Mustaqillik yillarida memorchilik obidalarining restavratsiya qilinishi
Mustaqillik yillarida memorchilik obidalarining restavratsiya qilinishi Reja: 1. Me’morchilik obidalarining restavratsiya qilinishi 2. Milliy qadriyatlarning tiklanishi 3. Muqaddas qadamjolarning ziyoratgohlarga aylantirilishi
Respublikamiz mustaqilligi dastlabki yillaridan O‘zbek modeli asosida amalga oshirilayotgan tub siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar tizimida madaniy-ma’rifiy sohada ro‘y bergan o‘zgarishlar ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ishlab chiqilgan islohotlar konsepsiyasida iqtisodiyotga mo‘ljallangan transformatsion jarayonlar bilan bir qatorda ijtimoiy-madaniy sohada ham o‘zgarish, islohotlar nazarda tutilgan. Qiyin bo‘lishiga qaramay, islohotlarning aynan shu yo‘ldan borishi O‘zbek modelining o‘ziga xosligi boshqa modellardan ajratib turuvchi bosh tamoyillaridan biri hisoblanadi. Ya’ni, boshqa mamlakatlar tajribasiga qiyoslaganda, O‘zbekistonda ijtimoiy soha, shu jumladan, madaniy- ma’rifiy sohalar davlat siyosatidan chetda qolmadi, balki izchil rivojlanib bordi. Binobarin, O‘zbekistonda keng qamrovli islohotlar olib borishi uchun mamlakatda tinchlik, barqarorlik va fuqarolar hamjihatliligi ta’minlandi. Bu esa, o‘z navbatida, respublikada yuz bergan o‘zgarishlar jarayoniga jumladan, siyosiy, ijtimoiy- iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi tub islohotlar muvaffaqiyatiga kafolat bo‘lib xizmat qildi. Albatta xalqning madaniyati deganda asrlarosha yaratilgan madaniy me’ros ob’ektlari ham tushuniladi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng mamlakatda madaniy meros ob’ektlarini ta’mirlash, konservatsiyalash va ularni qaytadan qurish masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Istiqloning ilk yillaridan, xususan, o‘tish davri muammolari va qiyinchiliklariga qaramasdan, o‘zbek xalqining noyob qadriyatlarini xalqa qaytarish, nomlari tahqirlangan ulug‘ ajdodlarning nomlarini abadiylashtirish, xususan, ulardan meros bo‘lib qolgan tarixiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan me’moriy obidalar, ulkan inshootlarni ta’mirlash, konservatsiyalash va qayta tiklash sohasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishga kirishildi va muhim natijalarga erishildi. Xullas istiqlol yillarida mamlakatda olib borilgan qurilish-ta’mirlash ishlari avvalo, O‘zbekistonliklarning o‘z qadriyatlarini asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish kabi ehtiyojiga, bu borada davlatning tashabbuskorligi va har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishiga tayanilganligi alohida e’tiborga loyiq.
Vaqt masofasidan qaraganda, 1991-2011 yillarda O‘zbekiston, xususan Zarafshon vohasi misolida mavjud madaniy meros ob’ektlarini saqlash, ta’mirlash, konservatsiyalash va qayta tiklash borasida bajarilgan ishlarning ko‘lami va xususiyatlarini inbatga olib, o‘rganish ham mantiqan ham mazmunan maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb hisoblaymiz. Bunday tarixiy davrlarga o‘linishning sababi, o‘rganilayotgan sohadagi o‘zgarishlarning tamal toshi aynan 1990-yillarda qo‘yilganligi bilan belgilanadi. Mustaqillikka qadar yetib kelgan va ayanchli holatda bo‘lgan ko‘plab madaniy meros ob’ektlari ta’mirlash va konservatsiyalashga qaratilgan dastlabki ishlar aynan shu 1-davr yillarga to‘g‘ri keldi. Ular, avvalo xalqaro va respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan bir qator dastlabki tadbirlar doirasida amalga oshirilib, Zarafshon vohasida qator tarixiy- me’moriy inshootlar ta’mirlash, qaytadan tiklash jarayoni bevosita davlat va jamoatchilik yordamida olib borildi. Shu bilan birga, dastlabki bosqichda asosan sovet davrida qabul qilingan qonunchilik bazasi asosida ish yuritilishi hamda iqtisodiy muammolarning sohada keng qamrovli ta’mir ishlarini yo‘lga qo‘yilishiga salbiy ta’sir qilganini bu davrning o‘zig xos xususiyati sifatida ko‘rsatib o‘tish mumkin. Ikkinchi bosqich xalqaro standartlar talablariga javob beruvchi 2001 yil 30 avgustda “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi hukumat qonunning qabul qilinishidan boshlandi. Milliy qonunchilik tizimidagi ushbu ijobiy o‘zgarish sohada jadal sur’atlar bilan ish yuritish va respublikada mavjud madaniy meros ob’ektlarini hisobga olish, ularning texnik xolatidan kelib chiqqan holda barcha imkoniyatlarni ishga solib qurilish-ta’mirlash va bunyodkorlikni amalga oshirishga keng imkoniyatlar yaratdi. Ushbu bosqichning asosiy ijobiy natijalarini Zarafshon vohasidagi madaniy meros ob’ektlariga yangi hayot baxsh etilganida ham kuzatish mumkin. Darhaqiqat, birinchi bosqich dastlabki tadbirlari vohada joylashgan mavjud me’moriy obidalarni ta’mirlash ishlari asosan turli yubileylar, ya’ni tarixiy shaxslar yoki qadimiy shaharlarning yubiley tantanalari bilan bog‘liq tayyorgarlik doirasida
