VOBKENT MINORASI
MAVZU; VOBKENT MINORASI RE JA; 1.VOKKENT MINORASI TARIXI 2.QURILISH USLUBI 3.VOBKENT MINORASIGA BERILAYOTGAN ETIBOR 4.XULOSA
Buxoro viloyatining Vobkent tumanida joylashgan Vobkent minorasi Qoraxoniylarning Boxorodagi noibi Sadr Burhoniddin Abdulaziz II tomonidan bunyod etilgan. Sadr Burhoniddin Abdulaziz II Qoraxoniylar davridagi amaldorlardan biri. Tug‘ilgan yili ma’lum emas. 1199-yil G‘ijduvonda vafot etgan. XII asrda Qoraxoniy hukmdorlari ham islom dinini qabul qilgan bo‘lib, diniy yer-mulklarga ham e’tibor Somoniylar davridagi darajaga ko‘tarilgan. Burhoniddin Abdulaziz XII asrning so‘nggi choragida Buxoroda sadr – vaqf yerlarining boshqaruvchisi lavozimiga tayinlangan. U Abduxoliq G‘ijduvoniyning muridlaridan biri bo‘lgan va Vobkent minorasi ham G‘ijduvoniy tashabbusi va mablag‘i evaziga qurilgan.
Uning qurilishida har xil o‘lchamdagi pishgan g‘isht, tosh, maxsus “qir” qotishmasi va shu kabi mahsulotlardan foydalanilgan. Inshoot O‘n ikki qirrali supa asosga o‘rnatilgan g‘o‘la (quyi qismining diametri 6,19 m., yuqori qisminiki – 2,81 m.) shaklida rangdor, pishiq g‘ishtlardan qurilgan. Bir paytlar yonida mavjud bo‘lgan masjid tomonidan kirib, yuqoriga aylanma zinapoya orqali chiqilgan. Bo‘rtma naqshli 10 belbog‘ bilan qismlarga ajratilgan, har bir qismi bir-biriga o‘xshamaydigan qilib g‘isht terib naqshlangan, quyisidagi naqshlar orasida qurilgan yili va qurdirgan shaxs (Sadr Burhoniddin Abdulaziz II)ning nomi kufiy uslubida yozilgan. Minoraning uchi kengaytirilib, qafasa ishlangan (diametri 3,66 m), g‘isht terib ishlangan 10 ravoq orasida 10 darcha hosil qilingan, darchalarning quyisi g‘isht panjara bilan to‘silgan. Minoraning tashqi ko‘rinishi ko‘p jihatdan Minorai Kalonga o‘xshaydi, lekin muqarnaslari ancha sodda. Minora supasi tuproq ostida qolgan, qurilgan paytida uning balandligi 2,3 m bo‘lganini arxeologik tadqiqotlar ko‘rsatadi. Minoraning umumiy balandligi esa 40,3 metr. Minora Sharq me’morchilik an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan, minora uslubida bunyod etilgan.