logo

SAID AHMAD. SAROB (HIKOYA) 10v

Yuklangan vaqt:

08.08.2023

Ko'chirishlar soni:

0

Hajmi:

73.5 KB
SAID AHMAD. SAROB (HIKOYA)
«Ota qarg’ishi misoli o‘q — u oxiratda emas,
shu dunyoning o‘zida nishonga tegadi».
(Buxorolik 100 yil yashagan temirchi Usto Amin boboning o‘gitlaridan)
Bugun   lagerimizga   yangi   mahbuslarni   olib   kelishdi.   Ko‘rinishidan   ularni   yangi   deb
bo‘lmasdi.   Egnilaridagi   kiyimlariga,   yelka   va   tizzalaridagi   raqamlarga   qaraganda,   ko‘p
yillardan   beri   lagerdan   lagerga   ko‘chib   yurgan   daydi   mahbuslar   ekanini   darrov   payqash
mumkin edi. Odatda, yangi kelgan mahbuslarning oyog‘ida yangi etik, yangi botinka, egnida
ohori   to‘kilmagan   kostyum   yo   gimnastyorka   bo‘lardi.   Lagerimizning   blatnoy-zo‘ravonlari
ularning   egnidagi   kiyimlarni   ko‘rishlari   bilanoq   o‘zaro   taqsimlab   olardilar.   Oradan   biron
hafta   o‘tib,   o‘sha   kiyimlarni   blatnoylarning   egnida   ko‘rardik.   Bu   galgi   etapda   kelganlar
zo‘ravonlarimizga   yoqmadi.   Har   biri   o‘n-o‘n   besh   yillab   SSSRning   jamiki   lagerlarida
yashab, qirriq bo‘lib ketgan, nainki birovga o‘z kiyimini beradigan, aksincha, birovlarnikini
qiyqirtirib yechib oladigan, beti qattiq mahbuslar edi.
Soldatlar,   lager   nazoratchilari   ularni   bitta-bittalab   sanab,   yuvilaverib   rangi   unniqib
ketgan kulrang kurtkalaridagi, shimlaridagi raqamlarni tekshirib o‘tkaza boshladilar. Shunda
mahbuslardan   bittasi   menga   juda   tanish   tuyuldi.   Uning   g‘amgin   va   lekin   loqayd   ko‘zlari...
Qaerda   ko‘rganman   uni?   Tanish,   juda   tanish!   Oldi   tikanli   sim   bilan   to‘silgan   barakda
yangilarni   bir   necha   kun   karantinda   saqlaydilar.   Hozircha   ularni   boshqa   mahbuslarga
qo‘shmaydilar. Ovqatni ham paqirda oborib beradilar.
Bahorning   iliq-issiq   kunlari   edi.   Yangilar   yalang‘och   bo‘lib   barak   oldidagi
maydonchada   chalqancha   yotib,   badanlarini   oftobga   toblardilar.   Ular   Shimol   lagerlarida
oylab   oftob   ko‘rmay,   ranglari   siniqqan   kishilar   edi.   Ularni   bir-ikki   oygina   yoz   bo‘ladigan,
oftob   esa   tuman   orasidan   xuddi   doka   orqasiga   yoqilgan   shamdek   xira   ko‘rinadigan,   bizda
bahor oftobi charaqlab turgan shu kezlarda ham qish bo‘ronlari uvillab turgan joylardan olib
kelishgan.   Bu   mahbuslar   uchun   Jezqozg‘on   eng   yaxshi   kurortlardan   ham   afzal   edi.
Yalang‘och   yotganlarning   badanida   igna   sanchib   yozilgan   so‘zlar,   turli   sharmsiz   suvratlar,
birida   «tuqqan   onamni   unutmayman»   degan   yozuv   bo‘lsa,   boshqasining   ko‘kragida   karta,
ayol   kishining   rasmi   bilan   bir   shisha   aroq   tasvirlangan.   Tagida:   «Mana   shular   bizni   xarob
qildi»,   degan   yozuv   bor.   Deyarli   ko‘pchiligining   ko‘ksida   yalang‘och   ayollarning   turli
holatdagi suvratlari bor edi. Bu manzara qamoqxonadagi «rassom»larning asarlari namoyish
qilinayotgan ko‘rgazmaga o‘xshardi. 
Menga   tanish   tuyulgan   maxbus   esa   negadir   yechinmay,   kiyim-boshi   bilan   oftobda
yotardi.   Kim   u?   Ko‘zimga   juda   issiq   ko‘rinyapti.   Borib   o‘zidan   so‘rasammikan?   Buning
imkoni   yo‘q.   Soqchilar,   nazoratchilar   ularga   yaqin   yo‘latmaydi.   Mendan   sal   narida   yoshi
yetmishlardan oshgan, umrining o‘n besh yildan ortig‘ini lagerlarda o‘tkazayotgan Olimjon
domla ham ularga ma’yus qarab turibdi.
Domla g‘alati odam edi. U hech kim bilan sirlashmasdi. Birovga na dardini aytardi, na
quvonchini.  Ko‘pchilik  uni  orqavorotdan  «indamas  domla»  deb   atardi.  U  yaxshilikka   ham,
yomonlikka   ham   birdek   loqayd   edi.   Ammo   uning   hozirgi   holati   boshqacha.   Oftobda
yalang‘och   yotganlarga   qarab   ichi   yonib,   kuyib,   o‘rtanib   ketayotgani   shundoqqina   bilinib
turardi. Zimdan unga ko‘z tashlayman. Uni hech qachon bunday alpozda ko‘rmagandim. U
yig‘lardi.   Ko‘zlaridan   oqqan   yosh   soqollariga   tomardi.   Domla   qimirlamas,   har   kiprik
qoqqanda mijjalarida to‘planib qolgan yosh duv to‘kilardi.
Nazoratchi   kelib   sim   to‘siqning   beriyog‘ida   to‘planib   qolgan   tomoshabin
mahbuslarga, ketinglar, deb buyurdi. Maxbuslar nari ketishdi. Domla ham yoshli ko‘zlarini kaftiga   artib,   boshini   egganicha   ketdi.   Men   lagerda   rassom   edim.   Bir   vaqtlar   rassomlik
maktabida   o‘qiganim   yashash,   ishlash   qiyin   bo‘lgan   bu   joylarda   asqotdi.   Vazifam   —
mahbuslarning   kiyimlariga   raqam   yozish,   jez   konida   ishlab   qaytgan   brigadalarning   qancha
ruda   qazib   chiqarganini   katta-katta   plakatlarda   aks   ettirish   va   ularni   lagerning   ko‘rinarli
joyiga ilib qo‘yish edi.
Tushlikdan keyin ustaxonamga bosh nazoratchi bir qop kiyim olib keldi-da, shularga
to kechki ovqatgacha raqam  yozib, tayyor  qilib qo‘yishimni  buyurdi. Bu yangi kelganlarga
beriladigan   kiyimlar   edi.   Shimlarning   chap   tizzasidan   yuqorisi,   kurtkalarning   yelkasidan
pasti   sovun   qutisicha   keladigan   joyidan   qaychida   qiyib   olingan.   Ustidan   oq   latta   tikib
qo‘yilgan  edi.  Agar  mahbus   raqam   yozilgan  lattani   olib  tashlab  qochib  ketsa,  qidiruvchilar
kiyimidagi   qiyib   olingan   joyidan   bilib   oladilar.   Shu   lattalarga   mahbuslarning   raqamini
yozishim   kerak.   Raqam   oftobda   ham,   qor-yomg‘irda   ham   o‘chmaydigan   qora   lak   bilan
(«Kuzbas   lak»   bilan)   yoziladi.   Lak   sovuqda   toshdek   qotib   qoladi.   Novvoyxonadan
toshko‘mir cho‘g‘ini kurakchada olib kelib, lak solingan bankani uning ustiga qo‘ydim. Lak
erigandan   keyin   boya   nazoratchi   berib   ketgan   ro‘yxatga   qarab,   raqamlarni   yozishga
kirishdim. Raqam yoniga mahbusning ism-familiyasi qayd etib qo‘yilgan edi. O’n yettinchi
kurtkaga   raqam   yozmoqchi   bo‘lib   ro‘yxatga   qaradim-u   hayratdan   yoqamni   ushladim.
«YeYe3781»   raqami   yoniga   «Kimsanboy   Yolqinov»   deb   yozib   qo‘yilgan   edi.   Ertalabdan
beri xayolimdan ketmayotgan «kim u» degan jumboq yechilgan edi.
