ANTROPOGEN LANDSHAFTLAR
ANTROPOGEN LANDSHAFTLAR
Yer yuzida inson paydo bo‘libdiki, to‘xtovsiz ravishda tabiatga ta’sir ko‘rsatib, undan foydalanish va o‘ziga qulay qilish maqsadida o‘zgartirib kelmoqda. Insonning xo‘jalikdagi faoliyati ta’siri antropogen ta’sir deyilib, uning oqibatida geotizimlarning o‘zgarish darajasi, miqyosi va jadalligi turlicha bo‘ladi.
Bu bir tomondan geotizimlarning o‘ziga xos tabiiy xususiyati bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan insonning geotizimga ta’sir ko‘rsatishiga bog‘liqdir.
Geotizimlarning tabiiy xususiyatlari, ya’ni o‘zini o‘zi boshqarishi va qayta tiklanish xususiyatining kuchli yoki kuchsizligi, antropogen ta’sirga chidamliligi yoki chidamsizligi turli geotizimlarda har xil bo‘ladi. Shu bilan birga, inson faoliyati ham turlichadir.
Masalan, inson geotizimlarga konchilik sanoati orqali bir xil ta’sir ko‘rsatsa, shahar qurilishida boshqa xil, dehqonchilik, chorvachilik, o‘rmon xo‘jaligida esa yana boshqacharoq ta’sir etadi. Natijada har xil daraja va ko‘rinishda inson uchun ijobiy va salbiy o‘zgargan geotizimlar hosil bo‘ladi.