TANQIDIY VA KREATIV TAFAKKURNING MOHIYATI, ILMIY-NAZARIY TAVSIFI
TANQIDIY VA KREATIV TAFAKKURNING MOHIYATI, ILMIY- NAZARIY TAVSIFI REJA : 1. Tafakkur, tanqidiy va kreativ tafakkurning mohiyati . 2. Tanqidiy va kreativ tafakkurning xususiyatlari. 3. Tanqidiy va kreativ tafakkurning funksiyalari . 4. O`quvchilarda tanqidiy tafakkurni shakllantirishning bosqichlari .
1. Tafakkur, tanqidiy va kreativ tafakkurning mohiyati . Tafakkur inson aqliy faoliyatining yuksak shaklidir. Tafakkur orqali biz sezgi a'zolarimiz bilan bevosita aks ettirib bo’lmaydigan narsa va hodisalarni ongimizda aks ettiramiz. Umuman olganda tashqi muhitdagi narsa va hodisalar o’rtasida ko’z bilan ko’rib, quloq bilan eshitib bo’lmaydigan ichki munosabatlar hamda qonuniyatlar mavjud. Ana shu ichki bog’lanish hamda qonuniyatlarni biz tafakkur orqali bilib olamiz. Demak, tafakkur deb narsa va hodisalar o’rtasidagi eng muhim bog’lanishlar va munosabatlarning ongimizda aks ettirilishiga aytiladi. Aynan tafakur orqali biz moddiy olamdagi narsa va hodisalarning mohiyatini bilish imkoniga ega bo’lamiz. Shu bois dunyoni bilishda bevosita sezish, idrok, tasavvur va bevosita tafakkur muhim rol o’ynaydi. Tafakkur tushunchasining mazmun mohiyati psixologiya darsliklarida olimlar tomonidan turlicha talqin qilinadi. Jumladan, umumiy psixologiya darsliklarida tafakkurga berilgan ta'riflar turlicha bo’lib uning ikkita yoki uchta muhim xususiyati ta'kidlab o’tiladi, xolos. Jumladan, P.I.Ivanovning darsligida "Tafakkur insonning shunday aqliy faoliyatidirki, bu faoliyat voqelikni eng aniq, to’liq, chuqur va umumlashtirib aks ettirishga (bilishga), insonni yana ham oqilona amaliy faoliyat bilan shug’ullanishiga imkon beradi" deb ta'riflanadi. Ushbu ta'rifda tafakkurning to’la, aniq va umumlashtirilgan holda aks ettirishi ta'kidlab o’tiladi, xolos, lekin uning xarakterli xususiyatlari bevosita so’z yordami bilan ifodalanishi muallifning diqqat markazidan chetda qolgan. M.V.Gamezo tomonidan "Tafakkur voqelikning umumlashgan holda va so’z hamda o’tmish tajriba vositalarida aks ettirilishi" ekanligi bayon qiladi. U tafakkurning umumlashgan so’z vositasida va vositali atrof- muhit hodisalarini aks ettira olishni ta'kidlaydi. A.V.Petrovskiy tahriri ostidagi darslikda tafakkurga quyidagicha ta'rif keltiriladi: "Tafakkur - ijtimoiy sababiy, nutq bilan chambarchas bog’liq muhim bir yangilik qidirish va ochishdan iborat psixik jarayondir, boshqacha qilib aytganda, tafakkur voqelikni analiz va sintez qilish, uni bevosita va umumlashtirib aks ettirish jarayonidir".