Olisda   qolgan   beozor,   sho‘x,   yerga   ursa   osmonga   sakraydigan   tizginsiz   bolaligim,
tezroq   katta   bo‘lib,   aziz   va   jonajon   Vatanga   xizmat   qilish,   «xalqlar   dohiysi,   ulug‘   va
mehribon   otamiz   Stalinga   sodiq   bo‘lish»   orzusi   yurak-yuraklarimizda   jo‘sh   urgan   qaynoq
yoshligimiz   ko‘z   o‘ngimdan   chaqmoqdek   bir   yalt   etib   o‘tdi.   Kimsanboy!   U   bizning
bolalardan   chiqqan   qahramonimiz   edi.   O‘ttizinchi   yillarda   uning   suvrati   gazetalardan
tushmasdi. Maktablarda, pioner uylarida, istirohat bog‘larida, yoshlar lagerlarida odam bo‘yi
qilib chizilgan suvratlari bir qarashda ko‘zga tashlanadigan joylarga ilib qo‘yilardi. Va suvrat
tagiga:   «Pioner!   Qahramon   Kimsanboy   Olimjonovga   salyut   berib   o‘tishni   unutma!»   deb
yozib qo‘yilardi. Butun O’zbekiston bolalari undan ibrat olishga, u ado etgan vatanparvarlik
jasoratini   takrorlashga   qasamyod   qilishardi.   Uning   otasi   Olimjon   Raxmonov   rayon   maorif
bo‘limining   mudiri   edi.   Tarix   bilimdoni   bo‘lgan   bu   odamni   rayondagi   jami   tarix
o‘qituvchilari   ustoz   deb   atardilar.   Hatto   uyiga   ham   kelib,   undan   Turkiston   tarixi   bo‘yicha
bilmaganlarini   so‘rab   bilib   olardilar.   Uning   uyida   kitob   ko‘p   edi.   Alohida   bitta   uydagi
tokchalarga   juda   noyob   kitoblar   terib   qo‘yilgan   edi.   Domla   bu   kitoblarni   birovlarga
bermasdi.   Zarur   bo‘lsa,   shu   yerga   kelib   o‘qishgagina   ruxsat   berardi.   Amir   Temur,   Mirzo
Bobur,   Narshaxiy,   Forobiy,   Sharafiddin   Ali   Yazdiy,   Najmiddin   Kubro,   Al-Beruniy,   Xoja
Ahror, Ahmad Yassaviy kabi allomalarning o‘tgan asrlarda xattotlar tomonidan ko‘chirilgan
noyob   qo‘lyozmalarini   Domla   ko‘z   qorachig‘idek   asrardi.   Kechalari   yettinchi   lampa
yorug‘ida   tong   otguncha   mutolaa   qilardi.   Ko‘pincha   Domlaning   uyiga   keksa   ziyolilar
to‘planib,   tarixda   o‘tgan   o‘zbek   mutafakkirlari   to‘g‘risida   suhbatlar   qilishardi.   Yig‘ilganlar
Olimjon domlaning bilimiga, bilag‘onligiga qoyil qolardilar. Suhbat o‘z-o‘zidan ota-bobolari
Shahrisabz   barloslaridan   bo‘lgan   buyuk   shoir   Mirzo   Abdulqodir   Bedilga   borib   taqalardi.
Bedilxonlik   boshlanardi,   ko‘plashib   Bedilning   sir-u   sehrga   to‘la   g‘azallarining   mag‘zini
chaqishga   kirishib   ketardilar.   Albatta,   Olim   domlaning   talqinlari   hammani   lol   qoldirardi.
O’shanday   suhbatlarning   birida   gap   aylanib   Fuzuliyning   bitta   g‘azaliga   borib   qadaldi.
Mehmonlardan   birovi   Fuzuliy   ham   o‘zbeklar   orasida   Navoiy   darajasida   mashhur   ekanini,
uning ko‘p g‘azallari o‘zbek hofizlari tomonidan qo‘shiq qilib aytilishini gapirib qoldi. —   Domla,   Fuzuliyning   bir   g‘azali   bor,   mag‘zini   sira   chaqolmadim.   Ko‘p
bilimdonlardan so‘raganimda tayinli bir javob berolmadilar. Shu to‘g‘rida sizning fikringizni
bilmoqchi   edim.   Olimjon   domla   narigi   xonadan   Fuzuliyning   devonini   olib   chiqdi.
Ko‘zoynak   taqib,   do‘stining   tishi   o‘tmagan   o‘sha   g‘azalni   topdi.   Chiroqqa   solib,   ikki-uch
marta o‘qidi. 
— Xo‘sh, qaysi joyiga tushunmadingiz? — deb so‘radi do‘stidan. 
— Fuzuliy shunday deb yozadi: «G’amlarim shuncha ko‘pki, tuyaning ustiga ortsam,
zindonga tashlangan kofirlar ozod bo‘ladi». Xo‘sh, nima uchun ozod bo‘ladi?
—   Tushunmadim.   Domla   o‘ylanib   qoldi.   Darhaqiqat,   tuyaning   ustiga   g‘am   yukini
ortsa, nega kofirlar ozod bo‘ladi? Domla ko‘p o‘yladi. Keyin boshini ko‘tarib mehmonlarga
qaradi.
— Gap bundoq. Bu sirning ma’nisiga yetish uchun Fuzuliy yashagan davrga murojaat
qilish kerak. O’sha davrdagi rivoyatlarni, maqol-u matallarni, hatto qo‘shiqlarni ham bilmoq
kerak.   Bir   rivoyatda   odamlar   Allohdan,   ey   tangrim,   zindonda   yotgan   kofirlar   qachon   ozod
qilinadi, deb so‘rabdilar. Alloh, tuya ignaning teshigidan o’tgandagina kofirlar ozod qilinadi,
deb javob qilgan ekan. Fuzuliy ana shu rivoyatni g‘azaliga asos qilib olgan. Ya’ni: «Mening
g‘amlarim   shunchalik   ko‘pki,   tuyaning   ustiga   ortsam,   ko‘tarolmay,   ozib,   ipdek   bo‘lib
qoladi».   Ipdek   ozib   qolgan   tuya   ignaning   teshigidan   bemalol   o‘tishi   mumkin.   Demak,
kofirlar zindondan ozod qilinadi.
Domlaning   bu   qadar   bilimdonligiga   qoyil   qolishdi,   taxsinlar   o‘qishdi.   Domlaning
bo‘yiga yetib qolgan egizak qizlari bor edi. Shu egizaklardan keyin ko‘rgan bolalari turmadi.
Bir   yoshga   to‘lar-to‘lmas   vafot   etaverdilar.   U   har   gal   oy-kuni   yaqin   qolgan   xotinining
do‘ppayib qolgan  qorniga qarab:  «Kimsan,  o‘g‘ilmisan,  qizmisan?»  deb kulardi. «Agar  qiz
bo‘lsang, otingni Kimsanoy qo‘yaman, o‘g‘il bo‘lsang, Kimsanboy ko‘yaman», derdi shirin
bir entikib. Xayriyat, o‘g‘il tug‘ildi. Oti Kimsanboy bo‘ldi. Shu bola o‘n ikki yoshga kirdi.
Beshinchi sinfda o‘qiydi. Domla kitob titish bilan ovora. Tong otguncha o‘tirib, nimalarnidir
yozadi. Yozgan maqolalari «Maorif va o‘qituvchi», «Madaniy inqilob» gazetalarida bot-bot
bosilib turadi. 
Kimsanboy maktabda faol pionerlardan. U Lenin, Stalin to‘g‘risida yozilgan she’rlarni
ajib   bir   mahorat   bilan   deklamatsiya   qiladi.   Uni   rayon,   hatto   viloyat   miqyosida   o‘tadigan
tantanali   yig‘inlarga,   o‘qituvchilarning   konferentsiyalariga   chaqirib,   she’rlar   o‘qitishadi.
Olimjon   domla   unga,   bolam,   bunaqa   havoyi   ishlarga   juda   ham   berilib   ketma,   yo   artist
bo‘lmoqchimisan?   Yaxshisi,   darsingni   tayyorla.   Jamoat   ishlari   darsdan   keyin   bo‘lsin,   deb
nasihat   qilardi.   Bir   xonada   domla   qalam   qitirlatadi,   Kimsanboy   boshqa   xonada   har   xil
harakatlar  qilib, baland ovoz bilan she’r deklamatsiya  qiladi. Bir  kuni maktab direktori uni
dars paytida idora-ga chaqirtirdi. Direktorning kabinetida notanish odam o‘tirardi.
—   Bu   o‘rtoq   sen   bilan   gaplashgani   kelganlar.   Sizlarni   xoli   qoldiraman,   gaplashib
olinglar,   —   deb   direktor   chiqib   ketdi.     Notanish   odam   gapni   nimadan   boshlashni   bilmay,
birpas unga tikilib o‘tirdi. Keyin portfelidan gazeta olib uning oldiga qo‘ydi. Bu Moskvada
chiqadigan «Pionerskaya pravda» gazetasi edi.
—   Ikkinchi   sahifadagi   maqolani   yaxshilab   o‘qib   chiq,   —   dedi   u,   —   suratga   ham
yaxshilab qara. Qahramon pioner Pavlik Morozov shu bo‘ladi. Kimsanboy o‘rischani durust
bilmasdi. Pavlik Morozovni  xalq dushmanlari  vahshiylarcha o‘ldirishgan. U vatanga sodiq,
Lenin-Stalin   ishiga   hayotini   bag‘ishlagan   zamondoshimiz.   Uning   otasi   xalq   dushmani,
Sho‘ro tuzumini ag‘darib tashlashni niyat qilgan. Pavlik o‘sha dushmanning sirini fosh etadi.
Hozir   Sho‘rolar   jumhuriyatining   hamma   joyida   Morozovchilik   harakati   boshlanib   ketdi.
Yosh vatanparvarlar ichki dushmanlarni fosh qilish uchun qasamyod qilmoqdalar. Sen ham shu   harakatga   qo‘shilishing   kerak.   Bu   sening   muqaddas   burching.   Biz   aytgan   ishlarni
bajarsang,   seni   Butunittifoq   pionerlarining   «Artek»   nomli   lageriga   yuboramiz.   Faol
pionerlarning Moskvada bo‘ladigan slyotida ham qatnashasan. O’sha yerda buyuk ustozimiz,
dohiymiz Stalinni ko‘rasan.
Kimsanboyning ko‘zlari yashnab ketdi. «Muqaddas poytaxtimiz ulug‘ Moskvani, tirik
dohiyni   ko‘rish,   Qora   dengiz   sohilidagi   jahon   bolalari   dam   oladigan   lagerda   shohsupaga
ko‘tarilib she’r o‘qib bersa bormi!..» Kimsanboy shoshib qoldi. 
