DISKURS HAQIDA.
DISKURS HAQIDA. Reja: 1. Diskurs tushunchasi va uning mo h iyati . 2. Diskurs, matn va kontekst munosabati. 3. Diskursning asosiy kategoriyalari. 4. Diskursni modellashtirish masalasi.
Zamonaviy tilshunoslikda yangi yo‘nalishlar sifatida tan olingan pragmatik va kognitiv tilshunoslikning asosiy muammolaridan biri diskurs masalasidir. Diskurs lotincha discursus – muhokama so‘zidan olingan bo‘lib, hissiy, bevosita, intuitiv, ya’ni muhokamatalab bilimdan farqli o‘laroq, muhokama orqali vosita bilan hosil qilinadigan mantiqiy dalil – isbotli bilim demakdir 1 . Diskurs tushunchasi lingvistik atama sifatida o‘tgan asrning o‘rtalarida tilshunoslikka kirib keldi. Tilshunoslikda u dastlab gap yoki nutqda bog‘langan va kelishilgan oqibat sifatida tushunilgan bo‘lsa, zamonaviy lingvistikada murakkab kommunikativ hodisa sifatida izohlanmoqda. Tilni pragmatik nuqtai nazardan tadqiq etishga bag‘ishlangan ishlarda diskurs atamasi sakkiz xil ma’noda qo‘llangan: 1) so‘z muqobili; 2) frazalardan o‘lchami bo‘yicha ortadigan birlik; 3) nutq vaziyati hisobga olingan holda fikrning adresatga ta’siri; 4) suhbat; 5) nutqda so‘zlovchi pozitsiyasi; 6)lisoniy birliklardan foydalanish; 7) fikrning ijtimoiy yoki mafkuraviy cheklangan turi; 8) matn hosil bo‘lish shartlarini tadqiq etishga mo‘ljallangan nazariy qurilmalar. 2 Golland tilshunosi T. A. van Deyk diskursni bir nechta darajada ko‘rib chiqishni taklif qiladi. U keng ma’noda diskursga kompleksli kommunikativ voqea, tor ma’noda esa kommunikativ harakatning yozma yoki nutqiy verbal mahsuloti sifatida qarash lozimligi haqida fikr bildiradi. Ta’kidlash kerakki, T.A. van Deyk diskurs va matn o‘rtasidagi farqni shunday belgilaydi: diskurs – aktual aytilgan matn, ya’ni faol nutqiy harakat, matn esa til tizimiga yoki shakliy lisoniy bilimlarga tegishli fikrlarning mavhum grammatik tuzilishidir. Diskurs – aniq suhbat, aniqlik esa diskurs tushunchasi qo‘llanadigan 1 Абдуллаева М., Абдурашидов М., Абилов У. Фалсафа қисқача изоҳли луғат.–Тошкент , Шарқ . 126 -бет . 2 Карасик В.И. Этнокультурные типы институционального дискурса // Этнокультурная специфика речевой деятельности: Сб. обзоров. - М.: ИНИОН РАН, 2000. - С.37-64.
vaziyatga, matnga va obyektga ham birday taalluqlidir. Diskurs – suhbat turi 3 . Diskurs janr kabidir. Nutqiy janr – tipik tuzilishi, lisoniy vositalardan foydalanishning o‘ziga xosligi, aniq adresat, ma’lum kommunikativ maqsad va informativlik, imperativlik, etiketlik kabi jihatlari bilan ajralib turuvchi nutq turi hisoblanadi 4 . Diskursning ijtimoiy tabiati yangilikli diskurs, publitsistik diskurs, siyosiy diskurs, ilmiy diskurs, badiiy diskurs, baholovchi diskurs kabi yangi tushunchalarning yuzaga kelishiga imkon beradi. Talqin va izohlarning xilma-xilligi diskurs tushunchasining ko‘p qirrali va keng qamrovli ekanligini ko‘rsatadi. Insonning nutq orqali amalga oshadigan barcha ijtimoiy faoliyati diskursiv xarakterga ega. Nutqning ijtimoiy mohiyati matn bilan bog‘langan bo‘lib, uning o‘ziga xos xususiyatlari matnning u yoki bu ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. U aniq sotsiopragmatik matnda amalga oshiriladigan, murakkab maqsadga yo‘naltirilgan nutqiy harakat sifatida bir tomondan, nutqning tarixiyligi bilan, ikkinchi tomondan, ijtimoiyligi bilan, uchinchi tomondan, mafkuraviyligi bilan bog‘liq. Ma’lum bir individual diskursning alohida tadqiqot obyekti sifatida o‘rganilishi nutqning lingvopragmatik tabiati to‘g‘risida mulohaza yuritishga imkon beradi. Diskurs, matn va kontekst munosabati Diskurs atamasi subyektiv, ijtimoiy-madaniy, shuningdek, stereotip, presedent (namunali) fikrlar, monolog va dialog ko‘rinishidagi nutqiy faoliyat jarayonini ifodalovchi tushunchalarni qamrab oladi. Amalda, diskurs – bu matnning shakllanish usulidir. Diskurs ilmiy atama sifatida sintaktik, semantik va pragmatik xususiyatga ega. U sintaktik jihatdan ifoda plani, ya’ni strukturasiga, semantik jihatdan mazmun-ma’no planiga, pragmatik jihatidan esa 3 Дейк Т.А. ван. Язык, познание, коммуникация. - М.: Про гресс, 1989. -С. 372 . 4 Стариченок В.Д. Большой лингвистический словарь.-Ростов-на-Дону , Феникс, 2008. -.523.
