FRAZEOLOGIZMLARNING LINGVOMADANIY TAHLILI
FRAZEOLOGIZMLARNING LINGVOMADANIY TAHLILI Reja: 1. Frazeologik birliklar haqida tushuncha 2. Frazeologizmlarning milliy-madaniy semantikasi
1. Frazeologik birliklar haqida tushuncha. Tilning frazeologik fondi xalq madaniyati va mentalitetining qimmatli ma’lumotlar manbayi sanaladi. Frazeologizmlarda muayyan xalqning miflari, udumlari, rivoyatlari, taomillari, urf- odatlari, ma’naviyati, axloqi va h.k. haqidagi tasavvurlari mujassamlashgan bo‘ladi. Mashhur rus tilshunosi B.A.Larinning ta’kidlashicha, “Frazeologizmlar har doim xalq dunyoqarashi, jamiyat tuzilishi va o‘z davrining mafkurasini bilvosita aks ettiradi”. Frazeologizmlarning semantikasida xalq madaniyati rivojining uzoq jarayoni aks etadi. Har bir tilning frazeologizmlarida xalq hayotiga mansub ijtimoiy-tarixiy voqea-hodisalar, axloqiy va ma’naviy-madaniy me’yorlar, diniy tasavvurlar, milliy an’ana va urf-odatlar, madaniy stereotiplar va arxetiplar o‘z aksini topgan bo‘lib, ular avloddan-avlodga uzatiladi. F. I. Buslayevga ko‘ra, frazeologizmlar o‘ziga xos kichik dunyo bo‘lib, ular ajdodlar tomonidan avlodlarga meros qilib qoldirilgan axloqiy qoidalar va haqqoniy fikrlarni o‘z ichiga olgan qisqa, hikmatli ifodalardir. Ular millatning o‘ziga xos ruhini betakror obrazlar vositasida ifodalaydigan har qanday milliy tilning jonidir 1 . V.A. Maslova frazeologizmlar tahlil qilib, ular haqida quyidagi gipotezani ilgari suradi: 1. Frazeologizmlarning aksariyatida aniqlanishi lozim bo‘lgan milliy madaniyatning “izi” mavjud. 2. Frazeologik birliklarning ichki shaklida obyektiv olamning u yoki bu hodisalarini obrazli tasavvuri bo‘lgan madaniy informatsiya saqlanadi va u frazeologizmga madaniy-milliy bo‘yoq beradi. 3. Madaniy-milliy o‘ziga xoslikni aniqlashda madaniy-milliy konnotatsiyani ochish juda muhimdir 2 . 1 Буслаев Ф. И. Русские пословицы и поговорки, собранные и объясненные. –М.: 1954. –С. 37. 2 Маслова В. А. Лингвокультурология: Учеб. пособие для студ. высш. учеб, заведений. –М.: Издательский центр «Академия», 2001. –С. 82.
