Amir Temur va temuriylar davrida Markaziy Osiyoda fan va uning ravnaqi.
9-Mavzu: Amir Temur va temuriylar davrida Markaziy Osiyoda fan va uning ravnaqi. Reja: 1) Amir Temur homiyligida Markaziy Osiyoda fan va madaniyatining yuksalishi 2) Temuriylar davrida tarix, matematika, geografiya va tibbiyot taraqqiyoti 3) Mirzo Ulug’bek Akademiyasining ilmiy faoliyati Darsning o’quv va tarbiyaviy maqsadi : Talabalarda Fan va texnika fanining tadqiqot obyekti, predmet va vazifalari borasida tushuncha berish, shuningdek turli davlatlarda tadqiqotchilar tomonidan Amir Temur va temuriylar davri tarixi faniga berilgan ma’lumotlarni talabalarga tushuntirib berish. Dars o’tish vositalari: doska, plakat, mavzu yuzasidan manba va adabiyotlar, tarixiy ma’lumotlar, mavzu yuzasidan testlar, izohli lug’atlar Tayanch iboralari: Amir Temur, Shahrisabz, Xo’jailg’or, 1336 yil 9 –aprel, Tarag’ay Bahodir, Takina begim, Suluk ul-mulk»(«Podsholarga qo’llanma»), «Tuzuklar», Temur fan va madaniyatning ham jonkuyar homiysi, Ibn Arabshohning «Ajoyib ul-maqdur fi tarixi Taymur» («Temur tarixida taqdir ajoyibotlari») nomli asari, Jurjoniy, Muxammad Porso, Ibn Xaldunning «Kitob ul-ibor» (Ibratli misollar kitobi) va «Devon ul-mubtado va-l-xabar fi ayyomi-l-arab va va-l-ajam va-l-berber va man o’sarahum min zaviy sulton ul-akbar» (Muqaddima). O’zligini anglashga bel bog’lagan har bir xalq va millat avvalo buyuk ajdodlari, siyosiy, harbiy arboblari, va ulug’ allomalarining mamlakat, qolaversa jahon tarixida tutgan o’rni, xizmatlarini e’zozlashni o’rniga qo’yadi. Ana shunday kishilardan biri bu buyuk sohibqiron Amir Temur bo’lib, uning zakovati, mardligi, jasorati, vatanparvarligi, topqirligi, ilm-fan homiysi ekanligi, temir irodaviy xususiyatlari biz yosh avlodlar uchun ibrat, hayot maktabi, Vatanga xizmat qilish namunasi bo’lib qolishi lozim. Ulug’ bobomiz Amir Temur ko’hna Shahrisabzga qarashli Xo’jailg’or qishlog’ida 1336 yil 9-aprel kuni tug’ilgan. Otasi Tarag’ay Bahodir Markaziy Osiyoning ijtimoiy-siyosiy hayotida katta nufuzga ega bo’lgan barlos qavmidan chiqqan o’rtahol beklardan bo’lib, Chig’atoy xonlaridan bo’lgan Qozonxon (1338- 1346) lashkarida xizmat qilardi. Onasi Takina begim esa Buxorolik mashhur faqih Toj ash-sharia (shariat toji) taxallusi bilan mashhur bo’lgan Ubaydulla ibn Ma’sudning qizi edi. Tarixchi olim Bo’riboy Ahmedovning ta’kidlashicha o’sha zamonlarda xonzoda, shahzoda va bekzodalar yoshligidan maxsus ustozlar tomonidan ot
