PSIXOLINGVISTIKANING SHAKLLANISHI VA RIVOJLANISHI TARIXI
PSIXOLINGVISTIKANING SHAKLLANISHI VA RIVOJLANISHI TARIXI Reja: 1. Psixolingvistikaning psixologik va lingvistik manbalari 2. Psixolingvistikaning mustaqil fan sifatida shakllanishi 3. L.S.Vigotskiy – rus psixolingvistikasining asoschilaridan biri
1. Psixolingvistikaning psixologik va lingvistik manbalari Dastlabki psixolingvistik g‘oyalar Vilgelm fon Gumboldning antinomiyasida va “yosh grammatikachilar”ning individual psixologiya nazariyasida shakllangan edi. Chunonchi, nutqiy faoliyat va tilning jamoa va shaxs munosabatlarini chambarchas bog‘lashga xizmat qilishi haqidagi g‘oya Gumboldtga tegishlidir. V. fon Gumboldtning talqinicha, tillar xalqlar va alohida shaxslarning ijod mahsuli, chunki til nutqiy faoliyat jarayonida yuzaga keladi. U til va uning sohibi bo‘lgan jamoa munosabatini bilish zarurligini ta’kidlaydi, zero, til tizimidagi umumiylik va xususiylik belgilari aynan jamoa va shaxs munosabatlariga borib taqaladi. Bu munosabatlar asosida, o‘z navbatida, til tizimining ijtimoiy va individual xususiyatlari qarama-qarshiligi (antinomiyasi) shakllanadi. Til va tafakkurning o‘zaro bog‘liqligini V. fon Gumboldt ular bajaradigan vazifalar hamohangligida ko‘radi. Binobarin, til ham xuddi tafakkur singari ijodiy jarayondir. V. fon Gumboldtning fikricha, til paydo bo‘lishining eng birinchi sababi insonning ichki ehtiyoji, ya’ni olam va boshqa shaxslar bilan munosabatga kirishishidir. V. fon Gumboldtning tilning ijodkorona faoliyati, o‘zgaruvchanlik tabiati kabi xususiyatlari haqidagi fikrlari nutqiy faoliyat nazariyasi yoki psixolingvistika kabi zamonaviy tilshunoslik yo‘nalishlari uchun tayanch nuqta vazifasini o‘tadi. V. fon Gumboldt tilni “tashqi dunyo hodisalari va inson botiniy dunyosi” oralig‘idagi dunyo sifatida ta’riflagan edi. Faoliyatning til dunyosiga ko‘chishi haqidagi g‘oya Gumboldtning muhim kashfiyotlaridan biridir. Ushbu g‘oya ko‘p jihatdan mashhur psixolingvistlar L.S.Vigotskiy va A.R.Luriyalarning g‘oyalari uchun asos bo‘ldi. Haqiqatdan ham, Gumboldt aytganidek, nutqiy faoliyat negizida “lisoniy qobiliyat” yotadi. V. fon Gumboldt individual nutqiy harakatlar vositasida bajariladigan lisoniy ijod faoliyatining uzluksizligini nazariy jihatdan asoslab berdi. Uning ta’kidicha, til mavjudligining shakli taraqqiyotdir va “tilga qandaydir o‘lik mahsulot sifatida emas, balki ijodiy jarayon holida qarash lozim”, u – “to‘xtovsiz faoliyatdir” 1 . 1 Фон Гумбольдт В. Избранные труды по языкознанию. –М., 1984. –С. 82.
