ZAVQIY, FURQATLARNING HAYOTI VA IJODI, ADABIY MEROSI
ZAVQIY, FURQATLARNING HAYOTI VA IJODI , ADABIY MEROSI Reja: 1. Zavqiy va Furqat lirikasining ko‘lami, janr tarkibi. 2. Zavqiy va Furqat g‘azaliyoti. Uning shakllanish va takomil bosqichlari. 3. Mavzulari: turmush voqea–hodisalari, ishqiy–dunyoviy, hasbi hol, tashxiz, ijtimoiy mavzulardagi g‘azallari. Ularning g‘oyaviy–badiiy tahlili. 4. Muvashshah g‘azallari. 5. Musammatlari: murabba’, muhammas, musaddaslari, marsiya–tarjebandi. Boshqa mo‘’jaz janrlardagi lirik she’rlari. «Sayding qo‘yaber sayyod», «Uch harobotiy» musaddaslari haqidagi yangi talqinlar.
Zavqiy (taxallusi; asl ism-sharifi Ubaydullo Solih o‘g‘li) (1853 — Qo‘qon — 1921) — o‘zbek shoiri. Qo‘qondagi «Madrasai oliy» va «Madrasai chalpak»da tahsil olgan (1870—74). Maxsido‘zlik bilan shug‘ullangan. Ma’lum muddat mirzalik qilgan, Xo‘jand, Samarqand, Buxoro, Toshkent, O‘sh, Andijon, Marg‘ilon shaharlarida bo‘lgan. Tog‘asi Muhammad Siddiq bilan Madinani ziyorat qilgan (1900). 1903 yil Qo‘qonga qaytgan. Zavqiy mumtoz o‘zbek adabiyoti an’analarini davom ettirgan, Qo‘qon adabiy muhitining Muqimiy, Furqat, Nodim, Rojiy kabi namoyandalari bilan ijodiy hamkorlik qilgan.Zavqiyning g‘azal, muxammas, muvashshaxlari («Aylab keling», «Radifi Zavqiy» va boshqa)da o‘zi yashagan muhit va tuzum, mehnat ahlining ahvoli tasvirlangan. U turmush alam-iztiroblari, hijron azobiga visol umidi, vafodorlik, sadoqat tuyg‘ularini qarama-qarshi qo‘yadi («Yuzingni ko‘rsatib avval», «Bodai vasling» va boshqa), kishilarni turmush go‘zalliklaridan zavqlanishga, uni sevishga chorlaydi. Zavqiyning bir qancha she’rlari («Kajdor zamona», «Ajab zamona», «Abdurahmon shayton» va boshqa)da mustamlaka tuzumidagi ijtimoiy tengsizlik, adolatsizlik, chor ma’muriyati himoyasida bo‘lgan ayrim nopok amaldorlarning kirdikorlari fosh etiladi. Zavqiyning «Muncha ko‘p» radifli hamda «Ajab zamondur, ahbob, bosh qotib qoldi» misrasi bilan boshlanuvchi muxammaslari 19-asr boshlari she’riyatidagi eng o‘tkir ijtimoiy asarlari jumlasiga kiradi. Zavqiy ijodiy merosida o‘zbek qishloqlarining ahvoli, dehqonlar hayoti mavzui ham katta o‘rin tutadi («Yangi Qo‘rg‘on qishlog‘i», «Suv janjali», «Shohimardon sayohati» va boshqa). Bu asarlar Muqimiyning «Sayohatnoma»si ta’sirida yozilgan. Zavqiy Muqimiyning hajvchilik yo‘lini davom ettirib, o‘zbek adabiyotida hajviy yo‘nalish taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi («Obid mingboshi haqida hajv» va boshqa). Zavqiyning «Voqeai qozi saylov» (1909—10), «Qahatchilik» (1916) kabi asarlarida ijtimoiy adolatsizlik fosh etiladi, xalqning zulmga qarshi namoyishlari aks ettiriladi. «Ajab ermas» radifli muxammasi 20-asr boshlari o‘zbek she’riyatida muhim hodisa bo‘ldi. Bunda shoir mustamlaka asoratida ezilayotgan yurtning baxtli kelajagi haqida fikr yuritdi. Ijtimoiy hayotdagi ayrim nosozliklar, kishilar faoliyatidagi salbiy hollar ustidan bir qator she’rlari («Ta’rifi kalish», «Otim»,
