Abu Ali ibn Sino ilmiy merosining o‘rganilishi
Abu Ali ibn Sino ilmiy merosining o‘rganilishi Reja : 1. Abu Ali ibn Sino hayoti va faoliyati . 2. Abu Ali ibn Sino ilmiy merosida ilmlar tasnifi. 3. Abu Ali ibn Sino ilmiy merosining o‘rganilishi ga doir .
Abu Ali ibn Sino hayoti va faoliyati Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatini O‘rta asr sharoitida dunyo madaniyatining oldingi qatoriga olib chiqqan buyuk mutafakkirlardan biri – Abu Ali ibn Sino bo‘lib, u Yevropada Avitsenna nomi bilan mashhurdir. Ibn Sino (asl ismi Husayn, otasining ismi Abdulloh) Buxoroning Afshona qishlog‘ida, hijriy 370(980)-yilning safar oyida, amaldor oilasida tug‘ildi. 986-yilda ibn Sino oilasi Buxoroga ko‘chib keladi va shu vaqtdan boshlab yosh Husayn boshlang‘ich ma’lumot olishga, ilm-fanni o‘rganishga kirishadi. Uning yoshligi, yigitlik chog‘lari Somoniylar hukmronligining so‘nggi yillariga, xususan, Nuh II ibn Mansur Somoniy h ukmronligi davri (976-997) ga to‘g‘ri keladi. Ibn Sino iste’dodli, xotirasi kuchli, zehri o‘tkir bo‘lganligidan o‘z davrida ma’lum bo‘lgan ilmlarni tezdan egallay boshladi. 10 yoshidayoq Qur’oni Karimni boshdan-oyoq yod o‘qir edi. 13 yoshlaridan boshlang‘ich matematika, mantiq, fiqh, falsafa ilmlari bilan shug‘ullana boshlaydi. Ibn Sino yosh bo‘lishiga qaramay, Abu Abdulloh Notiliy rahbarligida falsafani, Hasan ibn Nuh Qumriydan tibbiyot ilmini har tomonlama o‘rganadi, asta-sekin tabiblik bilan ham shug‘ullanadi. U o‘zidan avval o‘tgan Sharq mutafakkirlarining asarlarini chuqur o‘rganish bilan birga, qadimgi yunon tabiiy-ilmiy, falsafiy merosini, xususan, Aristotel, Yevklid, Ptolemey, Galen, Gippokrat, Pifagor, Porfiriylarning asarlarini ham qunt bilan o‘rgandi. 16-17 yoshidayoq ibn Sino mashhur tabib – hakim bo‘lib tanildi. 999- yilda Buxoro Qoraxoniylar tomonidan zabt etilgach, Somoniylar hokimiyati inqirozga uchradi. 1000-yilda Ibn Sino Buxorodan chiqib ketdi va madaniyat markazlaridan biri hisoblangan Xorazmga bordi, u yerda Xorazm hokimi Ali ibn Ma’mun saroyidagi olimlarni birlashtirgan o‘z zamonasining akademiyasiga qabul qilindi. Ibn Sino Beruniy, ibn Miskavayh, Abu Sahl Masihiy, Abulxayr Hammor, Abu Nasr ibn Iroq kabi yetuk olimlar bilan yaqindan tanishdi. Lekin bu davrda kuchayib borayotgan Mahmud G‘aznaviyning ta’qibidan qochib, Xorazmni tashlab ketishga va Xuroson, Eronning turli shaharlarida sarson-sargardonliqda yurishga majbur bo‘ldi. Abivard, Tus, Nishopur shaharlari orqali Jurjon shahriga kelgan ibn Sino hokim qobus ibn Vashmgir saroyida mashhur tabib sifatida yashadi, bo‘lajak
shogirdi Juzjoniy bilan tanishdi. 1019-1021-yillarda Hamadonda vazir lavozimida xizmat qilarkan, hokim bilan kelisha olmay, 4 oy qamoqda yotib chiqdi. 1023- yilda Isfahonga qochdi va butun umrini ilmiy asarlar yozishga bag‘ishladi. Ibn Sinoning “Kitob al-qonun fit-tibb”, “Kitob un-najot”, “Kitob ul-insof” kabi mashhur asarlari, geometriya, astronomiya, o‘simlik, hayvonot olami, mantiqqa oid risolalari, “Hayy ibn Yaqzon” falsafiy qissasi alloma hayotining so‘nggi yillarda yozilgan. U Isfahonda rasadxona qurish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Umrining so‘nggi yillarida feodal urushlar kuchayib ketganligi, ijtimoiy-siyosiy hayotda o‘zi ham faol qatnashganligi tufayli u Isfahon, Ray, Hamadon shaharlari orasida sarson-sargardonliqda yurib, 1037-yil 18-iyunda Isfahon shahrida 57 yoshida qulunj kasalligidan vafot etdi. Ibn Sinoning hayot yo‘li o‘zi yozgan tarjimayi holi va shogirdi Juzjoniy tomonidan qoldirilgan manbalardan ma’lum. Ibn Sinoning ilmiy qiziqishlari, dunyoqarashining