ARAB YOZUVIDAGI TURKIY YOZMA MEROS
MAVZU:ARAB YOZUVIDAGI TURKIY YOZMA MEROS
. Arab tilidagi manbalar dastlab og’zaki ijod asosida vujudga kelgan va ular islomdan ilgarigi zamonlarga boradi. Arab tilidagi manbalar boshqa tillardan arab tiliga tarjima qilish asosida rivojlangan. Arab tilidagi manbalar ilk islom davri ijtimoiy fikr va adabiy ijod asosida vujudga kelgan. VII-VIII asrlardagi siyosiy o’zgarishlar (arab davlatchiligi), ijtimoiy munosabatlardagi o’zgarishlar, turli element (madaniyat)lar integratsiyasi (til, madaniyat, diniy aloqalar qorishuvi) tufayli arab tili katta hududda asosiy vositaga aylandi. Shu asosda arab tilida yozilgan asarlar soni ortib bordi. Qur’on nusxalari. Qur’on tafsirlari. Hadislar (dastlab og’zaki: 1 matn, 2 isnod). Muhammad payg’ambar, xalifalar hayotiga oid asarlar. Mazkur manbalar asosida musulmon qonunchiligi yaratiladi. O’rta asr arab yozuvining katta qismini tarixnavislik tashkil etadi, u: Qur’oniy bilimlar qorishuvi asosida rivojlangan. Kundalik bilimlar qorishuvi asosida rivojlangan. VIII asrda Abbosiylar davrida katta o’zgarishlar bo’ldi, fanning turli sohalari rivojlandi: -filologiya - lug’atlar - tarjima (alximiya, astrologiya, astronomiya, matematika, geografiya) -filosofiya (logika) - meditsina - botanika - mineralogiya - geografiya - tajvid.
Tarixiy asarlar. Arab tarixnavisligi VIII asr oxiridan XI asr boshlarigacha o’z davri nuqtai nazaridan yuksak rivojlandi. Shu yillarda ko’plab tarixiy asarlar yaratildi: Muhammad payg’ambar hayoti bilan bog’liq tarixiy kechinmalar bayoni; Muhammad payg’ambardan keyin o’tgan xalifalar, uning sahobalari hayoti bilan bog’liq tarixlar; turli rivoyatlar majmualari; alohida tarixiy voqyealar, janglar tarixini ifodalovchi asarlar (Abu Mixnof, Ibn Is’hoq, Ibn Sa’d, al-Madoiniy va b.) IX asrning ikkinchi yarmidan boshlab tarixiy voqelik ma’lum tizimga solingan tarixiy asarlar yaratildi (al- Balazuriy, ad-Dinavariy, al-Ya’qubiy va b.). Muhammad Jarir at-Tabariyning “Tarix ar-rusul va-l-muluk” («Payg’ambarlar va podshohlar tarixi») asarini arab tarixnavisligi ilk bosqichining xulosasi bo’ldi, deyish mumkin.
Mazkur an’ana, keyingi asrlarda davom etdi. Al- Mas’udiyning «Muruj azzahab», Abu Rayxon Beruniyning «Osor al-boqiya» («O’tmish xalqlardan qolgan yodgorliklar») va «Hindiston» asarlari va boshqalar ana shular jumlasidandir. Arab tilida fanlar tasnifiga (klassifikatsiya) oid asarlar ham yozilgan: Ibn Farigun «Javomi al -ulum» Ibn an-Nadim «Kitob al-fihrist», Abu Abdulloh al-Xorazmiy «Mafotih al-ulum» («Ilmlar kaliti»). Ma’lum bo’ladiki, dastlabki uch yuz yil davomida arab tilidagi manbalar o’z rivojlanish bosqichida mavzularga bo’linish nuqtai nazaridan takomillashadi. Kitoblar yozish an’anasi shakllanadi va rivojlanadi. Bu an’ana Arabiston shaharlari (Madina, Basra, Kufa, Damashq) doirasidan tashqariga chiqib, butun xalifalik hududiga yoyildi (Nishopur, Marv, Buxoro, Samarqand, Hirot, G’azna, Sheroz, Hamadon, Isfaxon va h.k.)
Shuningdek Mavsil, Vosit, Hims, Halab, Quddus, Qohira, Qayruvon, Fos, Kordova, Sevilya, Toledo kabi shaharlar ham xalifalik doirasidagi yirik madaniy markazlarga aylandi. Katta hududda yagona davlat tashkil topishi, ilm - fanga e’tibor ortishi, arab tili keng hududda umumiy ilmiy muomala tiliga aylanishi, Sharq va G’arb ilm-fani qorishuvi arab tilida ko’plab asarlar yaratilishiga asosiy omil bo’ldi va bu an’ana keyinchalik, Arab xalifaligidan chiqib, mustaqil davlatlar tashkil topganda ham davom etdi. X asr oxiriga kelib arab adabiy tili shevalardan uzilib, mustaqil adabiy ilmiy til bo’lib qoldi va ana shu (o’ziga xos o’lik tilda) tilda ilmiy asarlar yaratish an’anasi olimlar doirasida saqlanib turdi. Ayniqsa Qur’oniy bilimlar (qiroat, tajvid, tafsir; hadislar, hadislarga sharhlar; fiqhga oid ko’plab asarlar) musulmon mamlakatlarda rivojlanishda davom etdi. Madrasalarda fiqhga oid darslar asosiy o’rinda turardi