«Fonus», «Sigirim», «Pashshalar» va boshqa)da zaharxanda bilan kuladi. Shoirning ishqiy g‘azal va muxammaslari o‘sha davrlardanoq xalq hofizlari tomonidan kuyga solinib, ijro etilgan («Yor kelur zamona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay?!», «Kulbam aro, ey maxliqo, bir yo‘l xirom aylab keling» va boshqa). Zavqiyning she’rlari turli bayoz, majmua, vaqtli matbuot hamda og‘zaki manbalar orqali bizgacha yetib kelgan. Qo‘qon shahridagi bir mahalla, qishloq, maktab va ko‘chaga Zavqiy nomi berilgan. Zokirjon Furqat XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlari o‘zbek adabiyoti tarixida faxrli o‘rinni egallaydi. O‘sha davr adabiyotining salohiyati va o‘ziga xos rivojini Muqimiy qatori Furqat ijodisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Furqat lirik poeziyada, yangicha mazmundagi ma’rifatparvarlik adabiyotida o‘ziga xos maktab yaratgan mutafakkir siymodir. Shuning uchun ham uning shaxsiyati, ijtimoiy faoliyati va asarlariga qiziqish u Toshkentga kelgan 1889 yildanoq boshlangan. To 1905 gacha uning she’rlari, manzumalari, xabarlari, nasriy va she’riy maktublari «Turkiston viloyatining gazeti» sahifalarida bosilib turgan. Furqat bilan N.Ostroumov munosabatlari davom etgan. Bizning davrga kelib uning ijodi 40–yillardan boshlab jiddiyroq o‘rganila boshlandi. Hayoti va faoliyatiga bir nazar . Shoirning umri, shaxsiyati, qismati haqida Xolid Rasulning «Furqatning hayoti va ijodi», G‘.Karimovning «Furqat biografiyasining ba’zi masalalari», «Furqat hayoti va ijodiga doir ba’zi materiallar» (Qarang: G‘.Karimov. Xalq, tarix va adabiyot. –T., 1977, 100–127– betlar), M.Yunusovning «Sargashtalikda o‘tgan hayot sahifalari» (Qarang: Barhayot meros sahifalari. –T.,1986, 103–126–betlar), A.Qayumovning «Zokirjon Furqat» esse–qissalarida, Sh.Yusupov monografiyalarida anchayin muhim ma’lumotlar keltirilgan. Bu manbalarning barchasida Furqat tavalludi 1858 yil ekanligi qayd qilingan. Biroq so‘nggi yillarda N.Ostroumov arxivida saqlanayotgan spravka– hujjatga ko‘ra shoirning 1859 yilda tavallud topganligi ma’lum bo‘ldi. 1890 yilda Furqatga berilgan guvohnomada uning 31 yoshda ekanligi aytiladi.
Furqat tarjimai holiga oid eng ishonchli manba uning o‘z asarlaridir. Uning «Xo‘qandlik shoir Zokirjon Furqatning ahvoloti. O‘zi yozg‘oni» nomli prozaik asarida u o‘z tarjimai holini, 1891 yilgacha bo‘lgan hayotini bayon etadi. Bu asar Furqat «Turkiston viloyatining gazeti»da hamkorlashib yurgan vaqtlarda, gazetaning 1891 yanvar–iyun oylari sahifalarida e’lon qilingan. Bu asarda Furqat Farg‘ona vodiysi va Toshkentda ko‘rgan–kuzatgan odamlar, voqea–hodisalar haqida ham faktlar keltiradi, ularga o‘z munosabatini bildiradi. Shu jihatiga ko‘ra asar «Boburnoma»ga ham o‘xshab ketadi. Shuning uchun ayrim olimlar, jumladan Abdug‘afurov uni «Furqatnoma» deb atashni tavsiya etadi. G‘.Karimov o‘z darsligida «Sarguzashtnoma» tarzida tekshiradi. Shu asardagi ma’lumotlarga ko‘ra, shoir Fariddidin Attorning nihoyatda murakkab «Mantiqut tayr» kitobini o‘qib bitiradi. 