Tafakkur operasiyalari Tafakkur jarayoni insonning bilishga bo’lgan ehtiyojlari, tevarak-atrofdagi olam va turmush to’g’risidagi o’z bilimlarini kengaytirishga va chuqurlashtirishga intilish sababli vujudga keladi. Fikr qiluvchi kishining tafakkuri-obyektni anglashi, bilishi tafakkur jarayonining xarakterli xususiyatidir. Odam o’zi idrok qilayotgan narsalar to’g’risida fikr qiladi. Shuning uchun tushunchalar narsalarning butun bir sinfi, turkumi to’g’risida fikr qiladi, ya'ni bular tafakkurning obyekti bo’ladi. Bir narsaga tayanmagan quruqdan quruq tafakkur bo’lishi mumkin emas. Analiz, sintez, taqqoslash, abstraksiyalash va umumlashtirish, tasniflash va tizimga solish aqliy operasiyalarning asosiy turlaridir. Analiz - shunday bir tafakkur operasiyasidirki uning yordami bilan biz narsa va hodisalarni fikran yoki amaliy jihatdan xususiyatlarini tahlil qilamiz. Analiz jarayonida butunning uning qismlariga va elementlariga bo’lgan munosabati aniqlanadi. Tahlil obyektlari amalda ajratib bo’lmaydigan elementlarga yoki belgilarga bo’lishda ifodalanishi mumkin. Allomalarimizning ta'kidlashicha, maymunning yong’oqni chaqishining o’ziyoq boshlang’ich, oddiy analizdir. O’quvchi va o`quvchi yoshlar turmushda va va dars jarayonida analiz yordami bilan ko’pgina ishlarni amalga oshiradilar, topshiriqlar, misol va masalalarni yechadilar. Demak, tabiat va jamiyatdagi bilim va tajribalarni inson tomonidan o’zlashtirib olish analizdan boshlanadi. Masalan, buni quyidagi sxemada ko’rish mumkin. Muammoli vaziyatlarni yechish usullari Dars jarayoni vaqtida tafakkurning analiz qilish faoliyati katta o’rin tutadi. Chunonchi, savodga o’rgatish nutqni tahlil qilishdan, gapni so’zlarga, so’zlarni bo’g’inlarga, bo’g’inlarni tovushlarga ajratishdan boshlanadi. Matematik masalani yechish tahlil qilishdan, dastlab bir qancha ma'lum sonlarni topishdan boshlanadi. Agarda inson oldiga avtomashina motorining tuzilishini bilish vazifasi qo’yilsa, u holda bu topshiriqni hal qilish u motorni ayrim qismlarga ajratib, har bir qismni o’z navbatida alohida olib tekshirish lozim bo’ladi va hokazo. Sintez - shunday bir tafakkur operasiyasidirki, biz narsa va hodisalarning analizda bo’lingan, ajratilgan ayrim qismlarini, bo’laklarini sintez yordami bilan
fikran va amaliy ravishda birlashtirib, butun holiga keltiramiz. Sintez elementlarning, narsa va hodisalarning qismlari va bo’laklarini bir butun qilib qo’shishdan iborat aqliy faoliyat ekanligi ta'rifdan ko’rinib turibdi. Analiz aqliy bo’lgani kabi sintez ham amaliy xarakter kasb etadi. Masalan, birinchi sinf bolasi o’z harf xaltasidagi keltirilgan harflardan foydalanib, bo’g’in, bo’g’inlardan so’z, so’zlardan gap, gaplardan qisqa axborot, undan esa hikoya tuzadi. Analiz va sintez o’zaro bevosita mustahkam bog’langan yagona jarayonning ikki tomonidir. Agar narsa va hodisalar analiz qilinmagan bo’lsa, uni sintez qilib bo’lmaydi, har qanday analiz predmetlarni narsalarni bir butun holda bilish asosida amalga oshirilishi lozim. Taqqoslash - shunday bir tafakkur operasiyasidirki, bu operasiya vositasi bilan obyektiv dunyodagi narsa va hodisalarning bir-biriga o’xshashligi va bir- biridan farqi aniqlanadi. XIX-XX asrlarda yashagan olim K.D.Ushinskiy taqqoslash jarayoni borasida quyidagilarni ta'kidlagan: "Agar siz tabiatni bir narsasini ravshan tushunib