shakllanishida qadimgi Sharq madaniyati, yunon ilmi, falsafasi, Markaziy Osiyo xalqlarining mustaqillik uchun olib borgan kurashlari muhim rol o‘ynadi. Ibn Sino tarjimai holida Forobiyning “Metafizika maqsadlari”, “Fusus ul-hikam” kabi muhim risolalarini qunt bilan o‘rganganligi, ulardan keng foydalanganligini ta’kidlab o‘tadi. Ibn Sino asarlarining umumiy soni 450 dan oshadi, lekin bizgacha faqat 160 ga yaqin asari yetib kelgan, xolos. Ko‘p risolalari shaharma-shahar ko‘chib yurish, feodal urushlari, saroy to‘polonlari, turli falokatlar tufayli yo‘qolib ketgan. Ko‘p manbalarda Ibn Sino, avvalo, tabib sifatida talqin etiladi, holbuki tabobat uning ilmiy sohalari orasida eng muhimlaridan biridir. Ibn Sino asarlarining asosiy qismi Yaqin va O‘rta Sharqning o‘sha davr ilmiy tili hisoblangan arab tilida, ba’zilari fors tilida yozilgan. Uning bizga ma’lum bo‘lgan katta asari “Kitob ush-shifo” (“Shifo kitobi”) 22 jilddan iborat bo‘lib, 4 ta katta bo‘limini mantiq, fizika, matematika, metafizikaga doir masalalar egallagan. Uning ayrim qismlari lotin tiliga, Yevropadagi boshqa tillarga, sharq tillariga, shuningdek, rus, o‘zbek tillariga tarjima qilingan. 20 jilddan iborat bo‘lgan “Kitob ul-insof ” (“Insof kitobi ” ) bizgacha yetib kelmagan, chunki Isfahondagi yong‘inda yo‘qolgan. “Kitob un- najot” (“Najot kitobi”) 4 katta qismdan – mantiq, fizika, matematika,
metafizikadan iborat, “Kitob lison ul-arab” (“Arab tili kitobi”) 10 jildni tashil etadi. “Donishnoma” fors tilida yozilgan bo‘lib, 4 qismni – mantiq, fizika, matematika, metafizikani o‘z ichiga oladi (Rus tiliga tarjima etilgan, bir qismi o‘zbek tilida bosilgan). Abu Ali ibn Sino ilmiy merosida ilmlar tasnifi Ibn Sinoning ilmiy merosini shartli ravishda 4 qismga, ya’ni falsafiy, tabiiy, adabiy va tibbiy sohalarga bo‘lish mumkin, olim shularning har birida chuqur iz qoldirgan. Lekin Ibn Sino asarlarining miqdoriy nisbatiga nazar solsak, olimning qiziqish va e’tibori ko‘proq falsafa va tibga qaratilganini ko‘ramiz. Garchi, uni “Avitsenna” sifatida G‘arbda mashhur qilgan uning tibbiy merosi, xususan, “Tib qonunlari” bo‘lsada, “Shayx-ur-rais” nomi, eng avval, uning buyuk faylasufligiga ishoradir. Olimning falsafaga oid eng yirik va muhim asari “Kitob ash-shifo”dir. U 4 qismdan iborat: 1) mantiq – 9 bo‘lakka bo‘lingan: al-madhal – mantiqqa kirish; al- maqulot – kategoriyalar; al-iborat – interpretatsiya; al-qiyos – sillogizm; al-burhon – isbot, dalil; al-jadal – tortishuv, dialektika; as-safsata – sofistika; al-xitoba – ritorika; ash-she’r – poetika (she’r san’ati); 2) tabiiyot (bu yerda minerallar, o‘simliklar, hayvonot olami va insonlar haqida alohida-alohida bo‘limlarda gapiriladi; 3) riyoziyot – 4 fanga bo‘lingan; hisob (arifmetika), handasa (geometriya), astronomiya va musiqa; 4) metafizika yoki ilohiyot. Bu asarning ayrim qismlari lotin, suryoniy, ibroniy, nemis, ingliz, fransuz, rus, fors va o‘zbek tillarida nashr etilgan. Ibn Sinoning yana bir falsafiy asari “Kitob an-najot” “Kitob ash-shifo”ning qisqartirilgan shakli bo‘lib, u ham qisman jahonning bir necha tillariga tarjima qilingan. Olimning falsafiy qarashlari yana “Al-ishorat va-ttanbihot” (“Ishoralar va tanbihlar”), “Hikmat al-mashriqiyn” (“Sharqchilar falsafasi”), “Kitob al-ishorat fi- lmantiq va lhikmat” (“Mantiq va falsafaning ishoralari”), fors tilida yozilgan “Donishnoma” (“Bilim kitobi”) va boshqa turli hajmdagi falsafiy risolalarda hamda “Tayr qissasi”, “Salomon va Ibsol”, “Hayy ibn Yaqzon”, “Yusuf haqida qissa” kabi falsafiy mazmunli badiiy qissalarda o‘z aksini topgan.
