Abdulla Avloniy va uning faoliyati
Abdulla Avloniy va uning faoliyati
Mashhur o‘zbek ma’rifatparvari, shoiri va jamoat arbobi Abdulla Avloniy 1878 yil 12 iyulda Toshkentda hunarmand oilasida tug‘ilgan. Eski maktabda savod chiqardi, madrasada tahsil oldi. Oiladagi moddiy qiyinchiliklar tufayli bolaligidan odamlar eshigida mehnat qildi, g‘isht quyish, suvoqchilik, pechkachilik, duradgorlik, binokorlik kabi kasblar bilan shug‘ullandi, «Imoratchi usta» degan nom oladi. 1878-1934
U tarjimai holida bu haqda shunday yozgan: «12 yoshimdan O‘qchi mahallasidagi madrasada dars o‘qiy boshladim. 13 yoshimdan boshlab yoz kunlari mardikor ishlab, oilamga yordam qilib, qish kunlari o‘qir edim. 14 yoshimdan boshlab, o‘sha zamonga muvofiq har xil she’rlar yoza boshladim. Bu zamonlarda «Tarjumon» gazetasini o‘qib, zamondan xabardor bo‘ldim». Avloniy madrasani bitirib, maktabdorlik bilan shug‘ullandi. O‘qish va o‘qitish usuliga isloh kiritib, yangi tipdagi maktab tashkil etdi va yosh pedagog-o‘quvchilarga zamonaviy bilimlar berish, Sharq va G‘arb tillarini o‘rgatish kabi muhim ta’lim- tarbiyaviy ishlarni amalga oshirdi.
Abdulla Avloniy maktab o‘quvchilari uchun «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim» (1912), «Tarix», «Turkiy Guliston yoki axloq» (1913) kabi zamonasi uchun hodisa bo‘lgan darsliklarni yozgan. 1895 yildan ijodiy faoliyati boshlangan Avloniy «Qobil», «Shuhrat», «Hijron», «Avloniy», «Surayyo», «Abulfayz», «Indamas» taxalluslari bilan she’r, hikoya, feleton va kichik hajmli dramatik asarlar yaratgan. Shoir o‘z asarlarida zamonasidagi qoloqlikni, johillikni tanqid qiladi va kishilarni bilimga, ma’rifatga chaqiradi.
Abdulla Avloniy 1917 yilgacha mahalliy xalq orasidan yetishib chiqqan noshir va jurnalist sifatida Toshkentda «Shuhrat», «Osiyo» kabi gazetalarni tashkil etadi. U «Advokatlik osonmi?», «Ikki muhabbat», «To‘y», «S’ezd», «Layli va Majnun», «O‘liklar» kabi dramatik asarlarni yozib, ularda jaholat, bid’at, bilimsizlikning fojeali oqibatlarini, qo‘pol va yaramas urf-odatlarni fosh etadi. Abdulla Avloniy shoir sifatida ko‘plab she’rlar bitgan.