XIX asrning 60-yillarida maydonga kelgan “yosh grammatikachilar” (G.Paul, K.Brugman, A.Leskin, B.Delbryuk, G.Ostgofg) nazariyasining asosini individual psixologiya tashkil etgan bo‘lib, ular til hodisalarini ana shu tamoyilga ko‘ra hal qilishga urindilar. So‘zlovchi shaxsning nutqiy faoliyat mexanizmi, psixologiyasi, tilning ichki taraqqiyoti singari masalalarga e’tibor qaratdilar. “Yosh grammatikachilar” tilni organizmning psixofiziologik faoliyati sifatida talqin etdilar. Ular tildagi o‘zgarishlar sabablarini jamiyatdagi o‘zgarishlardan emas, balki inson ruhiyatidagi o‘zgarishlardan izlashgan. Masalan, ular zamonaviy rus tili uni o‘rganmagan bola uchun o‘lik tildir, lekin o‘lik til hisoblangan lotin tili esa bu tilni mukammal bilgan filolog–klassik uchun tirik til sifatida namoyon bo‘ladi, deb hisoblashgan. Tilshunoslikning rivojlanishiga va psixolingvistikaning shakllanishiga ulkan hissa qo‘shgan olimlardan biri I.A. Boduen de Kurtenedir. U tilni turli-tuman tasavvur guruhlaridan tarkib topgan murakkab psixososial mohiyat sifatida talqin qildi. Boduen de Kurtene fikricha, til muayyan bir jamiyatni tashkil qilgan individlar ongida, individlar psixikasida, individlar tili sifatida yashaydi. Shuning uchun Boduen de Kurtene o‘z tadqiqotlarida individ nutqiga asosiy e’tiborni qaratdi. Boduen de Kurtenega ko‘ra, “inson tilining mohiyati faqat psixikdir. Tilning mavjudligi va uning rivojlanishi sof psixik qonuniyatlar bilan bog‘langan. Inson nutqida yoki tilida bironta ham psixik bo‘lmagan hodisa mavjud emas va mavjud bo‘lishi ham mumkin emas” 2 . Hozirgi zamon psixolingvistikasi uchun Boduen de Kurtene qarashlarining eng muhim tomoni uning “nutq faoliyatidagi aniq qiymat odamdan ajratilgan til emas, balki odamdir” degan fikri edi. “Havoda uchib yuruvchi qandaydir tillar emas, aksincha til va tafakkurga ega bo‘lgan odamlar mavjud”. Shu bilan birga, u tilda individuallik bilan umumiylikning ajralmasligini, individual xususiyatda bir vaqtning o‘zida umumiy umuminsoniylik mavjud ekanligini bayon qiladi. U insoniyat ijtimoiy guruhlar majmuasi ekanligini e’tirof etadi. 2 Глухов В.П. Основы психолингвистики. Учеб. пособие для студентов педвузов. –М.: АСТ: Астрель, 2008. –С. 14.
XX asr tilshunosligining asoschisi shvetsariyalik tilshunos Ferdinand de Sossyur nutqiy faoliyatni (langage) ikki qarama-qarshi mohiyat: til (langue) va nutq (parole)ga ajratdi. Uning fikricha, til nutqiy faoliyatning faqat bir tomonini tashkil etadi. Til nutqqa ziddir. Til – ijtimoiy hodisa. U til jamoasining barcha a’zolari uchun majburiy belgilar sistemasidir. Til kishilik jamiyatida aloqa quroli, fikrni ifodalaydigan vositadir. Nutq – individual hodisa. Nutq – xohish va fikrni ifodalash akti. F. de Sossyurning ta’limoti L.V.Shcherba tomonidan rivojlantirildi. U mazkur ta’limotga “individning psixofiziologik nutqiy tuzilishi” tushunchasini kiritdi. L.V.Shcherbaning psixolingvistikaga qo‘shgan hissasi uning “Til hodisalarining uch jihati va tilshunoslikda eksperiment haqida” (1974) asari bilan belgilanadi. Mazkur asarda tilshunoslikning predmeti sifatida tilning quyidagi uch jihati taklif qilinadi: Birinchi jihat nutqiy faoliyat bo‘lib, unda olim so‘zlashuv va tushunishni nazarda tutadi. Shcherba belgilarni tushunish va talqin qilish jarayonining tovushlarni talaffuz qilish va so‘zlashuv jarayonidan faolligiga ko‘ra sira ham kam emasligini ta’kidlaydi. Ikkinchi jihat til tizimi bo‘lib, birinchi navbatda lug‘at va grammatikani qamraydi. L.V.Shcherba “to‘g‘ri tuzilgan lug‘at va grammatika mazkur til bilimini to‘liq yoritishi lozim”, - deb yozadi. Til hodisalarining uchinchi jihati til materiali, ya’ni “mazkur ijtimoiy guruh hayotining u yoki bu davridagi muayyan sharoitda so‘zlashuv va tushunishlar majmuyi” hisoblanadi. L.V.Shcherba nutqiy faoliyat va til materiali o‘rtasidagi munosabatni quyidagicha belgilaydi: “Nutqiy faoliyat til materialini yaratadi. Til tizimi tilshunoslar tomonidan til materialidan chiqarib yuboriladi. Nutqiy faoliyat ham til materialini ishlab chiqaradi, ham til tizimiga o‘zgartish kiritadi. Shu bilan birga, til hodisalarining barcha uch jihati bir-biri bilan chambarchas bog‘langan” 3 . 3 Глухов В.П. Основы психолингвистики. Учеб. пособие для студентов педвузов. –М.: АСТ: Астрель, 2008. –С. 15.
XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida psixologiya fanida qator ilmiy ta’limotlar va nazariyalarning vujudga kelishi psixolingvistikaning yuzaga kelishiga sharoit yaratib berdi. Ana shunday nazariyalardan biri M.Vertgeymer, K.Koffka, K.Byuler va boshqa olimlar tomonidan ilgari surilgan “psixologiya geshtalti” (nem. “gestalt” – “obraz”) maktabi , deb nom olgan nazariy tadqiqot edi. Mazkur psixologiya maktabining vakillari inson psixikasidagi “kechinmalar ortida” yotadigan kechinmalar dunyosini va jismoniy dunyoni chegaralab oldilar. Ular kechinmalar dunyosini ikki: jismoniy reallik (miyadagi jarayonlar) va tafakkurning psixik (fenomen) realligi nuqtayi nazaridan tadqiq etishdi. Binobarin, tafakkur dinamik bir butun “maydon”, uning tahlil birligi “geshtalt” – butun bir obraz sifatida talqin qilindi. Jahon psixologiyasida XX asr boshlaridagi ikkinchi muhim yo‘nalish bixevioristik (ingl. behavior “xulq, xatti-harakat”) psixologiya edi. Bu yo‘nalishning ko‘zga ko‘ringan namoyondalari J.Uotson va E.Torndayklar edi. Bixevioristik psixologiya ko‘p jihatdan materialistik psixologiya bilan hamfikr bo‘lgan va shunga ko‘ra, uning asoschilaridan biri rus fiziologi I.P.Pavlov hisoblangan. Bixevioristik psixologiya psixikani tadqiq etishning faqat obyektiv metodlarini qabul qiladi. Psixikaga kishining hayoti va faoliyati kontekstini kiritadi va uni tashqi ta’sirlar hamda organizmning fiziologik xususiyatlari bilan bog‘laydi. Biroq bixevioristlar agar psixikadagi biron narsani bevosita kuzatib yoki o‘lchab bo‘lmasa, u holda, bu narsa umuman mavjud emas, deb da’vo qilishdi. Bixeviorizmga ko‘ra, mahluqqa (bu odam yoki jonivor bo‘lishi mumkin va h.k.) ta’sir qiladigan qandaydir stimul (S) va ushbu stimulga qandaydir reaksiya (R) bor. Nutq tahliliga bixevioristik yondashuv namunasi sifatida amerikalik tilshunos Leonard Blumfildning “Til” (1968) asarini keltirish mumkin. Blumfild kishining hayoti va faoliyatini ehtiyojlar va bu ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan harakatlar, deb talqin qildi. Kishilar bir-birlari bilan amaliy (nutqsiz) va nutqli stimullar yordamida o‘zaro munosabatga kirishadi. Ular mazkur stimullarga ikki xil: nutqli va nutqsiz harakatlar bilan javob qaytarishadi: nutqsiz reaksiya S───→ R