MOLIYA BOZORI VA INSTRUMENTLARI.
MOLIYA BOZORI VA INSTRUMENTLARI. Reja. 1. Qimmatli qog‘ozlar bozorining turlari va ularning turkumlanishi. 2. Ulushga egalik qilish huquqini beruvchi qimmatli qog‘ozlar. 3. Aksiya bilan bog‘liq bo‘lgan hosilaviy qimmatli qog‘ozlarlar.
1. Qimmatli qog‘ozlar bozorining turlari va ularning turkumlanishi Qimmatli qog‘ozlar bozori savdo kapitalining rivojlangan davrida paydo bo‘lganligi va ko‘pchilik g‘arb mamlakatlarida u xo’jalik mexanizmining eng barqaror va yo’lga quyilgan qismlaridan biri hisoblanishi haqidagi ma’lumotlarni oldingi ma’ruzalarda aytib o‘tgan edik. Xuddi shunday, O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bozorini paydo bo‘lishi, davlat korxonalarini xususiylashtirish va aksiyadorlik korxonalariga aylantirish jarayoni bilan bog‘liq. Qimmatli qog‘ozlar bozori tashkiliy jarayon nuqtai nazaridan: - birlamchi bozorlarga shaklan esa: - ikkilamchi bozorlarga - birjaviy bozorlarga - nobirjaviy bozorlarga bo‘linadi. Endi shu bozorlarni har birini alohida ko‘rib chiqamiz. Qimmatli qog‘ozlarning birlamchi bozori – bu qimmatli qog‘ozlar emissiyasini va birlamchi joylashtirilishini amalga oshirish, ya’ni qimmatli qog‘ozlarni emitent yoki uning vakili tomonidan dastlabki sarmoyadorga sotish bozoridir. Emitent tomonidan qimmatli qog‘ozlarni takror chiqarilishi (masalan, ustav fondini oshirish maqsadida) yoki ikkilamchi emissiyasi ham birlamchi bozor doirasiga kiradi. Birlamchi bozorning eng muhim tavsifi, emitentlar tomonidan axborotni oshkor etilishidir. Bunda emitent haqida to‘liq ma’lumot beriladigan emissiya prospektini yoki qimmatli qog‘ozlarni muomilaga chiqarish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilishdan tortib, to fond bozori sohasida nazorat vazifalarini amalga oshiruvchi maxsus davlat idoralariga
taqdim etiladigan qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish haqidagi hisobotgacha oshkor etiladi. Qimmatli qog‘ozlarning birlamchi sotilishi ommaviy axborot vositalarida emitent to‘g‘risida ma’lumotni e’lon qilgan holda qimmatli qog‘ozlarni xarid qilishni ochiq taklif etish shaklida (istalgan imkoniyatli sarmoyador uchun) hamda yopiq, obuna shaklida faqat tegishli davlat boshqaruv idorasiga ma’lum qilgan qoida qimmatli qog‘ozlarni shaxslarning cheklangan doirasi o‘rtasida joylashtirish yo’li bilan amalga oshirilishi mumkin. Qimmatli qog‘ozlarning ikkilamchi bozori – bu ilgari chiqarilgan va hech bo‘lmaganda bir marta xarid qilingan qimmatli qog‘ozlar oldi – sotdisi (muomalasi) amalga oshiriladigan bozoridir. Uning funksiyasi qimmatli qog‘ozlarning oldi – sotdisini tezkorlik bilan ta’minlashdir. Bunda sotuvchi va xaridorni uchrashtirish, bo’sh kapitalni iqtisodiyotni eng unumli sohasiga zudlik bilan safarbar qilish, tomonlarning o’zaro manfaatlarini ta’minlash ikkilamchi bozorning asosiy vazifasi bo‘lib hisoblanadi. Ikkilamchi bozorning asosiy ko‘rsatkichlaridan biri likvidlik hisoblanadi. Yuqori likvidlikka ega, ya’ni qisqa vaqt ichida juda katta miqdordagi qimmatli qog‘ozlarni, ularning kursini sezilarsiz o‘zgarishi sharoitida kam xarajat bilan oldi – sotdiga jalb qila olishdir, yoki boshqacha qilib aytganda, bozorning likvidligi – bu ma’lum vaqt oralig‘ida bozor narxlarining kam miqdorda o‘zgarib to‘rgan holda qimmatli qog‘ozlarning katta qismini yuqori suratda aylanishini ta’minlash imkoniyatidir. Birlamchi va ikkilamchi bozorlar o‘rtasidagi uzaro munosabat iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishiga, fond bozorining shakllanishiga, uning «yoshiga», shuningdek, muomilada bo‘lgan qimmatli qog‘ozlar har xil turlarining tarkibiga bog‘liq.