— Men nima ish qilishim kerak? 
—   Avvalo,   o‘rtamizda   bo‘lib   o‘tgan   bu   suhbatni   birovga   aytmaslikka   so‘z   berasan.
Bundan   keyingi   suhbatlarimizni   ham   sir   saqlaysan.   U   shunday   deya   turib,   portfelidan   bir
varaq qog‘oz olib unga uzatdi.
  — Bunga imzo chekib ber. Avval o‘qi, keyin imzo chek. Qog‘ozga shundoq so‘zlar
yozilgan   edi:   «TILXAT.   Men   kim,   Kimsanboy   Olimjon   o‘g‘li   GPU   xodimi   M.Mansurov
bilan   bo‘lgan   suhbatimizni   birovga   aytmayman.   Otam   Olimjon   Rahmonovning   xatti-
harakatlarini kuzatishga so‘z beraman. Uyga keladigan mehmonlar bilan nimalar to‘g‘risida
gaplashganini   yozib   beraman.   Agar   bo‘lib   o‘tgan   gaplarni,   otam   haqida   to‘plangan
ma’lumotlarni birovga aytsam, jinoyat kodeksining tegishli moddasi bo‘yicha jazolanaman».
— O’qib bo‘ldingmi? Endi imzo chek! Kimsanboy o‘ylab o‘tirmay tilxat ostiga imzo
chekdi. 
— Tilingga ehtiyot bo‘l. Otang haqida yozib qo‘ygan xatlarni har haftaning dushanba
kunlari o‘zim kelib, shu yerdan olib ketaman. Agar birovga aytsang, yo otangga bildirsang,
xuddi   Pavlik   Morozovdek   halok   bo‘lasan.   Yanagi   kelishimda,   agar   aytganlarimni
uddalasang,   viloyat   pioner   tashkiloti   seni   qo‘l   soat   bilan   mukofotlaydi,   bildingmi?   GPU
xodimi   Mansurov   har   dushanba   kuni   maktabga   kelar,   Kimsanboy   yozib   qo‘ygan
ma’lumotlarni o‘qib ko‘rgach, boshqatdan yozdirardi.
—   Kerakli   gaplarni   yozish   kerak.   Faktlarga   siyosiy   tus   berishni   o‘rgan!   Bobokalon
dohiymiz   Karl   Marks:   «Din   xalq   uchun   afyundir»,   degan.   Uyimizga   kelgan   mehmonlar
Axmad   Yassaviy   degan   reaksion   dindor   shoirni   ko‘klarga   ko‘tarib   maqtashdi.   Xalqni
asoratga soluvchi she’rlarini o‘qishdi, deb yozish kerak. Alisher Navoiy «Xamsa»ni, «Chor
devon»ni yozganda Pushkinning xabash bobosi O’rta Yer dengizining janubiy qirg‘oqlarida
chig‘anoq   terib   yurardi.   Mirzo   Ulug‘bek   Samarqandda   rasadxona   barpo   etgan   paytlarda
o‘rislar xoxollarning malayi edi, chipta kovush kiyib yurishardi, degan gaplarni aytishdi, deb
yozgin!
— Bunaqa gaplarni endi sizdan eshitib turibman... Qandoq qilib yolg‘onni yozaman?!
Birdan Mansurovning jahli chiqib ketdi.
—   Yozavermaysanmi,   tirrancha!   Aytmagan   bo‘lishsa,   endi   aytishadi!   Xalq
dushmanlari hamma gaplarni birdan aytib qo‘ya qolishmaydi. Ular nihoyatda pixini yorgan,
niqoblangan   yovlarimiz.   Kimsanboy   bir   hafta   mobaynida   jonini   jabborga   berib   to‘plangan
ma’lumotlarni qaytadan Mansurov aytgandek qilib yozdi. Tagiga imzo chekdi.
— Ha, balli! Mana shunaqa qilib yozish kerak. Menga qara, viloyat pioner tashkiloti
seni qo‘l soati bilan mukofotladi. Ma, taqib ol! Eh-he, seni hali qancha mukofotlar kutyapti!
GPUning pioner tashkiloti nomidan bergan soatini Mansurov Kimsanboyning bilagiga taqib
qo‘ydi. Kimsanboy o‘zida yo‘q shod edi. Ertaga bolalarning ko‘zini o‘ynatib taqib yuraman.
deb   quvonchini   ichiga   sig‘dira   olmay,   Mansurovga   minnatdorchilik   bildirib,   u   bilan
xayrlashdi. Mansurov ketar chog‘ida: «Qanaqa yozishni bilib olding-a?» deb eslatib qo‘ydi.
Bu xil ma’lumot  yozishlar  uch oydan ortiq davom  etdi. Bu orada «pioner  tashkiloti»
Kimsanboyni   velosiped   bilan   ham   mukofotladi.   O’sha   oyning   oxirlariga   borib   Kimsanboy Butunittifoq   pionerlari   slyotida   qatnashish   uchun   Moskvaga   ketdi.   O’zbekistondan
Kimsanboyga   o‘xshagan   «Morozovchi»lardan   yana   o‘n   bir   bola   bor   edi.   Slyot
qatnashchilaridan   o‘n   yetti   nafar   bola   «Hurmat   belgisi»   ordeni   bilan   mukofotlandi.   Ular
orasida   Kimsanboy   Olimjonov   ham   bor   edi.   Kimsanboy   Ittifoq   oqsoqoli   Kalinin   ko‘lidan
orden   olar   ekan,   prezidiumda   qarsak   chalayotganlar   orasida   «buyuk   dohiy,   xalqlar   otasi
Stalin»ga ko‘zi tushdi. O’zini tutolmay ho‘ngrab yubordi. 
U   Moskvadan   qaytib   kelganda   dadasi   yo‘q   edi.   Olimjon   domla   bilan   yana   yetti
o‘qituvchi   qamoqqa   olingan   ekan.   Ular   nima   gunoh   qilgan   ekanlar,   deb   hayron   bo‘lgan
odamlar   gazetada   bosilgan   «Maorifga   uya   qurgan   quzg‘unlar»   nomli   maqolani
o‘qiganlaridan   keyin   nima   gapligini   bildilar.   Birov:   «Buni   qaranglar-a,   domla   tuppa-tuzuk
odam   edi,   odamning   olasi   ichida,   deganlari   bejiz   emas   ekan»,   desa,   yana   birovi:   «Puxta
niqoblangan,   ayyor   odam   ekan»,   deydi.   «Qing‘ir   ishning   qiyig‘i   qirq   yildan   keyin   ham
chiqadi,   hushyor   bo‘lish   kerak,   bunaqalardan   hali   oramizda   ko‘p   bo‘lishi   mumkin»,
deydiganlar   ham   bo‘ldi.   Dunyoning   ishlari   xo‘p   qiziq-da,   ota   —   sotqin,   bolasi   —   chin
vatanparvar! Kimsanboyni ikki marta tergovga chaqirib, otasi bilan yuzlashtirdilar. Olimjon
domla   bu   ishlarda   o‘g‘lining   ham   qo‘li   borligini   bilmasdi.   Yuzma-yuz   paytida   Kimsanboy
aytgan   gaplarni   eshitib,   yoqasini   ushladi.   Tergovchining:   «Shu   gaplar   rostmi?
Tasdiqlaysizmi?»   degan   so‘rog‘iga   javob   bermadi.   Peshonasiga   shapillatib   urib:   «E-e,
attang,   attang!   —   deya   o‘g‘lining   betiga   qarab:   —   Iloyo,   juvonmarg   bo‘l!   Umring   xor-
zorlikda o‘tsin! — deb yuziga fotiha tortdi. 
Moskvadan «Troyka» Olimjon domlani o‘n besh yilga hukm qilgani to‘g‘risida qog‘oz
keldi.   Oradan   sakkiz   yil   o‘tdi.   Kimsanboy   yigirma   yoshga   to‘ldi.   1942-yili   armiya   safiga
chaqirildi. Qishloqlardan frontga ketayotganlarni tantanali kuzatish marosimiga yuzdan ortiq
komsomol   a’zolari   to‘plandi.   Bo‘lajak   jangchilar   nomidan   «Hurmat   belgisi»   ordeni
nishondori Kimsanboy Olimjonovga so‘z berildi.
— Men hayot-mamot  jangiga ketyapman. Xalq dushmanining o‘g‘li bo‘lib emas, asl
vatanparvar,   dohiy   Stalin   farzandi   bo‘lib   urushga   kiraman.   Bugundan   boshlab   familiyam
Olimjonov   emas,   Yolqinov   bo‘ldi.   Ko‘ksimda   buyuk   Stalin   bilan   jangga   kiraman!   —   U
shunday   deb   ko‘ylagi   yoqasini   yechib   yubordi.   Uning   ko‘ksida   igna   sanchib   ishlangan
Stalinning suvrati  bor  edi. — Ulug‘  dohiy jangda menga madadkor  bo‘ladi, — deb so‘zini
tugatdi   Kimsanboy.   Qarsaklar   yangradi.   Olqishlardan   mast   bo‘lgan   Kimsanboy   ko‘ksini
ochgancha tantanavor iljayib turardi...
Shu tobda qamoqxonaning kulrang kurtkasiga «YeYe3781» raqamini yozar ekanman,
ko‘zlarimga ishonmay, raqam  yonidagi familiyaga yana bir marta qaradim. Adashmabman.
