Italiya va Germaniya yangi zamon davrida
Italiya va Germaniya yangi zamon davrida Reja : 1. XIX asr o’rtalarida Italiyani birlashtirish uchun kurashning borishi. 2. Benzo Kamillo Kavur va uning Italiyani birlashtirishdagi faoliyati. 3. Fransiya va Sardiniyaning Avstriyaga qarshi urushi. 4. Italiyaning birlashtirilishi. 5. XIX acrning 50-60-yillarida german davlatlarining ijtimoiy – iqtisodiy va siyosiy ahvoli. 6. Prussiyada konstitusiyaviy nizo va Otto fon Bismarkning hokimiyatga kelishi. 7. Bismark hukumatining ichki va tashqi siyosati. 8. Shimoliy Germaniya ittifoqi. 9. Germaniyaning birlashtirilishi.
XIX asr o’rtalarida Italiyani birlashtirish uchun kurashning borishi . Italiyada 1848 - 1849 yillardagi inqilobning bosh vazifasi siyosiy jihatdan tarqoq bo’lgan Italiya davlatlarini ajnabiylar hukmroligidan ozod qilish va ularni yagona milliy davlatga birlashtirish edi. Biroq inqilob bu vazifani bajara olmadi. Pemont (Sardiniya) qiroli Karl Albert Avstriya hukmronligi ostidagi Lombardiya va Venesiya viloyatlarini ozod etib, Pemont boshchiligida Shimoliy Italiyani birlashtish maqsadida 1848 yilning mart - avgusti davomida Avstriyaga qarshi olib borgan birinchi va 1849 yilning martidagi ikkinchi urushi muvafaqqiyatsiz tugadi. 1848-1849 yillardagi inqilob saboqlarini tanqidiy tahlil qilish jarayonida demokratlar va mo’tadillar o’rtasida milliy ozodlik va mamlakatni birlashtirish uchun kurash usullari haqida, unda cherkov, monarxiya va xalq ommasining o’rni to’g’risida, milliy va ijtimoiy vazifalarning o’zaro munosabati haqida qizg’in munozaralar bordi. D.Madzini qo’zg’olonlar asosida yangi inqilobni keltirib chiqarishga harakat qildi. Uning ishtirokida 1853 yil Milanda ko’tarilgan qo’zolon, 1857 yil esa Sisiliyaga yuborilgan qurolli ekspedisiya ham muvafaqqiyatsiz bo’ldi. Shundan so’ng Madzini Italiyada endi paydo bo’lgan ishchilar harakatidan demokratiya va milliy mustaqillik uchun kurashda foydalanishga harakat qildi. Demokratlarning bir qismi «madzinizm»dan voz kechdi, Italiyadagi inqilobning istiqbollari va imkoniyatlarini turlicha tahlil qilib, sensimonizm, anarxizm va federalizmni yoqladilar. J.Garbaldi va boshqa bir guruh demokratlar J.Madzini va uning tarafdorlaridan farqli holda milliy mustaqillik va mamlakatni birlashtirish uchun demokratlarning liberal doiralari va savoyi sulolasi bilan jips ittifoqchiligi zarur degan xulosaga keldilar. 1857 yilda Garibaldi Pyemont liberalllarining tashabussi bilan tashkil qilingan «Milliy jamiyat» ning vise - prezidenti qilib tayinlandi. Benzo Kamillo Kavurning Italiyani birlashtirishdagi faoliyati XIX asrning o’rtalarida Italiyada liberalizmning asosiy markazi Pyemont bo’lib qoldi. Qirol Viktor Emmanuil ommaviy inqilobiy harakatlarning takrorlanish ehtimolidan tashvishga tushib liberallar bilan hamkorlik qildi. Pyemontning premyer - ministri bo’lgan graf Benzo Kamillo Kavur (1852-1861) liberal