perlokutsiya – xabar planiga ko‘ra turli fikrlar, nutqiy aktlardan tashkil topgan faoliyat sifatida tavsiflanadi. Diskurs – bu til birliklarining ma’lum vaqtda va ma’lum joyda ma’lum maqsad bilan qo‘llanilishi, ularning izchil bog‘lanishidir 5 . Zamonaviy lingvopragmatikaning muhim muammo-laridan biri «diskurs» tushunchasining nutq, matn, fikr, dialog kabi tushunchalar bilan munosabatini aniqlashdir. XX asrning oxirgi choragida tilshunoslikda matn va diskurs tushunchalarini vaziyat kategoriyasiga suyangan holda farqlashga urinishlar bo‘ldi va bu borada Yevropa tilshunoslarining fikrlari deyarli bir xil. Shunday, diskurs «matn plyus vaziyat» tarzida va ayni damda matn «diskurs minus vaziyat» shaklida izohlandi 6 . Bunday talqin unchalik ommalashmadi va keyingi ko‘plab ishlarda «diskurs» va «matn» atamasi farqlanmay qo‘llanmoqda. Matn va uning tahlili kognitiv yondashuvning ma’lum sharoitdagi mezonlari asosida olib borilishi kerak. «Diskursdan farqli ravishda matn aniq vaqtga qat’iy bog‘langan emas, uning vaqt bilan aloqasi bilvosita namoyon bo‘lish xarakterida bo‘ladi. Matn tabiiy ravishda o‘z-o‘zicha mavjud bo‘lmaydi, balki har qanday eskirishga va parchalanib ketishga mahkum bo‘lgan mavjud obyektlar kabi matn ifodasi - obyekt materiali qobig‘ida mavjud bo‘ladi. Aslida matn bu vaqtda emas, balki madaniyat ko‘lami vaqtida mavjud bo‘ladi» 7 . Shu ma’noda matn eshitish, eslash, xotirlash maqsadida tuziladi, diskurs uchun bunday xususiyatlar xos emas, u zamonning ma’lum vaqtida mavjud bo‘ladi. Diskurs olingan «ma’lumot»ning grafik belgilari bilan izchil 5 Гурочкина А.Г. Понятие дискурса в современном языкознании // Номинация и дискурс. -Рязань, 1999. - С .13. 6 Ostman J., Virtanen T. Discourse analysis // Handbook of Pragmatics: Manual. -Amsterdam, Philadephia, 1995. - С . 240. 7 Дымарский М. Я. Проблемы текстообразования и художественный текст (на материале русской прозы XIX —XX вв.). — СПб.: Издательство С.-Петербургского университета, 1999.-С.42.
shakllangan videoyozuv yordamida matnga aylanishi mumkin. M. Ya. Dimarskiyning fikricha, faqat matngina ma’lumotlarni to‘play oladi, diskurs esa xabar yetkazishni ta’minlovchi sifatida xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan matn – birinchidan kelib chiqqan ikkilamchi kommunikatsiyadir 8 . Funksional lingvistikada funksionallik-strukturalilik, jarayon- natija, dinamiklik-turg‘unlik, faollik- nofaollik kabi diskurs / matn mezonlarini belgilashda qarama-qarshilikka asoslangan oppozision yondashuv yetakchilik qiladi. Shunga ko‘ra «matn-natija» tuzilishi va funksional «diskurs-jarayon sifatida» ko‘rinishi o‘zaro muvofiq keladi. Shunday ekan, gap matn bilan bog‘liq, fikr esa diskursga tegishli hisoblanadi. Diskursning asosiy kategoriyalari Har qanday matn/diskursning funksional tahlili ifodaning ma’noviy asoslari diskurs kategoriyalari bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatadi. Diskurs nazariyasining muhim tushunchalari sifatida propozitsiya, presuppozitsiya, eksplikatura, implikatura, inferensiya va referensiya kabilarni ko‘rsatish mumkin. Propozitsiya – qator gaplarning paradigmatik qayta o‘zgarishlar bilan aloqador, fikrlarning tasdiq, buyruq, so‘roq kabi turli kommunikativ vazifalari bilan o‘zaro bog‘liq invariant ma’nolaridir. U nutqiy vaziyatni ifodalab, tildagi lisoniy hodisalar vositasida tavsiflash, so‘zlovchi yoki yozuvchini fikr ifodalashda asosli dalillar bilan qurollantirish kabi vazifalarni amalga oshiradi. N.Mahmudov «gap semantikasi obyektiv va subyektiv ma’nolar munosabatidan tashkil topgan nisbiy butunlik degan qarashga moyillik bildiradi. Gapning obyektiv mazmuni deganda, gap orqali ifodalangan va inson ongida aks etgan obyektiv voqelikni tushunadi. Bu voqelik sintaktik semantikaning nominativ yo‘nalishida propozi t siya atamasi bilan nomlanadi. Propozitsiya ma’lum gap semantikasida o‘z ifodasini 8 O‘ sha asar , 43- bet .