chopish, harbiy ilmlarni o’rganish, ov, saltanat tebratish, ya’ni amaldorlarni tanlash va o’z o’rniga qo’yish, hukumat ishlarini yuritish, fuqorolarning arz-shikoyatlarini eshitish va hukm chiqarish kabi bilimlarni o’rganganlar. Bunga «Suluk ul- mulk»(«Podsholarga qo’llanma»), «Tuzuklar» va boshqa bizgacha yetib kelgan asarlar guvohlik beradi. Demak, albatta, Temur ham yoshligidan shu ilmlarni kasb etgan. Tarixiy kitoblarda Temur 7 yoshidan Qur’onni yod bilgan, 12 yoshida bolalarcha o’yinlardan orlanadigan, 16-18 yoshida qilichbozlik, nayzabozlik va ov qilish san’atini mohir egallaganligi va 20 yoshida abjir chavondoz bo’lib yetishganligi ta’kidlanadi. Amir Temur o’zining keyinchalik qo’lga kiritgan barcha zafarlarini piru ustozlari Mulla Alibek, Shayx Shamsuddin Kulol, Shayx Zayniddin Abu Bakr Tayobodiy va Mir Sayyid Baraka nomlari bilan bog’lagan edi. Sohibqiron Amir Temur tarixan o’sha murakkab vaziyatda XIV asrning 60- yillarida siyosat maydoniga chiqadi, ya’ni o’zaro feodal tarqoqliq urushlariga barham berish, mamlakatni mug’ul istibdodidan ozod etish uchun markazlashgan kuchli davlat tuzish zaruratini birinchilardan bo’lib anglab yetadi. Temurning haq va adolat yo’lida boshlagan bunday qutlug’ ishining shiori «Rosti-rusti» bo’lib, uning ma’nosi «Haqguy bo’lsang najot topasan» demakdir. Shu tariqa Movarounnahrni mug’ul zulmidan ozod qilishni va markazlashgan kuchli davlat tuzishni o’z oldiga bosh maqsad qilib qo’ygan Temur o’zining barcha faoliyatida shunga amal qilib yashadi. Ilm-fan va madaniyat saltanat uchun qanchalik zarurligi his qilgan Amir Temur olim va fozil kishilarni o’ziga do’st tutgan, ularning izzat-hurmatini o’rniga qo’ygan, davlatni idora qilishda ularning kengash va maslahatlaridan foydalangan. Qariyb 150 yillik mo’g’ul istibdodi davrida ilm-fan tushkunlikka uchrab, faqat Amir Temur davriga kelib mamlakatda osoyishtalik o’rnatildi, tarixiy-ma’rifiy urf- odatlar qayta tiklanib, Temur fan va madaniyatning ham jonkuyar homiysi bo’lib maydonga chiqdi. Temur o’z saroyiga ilmu-fanning turli sohalari bo’yicha iqtidorli olimlarni jalb etadi. Temurning o’zida ham ilmga zo’r ishtiyoq bo’lganligi haqida hatto fransuz muarrixi Alfons de Lamarti shunday deb yozgan: «Amir Temur din, tibbiyot, tarix, huquq va astronomiya ilmining bilimdoni, ko’p qo’llanuvchi uch til – turkcha, forscha va arabchani g’oyat mukammal bilgan, zarofat va qudrat ila yozish mahoratini puxta egallagan bir hukmdor edi.» Shuningdek Temurning ilmga qiziqishi haqida Sultoniya yepiskopining xotiralarida shunday deyiladi: «Temur, ayniqsa, tarixni, fiqh va harbiy ilmni yaxshi bilar, me’morchilik, falsafa, tabobat va yulduzshunoslikka qiziqar, she’riyat va musiqani yoqtirar, o’zi ham she’rlar o’qir edi. Temur o’z ona tili- turk-o’zbek tilidan tashqari fors va arab tillarida bemalol so’zlashgan.» Amir Temurning ilm-fan va olimlarga qay darajada