Olamning lisoniy manzarasini yaratishda frazelogizmlar alohida rol o‘ynaydi. Aniqrog‘i, frazeologiya olam lisoniy manzarasining bo‘lagidir. Frazeologik birliklar “xalq hayotining ko‘zgusi”dir. Frazeologik birliklarning tabiati til egasining bilimlari, hayotiy tajribasi va mazkur tilda so‘zlashuvchi xalqning madaniy-tarixiy an’analari bilan chambarchas bog‘liqdir. Frazeologik birliklarning semantikasi inson va uning faoliyatini tavsiflashga qaratiladi 3 . Frazeologik birliklar har doim subyektga qaratilgan bo‘ladi, ya’ni ular olamni tasvirlash uchungina emas, balki uni talqin qilish, baholash va unga subyektiv munosabat bildirish uchun yuzaga keladi. Frazeologizm va metaforalar aynan mana shu jihati bilan boshqa atov birliklaridan ajralib turadi. Har bir xalq vakili o‘z fikrini obrazli yoki his-hayajonli tarzda ifoda etish maqsadida barqaror so‘z birikmalari yaratishda o‘ziga yaqin yoki tanish narsa va hodisalar nomlaridan foydalanishga harakat qiladi. Masalan, “boshdan-oyoq”, “to‘la-to‘kis”, “butunlay”, “tamomila” tushunchalarining obrazli ifodasi uchun yunon tilida От альф ы до омеги iborasi ishlatiladi. Mazkur iboraning ta’sirida turk tilida A’dan Z’ye kadar rus tilida От А до Я iboralari paydo bo‘lgan. Yoki yunon tilida “ibtido va intiho”, “hayotning boshi va oxiri” ma’nosida “Alfa va Omega” iborasi qo‘llaniladi. Ayni iboralarning obrazliligi mazkur tillardagi birinchi va oxirgi harflarning majoziy qo‘llanilishi – bir-biriga qarshi qo‘yilishi asosida vujudga kelgan. Lingvokulturologiya fanining asoschilaridan biri, Moskva frazeologik maktabining rahbari V.N.Teliyaning yozishicha, tilning frazeologik tarkibi “lingvomadaniy jamoa milliy o‘zligini ko‘radigan ko‘zgudir”. Aynan frazeologizmlar til egasining dunyoni, hodisalarni o‘ziga xos ko‘rishini namoyon etadi 4 . Masalan, o‘zbek xalqining turmush tarzi ( bozor bahosi “hamma qatori, hech yon bosmay”, xirmon ko‘tarmoq “ekin-tikinni yig‘ib, hosil me’yorini hisob-kitob qilmoq”), milliy kiyim-kechaklari ( to‘n kigizmoq “qo‘shib-chatib, pardozlab 3 Фразеологический словарь русского литературного языка / Под ред. А. И.Федорова. –М., 1996; Образные средства русского языка / Под ред. В.Н.Телия. –М., 1995. 4 Ko ‘ rsatilgan bet .
gapirmoq”, kavushini to‘g‘rilab qo‘ymoq “haydab yubormoq”), yeguliklari ( xamir uchidan patir “katta ko‘p narsadan boshlang‘ich va kichik bir qism”) va h.k. Ma’lumki, xalq madaniyati va mentalitetining qimmatli ma’lumotlar manbayi bo‘lgan tilning frazeologik fondini boyitishda yozuvchilarning o‘rni beqiyosdir. O‘zbek milliy frazeologizmlarining boyishi va rivojlanishiga eng katta hissa qo‘shgan yozuvchilardan biri A.Qahhordir. Yozuvchining xalq iboralaridan foydalanish mahorati, uning frazeologik novatorligi qator ilmiy tadqiqotlarda o‘rganilgan. Chunki, A.Qahhor qo‘llagan frazeologizmlarning aksariyatida madaniy-milliy konnotatsiya kuchli, ularda milliy madaniyatning ruhi, “izi” mavjud. “Xalqning so‘z donoligini mukammal egallagan yozuvchi o‘z hikoyalarida iboralardan muntazam va ifoda maqsadiga favqulodda muvofiq tarzda foydalanadi. O‘zi ham yangi iboralar yaratadi, ammo bu yangi iboralar xalqning o‘zida mavjud bo‘lgan iboralarning modeliga asoslangan bo‘ladi. Shuning uchun yozuvchining yangi iborasini o‘qiganda, xalqning o‘zidagi tegishli ibora ham esga tushadi. Aytish mumkinki, yozuvchchi bitta iborani qo‘llaydi, lekin yozuvchi maqsadi uchun bir paytning o‘zida ikkita ibora “ishlaydi”. Mana bir dalil: “Eshakni yashirsangiz, hangrab sharmanda qiladi (“Ikki yorti bir butun” hikoyasi). Ayni ibora Qahhorniki, bu iborani o‘qish bilan “Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi” degan xalq iborasi esga tushadi, ya’ni tekstda implisit ravishda bu ibora ham ishtirok etadi, uni birinchi ibora ovozsiz “chaqiradi”. Bu – qahhorona mahorat” 5 . A.Qahhorning xalq iboralari modeli asosida yaratgan va bizga meros qilib qoldirgan ayrim iboralari bugungi kunda haqiqiy xalq iborasiga aylangan. O‘zbek tilida “tekinxo‘r” ma’nosini ifodalagan tekin tomoq iborasi mavjud. “A.Qahhor mana shu iboraning strukturasi va tayanch komponenti tekin so‘zi asosida yangi, original ibora yaratadi: tekin quloq . Bu ibora tamomila yangi tushunchani, ya’ni qarshiliksiz quloq soladigan, toqat bilan tinglaydigan odam” tushunchasini ifodalaydi: Odamlarki bor, halol mehnat bilan o‘zini ko‘rsatgani erinadi-yu, 5 Миртожиев М., Маҳмудов Н. Тил ва маданият. – Тошкент: “Ўзбекистон”, 1992. –Б. 90.