amalga oshirildi. Jumladan, 1990-yillar boshlarida birin-ketin o‘tkazilgan ulug‘ alloma Boxouddin Naqshbandiy 675 yillik, buyuk mutafakkir olim, davlat arbobi Mirzo Ulug‘bekning 600 yillik va davlat arbobi, buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 660 yillik hamda hadis ilmining Sultoni – Imom al-Buxoriy tavalludining 1225 yillik yubileylari tantanalari shular jumlasidandir. Keng miqyosda nishonlangan ushbu tadbirlardan qo‘yilgan bosh maqsad, birinchidan, uzoq yillar davomida tahqirlanib kelgan tariximizga nisbatan munosabatni o‘zgartirish hamda yubiley tantanalari xalqimizning o‘z madaniy merosi va ulug‘ ajdodlariga bo‘lgan beqiyos xurmati ramzi bo‘ldi; ikkinchidan, tarixiy obidalar targ‘ibot-tashviqoti orqali yosh avlodni ota-bobolar merosi bilan yaqindan tanishishga, umuman, ularni milliy o‘zlikni anglash, iftixor ruhida tarbiyalashga xizmat qilishga qaratildi; uchinchidan, jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi bo‘lgan O‘zbekistonning boy madaniy merosini jahonga tanitish, o‘zbek halqi madaniyati, ma’naviyati, ma’rifati va tarixining jahon halqalari sivilizatsiyasi tizimida tutgan munosib o‘rnini yaqqol ko‘rsatish edi. Ushbu tadbirlar doirasidagi ishlarni amalga oshirish maqsadida Zarafshon vohasi viloyatlarida madaniy meros ob’ektlarini ta’mirlash ustaxonalarining faoliyati zamon talabi darajasiga javob beradigan tarzdar tashkil etildi. Navoiy viloyatida Madaniyat ishlari vazirligi Madaniy yodgorliklarni saqlash Bosh boshqarmasi tasarrufida 1992 yil 24 dekabrda viloyat “Xo‘jalik hisobidagi madaniy yodgorliklarni ta’mirlash ustaxonasi” tashkil etildi. Madaniyat ishlari vazirligi tarkibiga kiruvchi bir qator mutasaddi tashkilotlar tomonidan ustaxonalarning bosh vazifasi sifatida ularga madaniy meros ob’ektlarini asl qiyofasi, ya’ni memorchilikning asrlar mobaynida shakllangan qadimiy an’analarga to‘la rioya qilgan holda tiklash vazifasi yuklatilgan edi. To‘liq ta’mirlash–tiklash yodgorlikning bosh rejasini va loyihasini ishlab chiqishda ular, birinchi navbatda, tarixiy hujjatlar, arxiv materiallari, fotosuratlarga tayanib ish ko‘rishlari belgilandi.
Shu bilan birga, mustaqilligimizing dastlabki yillarida diniy ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘plab me’moriy yodgorliklar ta’mirlanib, qayta tiklanib xalqimiz hayotiga taqdim etildi. Bundan qo‘yilgan asosiy maqsadda sobiq Ittifoq davrida ma’naviy-ruhiy sohada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga barham berish, shuningdek, o‘zbek xalqining qadriyatlarini qayta tiklash va rivojlantirishga xizmat qilishi nazarda tutilgan edi. Binobarin, davlat tomonidan o‘tkazilgan tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlar mavjud me’moriy yodgorliklarini saqlash va ta’mirlash ishiga keng jamoatchilikni jalb etish imkoniyatini berdi. Buxoro viloyati bo‘yicha mustaqilligimiz dastlabki yillarida bu borada muhim ishlar amalga oshirildi. Ulug‘ alloma Boxouddin Naqshbandiy 675 yillik yubeliyi tantanalari (1993 yil) tayyorgarlik bilan bog‘liq ta’mir ishlarini ko‘rsatib o‘tish mumkin. Olib borilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida Boxouddin Naqshbandiy majmuasidagi yodgorliklar va Qasri Orifon masjidi ta’mirlanib davlat komissiyasiga topshirildi. Vazirlar Mahkamasining 19 aprel 1993 yil 182-sonli “Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek tavalludining 600 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 1994 yilda ushbu yubeleyini o‘tkazilishi munosabati bilan Samarqand, Shahrisabz, Buxoro va G‘ijduvon shaharlarida arxitektura yodgorliklari bo‘yicha asosan konservatsion-ta’mirlash tadbirlari amalga oshirildi. Jumladan, birgina Buxoro va G‘ijduvon shaharlarida, yuqorida qayd etilgan ishlar bilan bir qatorda yana ikkita yodgorlik viloyat va shahar hokimliklari yordami bilan to‘la ta’mirlandi. Umuman olganda, istiqlolni dastlabki yillarida O‘zbekiston Madaniyat ishlari vazirligi Madaniyat yodgorliklari Bosh ilmiy-ishlab chiqarish boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan qoidasi bo‘yicha ta’mirlash metodikasi quyidagi tartibda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilgan edi: - dastlab, ta’mirtalab har bir yodgorlik bo‘yicha kompleks ilmiy izlanishlar va loyiha-tadqiqotlari amalga oshiriladi;