MUSTAQILLIKACHA TARIX FANINING FALSAFIY MUAMMOLARI.
MUSTAQILLIKACHA TARIX FANINING FALSAFIY MUAMMOLARI . REJA. 1. Totalitarizmning ijtimoiy-siyosiy va tarixy talqini. 2. G‘oyaviy hukmdorlik, yakka shaxs fikrining ustuvor ligi , diktatura maqomi. Zo‘ravonlik va xudbinlik , avtoritar axloq, fuqarolar manfaatlari . 3. Partiyaviy hayotning kommunistik shakli. Kommunistlar fikrlar xilma- xilligi.
Inson o‘zining ichki imkoniyatlarini daxlsiz va ozod ijtimoiy vaziyat mavjud bo‘lgan sharoitdagina ro‘yobga chiqarishi mumkin bo‘ladi. Zotan, ana shunday sharoitda u o‘zini birmuncha erkin his qiladi. Maqsadlar va manfaatlar ro‘yobini ta’minlashda o‘zining butun imkoniyatlarini safarbar etadi. Tashqi ta’sirni kamroq sezadi. Boshqacha qilib aytganda, atrofidagilarning imkoniyatlarni cheklashga, turli buyruqlar va hukmlarga nisbatan bo‘ysunishga, itoatkor bo‘lishga imkon bermaydi. Kollektivizmda esa uning aksi sifatida belgilangan va oldindan rejalashtirilgan maqsadlar atrofida birlashib, kuchlar uyg‘unlashtiriladi. Oldindan tuzilgan va aniq rejalashtirilgan vazifalarning bajarilishini kimdir yoki kimlardir nazorat qiladi, buyruq beradi, ommaviy safarbarlikni tashkil etadi. Mutloq ko‘pchilik esa itoatgo‘y, labbaygo‘y ijrochiga aylanadi. Bunday holat jamiyatda erkin fikr, erkin faoliyat va demokratiyaning boshqa ko‘rinishlarini cheklab qo‘yadi. Natijada totalitarizm vujudga keladi, shakllanadi, ildiz otadi va bora-bora avtoritar mohiyat kasb etib, jamiyatni buyruqlar asosida boshqarish, ijtimoiy hayotni bir kishining kayfiyati va talablari asosida tashkil etish tamoyillari vujudga keladi. Jamiyatni bunday boshqarish usuli, ayniqsa, sotsializm sharoitida asosiy qoidaga aylantirildi. Garchi sotsializm g‘oyasi va shakllariga munosabatlar hamon turlicha bo‘lsada, sotsialistlarning o‘zining orasida ham yondashuvlar va fikrlar xilma- xilligi mavjud bo‘lgan. Lekin mohiyati bir xil bo‘lgan. F.Xayek sotsialistlar xulosalarini o‘rganar ekan, tuzumning mohiyati xususida gapirib, «ularda. insonning jamiyatdagi mavqeini bevosita davlat belgilab berishi lozimligi to‘g‘risida hech qanday tafovut bo‘lmagan. Lekin ularning orasida konkret sinf va guruhlar o‘rinlarini belgilashda chuqur tafovutlar bo‘lgan edi va doimo bo‘ladi», degan edi. А na shu holatning o‘zi faoliyatlarni, maqsadlarni rejalashtirish va uni markazlashgan boshqaruv tizimi orqali amalga oshirish tamoyili ustuvorligi ko‘zga yaqqol tashlanadi. G‘oyaviy hukmdorlik, yakka shaxs fikrining ustuvorligi diktatura maqomini egallaydi. Zo‘ravonlik va xudbinlik shaklidagi avtoritar axloq, avtoritar kayfiyat va fe’l-atvor garchi fuqarolar manfaatlariga zid bo‘lsada, o‘ziga xos qadriyatlar
