Oʻrta Osiyoda ilk oʻrta asrlar davrining asosiy xususiyatlarini shakllanishida qadimgi turklar va arablar siyosati
Mavzu.O rta Osiyoda ilk o rta asrlar davriningʻ ʻ asosiy xususiyatlarini shakllanishida qadimgi turklar va arablar siyosati Reja 1. Ilk o rta asrlarda O rta Osiyoda siyosiy vaziyat ʻ ʻ 2. Ilk o rta asrlarda Movarounnahrda turk-sug diy ʻ ʻ etnomadaniy maydonining tashkil topishi 3. Ilk o rta asrlarda O rta Osiyoda arablar olib borgan ʻ ʻ siyosat
Qadimgi yozma manbalar va arxeologik izlanishlarning tahliliga ko‘ra, ilk o‘rta asrlar davrida jamiyatning ijtimoiy, iqtisodiy va etnomadaniy hayotida tub o‘zgarishlar yuz beradi. Bu davrda mahalliy mulk egaligi-dehqonzodalarning paydo bo‘lishi va ular asosida qishloq hokimliklarining tarkib topish jarayoni jadal kechadi. Feodal munosabatlari shakllanib boradi. Uning xronologik doirasi – milodiy V-IX asr o‘rtalarigacha; asosiy xususiyatlari: yerga, ishlab chiqarish vositalariga egalik qilish uzil- kesil xususiylashadi, jamiyat ijtimoiy tarkibini kashovarzlar-o‘rta va mayda mulk egalari, badavlat dehqonzodalar - katta mulk egalari – feodallar va ularga qaram kadivarlar - ijarachi qo‘shchilar tashkil etadi. Mahalliy hokimliklar timsolida markazlashgan feodal davlat boshkaruv tizimining asoslari yaratiladi, jamiyat asosan zardo‘shtiylik va buddaviylik, qisman moniylik, nasroniylik va shomonizm mafkurasi asosida quriladi. Arablar bosqinidan keyin esa , ular o‘rnini sekin-asta islom mafkurasi egallaydi. Zardo‘shtiy ibodatxonalariga tegishli «vag‘nze» mulki islom masjid va madrasalari mulkiga aylanadi. Mulkchilikning savdo va hunarmandchilikdagi tabaqaviy shakllari kuzatiladi. Jamiyatning ijtimoiy tarkibini katta mulk egalari, o‘rta va mayda mulk egalari, ziroatchi kadivarlardan tashqari mahalliy hokimliklarning mudofaa tayanchi – yollanma chokarlar va qisman qullar ham tashkil etadi. Agar Movarounnahr antik dunyosining dastlabki boshqaruv tizimi qishloq hokimliklari asosida qurilgan bo‘lsa, feodal munosabatlarining shakllanish davriga kelganda, kechagi qishloq hokimliklari bugunga kelib, tuman, ya’ni rustak hokimliklariga aylandi. Mulkchilikning yirik shakllari nafaqat sug‘orma dehqonchilik xo‘jaligining aslzodalari - dehqonzodalar timsolida, balki chorvador jamoalarida, hunarmandchilikning qator jabhalari va savdo-sotiq jamoalari orasida ham kuzatiladi. Katta yer egalarining shahardan tashqaridagi mulki baland mudafaa devorlari bilan o‘rab olinib, ular o‘rtasida shohona qasr va qal’a-qo‘rg‘onlar paydo bo‘ladi. Ilk o‘rta asrlar ijtimoiy hayotining hosilasi sifatida kechagi kashovarzlarning kambag‘allashgan qismi-kadivarlar-yersiz ijarachi qo‘shchilar qatlami paydo bo‘ladi. Kashovarzlarni boyib borayotgan ishbilarmon tadbirkor qismi yirik mulk egalariga-dehqonzodalarga aylanadi. Ilk o‘rta asrlar davrining dehqonzodasi aslida katta mulk egalari bo‘lib, Yevropada shu toifa kishilar feodal, ya’ni
katta mulk egasi ma’nosini anglatgan. Shuning uchun bu davr tarixda ilk feodalizm davri nomini olgan. Ilk o‘rta asrlar O‘rta Osiyosining dehqonzodalari mayda mulk egalari-kashovarzlar, ozodkorlar va guvakorlar birgalikda jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining asosini tashkil etganlar, ular jamiyatning asosiy ishlab chiqaruvchi kuchi, jamoalari hisoblangan. Ungacha O‘rta Osiyo sharoitida katta mulk egaligi bo‘lmagani uchun O‘rta Osiyoda quldorlik jamiyati bo‘lmagan, degan xulosaga kelinmoqda. O‘rta Osiyoning qadimgi sug‘orma dehqonchilik mintaqalarida bronza davrida