Tashqi ta'sirlarni yumshatish bo‘yicha davlat siyosati.
Tashqi ta'sirlarni yumshatish bo‘yicha davlat siyosati. Reja: 1. Savdo siyosatining mohiyati va tashqi savdoni cheklash usullari 2. Importga tariflarning ishlab chiqaruvchilarga va iste’molchilarga ta’siri 3. Tariflarni yoqlovchi xamda ularga qarshi fikrlar. Tarif va ishlab chiqarish subsidiyalari 4. Import kvotalari va litsenziyalarni taqsimlash uslublari 5. Eksport subsidiyalari va kompensatsion import bojlari
1. Savdo siyosatining mohiyati va tashqi savdoni cheklash usullari Biror mamlakatning tashqi iqtisodiy faoliyatga bevosita va bilvosita aralashuvi jarayoni eksport va import hajmi va tarkibiga ta’sir ko’rsatish orqali ichki ish bilan bandlilikni, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy o’sishga erishish, to’lov balansini yaxshilash xamda valyuta kursini tartibga solish maqsadlarini ko’zda tutadi. Davlat tomonidan amalga oshiriladigan bunday tadbirlar tashqi savdo siyosati deb yuritiladi. Tashqi savdo siyosati — byudjet- soliq siyosatining tashqi savdo hajmlarini soliqlar, subsidiyalar, import yoki eksportni to’g’ridan-to’g’ri cheklashlar orqali tartibga solishni o’z ichiga olgan nisbatan mustaqil yo’nalishidir. Tashqi savdoni cheklash borasida olib borilayotgan xar qanday chora- tadbirlar qisqa muddatli samara beradi. Uzoq davrda esa, faqat erkin savdogina iqtisodiy resurslarni samarali joylashtirish imkonini beradi. Shuning uchun ham ko’pgina mutaxassis-iqtisodchilar mamlakat iqtisodiyoti va aholisi turmush darajasini yaxshilash uchun erkin tashqi savdo siyosati foydaliroq, chunki, tashqi savdoni cheklashga nisbatan uni erkinlashtirish iqtisodiy resurslardan samarali foydalanishga ko’proq imkoniyat yaratadi, deb hisoblashadi. Garchand, erkin savdo jahon iqtisodiyoti nuqtai nazaridan foydali bo’lishi mumkin bo’lsada, ammo alohida olingan mamlakat iqtisodiyoti manfaati nuqtai nazaridan erkin savdo hamma vaqt ham foydali bo’lavermaydi. Tashqi savdoni cheklash usullarining 50 dan oshiqroq turi mavjud. Ularning ayrimlari davlat g’aznasini to’ldirishga yo’naltirilgan bo’lsa, ba’zilari umuman importni cheklashga va yana boshqasi esa eksportni cheklashga yoki rag’batlantirishga yo’naltirilgan. Amaliyotda tashqi savdoni tartibga solishning tarif va notarif usullaridan foydalaniladi. Tarif usullariga import va eksport bojlarini joriy qilish kirsa, notarif usullariga eksporterlar va ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar berish, kvotalash, litsenziyalash kabilar kiradi. Bojxona bojlari avvalo import bojlari va eksport bojlariga ajraladi.
Import bojlari davlat byudjetini to’ldirish maqsadida va ichki bozorlarga tushadigan chet el tovarlari oqimini tartibga solish uchun belgilanadi. O’z navbatida ular eng kam va eng ko’p miqdordagi import bojlariga bo’linadi. Eng kam miqdordagi import bojlari o’zaro qulay sharoitlarni yaratib berishni ko’zda tutuvchi savdo shartnomalari va bitimlari bo’lgan mamlakatlar mahsulotlariga o’rnataladi. Eng ko’p miqdordagi import bojlari esa bunday shartnoma va bitimlar tuzilmagan mamlakatlar mahsulotiga nisbatan o’rnatiladi. Eksport bojlari mamlakat ichida talab ko’p bo’lgan mahsulotlar taqchilligining oldini olish maqsadida belgilanadi. 2. Importga tariflarning ishlab chiqaruvchilarga va iste’molchilarga ta’siri Xalqaro savdoni tartibga solishda eng ko’p qo’llaniladigan usul bo’lib tarif, ya’ni importga solinadigan bojxona boji hisoblanadi. Importga tariflarning maxsus va advolor turlari o’zaro farqlanadi. Maxsus bojlar import qilinayotgan tovarlar birligiga nisbatan o’rnatiladi. Masalan, 1 barrel neftga nisbatan 2 EVRO. Advolor bojlar import qilinayotgan tovar qiymatiga nisbatan ma’lum foiz tariqasida belgilanadi. Masalan avtomobil xarid narxining 40%. Har ikkala turdagi import tariflarning oqibatlari deyarli bir xil bo’lib, buni biz quyidagi grafik vositasida ko’rib chiqamiz. chizma. Import tariflari kiritilishi natijalari
