LINGVOKULTUROLOGIYANING VUJUDGA KELISHI
LINGVOKULTUROLOGIYANING VUJUDGA KELISHI Reja: 1. Lingvokulturologiyaning fan sifatida shakllanishi 2. Lingvokulturologiyaning asosiy yo‘nalishlari 3. Lingvokulturologiya maktablari
1. Lingvokulturologiyaning fan sifatida shakllanishi. Tilshunoslikda XX asrning oxirlariga kelib “til madaniyat bilan bog‘liq bo‘lib qolmasdan, balki uning o‘zi madaniyatdan o‘sib chiqqan va uni ifodalaydigan vositadir” degan faraz qabul qilina boshlandi. Ayni paytda til madaniyatning yaratilish vositasi, rivojlanishi, saqlanishi (matnlar ko‘rinishida) va uning tarkibiy qismidir. Chunki til vositasida madaniyatning moddiy va ma’naviy asarlari yaratiladi. Ana shu g‘oya asosida ming yillar davomida shakllangan lingvokulturologiya fanning yangi, maxsus sohasi sifatida XX asrning 90-yillarida vujudga keldi. Lingvokulturologiya tilshunoslikdagi antroposentrik paradigmaning mahsuli bo‘lib, u so‘nggi o‘n yilliklar davomida rivojlanib kelmoqda. XXI asrning boshlariga kelib lingvokulturologiya jahon tilshunosligidagi yetakchi yo‘nalishlardan biriga aylandi. Lingvokulturologiya tilda va diskursda o‘z aksini topgan va mustahkamlangan xalq madaniyatini o‘rganadi. U birinchi navbatda, muayyan madaniyatning mif, afsona, urf-odat, an’ana, udum, taomil, ramzlarini va h.k.ni tadqiq etadi. Mazkur konseptlar madaniyatga taalluqli bo‘lib, ular tilda maishiy va taomil muomalasi shaklida mustahkamlanadi. V. N. Teliyaga ko‘ra, lingvokulturologiya, avvalo, jonli kommunikativ jarayonlarni va ularda qo‘llaniladigan til ifodalarining sinxron harakatdagi xalq mentaliteti bilan aloqasini tadqiq qiladi. Lingvokulturologiya tilni madaniyat fenomeni sifatida o‘rganuvchi fan bo‘lib, o‘zaro aloqadorlikda bo‘lgan til va madaniyat uning predmetini tashkil qiladi. Binobarin, V.N. Teliya bu haqda shunday yozadi: “Lingvokulturologiya insoniy, aniqrog‘i, insondagi madaniy omilni tadqiq etuvchi fandir. Bu esa shuni bildiradiki, lingvokulturologiya markazi madaniyat fenomeni bo‘lgan inson to‘g‘risidagi antropologik paradigmaga xos bo‘lgan yutuqlar majmuasidir” 1 . G.G.Slishkinga ko‘ra, “Lingvokulturologiya inson omiliga, aniqrog‘i, insondagi madaniyat omiliga yo‘naltirilgan. Lingvokulturologiyaning markazi 1 Телия В.Н. Русская фразеология: семантический, прагматический и лингвокультуроло-гический аспекты. –М.: Школа “Языки русской культуры”, 1996. –C. 222.
madaniyat fenomenidan iborat bo‘lishi inson haqidagi fanning antropologik paradigmaga tegishli hodisa ekanligidan dalolat beradi” 2 . N. Alefirenko lingvokulturologiyani quyidagicha tavsiflaydi: - lingvokulturologiya tilshunoslik va madaniyatshunoslik bilan chambarchas bog‘langan bo‘lib, u sintezlovchi xususiyatga ega; - lingvokulturologiyaning asosiy e’tibori tilda izohlanadigan madaniy dalillarga qaratiladi; - lingvokulturologiya tilshunoslik fanlariga kiradi, shuning uchun uning tadqiqot natijalaridan ona tili va chet tillari o‘qitish jarayonida amaliy foydalanish mumkin; - lingvokulturologiya tadqiqotlarining asosiy yo‘nalishlari: a) lisoniy shaxs; b) til madaniy qadriyatlarning semiotik gavdalantirish tizimi hisoblanadi 3 . 2. Lingvokulturologiyaning asosiy yo‘nalishlari . Lingvokulturologiyada bugungi kunga qadar bir qancha yo‘nalishlar shakllangan: 1. Muayyan ijtimoiy guruhlar, xalqning ko‘zga ko‘ringan davrdagi madaniy munosabatlari lingvokulturologiyasi, ya’ni aniq lingvokulturologik holatlarning tadqiq etilishi. 2. Xalqning muayyan davriga tegishli bo‘lgan lingvomadaniy o‘zgarishlarni o‘rganadigan diaxronik lingvokulturologiya. 3. O‘zaro aloqada bo‘lgan turli xalqlarning lingvomadaniy ko‘rinishlarini tadqiq qiladigan qiyosiy lingvokulturologiya. 4. Chog‘ishtirma lingvokulturologiya. U endi rivojlanishga boshlagan bo‘lib, ayrim tadqiqotlarda o‘z aksini topgan. Masalan, M.K. Golovanivskaya “Rus tili sohibi nuqtayi nazaridan fransuz mentaliteti” nomli tadqiqotida fransuz mentaliteti xususiyatlarini rus tili va madaniyati sohibining nuqtayi nazaridan o‘rgangan. Tahlil materiali sifatida rus va fransuz tillaridagi taqdir, xavf, omad, jon, vijdon, fikr, g‘oya va h.k. mavhum otlar xizmat qilgan. 2 Слышкин Г.Г. От текста к символу. Лингвокультурные концепты прецедентных текстов в сознании дискурса. –М.: Издательский центр «Академия», 2000. 3 Алефиренко Н.Ф. Лингвокультурология. Ценностно-смысловое пространство языка. Учебное пособие. –М.: Флинта, Наука, 2010. –С. 21.