paydo bo‘la boshlagan kashovarzlar yer egaligi va dehqonzodalar jamiyat iqtisodiy hayotining barcha jabhalariga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Natijada, chorvachilik va hunarmandchilikning barcha jabhalarida, savdo- sotiqda yirik mulk egalari dehqonzodalar va o‘rta va mayda mulk egalari–kashovarzlar bilan birgalikda jamiyat iqtisodiy hayotining asosi bo‘lib qoldi. Jamiyatda harbiy hokimiyat o‘rnatgan turkiy siyosiy kuch esa O‘rta Osiyo shimoliy – sharqidan to‘xtovsiz turkiy etnik guruhlarni kirib kelishini tezlatadi. Joylarda boshqaruv tizimini turk aslzodalari ta’siriga o‘tishi ham mintaqada etnogenetik jarayonlarni rivojlanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Oqibat natijada, Turon zaminda turkiy etnik qatlamning qalinlashuv hosilasi sifatida bu yurt yozma manbalarda Turkiston deb atala boshlaydi. Bu tarixiy va etnogenetik jarayonlar nafaqat yozma manbalarda, balki ilk o‘rta asrlar davri arxeologik materiallarida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi Arab istilosidan avvalgi davrlarda turkiy qabilalarning kelishlari qanchalik va qaysi tartibda sodir bo‘lganligi haqida yozma manbalar saqlanmagan bo‘lsada, ammo arxeologik tadqiqotlarga ko‘ra, Shosh va qadimgi Farg‘onada turkiy etnosni eroniy tilli aholidan ko‘proq ekanligiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Bu haqda A.Yu.Yakubovskiy shunday deydi: “Harholda, arablar VII-VIII asrlarda O‘rta Osiyoni istilo qilishda faqat Balx bilan Badxiz atrofidagi turklar bilangina emas, balki Farg‘ona turklari bilan ham to‘qnashdilar”. Manbalarda yozilishicha, Shoshda o‘g‘uzlarning qadimdan mavjudligi, Farg‘onada turk qabilalaridan o‘g‘uz va qarluqlarni keng yoyilganligi haqida ma’lumotlar uchraydi. Har holda VII-VIII asrlarda o‘g‘uz va qarluq turklari faqat Yettisuvda emas, hatto Toxaristonda, uning Balx viloyatida yashaganligi ma’lum. Arablar Movaraunnahrni bosib olgach, turklarni Sirdaryo bilan Amudaryo oralig‘iga bemalol kirib kelishlarini to‘xtatish maqsadida Yettisuv ustiga yurish boshlaydi va u
yerlarning egalari turkashlarga qattiq zarba beradi. Bu voqea 737 yilda sodir bo‘lgan edi. Shundan keyin, turklar Sug‘dni butunlay arablarga topshirib, Sug‘d o‘lkasi ishiga aralashmay qo‘ydilar. Ammo, ungacha Sug‘dda turk ta’siri kuchli edi. Arab istilosiga qadar O‘zbekistonning Sug‘d va boshqa viloyatlaridagi talay mahalliy mulkdorlar turk xonlariga qarindosh-urug‘lashib, g‘arbiy turk yabg‘usi xonadonlari bilan quda-anda bo‘lib ketgan edilar. “Shunisi ahamiyatliki, sug‘d aslzodalari o‘rtasida turk nomlari va unvonlari (titullari) tez-tez uchrab turadigan tabiiy holga aylangan. 710 yilda o‘z joniga qasd qilgan Samarqand ixshidi Tarhun nomining turkcha “tarxon” unvoni bilan bog‘liq ekanligiga shubha yo‘q. Arablar Movaraunnahr yerlarining hukmdori bo‘lib olsalarda, ammo Yettisuv turklari ularning doimiy raqibi va dushmani bo‘lib qoladilar. Bu dushmanlik ayniqsa, arablarga qarshi Muqanna qo‘zg‘oloni davrida yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi. Aynan shu davrda arablar Movaraunnahr vohalari atrofini mudofaa devorlari bilan o‘rab olishga majbur bo‘lganlar. «Shunisi harakterliki, deydi A.Yu.Yakubovskiy-Yettisuv viloyati VIII-IX asrlar va hatto X asr mobaynida ham na abbosiylar halifaligiga (VIII-IX asr), na tohiriylarga (IX asr), na somoniylarga (IX-X asrlar) bo‘ysunmadi. Abbosiylar va ulardan keyingi mahalliy sulolalarning diqqati butunlay g‘arbga, Movaraunnahrni Yaqin Sharq bilan aloqalarini mustahkamlashga