darajasiga majburan ko‘tariladi. Natijada hammaning bir xil fikrlashi, yuqoridan bildiriladigan har qanday buyruqning muhokamasiz, munozarasiz, mushohada qilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilish va so‘zsiz bajarish tamoyili vujudga keladi. Bu o‘z-o‘zidan bir necha asrlar mobaynida shakllangan an’analar, urf- odatlar, turmush tarzi, adabiyot, san’at va, umuman, yaxlit olganda fuqarolar qalbi va ruhiyatini o‘zida mujassam etgan bir butun madaniyatning inqiroziga olib keladi. Natijada fikriy boqimandalik, befarqlik, hissizlik kayfiyati butun jamiyat kayfiyatiga, axloqiy me’yorlariga aylanadiki, bunday sharoitda taraqqiyot va istiqbolga o‘rin qolmaydi. Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, kollektivizm ikki bosqichda o‘zini namoyon etadi va bu bosqichlarni yaqin o‘tmishimizda – sovet imperiyasi davrida yaqqol ko‘rdik. Birinchi bosqich – totalitarizmning «Faqat buyruq berilgan narsanigina bajarish mumkin, boshqasi mumkin emas», avtoritarizmning «Faqat siyosatga aralashma, boshqa hamma narsa mumkin» shiorlarida to‘la mujassam. Bunday holatni «Kollektivistik tafakkurning fojiasi shundaki, aql-idrokni taraqqiyotning oliy omili sifatida ta’riflansa oqibatda undan voz kechiladi. Chunki bunday sharoitda aql-idrok ongli harakatning asosi bo‘lgan jarayonlar noto‘g‘ri talqin qilinadi. Individualizmning o‘zi jamiyatda individualizmning tepasida turgan kuchlarning ahamiyatini anglashga imkon berayotgan bir vaqtda, kollektiv doktrina paradoksli ravishda «ongli» rejalashtirish tamoyillarini ilgari surgan holda majburiy ravishda qandaydir aql-idrokni inkor etuvchi mexanizmga oliy hokimiyat maqomini berishga majbur bo‘ladi. Ijtimoiy kuchlar bilan murosa qilish va turfa xil fikrlarga bag‘rikenglik bilan yondashish individualizmga xosdir. Bunday insonparvar g‘oya, jamoatchilik hayotining yagona kishi tomonidan boshqarilishiga oid har qanday g‘oyaning ortida turgan intellektual takabburlikning butunlay aksidir», deb sharhlaydi F. Xayek. Demak, kollektivizm sharoitida boshqarish maqomiga ega bo‘lgan shaxsning har qanday xulosasi oliy hokimiyat va davlat maqomiga ega bo‘ladi. Uni bajarishga ommaviy majburiylik tartiboti o‘rnatiladi. Turli ijtimoiy kuchlar, alohida individlar yoki fuqarolarning xulosalari inobatga olinmay, boshqaruvchi –
individning hukmi ustuvorlik qiladi. Boshqaruvchilik maqomiga ega bo‘lgan individning intellektual takabburlik illatlari ko‘zga yaqqolroq tashlanadi va «dohiy»lik singari yuqumli, tuzalmas kasallikni vujudga keltiradi. Sovet imperiyasida ayni ana shu kasallik keng tarqalib, bir-biriga ulanib ketgan, vorisiylik maqomiga ega bo‘lgan «dohiy»lar sulolasi bejiz paydo bo‘lmagan edi. Natijada bu butun jamiyat ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy muhitini belgilaydigan bedavo illatga aylangan edi. А slini olganda har qanday avtoritar rejimda ham individual va jamoatchilik kayfiyatlari mavjud bo‘ladi. Lekin o‘rnatilgan tartib va qabul qilingan rejim talablari asosida buyruq beruvchining shaxsiy xulosalari hal qiluvchi maqomni egallaydi. Sotsialistik tuzumga xos bo‘lgan individuallik va kollektivchilik tamoyillarini, ularning o‘ziga xos kontseptsiyalarining ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotda tutgan o‘rni va rolini, kishilik jamiyati rivojlanishida o‘tkazayotgan ta’sirini tahlil qilar ekan, А . Ivin quyidagi tamoyillarni ilgari suradi: zamonaviy tarix eng avvalo G‘arb individual jamiyatlari va kollektiv jamiyatlar o‘rtasidagi qarama-qarishliklar hamda