olamda borligini ma’lum qilib turish uchun ko‘proq gapirishga harakat qiladi; majlis-pajlisda so‘z tegib qolsa, foydali biron fikr aytish uchun emas, gapirish, faqat gapirish uchun gapiradi. Jamiyatda o‘zi ko‘rinmay, faqat tovushi chiqadigan bu xildagi odamlar, tekin quloq topilsa, bitta eski to‘ppi to‘g‘risida sakkiz soat suv ichmasdan gapiradi (Tanlangan asarlar, I t., 1957, 279-bet) 6 . 2. Frazeologizmlarning milliy-madaniy semantikasi. Xalq og‘zaki ijodiyoti, dostonlar, turli-tu man afsona va rivoyatlar frazeologizmlarni shakllantiradi, ularga sayqal beradi, ularni xalq mulkiga aylantiradi. Binobarin, “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Rustamxon”, “Kuntug‘mish” kabi ulkan dostonlarda o‘zbek xalqining ko‘hna va hamisha navqiron tili o‘zining butun imkoniyatlari va go‘zalligi bilan “jilvalangan”. “Alpomish” dostonidagi betakror, g‘oyatda nozik iboralarni ko‘rib lol qolasiz. Ana shunday iboralardan biri “gap yetaklamoq”dir. “Yurishimiz qirqin qizlar bilmasin, U qurg‘urlar gap yetaklab yurmasin, El ichida malomat so‘z bo‘lmasin”. Mazkur iboraning hozirgi tilimizdagi muqobili bo‘lmish “gap(ni) ko‘tarib yurmoq” iborasida gapning bevosita harakati yo‘q, u go‘yo oddiy bir narsa, uni faqat ko‘tarib yuradilar, xolos. “Gapni yetaklab yurmoq” iborasi shuning uchun o‘tkir va o‘zg‘irki, unda gapning o‘zi bevosita yuradi, faol harakatga qodir, faqat uni chirkin maqsadlarga xizmat qildirish uchun qayoqqa xohlashsa, o‘sha yoqqa yetaklab yuradilar, bechora gap yetovdagi molday iznini no‘xtachiga tamoman tutqazib ketaveradi, no‘xtachining muddaosi esa gapning ma’noyu mantiq muvozanatini butunlay boshqa burchakka burib yuborishdan iborat. “Gap” va “yetaklamoq” so‘zlaridan tarkib topgan bu ibora ana shunday ma’no nozikliklari, zakiy ishoralar bilan to‘yinib betakror bir ifoda sifatida she’rga, badiiy mazmunga ko‘rk bergan” 7 . Frazeologizmlarning muayyan guruhi xalqlarning urf-odatlari, an’analari va irimlari ta’sirida shakllanadi. Jumladan, o‘ zbek xalqida azaldan quloqtishlar odati mavjud. Quloqtishlar, ya’ni beshikketdi odati hozirgi kunda Surxondaryo 6 Қўчқортоев И. Абдулла Қаҳҳорнинг фразеологик маҳорати. Филол. фанлари номзоди ... дисс. – Тошкент, 1965. -Б.96. 7 Маҳмудов Н. Тил. –Тошкент: Ёзувчи, 1998. –Б. 30.