qaratildi. Shunday qilib, milodiy VI asrning ikkinchi yarmida O‘rta Osiyoda Turk xoqonligi hukmronligining o‘rnatilishi bilan bu zaminda turkiy qabilalarning kirib kelishi shu qadar jadallashdiki, oqibatda O‘rta Osiyoning shimoliy, shimoliy-sharqiy va shimoliy-g‘arbiy viloyatlarida turkiy etnos jamiyatning hukmron etnik qatlamiga aylandi. Sharqshunos olim A.Yu. Yakubovskiyning yozishicha, O‘rta Osiyoning Amudaryogacha bo‘lgan hududlarida turkiy qabilalar kirib bormagan biror joy qolmagan edi. Darhaqiqat, xoqonlikning yaqin 100 yil davom etgan hukmronlik davrida jamiyatning ijtimoiy qiyofasi turkiygo‘y etnik qatlamlar foydasiga ishladi. Milodiy III-IV asrdan e’tiboran tarkib topa boshlagan hokimliklar avval mahalliy sulolalar tomonidan boshqarilgan bo‘lsa, Turk xoqonligi siyosiy maydonga chiqqach, ular turk sulolalari vakillari bilan almashtirila boshlandi. Ba’zi bir viloyatlarda, masalan Janubiy Qozog‘iston va Toshkent vohasida mahalliy hokimliklar deyarli turkiylar qo‘liga o‘tib ketgan edi. Bu hol, yozma
manbalarda ta’kidlanishicha, O‘rta Osiyoning markaziy va janubiy viloyatlariga ham yoyilgan edi. Bu davr iqtisodiy-xo‘jalik asosini tarixan tarkib topgan etnomadaniy viloyatlarda (Baqtriya, Sug‘diyona, Ustrushona, Qadimgi Farg‘ona, Choch, Xorazm) sug‘orma dehqonchilik va hunarmandchilik, dasht va cho‘lli mintaqalarda chorvachilik tashkil etadi. Agar ilk o‘rta asrlar davrida yuz bergan ijtimoiy-iqtisodiy va etnomadaniy jarayonlarni tarixiy-madaniy mintaqalar asosida tahlil etadigan bo‘lsak, quyidagi holatlarni kuzatish mumkin bo‘ladi: 1). O‘zbekistonning janubida Sherobod va Surxondaryo havzalarida, Sangardak va Xo‘jaipak etaklarida, shimoliy Toxaristonda ilk o‘rta asrlarda Termizshohlar, Chog‘aniyon va Guftan (Sherobod vohasi) hokimliklari tashkil topdi. Bular orasida Chog‘aniyon yirik hokimlik bo‘lib, uning mahalliy sulolaviy hukmdorlari o‘z nomlaridan mis va kumush tanglarni zarb etish qudratiga ega edilar. Mahalliy hokimliklar nomidan zarb etilgan tangalar birinchi bor shimoliy Toxaristonda, aniqrog‘i, Choganiyonda milodiy V asrdan chiqa boshlagan. Bu mis tangalari bo‘lib, uning yuz tomonida mahalliy hukmdorning partreti, orqa tomonida esa yakorsimon tamg‘a chekilgan edi. V asrning oxiri va VI asr boshlaridan esa sosoniylar podshosi Feruz tangalariga taqlid qilingan kumush tangalar chiqarildi. VI asrning ikkinchi yarmidan Xusrov draxmalariga taqlid qilingan Chog‘aniyon ixshidlarining kumush tangalari zarb etila boshladi. VII asrning ikkinchi yarmidan esa shimoliy Toxaristonda mahalliy feodal hokimliklari tangalari qatorida arab dirxam va felslari muomalada edi. VIII asr oxiriga kelib Toxaristonda mahalliy hokimliklarga arablar tomonidan barham berildi. Kezi kelganda ta’kidlash zarurki, agar hukmdor metalldan pul zarb eta boshlasa, demak, bu davlatning tarkib topganligidan nishonadir. Pul (tanga) o‘tmishda davlat ramzlari-gerb, bayroq (tug‘) va uning madhiyasi bo‘lganligidan nishonadir. Mis tanga ichki bozor muomalasining ekvivalenti. Agar, hukmdor kumush tanga zarb etishga jazm etsa, demak, bu uning iqtisodiy qudratli, mustaqil davlat sifatida siyosat olib borganligidan nishonadir. Bronza va ilk temir davri arxeologik yodgorliklaridan topilgan muhrlar esa tub ma’nodagi davlatni tashkil topganligidan darak bermaydi. Bu qadimda qabila boshlig‘i- yetakchisining, diniy-ilohiy rahnamosining, harbiy va dunyoviy sardori (eroniycha kaviysi, turkiycha jabg‘usi) va qishloq jamoasi boshliqlarining hukmdorlik - sardorlik