“Mahbub ul-qulub” asarida sharqona muomala madaniyati
“ Mahbub ul-qulub” asarida sharqona muomala madaniyati.
Reja: Alisher Navoiy asarlarida til va nutq madhi. “ Mahbub ul-qulub” – nutq madaniyati masalalariga bag‘ishlangan asar. Navoiyning asarda voiz va voizlik haqidagi fikrlari. “ Mahbub ul-qulub” asarida xalq og‘zaki ijodining o‘rni va yoshlarni tarbiyalash g‘oyalari .
Alisher Navoiy o‘zbek tilining o‘z davrigacha hech kim anglamagan va foydalanmagan imkoniyatlarini ilg‘agan va uni o‘z asarlarida qo‘llay olgan. Tilni amaliy, nazariy, ilmiy jihatdan o‘rganib, yuksak cho‘qqiga ko‘targan. Navoiy o‘z asarlarida nutqning kishilar kundalik ehtiyojini qondiruvchi nodir vosita ekanligini qayd etdi. “Mahbub ul-qulub” asarida voizlar til odobi xususida fikr yuritsa, “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida o‘zbek adabiy tilining boyligini e’tirof etdi. So‘zning tarixiy-madaniy xizmati beqiyos, ammo til imkoniyatlari nutq jarayonidagina ochib beriladi.
Agar nutq bo‘lmas ekan, tilning, so‘zning cheksiz imkoniyatlari ro‘yobga chiqib-chiqmay qolaveradi. “Majolis un-nafois”da so‘zning voizlar hayotida tutgan o‘rni haqida ham shaxsiy mulohazalar bayon qilinadi. “Nazm ul- javohir” asarida esa so‘z qudratli vosita ekanligi, insonga hayotiy zarurat sanalishi aytib o‘tiladi. Tarixdan ma’lumki, Navoiyning o‘zi ham mohir notiq bo’lgan va shirin kalomi, o‘tkir tafakkuri bilan xalq qalbidan joy olgan va o‘z asarlarida ham xaloyiqqa nafi tegadigan, el yuragidan joy oladigan shirin zabon so‘zlar so‘zlashni, chiroyli va ravon nutq tuzish yo‘llarini o‘rganish lozimligi haqida mukammal fikrlar bayon etgan. Navoiy tilni o‘sib, rivojlanib boruvchi, jamiyatning ehtiyojiga muvofiqlashuvchi zarurat ekanini anglab, tillar o‘zaro aloqada bo‘ladi, bir biriga chatishadi deb hisoblaydi. Navoiy kishining nutq qobiliyatini tug‘ma ekanligini ta’kidlaydi.
Alisher Navoiyning nutq madaniyati masalalariga bag‘ishlangan fikrlari yanada mukammalroq ifodalangan asar “Mahbub ul- qulub”dir.