Urbanizatsiya jarayonining global va regional jihatlari
URBANIZATSIYA JARAYONINING GLOBAL VA REGIONAL JIHATLARI
Ma’lumki, urbanizatsiya (lotincha urb – “shahar”) – bu shaharlar va shahar aholisining o‘sish, shahar turmush tarzining keng tarqalish jarayonidir.
Shaharlar eng qadimgi davrlarda vujudga kelib, qishloqlar bilan birgalikda aholi manzilgohlarining ikkita asosiy turidan birini tashkil qiladi.
Shaharlar tarixan ijtimoiy mehnat taqsimoti natijasida paydo bo‘lgan va rivojlangan. Qadimgi davrlarda shaharlar hunarmandchilik, savdo-sotiq, ma’muriy boshqaruv, mudofaa ishlari, diniy ibodatxona va ziyoratgohlar negizida vujudga kelgan.
Tarixdan ma’lumki, bir necha ming yillar avval Yer yuzida Fiva, Bobil (Vavilon), Ur, Afina, Rim, Iskandariya, Karfagen, Moxenjo-Daro, Samarqand (Marokand) kabi yirik shaharlar mavjud bo‘lgan.