‘paya boshlaydi. Oddiy karag‘ay novdasida erkaklik va urg‘ochi qubbalar shakllanadi. Erkaklik qubba novdaga zich spiral xolda joylashgan mikrosporofillar to‘plamidan iborat bo‘lib, xar bir mikrosporofilning ichki tomonida 2 tadan mikrosporangiy joylashgan bo‘ladi. Mikrosporangiyda meyoz yo‘li bilan arxesporial hujayralardan mikrosporalar rivojlanadi. Mikrospora ikki qavatli po‘stga (tashki po‘st-ekzina, ichki po‘st-intina) o‘ralgan bo‘lib, bu po‘st shakllangandan keyin, u chang deb ataladi. Oddiy karag‘ay changida ekzina va intina oralig‘ida bo‘shliqlar bo‘lib, bu xavo qopchiqlari deb ataladi. Xavo qopchiqlari changning xavo orqali tarqalishini ta’minlaydi. Oddiy qarag‘ayda urg‘ochi qubbalar yosh novdalarda hosil bo‘lib, u ham zich spiral holda joylashgan megasporofillar to‘plamidan tashkil topgan. H ar bir megasporofilning ichki tomonida 2 tadan urug‘kurtak (megasporangiy) taraqqiy etadi. Urug‘kurtak nusellus deb ataluvchi markaziy qism va uni o‘rab turuvchi urug‘kurtak qobig‘i - integumentlardan tuzilgan bo‘ladi. Urug‘kurtakning tepa qismida integumentlar orasida bo‘shliq qolib, bunga mikropile yoki chang nayi yo‘li deb ataladi. Nusellus hujayralaridan biri meyoz bo‘linish orqali 4 ta megaspora hosil qiladi. Hosil bo‘lgan 4 ta megasporadan 3 tasi tezda xalok bo‘lib ketadi, 1 tasi esa rivojlanib, birlamchi endospermga aylanadi. Birlamchi endosperm hujayralari o‘zida xromosomalarning gaploid to‘plamini (n) saqlaydi. Birlamchi endosperm - urg‘ochi gametofitdir. Endosperm hujayralarining mikropile tomoniga
joylashgan 2 tasi arxeogoniylarga aylanadi. Arxegoniylarda tuxum hujayralar shakllana boshlaydi. Bu vaqtga kelib chang yadrosi ketma-ket bo‘linib, 2 ta protallial hujayrani (protallial - o‘simta) hosil qiladi. Ammo bu hujayralar tez orada reduksiyalanib ketadi. Chang yadrosi yana 2 ga bo‘linib, kichik anteridial va yirik sifonogen hujayraga aylanadi. Demak oddiy karag‘ay changi erkaklik qubbasidan ajralayotgan 2 ta hujayradan iborat bo‘ladi. Chang - erkak gametofit nasl hisoblanadi. Chang urg‘ochi qubbaga tushgach, mikropile orqali arxegoniyga kirib borish uchun sifonogen hujayra cho‘zilib o‘sa boshlaydi va chang naychasini hosil qiladi. Chang naychasi o‘sib kirib, nusellusga birikadi. Bu yerda shuni aytib o‘tish kerakki, ochiq urug‘lilarda changlanish jarayonidan keyin to urug‘lanish jarayonigacha bir yildan ortiqrok vaqt o‘tadi, chunki bu davrda urg‘ochi qubbada faqat megaspora shakllangan bo‘ladi. Changlanish jarayonidan keyin kizg‘ish rangli urg‘ochi qubba tangachalari bir-biriga zich yopishadi va chang urg‘ochi qubba ichida qoladi. Urug‘lanish jarayoni esa kelgusi yozda amalga oshadi. Urug‘lanish jarayoni ketayotgan qubbalar yashil rangda bo‘ladi. Urug‘lanish oldidan anteridial hujayra ikkiga bo‘linib vegetativ va generativ hujayralarni hosil qiladi. Generativ hujayra yana ikkiga bo‘linib spermiylarni hosil qiladi. Bu orada chang nayi o‘sib arxegoniyga yetadi. Spermiylar chang nayidan chiqadi va ulardan biri tuxum hujayrani urug‘lantiradi, ikkinchisi bo‘lsa reduksiyalanib ketadi. Demak oddiy karag‘ayda urug‘lanish urug‘kurtak ichida sodir bo‘ladi. Urug‘langan tuxum hujayradan murtak rivojlanadi. Murtak sporofit nasldir. Urug‘kurtak ichidagi endosperm zapas ozuqa sifatida murtak tomonidan iste’mol qilinadi. Urug‘kurtak qobig‘i urug‘ qobig‘iga, urug‘kurtakning o‘zi esa urug‘ga aylana boshlaydi. Kech kuzda urug‘lar yetiladi. Bu davrda urg‘ochi qubba tangachalari yog‘ochlanib, och jigar rangga kiradi. Q ubba tangachalari ochilganda urug‘lar tashqariga to‘kiladi.
Oddiy karag‘ay o‘simligi urug‘i kelib chiqishga ko‘ra murakkab tuzilmadan iboratdir, chunki urug‘ po‘sti ona o‘simlik hosilasi xisoblansa, endosperm gaploidli gametofitdan, murtak esa yangi diploidli zigotadan hosil bo‘ladi. Bu guru h o‘simliklarining ochiq urug‘li o‘simliklar deb nomlanishga sabab shuki, urug‘kurtak megasporofillarning orqa tomonida ochiq joylashgan bo‘lib, h ech narsa bilan o‘ralmaganligidir.