Unga   «Kimsanboy   Yolqinov»   deb   yozilgan   edi.   Boya   oftobda   yotgan   mahbuslarga   qarab
yum-yum yig‘layotgan Olimjon domla — Kimsanboyning otasi. Kiyimini yechmay yotgan,
boshi bir tomonga qiyshaygan mahbus — sobiq qahramon pioner Kimsanboy Olimjonov edi.
Olimjon   domla   o‘g‘lini   tanidi.   Ammo   Kimsanboy   otasini   tanimadi.   Oradan   besh-o‘n   kun
o‘tib   yangi   mahbuslar   karantindan   chiqdi.   Ularni   uchta-to‘rttadan   qilib   baraklarga
joylashtirishdi.   Ochiq   konda   portlatilgan   ruda   xarsanglarini   vagonchalarga   ortadigan
brigadalarga   qo‘shib   yuborishdi.   Kimsanboy   lagerning   o‘zida   —   «zona»da   qoldirildi.
Chunki  uning o‘ng qo‘li  sinib, qiyshiq bitib qolgan. Yurganda boshi u yoq-bu yoqqa og‘ib
ketaveradi.   Ko‘zi   ham   xiralashgan.   Oldida   turgan   odam   tuman   orasidan   ko‘rinayotganga
o‘xshayveradi.   Lekin   eshitish   qobiliyati   juda   kuchli.   Yangilar   kelgandan   keyin   lagerdagi
mahbuslar   hayoti   birdan   o‘zgarib   ketgandek   bo‘ldi.   Hayot   hayot   ekanda.   Mahbuslar   har
qanday azob-uqubatlar ichida ham, ertaga ularni dahshatli fojia kutayotganini sezganda ham
yashash   tarzini   o‘zgartirmaydi.   Og‘ir,   juda   og‘ir   mehnatdan   toliqib   kelib,   to‘rt   qoshiqqina suli bo‘tqani yeb olib, barakda o‘ringa yechinmay yotib orom oladi. Nazoratchi maxbuslarni
sanab,   barakni   ustidan   qulflab   qo‘ygandan   keyin   bir   damgina   asil   insonlikka   qaytgandek
bo‘ladilar.   Bu   barak   ularning   daxlsiz   vatani,   uyi,   hovlisi   bo‘lib   tuyuladi.   Bunda   uyat,   juda
uyat latifalar aytiladi. Barak derazalari kulgidan zirillab ketadi. Bunda mahbuslar xayollariga
erk   beradilar.   Boshlaridan   o‘tgan   voqealarni   so‘zlab   beradilar.   Aytayotgan   sarguzashtlari,
albatta,   yolg‘on   gaplar.   Hech   kim   yolg‘on   aytyapsan,   demaydi.   Yolg‘on   bo‘lsa   ham   qiziq
bo‘lsa bas. Biri professorning o‘g‘liman, deb Bolshoy teatrning yosh bir raqqosasini yo‘ldan
urganini,   juda   ozg‘in   ekansan,   deb   ertalab   uyidan   haydab   yuborganini   xuddi   rost   gapdek
hayajon bilan aytib beradi. 
—   Shu   desangiz,   —   deb   gap   boshlaydi   yana   biri,   —   SIBLAGdalik   paytimda   juda
battarin,   johil   bir   nachalnigimiz   bo‘lardi.   Bir   ko‘zi   shishadan   edi.   Jahl   bilan   stolni
mushtlaganda   shisha   ko‘zi   otilib   chiqib   stolga,   undan   sakrab   yerga   tushardi.   Shisha   ko‘zni
ko‘pchilik bo‘lib izlab tuproqdan topib, yuvib berardik. Bir kuni ko‘zi otilib yerga tushganda
bildirmay   bir   tepgan   edim,   ruda   olib   ketayotgan   transportyor   lentasiga   borib   tushdi.   Ruda
bilan   vagonga   to‘kildi.   Buni   hech   kim   sezmadi.   O’sha   kuni   kechgacha   ellik   kishi   ko‘zni
qidirshdi.  Topilmadi. Nachalnik yangi  ko‘z buyurtma qilish uchun Moskvaga  ketdi. Bir  oy
yo‘q   bo‘lib   ketdi-yu   yangi   ko‘z   bilan   kelguncha   otpuskaga   chiqqandek   yayraganmiz,   —
deya g‘urur bilan g‘irt yolg‘on hikoyasini kula-kula tugatadi. Yana biri «Ogonyok» jurnalida
bosilgan   chiroyli   bir   yigitning   suvratini   qiyib   olib,   mashhur   kinoaktrisaga   o‘ldim-kuydim
deb yozgan xatiga qo‘shib jo‘natganini, aktrisadan «ikkinchi  bunaqa ahmoqlik qilmang, bu
o‘z   erimning   suvrati-ku»   degan   javob   olganini   aytganda   barak   ichi,   bomba   portlagandek,
kulgidan  larzaga   tushgandi.  Yangilar  kelgandan   keyin  bu  kulgilar,  bu  xil  quvnoq  suhbatlar
barham topgandi. Bunga sabab — yangilar asosan «seksotlar», «stukachlar» edi («seksotlar»,
«stukachlar»   mahbuslar   to‘g‘risida   boshliqlarga   yashirincha   ma’lumot   berib   turadiganlar).
Yangi   kelganlar   ichidagi   zo‘ravonlar   «mahalliy»   zo‘ravonlarning   ko‘zini   ochirmay   qo‘ydi.
Ular   oshxonaga   borib,   ko‘pchilik   bilan   ovqatlangani   or   qiladilar.   Bizning   zo‘ravonlarimiz
ularga ovqat tashib, qo‘lini artishga sochiq tutib turadilar. Qarindoshlaridan posilka olganlar
quruq qo‘l bilan qolaveradilar. Tuqqan onasi pishirib yuborgan tansiq shirinliklar ham o‘sha
zo‘ravonlarning   nasibasi   bo‘lib   qolgandi.   Seksotlarni,   stukachlarni   bir   lagerda   uzoq   ushlab
turmasdilar.  Ularning  ayg‘oqchiligi   ochilib  qolishi   bilan  boshqa   lagerga   jo‘natardilar.  Agar
jo‘natmasalar, mahbuslar ularni albatta o‘ldirib yuborardilar. 
Kimsanboy ham faol seksotlardan edi. Vorkuta lagerida mahbuslar uni urib, ma’lumot
yozadigan o‘ng qo‘lini tirsagidan sindirishgan edi. Balxash lagerida orqa miyasining pastiga,
qoq   ensasiga   belkurakning   sopi   bilan   urib,   chuqurga   tashlab   ketishgan.   Soqchilar   uning
dodlagan ovozini eshitib, chuqurdan chiqarib olishgan. Ana shundan keyin uning o‘ng qo‘li
tirsagidan   qotib,   boshi   goh   o‘ngga,   goh   chapga   o‘zidan-o‘zi   burilib   qoladigan,   sog‘   qo‘li
bilan to‘g‘rilab, oldinga qaratib qo‘ysa, boshi  musichaning kallasidek old-orqasiga  siltanib,
borib-kelaveradigan bo‘lib qolgandi. 
Iyul oyining oxirlariga borib havo nihoyatda isib ketdi. Daraxtsiz, giyohsiz, tuprog‘iga
mis kukuni aralashgan yer qizdirilgan tovadek bo‘lib, kirza botinkaning tag charmidan o‘tib,
oyoqni   kuydirardi.   Mahbuslar   baraklarning   soya   tomonlarida   jon   saqlashardi.   Terdan
shalabbo bo‘lgan kurtkalarini toshlarga, qizigan tuproqqa yozib quritishardi. Ko‘pchilikning
kurtkasi   yuvilaverib,   raqamlari   o‘chib   ketgandi.   Shunday   paytlarda   menga   ish   ko‘payardi.
Kiyimida   raqami   o‘chgan   mahbuslarni   soqchilar   darvozadan   chiqarishmas,   menga
yuborishardi.   Olimjon   domla   oldimga   kelib,   orqa   o‘girib   tizzaladi-da,   yelkasini   tutdi.
Yangilar kelgandan beri domla ozib ketdi. Yana besh-olti yosh qarigandek edi. 
— Domla, yaxshi yuribsizmi? — dedim yelkasiga raqam yozarkanman.  — Xudoga shukur, o‘lmagan qul yashayverarkan. 
— Shu deyman, domla, yoshingiz ham bir joyga borib qoldi. Kattalarda insof yo‘q-da.
Sizni ishga chiqarmasalar ham bo‘lardi. Domla sergaklandi. Uning ko‘nglidan, nega bunday
deyapti, seksot emasmikan, degan xayol o‘tdiyov! 
—   Juda   unchalik   qari   emasman.   Bergan   nonini   oqlab   yuribman.   Sut   ichib   og‘zi
kuygan odam qatiqni ham puflab ichadi, degandek, domlaning ham ko‘p marta og‘zi kuygan
ko‘rinadi.   Qamoqxonalarning   «telegrafi»   juda   aniq   ishlaydi.   Qaysi   lagerda   qandoq   voqea
yuz   bergani   uch   kunga   qolmay   hamma   lagerlarga   yetib   boradi.   Qaysi   shahar   turmasida
kimlar   yotgani,   ular   qaysi   modda   bilan   ayblanayotganlari,   ular   orasida   seksotlar   bor-
yo‘qligini   aniq   biladilar.   Yangilarning   ko‘pchiligi   seksot   ekani   to‘g‘risidagi   xabar   o‘sha
kuniyoq   kelgan   edi.   Olimjon   domla   uzoq   yillardan   beri   qamoqda   yashab   lager   hayotining
ming   bir   chiyrig‘idan   o‘tib,   pishib   ketgan   odam   edi.   Shuning   uchun   ham   u   birov   bilan
dardlashmas,   o‘z   yog‘iga   o‘zi   qovrilib   yuraverardi.   Mahbuslarni   konvoylar   ishga   haydab
ketgandan keyin uch ming kishilik lager bo‘shab qoldi. Mening ertalabki xizmatim ham shu
bilan tugadi. Endi barakka ketmoqchi bo‘lib turganimda, kallasini likillatib Kimsanboy keldi.