80–yillarda «g‘azal va muxammaslari avroqini daftar sherosig‘a bog‘lab, jam qilib sohibi devon» bo‘ladi. 1876 yilda Qo‘qon xonligi tugatilib, yangi Marg‘ilon–Skobelev markazi bo‘lgan Farg‘ona oblasti tashkil etiladi. U yerda savdo do‘koni ochgan tog‘asining qistoviga ko‘ra 1879 yilda yosh Furqat bu yerga kelib tog‘asiga ko‘maklashadi. Bir detal qiziq. «Mening bir tog‘am ul mavzega borib do‘kondor bo‘lib turgan edi. Meni o‘z huzuriga talab qildi. Men Rusiya xalqidan ehtiroz aylab, bormoqni ixtiyor qilmadim. Chunkim, ul vaqtlarda Rusiya xalqidan biror odamni bozorda ko‘rsam qochib yiroqdan o‘tib ketar edim. Hatto o‘rus bilan so‘zlashgan odamni ham yomon ko‘rar edim»,–deb yozadi shoir. Keyincha u yangi Marg‘ilonda shaxsiy yo‘l bilan badavlat kishilarning bolalariga (Abduxoliq Zakonchi) savod o‘rgatadi, gazetalar o‘qiy boshlaydi. XIX asrning 80–yillari boshida Qo‘qonga qaytib Muqimiy boshliq adabiy davra bilan yaqinlashadi. Furqat 1887 yilda eski Marg‘ilonga ketadi. «Masjedi Jomiy»dan xujra olib yashaydi. Marg‘ilonlik Xo‘jajon Rojiy, Umidiy, Mulla Toshboltu Roiq bilan tanishadi, do‘stlashadi, ijodiy aloqa bog‘laydi. Ayniqsa «tab’i ravon, g‘azallari latif» Rojiydan ma’rifat hosil qilganligini ta’kidlaydi. Bu shaharda ancha turadi, odamlarning hurmatini qozonadi. Shunday xalqchil to‘rtlik paydo bo‘lgan ekan:
Marg‘ilonda ruscha konvert kim yozar, Mulla Botir, Mulla Zokirlar yozar. Mulla Botir – xizmati tojir kishi, Mulla Zokir Furqatiy shoir kishi. Furqat Xo‘qandni tark etib, yoz oylari Xo‘jandga keladi. U yerdagi qator shoirlar (Asiriy, Maxjur va b.) bilan ijodiy aloqalarda bo‘ladi. 1889 yil kuzida Toshkentga kelgach, bir qancha oy betob bo‘lib qoladi, so‘ng madrasa xujralaridan biriga ko‘chib ma’rifatparvar do‘sti Hoji Zuhurning taklifi va iltifoti bilan kolyaskada yangi shaharni tomosho qilishga chiqadi. Birinchi bor Toshkent erlar gimnaziyasida bo‘lib, shu yerda gimnaziyaning direktori hamda 1870 yildan chiqaboshlagan «Turkiston viloyatining gazeti» muharriri Nikolay Ostroumov bilan tanishadi. Darvoqe, N.Ostroumov (1852– 1930) Turkiston general–gubernatorligining eng ishonchli kishilaridan, o‘lkada chor hukumati siyosatini jon–jahdi bilan o‘tkazuvchilardan biri edi. O‘zR Markaziy Davlat arxivida N.Ostroumovning 191 papkadan iborat shaxsiy arxivi hamda bir necha o‘n yillik davrni o‘z ichiga olgan kundaliklari saqlanmoqdaki, ular ichida bu shaxsning Furqat bilan bo‘lgan uchrashuvlari ham bor. N.Ostroumovga yangi mehmon – Zokirjon Furqatning zukkoligi, qiziquvchanligi yoqib qoladi. U darhol Furqatga gimnaziya tomoshosidan olgan taassurotlarini maqola tarzida gazetaga yozib berishni taklif etadi. Shunday maqola gazetaning 23 mart sonida chiqadi. 11 aprelda u haqdagi qasida–g‘azal e’lon qilinadi. 1890 yil aprel oyida u «Turkiston viloyatining gazeti»ga ishga olinadi. Shundan so‘ng ayrim mahalliy kishilar «uni ruslarga yaqinlashma» deb ko‘rqitishga harakat qilishadi. Biroq uning mahalliy va rus ziyolilari, hatto rasmiy kishilar bilan aloqasi kuchaya boradi. Rasmiy doiralarda ham uning obro‘yi va ta’siri ortadi. U turli marosimlarga taklif etiladi. Shunday marosimlardan biri 1891 yilda general– gubernator baron Vrevskiy uyida uyushtirilgan bal–ziyofat edi. Bu ziyofatda baron keliniga bag‘ishlab Furqat ikkita maqtov she’r yozadi. Bu she’rlar gazetada bosib chiqariladi. Shoir baronning kelinini sharqona quyuq, romantik bo‘yoqlarda maqtaydi. Uni «o‘zi gul, libosi gul, qizil gullar aro oq gul» deb ta’riflaydi. Bu