Matn birliklari va ularning xususiyatlari
Mavzu:Matn birliklari va ularning xususiyatlari Reja: 1.Kirish. 2.Asosiy qism. a) Matn ta’rifi masalasi. b) Matn va uning turlari c) Matn birliklari (komponentlari) 3.Xulosa Adabiyotlar.
MATN TA’RIFI MASALASI Matn ta’rifi masalasi matn lingvistikasining eng muhim va dolzarb muammolaridan hisoblanadi. Chunki tilshunoslikda bu masalada yagona fikrning o‘zi yo‘q. Zero, “Ammo hayratlanarlisi shundaki, - deb yozadi rus tilshunosi E.S.Kubryakova, - bu fan sohasi o‘zining bosh ob’ekti – matnning umume’tirof etilgan ta’rifiga ega emas va bu yo‘nalishdagi deyarli har bir tadqiqot tekstning nima ekanligi va bu termin bilan ifodalanadigan hodisaning qanday belgi yoki xususiyatlar bilan xarakterlanishi haqidagi mulohazalar bilan boshlanadi.” 1 Biz ham matn ta’rifi, uning asosiy belgi-xususiyatlariga to‘xtalishini maqsadga muvofiq deb bildik. Avvalo shuni ta’kidlash lozimki, matn tushunchasini material jihatdan tayin etish va ta’riflashda mutaxassislar o‘rtasida yagona fikr yo‘q, aksincha, bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan ikki xil qarash mavjud. Ayrim tilshunoslar faqat yozma shakldagi yaxlit nutq yoki nutq parchasini matn deb hisoblaydilar. Masalan, rus tilshunosi L.M.Loseva “matn” tushunchasini aniqlashda barcha matnlar uchun xos bo‘lgan belgilardan kelib chiqish lozimligini aytadi va bu belgilarning birinchisi sifatida uning yozma shaklda bo‘lishini alohida qayd etadi. 2 Ammo matnning yozma yoki og‘zakiligi uning ontologiyasi va funksiyasiga nechog‘lik bog‘liq yoki bog‘liq emasligi muallif tomonidan aniq-tiniq ko‘rsatib berilmagan. Matnning mohiyati va kommunikatsiya jarayonida bajaradigan vazifasi faqat yozuv bilan chegaralanadigan bo‘lsa, bu yirik kommunikativ birlikning tildagi o‘rni qanday belgilanishi haqidagi masala ochiq qolgan. Aytish kerakki, matn lingvistikasi muammolari bilan jiddiy shug‘ullangan juda ko‘pchilik tilshunoslar matnning yozma ham, og‘zaki ham bo‘laverishi mumkinligini aytadilar. Chindan ham, ayni shu fikr ilmiy-mantiqiy jihatdan to‘la asosga ega va u matnning mavjud mohiyatini to‘g‘ri aks ettiradi. 1 Кубрякова Е.С. О тексте и критериях его определения / Текст. Структура и семантика. Т. 1. –М., 2001, с.72-81. 2 Лосева Л.М. Ko ‘ rsatilgan asar , 4- b .