— Birodar, shu ortib qolgan lakni menga bersangiz. 
— Lakni nima qilasiz? — dedim. 
— Kerak, yo‘q demang. 
— Mayli, oling, — dedim lak solingan tunuka bankani unga uzatib. 
—   Rahmat,   —   deya   orqasiga   burilar   ekan,   sog‘   qo‘li   bilan   kallasini   barak   tomonga
to‘g‘rilab   qo‘ydida,   asta   keta   boshladi.   Ajab,   Kimsanboy   tanib   bo‘lmas   darajada   o‘zgarib
ketibdi.   Navqiron   yoshida   yuzlarini   ajin   qoplabdi.   Ko‘z   kosalari   chuqurlashgan,   sochlari
to‘kilib, boshi yalang‘ochlanib qolgandi. Ammo ko‘zlari, ovozi o‘sha-o‘sha, bolaligidagidek
edi. Kunlar chidab bo‘lmas darajada isib ketgan bo‘lishiga qaramay, u hamon tomog‘igacha
tugmalari   qadalgan   kurtkasini   terdan   bijg‘ib   ketgan   bo‘lsa   ham   yechmasdi.   U   har   kuni
ertalab qora lak olgani oldimga keladigan bo‘ldi. Shunday kunlarning birida uning kimligini
o‘ziga aytdim.
—   Otangiz   sizga   xo‘p   bilib   ot   qo‘ygan   ekan.   Qarang,   kimligingizni   o‘zingiz   ham
bilmaysiz. Uning ko‘zlari olazarak bo‘lib qoldi. Qo‘liga tiralib o‘rnidan turmoqchi bo‘lgandi,
chap qo‘li kuchsizlik qilib yana o‘tirib qoldi.
—   Kimsanboy,   mendan   yashirmay   qo‘ya   qoling,   —   dedim   bosiqlik   bilan.   —
Ikkovimiz bitta qishloqning bolasimiz. Kimligingiz kaftimning chizig‘idek ayon. Siz Pavlik
Morozovning   sadoqatli   izdoshisiz.   O’z   otangizni   GPUga   sotganingiz   uchun   «Hurmat
belgisi»   ordeni   bilan   mukofotlangan   Kimsanboy   Olimjonovsiz.   Sizlarni   frontga   kuzatish
marosimida qishloq komsomollariga: «Men ko‘ksimda buyuk Stalin bilan jangga kiraman».
deb ko‘kragingizdagi Stalin suvratini minbarda turib ko‘rsatganingizda men ham  bor edim.
Sizga   qora   lak   nima   uchun   kerakligini   bilaman.   Stalinning   suratini   chaplash   uchun   kerak.
Bunaqa   qilishning   endi   foydasi   yo‘q.   Saraton   issig‘ida   terlagan   badanga   bo‘yoq
yopishmaydi.   Ko‘chib   ketaveradi.   Bundan   tashqari...  —   deb   zimdan  unga   nazar   tashladim.
Bopga   o‘ng   tomonga   burilib   qolgandi.   —   Ko‘ksingizda   Stalin   borligini   zeklar   allaqachon
bilib olishgan. Yakshanba kuni sizni  yechintirib, ko‘kragingizdagi  qora lakni kerosin bilan,
solyarka   bilan,   benzin   bilan   Stalinning   suvrati   ko‘ringuncha   ishqalamoqchilar.
Ko‘ksingizdagi   Stalinni   ming-minglab   mahbuslarga   ko‘rsatishmoqchi.   Sizga   maslahat,
xo‘jayiningizga   ayting,   sizni   yo   vaqtincha   qamab   qo‘ysin,   yo   boshqa   lagerga   jo‘natib
yuborsin.   Xoinni   ogohlantirib   to‘g‘ri   ish   qildimmi,   bilmadim.   Harholda   bir   qishloqdan
bo‘lganimiz uchun shunday qildimmi, bilmayman, bilmayman.  Kimsanboyning   kallasi   chapdan   o‘ngga,   o‘ngdan   chapga   muttasil   borib   kelaverdi.
Xuddi   tutqanoq   tutayotganga   o‘xshardi.   U   mashaqqat   bilan   o‘rnidan   turib,   boshini   barak
tomonga   to‘g‘rilab   qo‘ydi.   Baribir   boshi   yon   tomonga   silkinaverganidan   yo‘lni   ko‘rolmay
gandiraklay boshladi. Ikki marta yiqildi. Yana turdi. Ko‘r odamday tusmollab yura boshladi.
Unga   ham   rahmim   keldi,   ham   undan   jirkanib   ketdim.   Ertasiga   u   qora   lak   olgani   kelmadi.
Tushlikka   yaqin   uchinchi   barakda   nimadir   bo‘ldi.   O’sha   tomonga   sanitar   yugurib   o‘tdi.
Lager kasalxonasining jarrohi — katorjpik Shtokman va zambil ko‘targan ikki sanitar izma-
iz   o‘sha   yoqqa   yugurib   ketishdi.   Bir   ozdan   keyin   zambilda   qonga   belangan   Kimsanboyni
kasalxonaga olib o‘tishdi. 
—   Ko‘ksiga   pichoq   sanchibdi,   —   dedi   barak   navbatchisi.   —   Battar   bo‘lsin!   Itga   it
o‘limi. Mahbuslar baribir uni tirik qo‘yishmasdi. Kechqurun ishdan qaytgan Olimjon domla
kasalxona baragi oldida u yoqdan bu yoqqa asabiy borib-kelib turibdi. Eshik oldida maxorka
chekib turgan sanitardan: 
—   Ahvoli   qalay?   —   deb   so‘radim.   —   Bilmadim,   hozircha   bir   nima   deyish   qiyin.
Pichoq yuragiga bir santimetrcha kirgan. Ertalab sanitar oldimga kelib:
— Bemor Yolqinov sizni so‘rayapti, — dedi. Kimsanboy ko‘kka boqib yotibdi. Ora-
sira   ojizgina   ingrab   qo‘yadi.   Tepasiga   borib,   ahvolini   so‘radim.   Uning   xushi   joyida   edi.
Faqat ko‘p qon ketganidan juda holsiz, bemajol. 
— Hamqishloq, yaqinda muddatingiz tugab uyga ketasiz, — dedi u past tovushda. —
Iltimos,   dadam   qamoqdan   qaytib   kelgan   bo‘lsa,   mening   uzrimni   yetkazing.   Gunohini   qoni
bilan yuvdi, deb ayting. U charchadimi, hartugul, ancha paytgacha indamay yotdi. Navbatchi
sanitar, kerakli gapini ayta olmayapti, deb o‘ylab bizni xoli qoldirib chiqib ketdi. 
—   Bu   dunyoning   azoblaridan   kutulishimga   sanoqli   soatlar   qolgan.   Sizdan   o‘tinib
so‘rayman,   Shtokmanga   ayting,  jonim  uzilishi   bilan  tanam   sovumay,   jasadim  qotmay  turib
ko‘ksimdagi Stalin suratini terim bilan shilib olsin. Fashistlarning kontslagerida o‘liklarning
terisini   shilishda   Shtokman   assistentlik   qilgan.   Qandoq   shilishni   yaxshi   biladi.   U   dunyoga
ham Stalin bilan ketmay. U bilan bitta qabrda yotgulik qilmasin.
Uning bu gaplari iltimos emas, vasiyat edi. 
—   Xotirjam   bo‘ling,   albatta,   unga   aytaman,   —   deb   va’da   berdim.   Fashistlarning
kontslagerida Kimsanboy Yolqinov o‘likxonaga qorovul bo‘lgan deb eshitgan edim. O’lgan
asirlarni tikanli sim bilan o‘ralgan joyga sarjinga o‘xshatib taxlab qo‘yganlar. Qish chillasida
o‘liklar   toshdek   qotib,   muzlab   qoladi.   Ularning   og‘izlaridagi   tilla   tishlarini   o’g‘rilar   qoqib
ketmasin,   deb   qo‘riqlashardi.   Badanida   yara-chaqasi   yo‘q   o‘liklarni   ichkariga,   issiqxonaga
olib   kirganlarida   muz   erib,   murdalarning   badani   yumshab   qoladi.   Shundan   keyin   terisini
shilish   oson   bo‘ladi.   Bu   terilardan   tannoz   xonimlarga   sumkachalar,   tanga-chaqa   soladigan
hamyonchalar, qayishlar yasashardi. Ba’zan yorilgan barabanlarga ham qoplashar edi.
Kimsanboyning oldidan chiqib, jarrox Shtokmanning xonasiga  kirdim. Yolqinovning
vasiyatini unga aytdim. Shtokman bosh chayqadi. 
—   Buni   hatto   xayolingizga   keltirmang.   Umrimda   bunaqa   ish   qilmaganman.   Ammo
qilmagan ishimni zo‘rlab bo‘ynimga qo‘yib, otuvga hukm qilishgandi. Keyin otuv hukmini
yigirma yillik katorgaga almashtirishdi. Kechirasiz,  yana boshqatdan  otuvga hukm  etilishni
istamayman!   Shu   bilan   Shtokman   gapni   qisqa   qildi-yu   meni   xonasidan   chiqarib   yubordi.