Import tariflari joriy qilingunga qadar ichki ishlab chiqarish hajmi S1, ichki talab xajmi esa D1 teng bo’lgan, talab va taklif o’rtasidagi farq (D1-S1) import hisobiga qoplangan. Mamlakat iqtisodiyoti yopiq bo’lganida edi, narxlar darajasi Re ga teng bo’lgan bo’lar edi hamda talab va taklif muvozanati E nuqtada o’rnatilgan bo’lardi. Mamlakat iqtisodiyoti ochiq bo’lgani va importga cheklovlar yo’qligi tufayli milliy bozordagi narxlar jahon bozori narxlari Rw bilan bir xil. Importga tarif joriy qilinishi natijasida ichki narxlar PW dan Rd ga qadar ko’tariladi. Endi: Import qilinadigan tovarning ichki narxi = Jahon bozoridagi narxi + (Jahon bozoridagi narxi x tarif stavkasi). Oqibatda iste’molchilar ma’lum bir yo’qotishlarga duch keladilar. Bu yo’tqotishlar grafikda a , b , s , d sohalar bilan ko’rsatilgan. Narxlarning ko’tarilishi ilgari raqobatbardosh bo’lmagan ayrim ichki ishlab chiqaruvchilar uchun ham foyda ko’rib ishlashga imkon beradi. Umuman shu sohada band milliy ishlab chiqaruvchilar ishlab chiqarish hajmini S1 dan S2 ga qadar oshiradi va S2-S1 hajmdagi mahsulot Rd narxda sotiladi. Shu hajmdagi mahsulotni iste’molchilar oshirilgan narxda sotib oladilar va a sohaga teng yo’qotishga duch keladilar. Ammo, bu yo’qotish ichki ishlab chiqaruvchilarning o’sgan foydasiga aylanadi. Narxlarning o’sishi oqibatida iste’molchilar ko’rilayotgan tovar iste’moli hajmini D1 dan D2 qadar qisqartiradi. Bu yo’qotish grafikda d soha bilan ko’rsatiladi va u xech kimning foydasi bilan qoplanmaydi. S2- D2 oraliq tarif joriy qilingandan so’ngi import hajmi bo’lib, shu hajmda tovarni iste’molchilar ilgarigidan yuqori narxda sotib oladilar. Buning natijasida ular turmush darajasidagi yo’qotish ro’y beradi. Bu yo’qotish grafikda s soha bilan belgilangan bo’lib, u davlat byudjetiga borib tushadi. Ya’ni, bu sohadagi iste’molchilarning yo’qotishi davlatning foyda ko’rishi bilan qoplanadi. Tarif kiritilishi oqibatida iste’molchilar talabi arzon import tovaridan qimmat ichki tovarga yo’naltiriladi. Iste’molchilarning o’sgan to’lovlari yuqori chegaraviy xarajatga ega, raqobatbardosh bo’lmagan samarasiz ichki ishlab chiqarishni
kengayishiga olib keladi. Iste’molchilarning bu yo’qotish b sohasi bilan belgilangan bo’lib tarifning «ishlab chikarish samarasi» deyiladi va hech kimning foydasi bilan qoplanmaydi. Shunday qilib: Iste’molchilarning Ishlab chiqaruvchilar Davlat Jamiyatning sof yo’qotishlari foydasi daromadi yo’qotishi a + b + s + d - a - s = b +a Demak, iste’molchilarning a sohadagi yo’qotishlari ishlab chiqaruvchilar foydasining o’sishi hisobiga qoplanadi. Ayni damda iste’molchilar shu tarmoq korxonalari aktsiyadorlari bo’lishsa, ular yo’qotishlarining bir qismi o’sgan dividentlar sifatida qaytadi. «s» sohada davlat olgan daromadini transfert to’lovlarini oshirish, soliqlarni pasaytirish, byudjet tashkilotlarida ishlovchilar ish haqini oshirishi ko’rinishida iste’molchilarga qaytarishi mumkin. Ammo «b» + «d» soxalarda jamiyat sof yo’qotishga duch keladi. Valyuta kursi o’zgarishi bu yo’qotishlarni bir oz qoplashi mumkin. Masalan, 20% li tarif kiritilishi natijasida milliy valyuta 4% ga qimmatlashsa import qilinayotgan tovarlarning milliy valyutada ifodalangan ichki bahosi 20 % ga emas, 16 % ga oshadi. Bu esa tarif kiritilishi oqibatida jamiyatning sof yo’qotish «b» va «d» sohalarning 80 foizini((16/20) x 100 = 80) tashkil etishini anglatadi. Umuman olganda tariflarni kiritilishiga nisbatan bir-biriga zid fikrlar mavjud bo’lib, bu tadbir mamlakat iqtisodiyoti holati, xususiyati va qo’yilgan maqsadlar bilan asoslanadi. 3. Tariflarni yoqlovchi xamda ularga qarshi fikrlar. Tarif va ishlab chiqarish subsidiyalari Bojxona tariflarini kirtishni yoqlovchi mutaxassislar fikriga ko’ra import tariflari: • mamlakat mudofaa sanoatini himoya qilish imkonini beradi;