doiralarning mashhur vakili edi. Ajoyib siyosatchi va parlament kelishuvlarining tashabusskori bo’lgan Kavur qirolga turli reaksion kuchlarning bosimini qaytarishga muvaffaq bo’ldi. Boshqa arboblardan farqli ravishda Kavur Italiyani birlashtirish uchun mamlakatga kuchli iqtisodiy rivojlanish zarur ekanligini tushunib yetdi. Uning tashabbusi bilan 50-yillarda Pyemontda temir yo’llar, irrigasiya inshoatlari, kanallar, ko’priklar qurilishi avj oldi. Natijada savdo floti, qishloq xo’jaligi, to’qimachilik sanoatining rivoji uchun qulay shart-sharoit yaratilib, Pyemont tashqi savdosining hajmi kengaydi. Kavur savoyi sulolasining manfaatlarini milliy ozodlik kurashi va Italiyani birlashtirish vazifasi bilan muvofiqlashtirishga harakat qildi. Tashqi siyosat bobida Kavur Avstriyaga qarshi kurashish uchun buyuk davlatlarning yordamidan foydalanishga intildi. Shu maqsadda Pyemontning 15 ming kishilik harbiy korpusi 1853-1856 yillaridagi Qrim urushi davomida Rossiyaga qarshi Angliya, Fransiya va Turkiya tomonidan urushda qatnashdi. Shu davrdan Pyemontning Fransiya bilan yaqinlashuvi boshlandi. 1858 yilning iyulida Plombyer shahrida Lui Napoleon III va Kavurning maxfiy uchrashuvi bo’lib o’tdi. Unda Napoleon III kelgusida Pyemontning Fransiya bilan birgalikda Avstriyaga qarshi urushida qatnashishga rozilik bildirib, Italiyaning shimoliy qismini Pyemont boshchiligida birlashtirish va butun Italiya hududida papa boshchiligida konfederasiya tuzish harakatini qo’llab - quvvatlashini ma’lum qildi. Bunday iltifot uchun Kavur Napaleon III ga Italiyaning Fransiyaga chegaradosh bo’lgan Nissa va Savoiya viloyatlarini (bu viloyatlarning aholisi asosan fransuzlardan iborat bo’lgan) tuhfa qilishga va’da berdi. Fransiya imperatori O’rta Yer dengizi havzasida markazlashgan yagona Italiya davlatini tashkil topishi uchun emas balki, Italiya hisobidan Fransiya hududini kengaytirish va Italiyada Avstriyaning mavqyeini zaiflashtirish maqsadida Avstriyaga qarshi urushda Pyemont bilan ittifoqchilik qildi. Fransiya va Pyemontning Avstriyaga qarshi urushi
1859 yilning oxirida boshlangan Fransiya va Pyemontning Avstriyaga qarshi urushidagi harbiy harakatlari asosan Italiya hududida bordi. 4-may kuni Mojenta yaqinidagi jangda ittifoqchilar qo’shini Avstriya qo’shini ustidan g’alaba qozonib, Lombardiyani egalladi. 24 iyunda esa Solferino yaqinida avstriyaliklar butunlay yakson qilindi. Urushdan nafaqat armiya balki, Italiya xalqi ham faol qatnashdi. Xalq qo’zg’oloni natajasida Toskana, Parma va Modenadan avstriyalik gersoglar haydaldi. Rim viloyati esa o’zining mustaqilligini e’lon qildi. 1859 yilning 11 avgustida Venesiyaning Villafranka shahrida Napoleon III va Avstriya imperatori Frans-Iosif sulh shartnomasini imzoladilar. Sulh shartnomasiga ko’ra Pyemontga faqat Lombardiya qo’shib berildi. Venesiya esa Avstriya hukmronligi ostida qolaverdi, Appenin yarim orolida oliy hokimiyat Viktor Emmanuil II ga emas, balki mamlakatning milliy jihatdan birlashtirishning dushmani bo’lgan papa Piy IX ga tegishli ekanligi, Modena, Parma va Toskana gersogliklaridan qo’vg’in qilingan gabsburglar honadoni vakillarining hokimiyati tiklanganligi e’lon qilindi. Villafrankadagi kelishuv bitimi italiya xalqining norozilik harakatlarini yangidan ko’tarilishiga sabab bo’ldi. Xalqning Viktor Emmanuil II hukumatiga bo’lgan ishonchi yo’qoldi. 