Ertalab borganimda sanitar  Yolqinovning sahar  paytida jon berganini aytdi. Ichkariga kirib
murdani   ko‘rmoqchi   bo‘ldim.   Ikki   sanitar   uning   ustidagi   choyshabni   ochib,   Stalinning
suratini   tomosha   qilishayotgan   ekan.   Pichoq   Stalinning   chap   ko‘zidan   sal   pastrog‘iga
sanchilgan   edi.   «Dohiy»ning   surati   shu   qadar   mahorat   bilan   ishlangan   ediki,   xuddi   tirikka
o‘xshab  ko‘rinardi. Ajab, o‘lik tanada  tirik Stalinning surati. Mendan  oldin Olimjon domla kelib,   murdaga   uzoq   tikilib   o‘tirganini,   o‘pkasini   bosolmay   o‘kirib   yig‘laganini   aytib
berishdi.   Qaytib   chiqqanimda   domla   eshik   kesakisiga   boshini   tirab,   holsiz   bir   alpozda
turardi. 
—   Domla,   bir   musulmonning   bolasi   olamdan   o‘tdi,   —dedim.   —   Shunga   janoza
o‘qitsak bo‘larmidi? Domla indamadi. Uzoq sukutdan so‘ng: 
— Unga janoza lozim emas, — dedi. 
—   Ko‘kragida   kofirning   surati   bor.   Endi   u   bejanoza,   bekafan   ko‘miladi.   U   shunday
dedi-yu   gandiraklab-gandiraklab,   barak   orqasiga   o‘tib   ketdi.   «Dohiy»   Stalinning   jasadi
tuproqqa   ko‘milmadi.   Uni   ichiga   poxol   tiqib,   mavzoleyga,   ustozi   Lenin   yoniga   yotqizib
qo‘ydilar. Bu yerda esa u bir xoinning badaniga yopishib, atigi bitta murda arang sig‘adigan
go‘riga   sherik   bo‘lib   yotibdi.   Shu   bilan   ichimizdan   chiqqan   xoinning   jirkanch   umri   yakun
topdi. Ortib qolgan lak
Stukach
Tuyaning ignadan otishi
17-kurtka
Indamas domla
Jirkanch umr
Pionerskaya Pravda
Loqayd kozlar
Jarroh Shtokman
Hurmat belgisi
kozbas lak

SAID AHMAD. SAROB (HIKOYA) «Ota qarg’ishi misoli o‘q — u oxiratda emas, shu dunyoning o‘zida nishonga tegadi». (Buxorolik 100 yil yashagan temirchi Usto Amin boboning o‘gitlaridan) Bugun lagerimizga yangi mahbuslarni olib kelishdi. Ko‘rinishidan ularni yangi deb bo‘lmasdi. Egnilaridagi kiyimlariga, yelka va tizzalaridagi raqamlarga qaraganda, ko‘p yillardan beri lagerdan lagerga ko‘chib yurgan daydi mahbuslar ekanini darrov payqash mumkin edi. Odatda, yangi kelgan mahbuslarning oyog‘ida yangi etik, yangi botinka, egnida ohori to‘kilmagan kostyum yo gimnastyorka bo‘lardi. Lagerimizning blatnoy-zo‘ravonlari ularning egnidagi kiyimlarni ko‘rishlari bilanoq o‘zaro taqsimlab olardilar. Oradan biron hafta o‘tib, o‘sha kiyimlarni blatnoylarning egnida ko‘rardik. Bu galgi etapda kelganlar zo‘ravonlarimizga yoqmadi. Har biri o‘n-o‘n besh yillab SSSRning jamiki lagerlarida yashab, qirriq bo‘lib ketgan, nainki birovga o‘z kiyimini beradigan, aksincha, birovlarnikini qiyqirtirib yechib oladigan, beti qattiq mahbuslar edi. Soldatlar, lager nazoratchilari ularni bitta-bittalab sanab, yuvilaverib rangi unniqib ketgan kulrang kurtkalaridagi, shimlaridagi raqamlarni tekshirib o‘tkaza boshladilar. Shunda mahbuslardan bittasi menga juda tanish tuyuldi. Uning g‘amgin va lekin loqayd ko‘zlari... Qaerda ko‘rganman uni? Tanish, juda tanish! Oldi tikanli sim bilan to‘silgan barakda yangilarni bir necha kun karantinda saqlaydilar. Hozircha ularni boshqa mahbuslarga qo‘shmaydilar. Ovqatni ham paqirda oborib beradilar. Bahorning iliq-issiq kunlari edi. Yangilar yalang‘och bo‘lib barak oldidagi maydonchada chalqancha yotib, badanlarini oftobga toblardilar. Ular Shimol lagerlarida oylab oftob ko‘rmay, ranglari siniqqan kishilar edi. Ularni bir-ikki oygina yoz bo‘ladigan, oftob esa tuman orasidan xuddi doka orqasiga yoqilgan shamdek xira ko‘rinadigan, bizda bahor oftobi charaqlab turgan shu kezlarda ham qish bo‘ronlari uvillab turgan joylardan olib kelishgan. Bu mahbuslar uchun Jezqozg‘on eng yaxshi kurortlardan ham afzal edi. Yalang‘och yotganlarning badanida igna sanchib yozilgan so‘zlar, turli sharmsiz suvratlar, birida «tuqqan onamni unutmayman» degan yozuv bo‘lsa, boshqasining ko‘kragida karta, ayol kishining rasmi bilan bir shisha aroq tasvirlangan. Tagida: «Mana shular bizni xarob qildi», degan yozuv bor. Deyarli ko‘pchiligining ko‘ksida yalang‘och ayollarning turli holatdagi suvratlari bor edi. Bu manzara qamoqxonadagi «rassom»larning asarlari namoyish qilinayotgan ko‘rgazmaga o‘xshardi. Menga tanish tuyulgan maxbus esa negadir yechinmay, kiyim-boshi bilan oftobda yotardi. Kim u? Ko‘zimga juda issiq ko‘rinyapti. Borib o‘zidan so‘rasammikan? Buning imkoni yo‘q. Soqchilar, nazoratchilar ularga yaqin yo‘latmaydi. Mendan sal narida yoshi yetmishlardan oshgan, umrining o‘n besh yildan ortig‘ini lagerlarda o‘tkazayotgan Olimjon domla ham ularga ma’yus qarab turibdi. Domla g‘alati odam edi. U hech kim bilan sirlashmasdi. Birovga na dardini aytardi, na quvonchini. Ko‘pchilik uni orqavorotdan «indamas domla» deb atardi. U yaxshilikka ham, yomonlikka ham birdek loqayd edi. Ammo uning hozirgi holati boshqacha. Oftobda yalang‘och yotganlarga qarab ichi yonib, kuyib, o‘rtanib ketayotgani shundoqqina bilinib turardi. Zimdan unga ko‘z tashlayman. Uni hech qachon bunday alpozda ko‘rmagandim. U yig‘lardi. Ko‘zlaridan oqqan yosh soqollariga tomardi. Domla qimirlamas, har kiprik qoqqanda mijjalarida to‘planib qolgan yosh duv to‘kilardi. Nazoratchi kelib sim to‘siqning beriyog‘ida to‘planib qolgan tomoshabin mahbuslarga, ketinglar, deb buyurdi. Maxbuslar nari ketishdi. Domla ham yoshli ko‘zlarini

kaftiga artib, boshini egganicha ketdi. Men lagerda rassom edim. Bir vaqtlar rassomlik maktabida o‘qiganim yashash, ishlash qiyin bo‘lgan bu joylarda asqotdi. Vazifam — mahbuslarning kiyimlariga raqam yozish, jez konida ishlab qaytgan brigadalarning qancha ruda qazib chiqarganini katta-katta plakatlarda aks ettirish va ularni lagerning ko‘rinarli joyiga ilib qo‘yish edi. Tushlikdan keyin ustaxonamga bosh nazoratchi bir qop kiyim olib keldi-da, shularga to kechki ovqatgacha raqam yozib, tayyor qilib qo‘yishimni buyurdi. Bu yangi kelganlarga beriladigan kiyimlar edi. Shimlarning chap tizzasidan yuqorisi, kurtkalarning yelkasidan pasti sovun qutisicha keladigan joyidan qaychida qiyib olingan. Ustidan oq latta tikib qo‘yilgan edi. Agar mahbus raqam yozilgan lattani olib tashlab qochib ketsa, qidiruvchilar kiyimidagi qiyib olingan joyidan bilib oladilar. Shu lattalarga mahbuslarning raqamini yozishim kerak. Raqam oftobda ham, qor-yomg‘irda ham o‘chmaydigan qora lak bilan («Kuzbas lak» bilan) yoziladi. Lak sovuqda toshdek qotib qoladi. Novvoyxonadan toshko‘mir cho‘g‘ini kurakchada olib kelib, lak solingan bankani uning ustiga qo‘ydim. Lak erigandan keyin boya nazoratchi berib ketgan ro‘yxatga qarab, raqamlarni yozishga kirishdim. Raqam yoniga mahbusning ism-familiyasi qayd etib qo‘yilgan edi. O’n yettinchi kurtkaga raqam yozmoqchi bo‘lib ro‘yxatga qaradim-u hayratdan yoqamni ushladim. «YeYe3781» raqami yoniga «Kimsanboy Yolqinov» deb yozib qo‘yilgan edi. Ertalabdan beri xayolimdan ketmayotgan «kim u» degan jumboq yechilgan