munosabatda bo’lganligini uning «Tuzuklari»da keltirilgan ma’lumotlardan ham bilsa bo’ladi. Masalan: «Saroy kengashlarida taxtning o’ng tomonida ilm ahli ham sayyidlar, qozilar, ulug’lar va ashroflar qatorida joy olganlar» Amir Temur olim va fozil kishilarni o’ziga do’st tutgan va buni o’z avlodiga ham vasiyat qilib ketgan. Masalan: «Tuzuklarda» shunday deb yozilgan: «baxtli farzandlarim va qudratli nabiralarimga ma’lum bo’lsinkim, men sayyidlar, ulamo, mashoyix, oqilu donolar, muhaddislar, tarixshunoslarni sara va e’tiborli odamlar hisoblab, izzatu-hurmatlarini o’rniga qo’ydim.» Tarixdan ma’lumki Sharq mamlakatlarida davlat boshliqlari o’z saroylarida iqtidorli olimu shoirlarni to’plaganlar, davlat ahamiyatiga molik masalalar xususida ular bilan kengashib turganlar. Sohibqiron Temurning ham mazkur an’anaga rioya qilganligini farang muarrixi L. Lyangle ham ta’kidlab shunday yozadi: «Temur olimlarga seriltifotli edi. Bilimdonligi bilan bir qatorda sofdilligini ko’rgan kishilarga ishonch bildirardi. U tarixchilar, faylasuflar, shuningdek, ilm- fan, idora va boshqa ishlarda bilimdon bo’lgan barcha kishilar bilan suhbatlashish uchun ko’pincha taxtdan tushib, ularning yoniga kelardi. Negaki, Temur bu sohalarga g’amxo’rlik qilishga asosiy e’tiborni berar edi.» Shu bilan birga Amir Temurning qaysi mamlakatni zabt etmasin, u yerdan olimu fozillar, elga tanilgan san’at ahlini va turli tuman kasb-hunar egalarini Samarqandga olib kelganligi tarixdan ma’lum. Masalan, Ibn Arabshohning «Ajoyib ul-maqdur fi tarixi Taymur» («Temur tarixida taqdir ajoyibotlari») nomli asarida ana shunday olimlardan ba’zilari haqida qisqa, lekin o’ta qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Masalan, «O’z saltanati kunlarida Temur Samarqandga faqih olimlardan mavlono Abdulmalikni hosil etgan edi – u «Hidoya» sohibi (Burhoniddin al-Marg’inoniy)ning avlodidan bo’lib, mudarrislik qilar, shatranj va narddan ta’lim berar hamda yagona bir holatda she’r va nazm etardi.» Shuningdek «Temurning muhaqqiq (olim)lardan mavlono Sa’uddin at-Taftazoniyni—u 791 yilning muharram (1389 yil yanvar) oyida Samarqandda vafot etdi va Sayyid Sharif Muhammad Jurjoniyni—u Sherozda vafot etdi , hamda mu- Mu haddis olimlardan Shayx Shamsuddin Muxammad ibn al-Jazoriy (Temur uni Rumdan olib kelgan) va boshqalarni Samarqandga olib keldi.» «Mana shular – deb yozadi Ibn Arabshoh – men tanib, zikriyu ismi xotirimga kelgan kishilardurlar. Ammo men bilmagan yoinki bilganu biroq zikriyu ismi xotirimga qolmagan kishilar son – sanoqsiz bo’lib, hisob-kitobdan xorijdur. Xullasi kalom, Temur har bir foydali jonni yig’ib, nimaiki bo’lsa sarasini Samarqandga keltirdi. Natijada, Samarqandda har bir ajoyib fan ahli namoyandasidan va san’atlar g’aroyib uslubidan, fazilati peshonasida nishona bo’lib, o’z tengqurlaridan ustun turgan o’z sohasida alloma kishilar yig’ilgan edi.»