olishni istasangiz, uning o’ziga juda o’xshash bo’lgan narsalardan tafovutini topingiz va uning o’zida juda uzoq bo’lgan narsalar bilan o’xshashligini topingiz. Ana shunda siz shu narsaning eng muhim belgilarini payqab olasiz, demak shu narsani tushunib olasiz". Narsa va hodisalar o’rtasidagi o’xshashlik yoki farqni, teng yoki tengsizliklarni, ayniyat yoki ziddiyatlarni aniqlashdan iborat bo’lgan fikr yuritish operasiyasi, bilishning dastlabki va zarur vositasi bo’lib hisoblanadi. Ajdodlarimiz taqqoslashning ta'limdagi roli to’g’risida shunday fikrlarni bildirgan edi. Taqqoslash har qanday tushunishning va har qanday tafakkurning asosidir. Olamdagi narsalarning hammasini taqqoslab ko’rish yo’li bilan bila olmasak, boshqa yo’l bilan bila olmaymiz, agar biz hech narsa bilan solishtirishimiz va farqini bilib olishimiz mumkin bo’lmagan biron bir narsaga duch kelganimizda edi, u holda biz shu narsa to’g’risida hech qanday fikr qila olmagan bo’lar edik. Taqqoslash operasiyasi ikki xil yo’l bilan amalga oshishi mumkin: amaliy aniq narsalarni bevosita solishtirish va nazariy tasavvur qilinayotgan obrazlarni va
narsalarni ongda fikran taqqoslash. Agar odam ikki boylam yukni qo’l bilan ko’tarib, bir necha xil taom mazasini qiyoslasa yoki ikki paykal paxtazor hosildorligini taqqoslasa, bu amaliy taqqoslash bo’ladi. Shuningdek, o’quvchilar ikki qalam yoki ikki sterjenning uchini yog’ochga yoki qog’ozga solishtirsalar, u analogik holatga misol bo’la oladi. Bundan tashqari metr bilan masofani, tarozi bilan og’irlikni, termometr bilan haroratni, teleskop bilan osmon jismlarini o’lchash paytida ham taqqoslash jarayoni vujudga keladi. Inson tevarak-atrofdagi narsa va hodisalarning barchasini bevosita aks ettirish, qo’l bilan paypaslash imkoniyatiga ega emas. Shu boisdan to’planadigan bilimlarning aksariyati qo’l bilan ushlash, ko’z bilan kuzatish evaziga emas, balki fikr yuritish orqali, mantiq yordamida anglaniladi. Ular o’rtasida o’xshash va farqli alomat hamda belgilar nazariy taqqoslash asosida ajratiladi. Demak, inson olayotgan keng ko’lamdagi axborotlar farqini fikran taqqoslash yordamida anglab yetadi. Jumladan, o’quvchilar dilda o’ylayotgan narsalarni fikran solishtirib ko’radilar. Ba'zan turli yoshdagi kishilar o’z tengdoshlari xarakterida, qiziqishida, yurish turishida, muomalasida va boshqa xususiyatida o’xshashlik va tafovut borligini topadilar. Abstraksiya - shunday fikr tafakkur operasiyasidirki, bu operasiya yordami bilan moddiy dunyodagi narsa va hodisalarning muhim xususiyatlarini farqlab olib, ana shu xususiyatlardan narsa va hodisalarning muhim bo’lmagan ikkinchi darajali xususiyatlarini fikran ajratib tashlaymiz. Abstraksiya jarayonida obyektdan ajratib olingan belgi, alomatning o’zi tafakkurning mustaqil obyekti bo’lib qoladi. Abstraksiya operasiyasi tahlil natijasida vujudga keladi. Masalan, sinf devorini tahlil qilish jarayonida uning faqat bir belgisini, ya'ni oqligini ajratib olish mumkin va oq devor to’g’risida emas, balki devorning oqligi to’g’risida, keyin esa umuman oqlik haqida fikr yuritish mumkin. Kishilar quyosh, oy, yulduz, elektr, olov ba'zi planetalar, ayrim tosh va hokazolarning ko’z o’ngilarida yoritishni kuzata turib ularning bitta umumiy belgisini, ya'ni yoritishni fikran ajratib olib, umuman yoritish to’g’risida mulohaza yuritiladi.