kurashlarni o‘zida aks ettiradi; zamonaviy G‘arb jamiyati anglangan aniq maqsadga yetishish uchun xizmat qilmaydigan, tarix taqozosi bilan ko‘plab tasodifiy tizimlarda yuzaga kelgan murakkab chambarchaslikdir; kollektiv jamiyat oldindan ishlab chiqilgan reja asosida paydo bo‘ladi va aniq belgilangan muayyan maqsadga erishishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘yadi; shaxs avtonomiyasi, inson turmush tarzidagi qarashlar va moyillikning mutloq suverenitetini tan olish individualistik jamiyatning asosiy xususiyatlari hisoblanadi; kollektivistik jamiyat esa individ va uning erki qadriyat hisoblanuvchi avtonomiyaning har qanday sohasini rad etadi; kollektivizmning qat’iy yagona maqsadga intilishi raqobat o‘rnini bosuvchi markazlashgan rejalashtirish mexanizmi yaratilishiga olib keladi; kollektiv loyihalar mohiyati davlatning jamiyatda ustuvorligini ta’minlaydi, individ va jamiyatning barcha sohalari nazoratda bo‘lishiga, barcha turdagi
individlar va alohida shaxslar uchun bir xil qadriyatlar va kollektiv axloq normasi bo‘lgan bir xil fikrlash tartibining o‘rnatilishiga, totalitar tuzumning terrori va bag‘ritoshligi bir qarashda yagona maqsadga asoslangan jamiyat hayotini ilohiylashtirishga olib keladi va natijada demokratik sotsializm o‘zining xom- xayollik mahsuli ekanligini ko‘rsatadi, bunday sharoitda diktatura va totalitarizm muqarrar voqelikka aylanadi; iqtisodiy erkinlik shaxs barcha huquq va erkinliklarining poydevori hisoblanadi; uning yo‘q qilinishi kollektiv jamiyatda shaxsning barcha huquq va erkinliklariga barham berilishiga olib keladi; sotsializm (kommunizm) va natsionalsotsializm (natsizm) sharoitida kollektivizm butun mazmun-mohiyati bilan totalitarizmning uzviy holati va yaqqol qiyofasi hisoblanadi; sotsializm va natsionalsotsializm sotsializmning ikkita shaklini o‘zida eks ettiradi; bu – baynalminallik va demokratiya shiorlarini ilgari suruvchi radikal yo‘l sotsializm hamda konservativ natsizm va irqchilik g‘oyalari bilan jamiyatni boshqarishga asoslangan o‘ng sotsializmdir; sotsializmning ushbu shakllari o‘zaro doimiy raqobatda bo‘lsada, individualistik jamiyat ular uchun asosiy raqib hisoblanadi; natsizm sotsialistik ildizlarga egadir; sotsializmning qator mamlakatlardagi inqirozi individualizm imkoniyatlari va intilishlarining ro‘yobiga olib keldi; oxir-oqibatda kollektivizm iqtisodiy taraqqiyotning turg‘unligiga olib keladi va iqtisodiy soha individualizm raqobatiga dosh bera olmaydi. Kollektivizm sharoitida yetishib chiqqan totalitar rejimda partiya asosiy rol o‘ynaydi. А na shu holatda jamiyat boshqaruvi, tuzilgan rejalar va tanlangan yo‘l bevosita partiyaviy rahbarlik orqali amalga oshiriladi. Boshqacha qilib aytganda, partiya davlat va hokimiyatning barcha vakolatlarini qo‘lga olib, yagona boshqaruvchi va rahbar maqomiga ega bo‘ladi. Bir partiyali rejim sharoitida yagona mafkuraning ustuvorligi ko‘zga yaqqol tashlanadi. Bunday mafkuraviy yakkahokimlik butun jamiyat barcha qatlamlarini qamrab oladi va ijtimoiy hayotning hamma sohalariga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.