Ibn Sinoning dunyoqarashi Ar astu ta’limoti va Forobiy asarlari ta’sirida shakllandi. Uning fikricha, falsafaning vazifasi mavjudotni, ya’ni barcha mavjud narsalarni, ularning kelib chiqishi, tartibi, o‘zaro munosabati, bir-biriga o‘tishini zaruriyat, imkoniyat, voqelik, sababiyat omillari asosida har tomonlama o‘rganishdan iborat. Olamda mavjud barcha narsalar ikkiga bo‘linadi: zaruriy vujud (vujudi vojib) va imkoniy vujud (vujudi mumkin). Zaruriy vujud eng irodali, qudratli, dono Tangridir. Qolgan narsalar imkoniyat tarzida mavjud bo‘lib, Tangridan kelib chiqadi. Zaruriy vujud bilan imkoniy vujud munosabati sabab va oqibat munosabatidir. Bu jarayonda olamdagi hamma narsalar emanatsiya tarzida, ya’ni quyoshdan chiqayotgan nur shaklida asta-sekin amalga oshadi. Shu tartibda imkoniyat shaklida mavjud bo‘lgan aql, jon, jism, ular bilan bog‘liq osmon sferalari kelib chikadi. Bular hammasi substansiya (javhar) bo‘lib, yana borliqda aksidensiya – narsalarning belgilari, rangi, hajmi, xillari mavjud. Jism shakl va moddadan tashkil topadi. Xudo abadiy, uning oqibati bo‘lmish materiya ham abadiydir. Uning o‘zi boshqa tayin jismlarning asosidir. Narsalarning moddiy asosi hech qachon yo‘qolmaydi. Materiyaning eng sodda bo‘linmas shakli 4 unsur: havo, olov, suv, tuproqdan iborat. Ularning turlicha o‘zaro birikuvi natijasida murakkab moddiy narsalar tashkil topadi. Murakkab narsalar shaklan o‘zgarishi mumkin, lekin ularning moddiy asosi bo‘lgan 4 unsur yo‘qolmaydi, abadiy saqlanadi. Ibn Sino fikricha, avval tog‘-toshlar, so‘ng o‘simlik, hayvonot va taraqqiyotning yakuni sifatida boshqa jonzotlardan aqli, tafakkur qilish qobiliyati va tili bilan farq qiluvchi inson vujudga kelgan. Hodisalarni chuqur bilish, fan bilan shug‘ullanish insongagina xosdir. Inson bilimlari narsalarni bilish yordamida vujudga keladi. Bilish hissiy bilish va tushunchalar yordamida fikrlashdan tashkil topadi. Sezgida narsa-hodisalarning ayrim, tashqi belgilari, tayin tomonlari bilinsa, aql ularning mohiyatini, ichki tomonlarini abstraksiyalashtirish va umumlashtirish yordamida bila oladi. Inson aqli turli fanlarni o‘rganish yordamida boyiydi, rivoj topadi. Ibn Sino tushunchasida bilimlarni chuqur o‘rganish orqali xudoni bilish mumkin degan fikr yotadi. U mavjud bilimlarni egallagan insongina haqiqiy musulmon bo‘la oladi, deb tushunadi. Ibn Sino mantiqni ilmiy bilishning,