1859 yilning oxiri va ayniqsa 1860 yilda Appenin yarim orolida siyosiy kurash avj olishi natijasida Modena, Parma va Toskanada avvalgi gersoglar hokimiyatini tiklash imkoni bo’lmadi. U yerlarda umumiy saylov asosida saylangan milliy majlislar mazkur gersogliklarni Pyemontga qo’shilishi haqida qaror chiqardilar, papa viloyatida ham shunday qarorga kelindi. Italiya hududida avj olib ketgan ommaviy inqilobiy harakatlarni bostirish imkoniyatiga ega bo’lmagan Napoleon III ham Italiya davlatlarini Pyemont atrofida birlashtirilishiga rozilik bildirishga majbur bo’lib, va’da qilingan Savoiya va Nissa viloyatlarini Fransiyaga berilishini talab qildi. Shu yili bu ikki viloyat Fransiya ixtiyoriga berildi. Italiyaning birlashtirilishi Yarim orolning shimolida boshlangan xalq harakati janubiy viloyatlarga ham tarqaldi. 1860 yilning oxirida Italiyaning janubidagi Palermo shahrida qo’zg’olon
ko’tarildi. Biroq qo’zg’olon Sisiliya qirolining qo’shini tomonidan bostirildi. Shimolning respublikachi - demokratlari janubliklarga yordam berish uchun may oyida Gresiyadan Sisiliyaga J.Garibaldi boshchiligida 1200 kishidan iborat harbiy otryad yubordi. Bu tarixda «minglar yurishi» yoki «qizil kuylaklilar» (chunki uning qatnashchilari qizil rangli matodan kuylak kiyganlar) nomi bilan ma’lumdir. Kalabri shahriga yetib kelgan mazkur otryad xalq ommasining qo’llab-quvvatlashi natijasida 1860 yilning 7-sentyabrida Ikki Sisiliya qirolliginin poytaxti Neapolni jangsiz egalladi. 1-oktyabr kuni Garibaldi otryadi qirol Fransisk II qo’shinlarini Volturno daryosi bo’yidagi hal qiluvchi jangda tor-mor etib, Italiya janubida burbonlar sulolasi vakillarining hokimiyatiga chek qo’ydi. Fransisk II esa Rim viloyatiga qochdi. 1860-yil 21-oktyabrda Neapolitaniyada Garibaldi plebissit-referendum o’tkazdi. Neapolitaniya qirolligi aholisining aksariyati Pyemontga qo’shilishni yoqlab chiqdi. Garibaldi kuzatuvida Pyemont qiroli Viktor Emmanuil tantanali ravishda Neapolga kirib keldi. 1861-yil fevralda Pyemontning Turin shahrida umumitaliya parlamenti ochildi. 14 martda Viktor Emmanuil Italiya qiroli deb e’lon qilindi. Shunday qilib, «risorjimento»ning eng asosiy vazifalaridan biri Italiyaning birlashtirilishi vazifasi deyarli bajarildi. Biroq mamlakat Rim va Venesiya viloyatlarisiz birlashtirildi. Rim viloyati mustaqil bo’lib, undagi dunyoviy hokimiyat papa qo’lida mujassamlashgan edi. Garibaldi boshchiligida harbiy otryadning 1862 yil papa viloyatini egallashga bo’lgan urinishi natijasiz bo’ldi. Venesiya viloyati Avstriya hukmronligi ostida bo’lib, 1866 yilda Prussiya va Italiyaning Avstriyaga qarshi urushida Avstriyaning mag’lubiyatga uchrashi oqibatida mazkur viloyat Italiyaga qo’shib olindi. 1867 yilda Garibaldi harbiy otryadining Rimga yurishi ham muvafaqqiyatsiz tugadi, Rim viloyati 1870 yilgacha fransuz qo’shinlarining himoyasida alohida mustaqil davlat bo’lib qolaverdi. 1870 yilda boshlangan Fransiya - Prussiya urushida Fransiyaning mag’lubiyatga uchrashi natijasida Rimdan fransuz harbiy garnizoni chaqirib olindi