Masalan, iqtisodiyot nisbatan barqaror bo‘lgan, qimmatli qog‘ozlar bozorining tarixi esa, bir necha yuz yillarni qamrab olgan rivojlangan kapitalistik mamlakatlarda qimmatli qog‘ozlarning deyarli barcha turlari bo’yicha ikkilamchi savdo ustun turadi. Birlamchi bozordagi qimmatli qog‘ozlar aylanmasi ushbu mamlakatda ikkilamchi bozor aylanmasining 5-10 foizini tashkil etadi holos. Odatda ko‘pchilik rivojlangan mamlakatlar fond birjalarida qimmatli qog‘ozlarning birlamchi joylashtirilishi amalga oshirilmaydi, shuning uchun u yerlarda uzoq muomila muddatiga ega bo‘lgan qimmatli qog‘ozlar baholanadi. Ommaviy xususiylashtirish bilan kuzatiladigan bozor munosabatlarini vujudga keltirish jarayonini kechirayotgan va endigina o’zini fond bozorlarini barpo etayotgan mamlakatlar uchun islohotlarning dastlabki bosqichlarida qimmatli qog‘ozlarning birlamchi bozori ustun turadi. O‘zbekistonda ham 90-yillarning o‘rtalarida birlamchi bozorning ustuvorligi sezilarli, lekin keyincha bu nisbat o’zgara bordi. 1995 yilda Respublikada bank va tijorat veksellarning ikkilamchi bozori. 1996 yildan boshlab esa, Davlat qisqa muddatli obligatsiyalarining (DQMO) ikkilamchi bozori, kuchli taraqqiy eta boshladi va ularning salmog‘i birmuncha o’sishi kuzatildi. a) Qimmatli qog‘ozlar bozorining uyushgan va uyushmagan turlari. Qimmatli qog‘ozlarning uyushgan bozori – qimmatli qog‘ozlarning muomalada bo‘lishi, unda qimmatli qog‘ozlar operatsiyalari ushbu bitimlar ishtirokchilari uchun qimmatli qog‘ozlar savdosining tashkilotchisi tomonidan belgilangan tadbirlar va shartlar bilan tartibga solinadi. Qimmatli qog‘ozlarning uyushmagan bozori bu qimmatli qog‘ozlarning muomalada bo‘lishi, unda qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar savdo tashkilotchilarining ushbu bitim predmeti va uning ishtirokchilariga nisbatan qo‘ygan talablarga rioya etilmagan holda amalga oshiriladi. Bu shunday
bozorki, unda bitimlar tuzish, qimmatli qog‘ozlar ishtirokchilarga quyiladigan talablarning qoidalari belgilanmagan, savdolar sotuvchi va xaridorlarning shaxsiy aloqasi orqali ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi. Mazkur bozorda tuzilgan bitimlar haqidagi axborot tizimi mavjud emas. Bundan tashqari, bitimlar ishtirokchilari qandaydir muhofaza va sug‘urta mexanizmlaridan foydalanilmagan holda amalga oshiriladi. Bitimlar maxsus ro’yxatga oluvchilar tomonidan qonun bilan belgilangan umumiy tartibda rasmiylashtiriladi. Ushbu bozor «ko‘cha», yoki «tartibsiz» bozor deb nomlanishga qaramay, u mutlaqo chalkash tartibsiz bozor emas, agar tovlamachilik hollari aniqlansa tartibga soluvchi davlat idorasi tergov ishini olib boradi. Bunday bozorda sifatli qimmatli qog‘ozlar kam, ular bo’yicha yo dividendlar olish, yoki barcha qo’yilgan mablag‘larni yo‘qotish mumkin bo‘lgan daromadli qimmatli qog‘ozlar ham, shuningdek, emitentlari murakkab moliyaviy ahvolda qolgan, yoki bankrotlik yoqasida bo‘lgan, yaroqsiz deb nomlanuvchi aksiyalar ham sotilishi mumkin. O’zbekiston Respublikasida uyushmagan bozorda yangi barpo etilgan, shuningdek, xususiylashtirilgan korxonalarning birlamchi va ikkilamchi emissiyalari aksiyalari, bank hamda tijorat veksellari sotiladi va xarid qilinadi. XIFlar aksiyalarining bevosita XIFlarning o’zlari tomonidan amalga oshirilgan yoki “Xalq banki” bo‘limlari orqali birlamchi sotilishi bunday bozorlarga misol bo‘la oladi. b) Qimmatli qog‘ozlarning birja va birjadan tashqari bozorlari. Qimmatli qog‘ozlarning birja bozori bu qimmatli qog‘ozlar bilan fond birjasi doirasida uyushgan tarzda savdo qilish sohasidir. Fond birjasi (bu haqda biz keyingi ma’ruzalarimizda to‘liq ma’lumot beramiz) qimmatli qog‘ozlar bilan fond birjasi doirasida savdo qilish uchun shart-sharoitlarni ta’minlovchi alohida muassasa bo‘lib, unda savdo faqat qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari broker –