edi. Olisda qolgan beozor, sho‘x, yerga ursa osmonga sakraydigan tizginsiz bolaligim, tezroq katta bo‘lib, aziz va jonajon Vatanga xizmat qilish, «xalqlar dohiysi, ulug‘ va mehribon otamiz Stalinga sodiq bo‘lish» orzusi yurak-yuraklarimizda jo‘sh urgan qaynoq yoshligimiz ko‘z o‘ngimdan chaqmoqdek bir yalt etib o‘tdi. Kimsanboy! U bizning bolalardan chiqqan qahramonimiz edi. O‘ttizinchi yillarda uning suvrati gazetalardan tushmasdi. Maktablarda, pioner uylarida, istirohat bog‘larida, yoshlar lagerlarida odam bo‘yi qilib chizilgan suvratlari bir qarashda ko‘zga tashlanadigan joylarga ilib qo‘yilardi. Va suvrat tagiga: «Pioner! Qahramon Kimsanboy Olimjonovga salyut berib o‘tishni unutma!» deb yozib qo‘yilardi. Butun O’zbekiston bolalari undan ibrat olishga, u ado etgan vatanparvarlik jasoratini takrorlashga qasamyod qilishardi. Uning otasi Olimjon Raxmonov rayon maorif bo‘limining mudiri edi. Tarix bilimdoni bo‘lgan bu odamni rayondagi jami tarix o‘qituvchilari ustoz deb atardilar. Hatto uyiga ham kelib, undan Turkiston tarixi bo‘yicha bilmaganlarini so‘rab bilib olardilar. Uning uyida kitob ko‘p edi. Alohida bitta uydagi tokchalarga juda noyob kitoblar terib qo‘yilgan edi. Domla bu kitoblarni birovlarga bermasdi. Zarur bo‘lsa, shu yerga kelib o‘qishgagina ruxsat berardi. Amir Temur, Mirzo Bobur, Narshaxiy, Forobiy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Najmiddin Kubro, Al-Beruniy, Xoja Ahror, Ahmad Yassaviy kabi allomalarning o‘tgan asrlarda xattotlar tomonidan ko‘chirilgan noyob qo‘lyozmalarini Domla ko‘z qorachig‘idek asrardi. Kechalari yettinchi lampa yorug‘ida tong otguncha mutolaa qilardi. Ko‘pincha Domlaning uyiga keksa ziyolilar to‘planib, tarixda o‘tgan o‘zbek mutafakkirlari to‘g‘risida suhbatlar qilishardi. Yig‘ilganlar Olimjon domlaning bilimiga, bilag‘onligiga qoyil qolardilar. Suhbat o‘z-o‘zidan ota-bobolari Shahrisabz barloslaridan bo‘lgan buyuk shoir Mirzo Abdulqodir Bedilga borib taqalardi. Bedilxonlik boshlanardi, ko‘plashib Bedilning sir-u sehrga to‘la g‘azallarining mag‘zini chaqishga kirishib ketardilar. Albatta, Olim domlaning talqinlari hammani lol qoldirardi. O’shanday suhbatlarning birida gap aylanib Fuzuliyning bitta g‘azaliga borib qadaldi. Mehmonlardan birovi Fuzuliy ham o‘zbeklar orasida Navoiy darajasida mashhur ekanini, uning ko‘p g‘azallari o‘zbek hofizlari tomonidan qo‘shiq qilib aytilishini gapirib qoldi.

— Domla, Fuzuliyning bir g‘azali bor, mag‘zini sira chaqolmadim. Ko‘p bilimdonlardan so‘raganimda tayinli bir javob berolmadilar. Shu to‘g‘rida sizning fikringizni bilmoqchi edim. Olimjon domla narigi xonadan Fuzuliyning devonini olib chiqdi. Ko‘zoynak taqib, do‘stining tishi o‘tmagan o‘sha g‘azalni topdi. Chiroqqa solib, ikki-uch marta o‘qidi. — Xo‘sh, qaysi joyiga tushunmadingiz? — deb so‘radi do‘stidan. — Fuzuliy shunday deb yozadi: «G’amlarim shuncha ko‘pki, tuyaning ustiga ortsam, zindonga tashlangan kofirlar ozod bo‘ladi». Xo‘sh, nima uchun ozod bo‘ladi? — Tushunmadim. Domla o‘ylanib qoldi. Darhaqiqat, tuyaning ustiga g‘am yukini ortsa, nega kofirlar ozod bo‘ladi? Domla ko‘p o‘yladi. Keyin boshini ko‘tarib mehmonlarga qaradi. — Gap bundoq. Bu sirning ma’nisiga yetish uchun Fuzuliy yashagan davrga murojaat qilish kerak. O’sha davrdagi rivoyatlarni, maqol-u matallarni, hatto qo‘shiqlarni ham bilmoq kerak. Bir rivoyatda odamlar Allohdan, ey tangrim, zindonda yotgan kofirlar qachon ozod qilinadi, deb so‘rabdilar. Alloh, tuya ignaning teshigidan o’tgandagina kofirlar ozod qilinadi, deb javob qilgan ekan. Fuzuliy ana shu rivoyatni g‘azaliga asos qilib olgan. Ya’ni: «Mening g‘amlarim shunchalik ko‘pki, tuyaning ustiga ortsam, ko‘tarolmay, ozib, ipdek bo‘lib qoladi». Ipdek ozib qolgan tuya ignaning teshigidan bemalol o‘tishi mumkin. Demak, kofirlar zindondan ozod qilinadi. Domlaning bu qadar bilimdonligiga qoyil qolishdi, taxsinlar o‘qishdi. Domlaning bo‘yiga yetib qolgan egizak qizlari bor edi. Shu egizaklardan keyin ko‘rgan bolalari turmadi. Bir yoshga to‘lar-to‘lmas vafot etaverdilar. U har gal oy-kuni yaqin qolgan xotinining do‘ppayib qolgan qorniga qarab: «Kimsan, o‘g‘ilmisan, qizmisan?» deb kulardi. «Agar qiz bo‘lsang, otingni Kimsanoy qo‘yaman, o‘g‘il bo‘lsang, Kimsanboy ko‘yaman», derdi shirin bir entikib. Xayriyat, o‘g‘il tug‘ildi. Oti Kimsanboy bo‘ldi. Shu bola o‘n ikki yoshga kirdi. Beshinchi sinfda o‘qiydi. Domla kitob titish bilan ovora. Tong otguncha o‘tirib, nimalarnidir yozadi. Yozgan maqolalari «Maorif va o‘qituvchi», «Madaniy inqilob» gazetalarida bot-bot bosilib turadi. Kimsanboy maktabda faol pionerlardan. U Lenin, Stalin to‘g‘risida yozilgan she’rlarni ajib bir mahorat bilan deklamatsiya qiladi. Uni rayon, hatto viloyat miqyosida o‘tadigan tantanali yig‘inlarga, o‘qituvchilarning konferentsiyalariga chaqirib, she’rlar o‘qitishadi. Olimjon domla unga, bolam, bunaqa havoyi ishlarga juda ham berilib ketma, yo artist bo‘lmoqchimisan? Yaxshisi, darsingni tayyorla. Jamoat ishlari darsdan keyin bo‘lsin, deb nasihat qilardi. Bir xonada domla qalam qitirlatadi, Kimsanboy boshqa xonada har xil harakatlar qilib, baland ovoz bilan she’r deklamatsiya qiladi. Bir kuni maktab direktori uni dars paytida idora-ga chaqirtirdi. Direktorning kabinetida notanish odam o‘tirardi. — Bu o‘rtoq sen bilan gaplashgani kelganlar. Sizlarni xoli qoldiraman, gaplashib olinglar, — deb direktor chiqib ketdi. Notanish odam gapni nimadan boshlashni bilmay, birpas unga tikilib o‘tirdi. Keyin portfelidan gazeta olib uning oldiga qo‘ydi. Bu Moskvada chiqadigan «Pionerskaya pravda» gazetasi edi. — Ikkinchi sahifadagi maqolani yaxshilab o‘qib chiq, — dedi u, — suratga ham yaxshilab qara. Qahramon pioner Pavlik Morozov shu bo‘ladi. Kimsanboy o‘rischani durust bilmasdi. Pavlik Morozovni xalq dushmanlari vahshiylarcha o‘ldirishgan. U vatanga sodiq, Lenin-Stalin ishiga hayotini bag‘ishlagan zamondoshimiz. Uning otasi xalq dushmani, Sho‘ro tuzumini ag‘darib tashlashni niyat qilgan. Pavlik o‘sha dushmanning sirini fosh etadi. Hozir Sho‘rolar jumhuriyatining hamma joyida Morozovchilik harakati boshlanib ketdi. Yosh vatanparvarlar ichki dushmanlarni fosh qilish uchun qasamyod qilmoqdalar. Sen ham