Shunday qilib Amir Temur davrida Samarqandda ilm-fanning rivojlanishiga, ayniqsa, mashhur faylasuflardan Sa’duddin bin Umar at-Taftazoniy va Mir Sayyid Sharif al-Jurjoniy katta hissa qo’shdilar. O’z davrining ko’zga ko’ringan faylasufi, fiqhshunosi va qomusiy olimi bu -- Sa’duddin bin Umar at-Taftazoniy (vafotini Fasixiy (Mujmal, 174 bet) 787 (1386) yil, Xondamir (Habib us-siyar, 88 bet) 797 (1394-1395) yil deb ko’rsatsalarda, hozirgi adabiyotlarda Ibn Arabshoh yozganidek 1389 yil deb keltiriladi. Mas: A.O’rolov, M.Hojixonov. «Temuriylar ma’naviyati va madaniyat». 54 bet.) bo’lib, u asli Xurosonning Niso shahri yaqinidagi Taftazon degan joyda tavallud topadi. Taftazoniy 16 yoshidan arab tilini, tafsir, fiqh, mantiq, islom aqidalarini mukammal o’rganadi. Shuningdek boshqa ilmlarda ham zamonasining yagona kishisi bo’lgan Taftazoniy Temur saroyida o’tkazilib turiladigan ilmiy diskussiyalarning faol ishtirokchisi bo’lgan qomusiy olim edi.* U G’ijduvon, Turkiston, Seraxs, Hirot va boshqa shaharlardagi madrasalarda mudarrislik qiladi. Umrining oxirgi yillarini Samarqandda Temur saroyida o’tkazadi. Taftazoniy ilmning ko’p sohalarida, mantiq, sarfu nahv, fiqh, kalom, insho, geometriya va boshqa ilmlarda ijod etganligini J.Yaxshilikov va Sh.Ahadovlar ham o’zlarining «Temuriylar ma’naviyati» nomli asarida qayd etadilar. Mas: uning «As-sa’diya», «Tahzib ul-mantiq va al-kalom», «Al-irshod al- xodi» kabi asarlaridan biri (avtorlar bu yerda aynan qaysi asar ekanligiga aniqlik kiritmaganlar) chiziqlarning paralleliga bag’ishlangan bo’lib, Taftazoniy unda Yevklidning mashhur beshinchi aksiomasini sharhlashga harakat qiladi va ikki to’g’ri chiziqni uchinchi to’g’ri chiziq kesganda hosil bo’ladigan burchagi unga qo’shni bo’lmagan ikki burchagining yig’indisiga teng kelishi zarurligini isbotlab ko’rsatadi. Shu jarayonda u o’tkir va o’tmas, qo’shni va yoyiq burchaklarning boshqa bir qator xossalarini ham ta’riflaydi hamda dalillaydi. Sa’duddin Taftazoniy haqida akademik Botirxon Valixo’jayev ham o’z ilmiy tadqiqotlarida qo’yidagilarni yozib qoldirgan. Mas: «Sa’diddin Ma’sud ibn Umar al-Taftazoniy (1322-1390) o’z davrining qomusiy bilimli alloma mudarrislaridan bo’lib, u sohibqiron Amir Temur takliflari bilan 1374-1375 melodiy yilda Samarqandga kelib, Idigu Temur madrasasining mudarrisi sifatida faoliyat ko’rsatdi. Bu davr orasida ko’pgina iqtidorli shogirdlari jumladan Muhammad ibn Ahmad al-Hizriy, Shoh Fathulloh Shervoniylarni yetishtirdi. Sa’duddin Taftazoniy mudarrislik faoliyati bilan bir qatorda ilmiy tadqiqotlarni ham samarali tarzda davom ettirib ko’pgina mashhur asarlarni ham yozdiki, ular madrasalarda o’qitilish bilan birga qator sharhlarning yozilishiga ham asos bo’lganlar. Ana shunday mashhur asarlaridan «Miftoh ul-ulum» (Ilmlar kaliti), «Al —muxtasar al-maoniy» (Maoniy ilmining muxtasar bayoni), «Al-mutavval», «Sharh risola al- shamsiya», «Sharh aqoid al-Nasafiya» eslatish mumkin» Olimning ta’kidlashicha Sa’diddin Taftazoniyning asarlari faqat Samarqand