Z.Y.Turayeva matn lingvistikasining umumiy nazariyasiga ko‘ra uning predmeti sifatida og‘zaki yoki yozma nutq mahsuli bo‘lgan matnni olish mumkinligini aytadi, ammo matnni tor ma’noda, ya’ni faqat yozma nutq mahsuli sifatida talqin qilish maqsadga muvofiq ekanligini ta’kidlaydi. U I.R.Galperin tomonidan ilgari surilgan yozma matn talqinini ma’qullaydi va quyidagicha yozadi: “Agar og‘zaki nutqqa tovushlar orqali namoyon bo‘lish xos bo‘lsa, matn uchun grafik gavdalanish xarakterlidir. Agar og‘zaki nutqni bir yo‘nalishlilik (“lineynost”) farqlab tursa, matnga ko‘p o‘lchovlilik xosdir. Og‘zaki nutq bir yo‘nalishlidir, chunki u faqat tovush orqali gavdalana oladi. Yozuv (grafik yoki magnit tasmasidagi) uning sifatini o‘zgartiradi. Shunday qilib, og‘zaki nutq qaytishsizdir, ya’ni aytildimi, uning biror parchasiga qaytish mumkin emas. Matn ko‘p o‘lchovlidir, chunki uning istalgan bo‘lagiga ko‘p marta qaytish mumkin. Agar nutq harakat, jarayon bo‘lsa, matn ikkiyoqlama tabiatga ega, ya’ni u ham tinch holatda, ham harakatda bo‘la oladi. Agar nutqning zamonda mavjudligi shu nutqning talaffuz vaqti bilan chegaralangan bo‘lsa, matnning mavjudligi amaliy jihatdan hech narsa bilan chegaralanmagan.” 3 O‘zbek tilshunosligidagi bu yo‘nalishdagi ishlarga e’tibor qilinsa, ularda ham yuqoridagiga o‘xshash mulohazalar yo‘q emas. Masalan, M.Hakimovning nomzodlik dissertasiyasida mana bunday fikrlarni o‘qish mumkin: “...Nutq – bu so‘zlovchining nutqiy jarayoni bilan aloqador bo‘lgan hodisa sifatida ifoda etilsa, matn (tekst) ham ana shu nutqiy hodisaning yozilgan (“bosma harf orqali aks etgan”) parchasidir... “Nutq” o‘zining yozma shaklida “matn” atamasiga teng keladi... Har qanday nutqning yozma shakli matn tushunchasi mohiyatini ifoda etadi... Tekst – og‘zaki nutq, kontekstga nisbatan stabillashgan, ma’lum qoida, qonuniyatlar va adabiy til me’yorlari asosida shakllangan yozma nutq... Matn bir vaqtning o‘zida emas, balki bir necha asr avvalgi va keyingi shaxslar o‘rtasidagi aloqa munosabatini yuzaga chiqaruvchi vositadir.” 4 3 Тураева З.Я. Лингвистика текста. –М.: Просвещение, 1986, с. 12. 4 Ҳакимов М.Х. Ўзбек илмий матнининг синтагматик ва прагматик хусусиятлари: Филол. фан. н- ди ...дисс. –Тошкент, 1993.
Tabiiyki, bunday anchayin keskin fikrlar munozaralidir. Avvalo, aytish joizki, kishilar o‘rtasidagi aloqa – kommunikatsiya matnlar vositasida amalga oshar ekan (va bu hol matn lingvistikasining yaratuvchilari, umuman, matn tadqiqotchilarining aksariyati tarafidan e’tirof etilgan ekan), matnni faqat yozma shakl bilan chegaralash shakllanib ulgurgan mavjud matn nazariyasi qoidalariga zid bo‘lishi turgan gap. Axir, kishilar o‘rtasidagi har qanday kommunikatsiya faqat va faqat yozma shaklda amalga oshishini tasavvur etib bo‘lmaydi. Sintaksisning asosiy birligi gap ekanligi hamisha e’tirof etilgan, matn yoki uning birliklari gapdan yirik, oliy sintaktik-kommunikativ birliklar hisoblanishi lozimligi bugungi matn lingvistikasining asosiy qoidalaridan biriga aylanib ulgurdi. Shunday ekan, faqat yozuvda aks etgan gapnigina gap deb, og‘zaki nutqdagi gapni gap bo‘lolmaydi deyish to‘g‘ri bo‘lmasligini isbotlab o‘tirishning hojati yo‘q, albatta. Agar faqat yozuvda ifodalangan yaxlit nutqnigina matn deyiladigan bo‘lsa, mantiq gapni ham faqat yozuvdagisinigina tan olish kerakligini taqozo etadi. Ammo buning mumkin emasligi tabiiy. Og‘zaki nutqning bir yo‘nalishliligi, yozma (harflar yoki magnit tasmasida) nutq (matn)ning ko‘p yo‘nalishliligi, og‘zaki nutqning “qaytishsizligi”, yozma nutqning esa “qaytishliligi”, ya’ni uning istalgan bo‘lagiga har qachon qaytish mumkinligi haqidagi da’vo-dalil ham asosli emas. Chunki bu “qaytish” tushunchasi faqat vizual-amaliy mohiyatga ega, nutqiy asar (matn)ning mohiyatiga aslo daxldor emas. Agar faqat yozma nutqdagina oldingi qismlarga qaytish mumkinu og‘zaki nutqiy yaxlitlikda uning oldingi qismlariga qaytishning imkoni bo‘lmasaydi, unda hech qanday og‘zaki nutqni tushunish, demakki, og‘zaki nutqiy kommunikatsiya mutlaqo mumkin bo‘lmasdi. Chunki so‘zlovchi muayyan yaxlit bir fikr, mavzuni og‘zaki bayon qilar ekan, ayni bayon jarayonining har bir onida uning o‘zi ham, xuddi shuningdek, tinglovchi ham mazkur nutqning oldingi istalgan parchasiga qayta oladi, nafaqat qayta oladi, balki oldingi qismlar ularning xotirasida turadi. Agar shunday bo‘lmasa, ya’ni nutq butunisicha ham so‘zlovchining, ham tinglovchining xotirasida turmasa, nutqni tuzish ham, uni mazmunan anglash ham imkonsiz bo‘ladi. Tabiiyki, so‘zlovchi ayni talaffuz
jarayonidagina o‘z nutqiga hokim bo‘lsa, tinglovchi nutqning ayni eshitib turgan onidagi parchasinigina tushunsa, nutqning oldingi qismlari ularning har ikkichining ham “esidan chiqib qolaversa”, ular bir-birlarini tushunish imkoniyatidan tamomila mahrum bo‘lib qolaveradi. To‘g‘ri, og‘zaki nutqning so‘zlangan paytidagina mavjud ekanligini, yozma nutqning esa zamon nuqtai nazaridan chegaralanmaganligini hech kim inkor etmaydi, ammo bu og‘zaki nutqni eslash, xotirada saqlash, umuman, uni yoki uning muayyan parchalarini tiklash ilojsiz degani emas. Yaxlit og‘zaki nutq faqat yozma shaklga olingandagina matn yuzaga keladi tarzidagi hukm daryoda oqib turgan suv suv emas, b a lki bu “modda” faqat shishaga solingandagina suv paydo bo‘ladi deganday bir gapdir. Dunyoda biron-bir, kattadir-kichikdir, xalq yoki qavm yo‘qki, uning necha asrlardan beri og‘zaki shaklda avloddan-avlodga o‘tib yashab kelayotgan rang- barang so‘z san’ati durdonalari bo‘lmasin. Masalan, bir qo‘shiq yoki ertakni faqat qog‘ozga yoki magnit tasmasiga (yoki multimedia shakliga) tushirilganda matn, ammo og‘zaki shaklida matn bo‘la olmaydi deyish matn tushunchasini til doirasidan tashqariga chiqarib yuborishi tayin. Og‘zaki nutqiy asarni muayyan vositalar (yozuv, magnit tasmasi, multimedia kabi) yordamida qayd etish axborotning zamon va makonda saqlanishini ta’minlash imkoniyatlaridir, lekin, garchi yozma nutq muayyan tayyorgarlik bilan amalga oshiriladi, shuning uchun u ravon va ishlangan nutq deyilsa-da, buning til birliklarining tabiatiga bevosita jiddiy o‘zgartirish kiritadigan ta’siri to‘g‘risida gapirib bo‘lmaydi. Aytish lozimki, tayyorgarliksiz spontan og‘zaki nutq va tayyorgarlik bilan ishlangan yozma nutq o‘rtasida muayyan struktur-uslubiy farqlar, o‘ziga xosliklarning mavjudligi tabiiy, ammo bu o‘ziga xosliklar birining mahsulini matn emas, ikkinchisining mahsulini esa matn deyishga hech bir asos bo‘lolmaydi. Matnning semantik-struktur tuzilishini rus tilidagi og‘zaki va yozma nutq misolida batafsil tadqiq etgan R.A.Karimova doktorlik diisertatsiyasida matn faqat grafik, yozma shakldagina emas, balki og‘zaki shaklda ham namoyon bo‘ladigan nutqiy asar ekanligini, bunda og‘zaki shakl genetik asos ekanligini alohida ta’kidlaydi va faktlarning tahlillaridan kelib chiqqan holda “bir qarashda matn