shu harakatga qo‘shilishing kerak. Bu sening muqaddas burching. Biz aytgan ishlarni bajarsang, seni Butunittifoq pionerlarining «Artek» nomli lageriga yuboramiz. Faol pionerlarning Moskvada bo‘ladigan slyotida ham qatnashasan. O’sha yerda buyuk ustozimiz, dohiymiz Stalinni ko‘rasan. Kimsanboyning ko‘zlari yashnab ketdi. «Muqaddas poytaxtimiz ulug‘ Moskvani, tirik dohiyni ko‘rish, Qora dengiz sohilidagi jahon bolalari dam oladigan lagerda shohsupaga ko‘tarilib she’r o‘qib bersa bormi!..» Kimsanboy shoshib qoldi. — Men nima ish qilishim kerak? — Avvalo, o‘rtamizda bo‘lib o‘tgan bu suhbatni birovga aytmaslikka so‘z berasan. Bundan keyingi suhbatlarimizni ham sir saqlaysan. U shunday deya turib, portfelidan bir varaq qog‘oz olib unga uzatdi. — Bunga imzo chekib ber. Avval o‘qi, keyin imzo chek. Qog‘ozga shundoq so‘zlar yozilgan edi: «TILXAT. Men kim, Kimsanboy Olimjon o‘g‘li GPU xodimi M.Mansurov bilan bo‘lgan suhbatimizni birovga aytmayman. Otam Olimjon Rahmonovning xatti- harakatlarini kuzatishga so‘z beraman. Uyga keladigan mehmonlar bilan nimalar to‘g‘risida gaplashganini yozib beraman. Agar bo‘lib o‘tgan gaplarni, otam haqida to‘plangan ma’lumotlarni birovga aytsam, jinoyat kodeksining tegishli moddasi bo‘yicha jazolanaman». — O’qib bo‘ldingmi? Endi imzo chek! Kimsanboy o‘ylab o‘tirmay tilxat ostiga imzo chekdi. — Tilingga ehtiyot bo‘l. Otang haqida yozib qo‘ygan xatlarni har haftaning dushanba kunlari o‘zim kelib, shu yerdan olib ketaman. Agar birovga aytsang, yo otangga bildirsang, xuddi Pavlik Morozovdek halok bo‘lasan. Yanagi kelishimda, agar aytganlarimni uddalasang, viloyat pioner tashkiloti seni qo‘l soat bilan mukofotlaydi, bildingmi? GPU xodimi Mansurov har dushanba kuni maktabga kelar, Kimsanboy yozib qo‘ygan ma’lumotlarni o‘qib ko‘rgach, boshqatdan yozdirardi. — Kerakli gaplarni yozish kerak. Faktlarga siyosiy tus berishni o‘rgan! Bobokalon dohiymiz Karl Marks: «Din xalq uchun afyundir», degan. Uyimizga kelgan mehmonlar Axmad Yassaviy degan reaksion dindor shoirni ko‘klarga ko‘tarib maqtashdi. Xalqni asoratga soluvchi she’rlarini o‘qishdi, deb yozish kerak. Alisher Navoiy «Xamsa»ni, «Chor devon»ni yozganda Pushkinning xabash bobosi O’rta Yer dengizining janubiy qirg‘oqlarida chig‘anoq terib yurardi. Mirzo Ulug‘bek Samarqandda rasadxona barpo etgan paytlarda o‘rislar xoxollarning malayi edi, chipta kovush kiyib yurishardi, degan gaplarni aytishdi, deb yozgin! — Bunaqa gaplarni endi sizdan eshitib turibman... Qandoq qilib yolg‘onni yozaman?! Birdan Mansurovning jahli chiqib ketdi. — Yozavermaysanmi, tirrancha! Aytmagan bo‘lishsa, endi aytishadi! Xalq dushmanlari hamma gaplarni birdan aytib qo‘ya qolishmaydi. Ular nihoyatda pixini yorgan, niqoblangan yovlarimiz. Kimsanboy bir hafta mobaynida jonini jabborga berib to‘plangan ma’lumotlarni qaytadan Mansurov aytgandek qilib yozdi. Tagiga imzo chekdi. — Ha, balli! Mana shunaqa qilib yozish kerak. Menga qara, viloyat pioner tashkiloti seni qo‘l soati bilan mukofotladi. Ma, taqib ol! Eh-he, seni hali qancha mukofotlar kutyapti! GPUning pioner tashkiloti nomidan bergan soatini Mansurov Kimsanboyning bilagiga taqib qo‘ydi. Kimsanboy o‘zida yo‘q shod edi. Ertaga bolalarning ko‘zini o‘ynatib taqib yuraman. deb quvonchini ichiga sig‘dira olmay, Mansurovga minnatdorchilik bildirib, u bilan xayrlashdi. Mansurov ketar chog‘ida: «Qanaqa yozishni bilib olding-a?» deb eslatib qo‘ydi. Bu xil ma’lumot yozishlar uch oydan ortiq davom etdi. Bu orada «pioner tashkiloti» Kimsanboyni velosiped bilan ham mukofotladi. O’sha oyning oxirlariga borib Kimsanboy

Butunittifoq pionerlari slyotida qatnashish uchun Moskvaga ketdi. O’zbekistondan Kimsanboyga o‘xshagan «Morozovchi»lardan yana o‘n bir bola bor edi. Slyot qatnashchilaridan o‘n yetti nafar bola «Hurmat belgisi» ordeni bilan mukofotlandi. Ular orasida Kimsanboy Olimjonov ham bor edi. Kimsanboy Ittifoq oqsoqoli Kalinin ko‘lidan orden olar ekan, prezidiumda qarsak chalayotganlar orasida «buyuk dohiy, xalqlar otasi Stalin»ga ko‘zi tushdi. O’zini tutolmay ho‘ngrab yubordi. U Moskvadan qaytib kelganda dadasi yo‘q edi. Olimjon domla bilan yana yetti o‘qituvchi qamoqqa olingan ekan. Ular nima gunoh qilgan ekanlar, deb hayron bo‘lgan odamlar gazetada bosilgan «Maorifga uya qurgan quzg‘unlar» nomli maqolani o‘qiganlaridan keyin nima gapligini bildilar. Birov: «Buni qaranglar-a, domla tuppa-tuzuk odam edi, odamning olasi ichida, deganlari bejiz emas ekan», desa, yana birovi: «Puxta niqoblangan, ayyor odam ekan», deydi. «Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin ham chiqadi, hushyor bo‘lish kerak, bunaqalardan hali oramizda ko‘p bo‘lishi mumkin», deydiganlar ham bo‘ldi. Dunyoning ishlari xo‘p qiziq-da, ota — sotqin, bolasi — chin vatanparvar! Kimsanboyni ikki marta tergovga chaqirib, otasi bilan yuzlashtirdilar. Olimjon domla bu ishlarda o‘g‘lining ham qo‘li borligini bilmasdi. Yuzma-yuz paytida Kimsanboy aytgan gaplarni eshitib, yoqasini ushladi. Tergovchining: «Shu gaplar rostmi? Tasdiqlaysizmi?» degan so‘rog‘iga javob bermadi. Peshonasiga shapillatib urib: «E-e, attang, attang! — deya o‘g‘lining betiga qarab: — Iloyo, juvonmarg bo‘l! Umring xor- zorlikda o‘tsin! — deb yuziga fotiha tortdi. Moskvadan «Troyka» Olimjon domlani o‘n besh yilga hukm qilgani to‘g‘risida qog‘oz keldi. Oradan sakkiz yil o‘tdi. Kimsanboy yigirma yoshga to‘ldi. 1942-yili armiya safiga chaqirildi. Qishloqlardan frontga ketayotganlarni tantanali kuzatish marosimiga yuzdan ortiq komsomol a’zolari to‘plandi. Bo‘lajak jangchilar nomidan «Hurmat belgisi» ordeni nishondori Kimsanboy Olimjonovga so‘z berildi. — Men hayot-mamot jangiga ketyapman. Xalq dushmanining o‘g‘li bo‘lib emas, asl vatanparvar, dohiy Stalin farzandi bo‘lib urushga kiraman. Bugundan boshlab familiyam Olimjonov emas, Yolqinov bo‘ldi. Ko‘ksimda buyuk Stalin bilan jangga kiraman! — U shunday deb ko‘ylagi yoqasini yechib yubordi. Uning ko‘ksida igna sanchib ishlangan Stalinning suvrati bor edi. — Ulug‘ dohiy jangda menga madadkor bo‘ladi, — deb so‘zini tugatdi Kimsanboy. Qarsaklar yangradi. Olqishlardan mast bo‘lgan Kimsanboy ko‘ksini ochgancha tantanavor iljayib turardi... Shu tobda qamoqxonaning kulrang kurtkasiga «YeYe3781» raqamini yozar ekanman, ko‘zlarimga ishonmay, raqam yonidagi familiyaga yana bir marta qaradim. Adashmabman. Unga «Kimsanboy Yolqinov» deb yozilgan edi. Boya oftobda yotgan mahbuslarga qarab yum-yum yig‘layotgan Olimjon domla — Kimsanboyning otasi. Kiyimini yechmay yotgan, boshi bir tomonga qiyshaygan mahbus — sobiq qahramon pioner Kimsanboy Olimjonov edi. Olimjon domla o‘g‘lini tanidi. Ammo Kimsanboy otasini tanimadi. Oradan besh-o‘n kun o‘tib yangi mahbuslar karantindan chiqdi. Ularni uchta-to‘rttadan qilib baraklarga joylashtirishdi. Ochiq konda portlatilgan ruda xarsanglarini vagonchalarga ortadigan brigadalarga qo‘shib yuborishdi. Kimsanboy lagerning o‘zida — «zona»da qoldirildi. Chunki uning o‘ng qo‘li sinib, qiyshiq bitib qolgan. Yurganda boshi u yoq-bu yoqqa og‘ib ketaveradi. Ko‘zi ham xiralashgan. Oldida turgan odam tuman orasidan ko‘rinayotganga o‘xshayveradi. Lekin eshitish qobiliyati juda kuchli. Yangilar kelgandan keyin lagerdagi mahbuslar hayoti birdan o‘zgarib ketgandek bo‘ldi. Hayot hayot ekanda. Mahbuslar har qanday azob-uqubatlar ichida ham, ertaga ularni dahshatli fojia kutayotganini sezganda ham yashash tarzini o‘zgartirmaydi. Og‘ir, juda og‘ir mehnatdan toliqib kelib, to‘rt qoshiqqina