O'zbekiston Respublikasi Prokuratura organlari tashkil etish va Faoliyatining Tamoyillari
O'zbekiston Respublikasi Prokuratura organlari tashkil etish va Faoliyatining Tamoyillari Reja: 1 Prokuratura organlarining tizimi va faoliyati to’g’risida umumiy tushunchalari. 2 Prokuror nazorati va nazorat hujjatlari. 3 Prokuratura organlari xodimlarining faoliyati.
1.Prokuratura organlarining tizimi va faoliyati to’g’risida tushunchalari Talabalarning mazkur tushunchalarni yaxshi o’zlashtirib olishlari juda ham muhimdir, zero, ularsiz o’rganayotgan mavzuni to’la va aniq tasavvur qilish qiyin. Prokuror O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi bergan vakolatlarga muvofiq Vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, hokimlar va boshqa mansabdor shaxslar, shuningdek, fuqarolar tomonidan qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishini nazorat qiluvchi prokuraturaning mansabdor xodimi. Prokurorning vakolatlari O’zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, Prokuratura to’g’risidagi qonuni bilan aniqlanadi.Konstitusiyaga muvofiq O’zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni O’zbekiston Respublikasining Bosh prokurori va unga bo’ysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi. O’zbekiston Respublikasining Bosh prokurori va uning o’rinbosarlarini tayinlash hamda ularni lavozimdan ozod etish to’g’risidagi farmonlarni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati mutloq vakolati hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasida prokurorlar besh yil muddatga sayinlanadilar. Qoraqalpog’iston Respublikasining Prokurori O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori bilan kelishilgan holda Qoraqalpog’iston Respublikasi Oliy vakillik organi - Juqorg’i Kengesi tomonidan tayinlanadi. Toshkent shahri va viloyatlarning prokurorlari, tuman va shahar prokurorlari O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori
tomonidan tayinlanadi. Prokurorlar o’z vakolatlari davrida siyosiy partiyalarga va siyosiy maqsadlarni ko’zlovchi boshqa jamoat birlashmalariga a’zolikni to’xtatib turadilar. O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga hisob beradi. O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga qonuniylik hamda jinoyatchilikka qarshi kurashning holati to’g’risida muntazam ravishda, o’ta og’ir jinoyatlar va favqulodda hodisalar bo’yicha esa zudlik bilan, shuningdek, prokuratura organlari amalga oshirgan ishlar to’g’risida har olti oyda axborot taqdim etadi. O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Senatiga har besh yilda kamida bir marta o’z faoliyati haqida hisob beradi. Prokuratura tushunchasi O’zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi (2001 y.) “Prokuratura to’g’risida"gi qonunida berilgan, unga muvofiq prokuratura yagona markazlashtirilgan tizimga ega bo’lgan hamda O’zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradigan organ hisoblanadi. Prokuratura so’zi lotincha "procuro" so’zidan kelib chiqqan bo’lib, u “g’amxo’rlik qilaman”, “boshqaraman” degan lug’aviy ma’noni anglatadi. O’zbekiston Respublikasi prokuratura organlariga Respublika prokuraturasi, Qoraqalpog’iston Respublikasi prokuraturasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokuraturasi, tumanlar, tumanlararo va shahar prokuraturalari, viloyat prokuraturalariga tenglashtirilgan (O’zbekiston Harbiy prokuraturasi, O’zbekiston transport prokuraturasi), shuningdek,
tuman prokuraturasiga tenglashtirilgan (Harbiy okruglar, hududiy harbiy, transport va ixtisoslashtirilgan) prokuraturalar kiradi. O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining XXIV bobining 118-121 moddalariga ko’ra, prokuratura organlarini tashkil qilish, ularning vakolatlari va faoliyatlarini ko’rsatish tartibi qonun bilan belgilanadi. O’zbekiston Respublikasi prokuratura organlari tizimi yangi tahrirdagi “Prokuratura to’g’risida”gi qonunning "Prokuratura organlari tizimi" deb atalgan 10-moddasida aniq ko’rsatilgan. Unga ko’ra prokuratura organlari tizimi quyidagilardan iborat: O’zbekiston Respublikasi Prokuraturasi, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokuraturalari, tumanlar, shaharlar prokuraturalari hamda tuman prokuraturalariga tenglashtiriladigan tumanlararo prokuraturalar, viloyat prokuraturasiga tenglashtirilgan O’zbekiston Harbiy prokuraturasi, O’zbekiston transport prokuraturasi, tuman prokuraturalariga tenglashtirilgan harbiy okruglar, hududiy, harbiy, transport va ixtisoslashtirilgan prokuraturalar shular jumlasidandir. 2. Prokuror nazorati va nazorat hujjatlari Ushbu savolni o’rganib chiqishda talabalar yangi tahrirdagi "Prokuratura to’g’risida”gi qonunning "Prokuror nazorati" deb nomlangan uchinchi bo’limi bilan tanishib chiqsalar maqsadga muvofiq bo’lardi, deb o’ylaymiz. Mazkur qonunda ta’kidlanishicha, Vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, harbiy qismlar, harbiy idoralar, Vazirliklar va idoralarning harbiylashtirilgan tarmoq bo’linmalari, hokimlar va boshqa mansabdor shaxslar, shuningdek, fuqarolar tomonidan
qonunlarning ijro etilishi prokuror umumiy nazoratining predmeti hisoblanadi. Prokuror tomonidan qonunlar ijrosini tekshirish qonuniylik buzilganligi to’g’risidagi arizalar va boshqa xabarlar bo’yicha, asoslar mavjud bo’lganda esa prokurorning shaxsiy tashabbusi bilan o’tkaziladi. Prokuror qonunlarni ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish jarayonida unga qonunda (21-modda) o’ziga berilgan vakolatlardan foydalanadi. Prokuror jinoyatchilikka qarshi kurashni amalga oshiruvchi organlar tomonidan qonunlarning ijro qilinishi ustidan ham nazorat o’rnatadi. Bunda jinoyatlar to’g’risidagi arizalar va xabarlarni ko’rib chiqish hamda hal qilish va tergovni olib borishning qonun hujjatlarida belgilangan prosessual tartibi, qabul qilinayotgan qarorlarning qonuniyligi, shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurashga qaratilgan boshqa qonunlarning bajarilishi nazorat predmeti bo’ladi. Bundan tashqari, ushlab turilganlarni, qamoqqa olinganlarni saqlash joylarida, jinoiy jazolar va boshqa jinoyat huquqiy ta’sir choralarini ijro etish chog’ida qonunlarga rioya qilinishi ustidan ham prokuror nazorati olib boriladi. Bunda nazorat predmetini quyidagilar tashkil etadi: -ushlab turilganlarni, qamoqqa olinganlarni saqlash joylarida, jinoiy jazolar va boshqa jinoyat huquqiy ta’sir choralarini ijro etuvchi muassasalarda shaxslarni saqlashning qonuniyligi;