Bolqon Urushi
Bolqon Urushi
Birinchi Bolqon urushi 1912-yilning 8-oktabridan 1913-yilning 30- mayiga qadar davom etdi. Unda Usmonli imperiyasiga qarshi Bolqondagi Serbiya, Bolgariya, Yunoniston va Qoratog‘ qirolliklaridan tashkil topgan Bolqon koalitsiyasi urush olib bordi. Urush natijasida Usmonli Bolqondagi juda ko‘plab hududlaridan ayrildi. Salkam sakkiz oy davom etgan birinchi Bolqon urushi Usmonlining zaiflashgan paytida va butun dunyoda kolonializmga qarshi urushlar avj ola boshlagan, dunyo qayta bo‘linishi ostonasiga kelib qolgan bir davrda yuz berdi.
Usmonli davlati XV asrda Kichik Osiyoda qudratini o‘rnatganidan keyin o‘z yo‘nalishini Bolqon, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaga qaratdi. XV–XVI asrlar davomida Bolqon yarimoroli Usmonli davlati tarkibiga qo‘shib olindi. Ushbu hududlarda 15 dan ortiq turli xalqlar yashar edi va ularning aksariyati pravoslav nasroniylik dinida edi. Bu hududlar XV asrdan boshlab Rumeli deb atalardi. U yerda yashagan xalqlar bir necha bor Usmonlidan mustaqil bo‘lish uchun kurashlar olib borgan bo‘lsa-da, bunga muvaffaq bo‘lolmadi.
Usmonlining Italiyadan mag‘lubiyatidan keyin, Bolqondagi davlatlar birlashish vaqti kelganini tushunib yetdi. Ularni birlashtiradigan omillar ularning pravoslav slavyan millatidan ekani edi. Shuningdek, yunonlar ham din birligi borligi uchun ular bilan birlashdi. Rossiya esa mintaqada o‘rnashish hamda Avstriya- Vengriya bilan raqobatlashish uchun mazkur davlatlarni qo‘llab-quvvatladi. Aynan Rossiyaning tashabbusi bilan 1912-yil 13-mart kuni Serbiya va Bolgariya o‘rtasida mudofaa ittifoqini tuzish bo‘yicha kelishuv imzolandi. 29-mayda ittifoq shartnomasiga Gretsiya ham qo‘shildi.