madrasalarida o’qitilibgina qolmay, uzoq yillar davomida asosiy o’quv qo’llanma sifatida O’rta Osiyoning va boshqa davlatlarning madrasalarida ham foydalanilgan. Ali ibn Muxammad Sayyid Sharif Jurjoniy (1339-1413) mashhur faylasuf, mantiqshunos, astronom, she’rshunoslik va tilshunos olim bo’lib, uning tug’ilgan joyini J.Yaxshilikov va Sh.Ahadovlar keltirgan ma’lumotga ko’ra Jurjon viloyatining Tog’u qishlog’i ko’rsatilsa, Ibn Arabshoh asariga yozilgan izohda* esa uning Sherozda tug’ilganligi va 1388 yilda Temur Sherozni zabt etganida Jurjoniyni Samarqandga olib kelganligi keltiriladi. Yoshligidan ilm-fan sirlarini o’rganishga qiziqqan Jurjoniy dastlab Hirotga, so’ngra bu yerda biroz bilim olgach Turkiyaga boradi va taniqli faylasuf Muxammad Fanoriydan mantiq ilmidan saboq oladi. So’ngra u Misrga safar qiladi. U yerda falsafa va mantiq sohasidagi bilimini rivojlantiradi. Keyinchalik Jurjoniy Sherozga kelib, «Dorushshifo» madrasasida dars beradi. 1387 yilda yuqorida aytganimizdek Temur Sherozni zabt etgach, Jurjoniyni boshqa olimu hunarmandlar qatori Samarqandga olib keladi. Samarqandga kelgach, olim ilm-fan bilan shug’ullanish bilan birga, Idigu Temur madrasasida mudarrislik qiladi. Uning «Sharh ul-mulaxxas», «Usul ul-mantiqiya», «Tarjimon al-Qur’on», «Fan ul- muammo», «Odob ul- munozara», «Risolai vujudiya», «Oynai gitinoma» va boshqa asarlari o’sha davrda va keyinroq yashagan boshqa tarixchilarning xabar berishicha musulmon mamlakatlaridagi barcha madrasalarda talabalar tomonidan mutolaa qilib kelingan va ular uchun dastur vazifasini o’tagan. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, u Movaraunnahr va Xurosonda yashagan olimlar, xususan Arastu, Ibn Sino, Asiriddin Abxariy, Nasriddin Tusiy va boshqalarning mantiqqa bag’ishlangan risolalariga sharhlar yozgan, ularning g’oyalarini rivojlantirgan. U o’zining falsafiy qarashlarida borliq, osmon sayyoralari, to’rt unsur haqida so’z yuritib, barcha narsa va hodisalar sababiy bog’langanligi, ularni aql yordamida bilish mumkinligiga ishonadi. Uning «Astranomiyaga oid sharh» nomli asarida yulduzlar haqida qisqacha ma’lumot berilib, unda osmon jismlarining bo’linishi haqida, harakatlanuvchi va harakatsiz yulduzlar haqida, murakkab va sodda yulduzlar haqidagi o’z g’oyalarini yozib qoldirgan. Jurjoniy insonni tirik mavjudodlar orasida eng a’losi hisoblab, uning fikrlash qobiliyatiga katta baho beradi. Xondamir ma’lumotiga (Habib us-siyar) ko’ra ilmning turli sohalari bo’yicha ilmiy munozaralarda faol qatnashgan Jurjoniy o’zining o’ta qiziqqonligi va o’tkir aql-zakovati bilan ko’pincha yengib chiqqan. Bir necha yillar Ulug’bekka ustozlik qilgan Jurjoniy, hatto uning Akademiyasining tuzilishiga ham katta hissa qo’shgan. Shunday qilib, Idigu Temur madrasasida 18 yil samarali faoliyat ko’rsatgan Sayyid Sharif Jurjoniy Temur vafotidan keyin Sherozga borib, u yerda Temuriyzoda Iskandar mirzo (1409-1415) huzurida mavlono Natanziy, mavlono Haydar