5.Geografik lug‘atlar (qarang: Amerikana. Англо-русский лингво - страноведческий словарь / Под ред. Н.В.Чернова. - Смоленск, 1996; Мальцева Д. Г. Германия: страна и язык: Лингвострановедческий словарь. - М., 1998; Муравлева Н.В. Австрия: Лингвострановедческий словарь. - М., 1997 va h . k .) ni tuzish bilan shug ‘ ullanadigan lingvomadaniy leksikografiya . Qayd qilinganlar orasida oxirgi yo‘nalishning faol rivojlanganligini ko‘rish mumkin. Masalan, D. G. Malsevaning lug‘ati 25 mavzuiy bo‘limni o‘z ichiga oladi. Ularda Germaniyaning geografik realiyalari, iqlimi, o‘simlik va hayvonot dunyosi, tarixi, urf-odatlari, an’analari, afsonalari, aforizmlari, turli bayram va marosimlari, diniy aqidalari, pul birligi, o‘lchov birligi, sanoati, savdosi, fan va texnikasi, san’ati, ta’limi, milliy taomlari, me'moriy obidalari, milliy xarakteri va h.k. ni ifodalaydigan til birliklari aks etgan. Bunday lug‘atlar asosida til va madaniyatning o‘zaro aloqasini atroflicha o‘rganish mumkin. Lingvokulturologik tadqiqotlarda, asosan, quyidagi masalalarni tadqiq etilganini ko‘rish mumkin: 1) muayyan nutqiy janrning lingvokulturologik xususiyatlari. Bunda miflar, xalq og‘zaki ijodiga xos janrlar tili o‘rganilgan; 2) muayyan uslubda yozilgan asardagi lingvomadaniy konseptning ifodalanishi tadqiqi. Bunda asosan badiiy-nasriy asarlar tili tahlil etilgan; 3) qiyosiy yo‘nalishdagi tadqiqotlar. Bunda ko‘proq rus tilidagi birliklar ingliz, nemis, fransuz tillari bilan qiyoslangan; 4) lingvokulturologiyaning pedagogika fani bilan bog‘liq jihatlari. Bunda ijtimoiy fanlarda o‘quvchi va talabalarga lingvokulturologik birliklarni aniqlash va tahlil etish maqsad qilib olingan. O’zbek tilshunosligida lingvokulturologik tadqiqotlar oxirgi o‘n yilliklarda paydo bo‘la boshladi. Jumladan, Z.I.Soliyevaning nomzodlik ishida o‘zbek va ingliz tillaridagi sentensiya, ya’ni axloqiy-ta’limiy xarakterdagi matnlarning milliy-madaniy xususiyatlari yoritilgan 4 . R.S.Ibragimovaning nomzodlik dissertatsiyasida ayol konseptining o‘zbek va fransuz tillarida ifodalanish yo‘llari 4 Салиева З.И. Концептуальная значимость и национально-культурная специфика сентенции в английском и узбекском языках: Афтореф. дисс...канд.филол.наук. –Ташкент, 2010. –С.25.
tadqiq etilgan 5 . D. Xudoyberganovaning “Matnning antroposentrik tadqiqi” nomli monografiyasining alohida bobi o‘zbek tilidagi matnlarning lingvokulturologik xususiyatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan 6 . Shuningdek, professor N. Mahmudovning “Tilning mukammal tadqiqi yo‘llarini izlab...” nomli maqolasida lingvokulturologiyaning mohiyati va bu sohadagi muammolar ko‘rsatib berilgan 7 . 3. Lingvokulturologiya maktablari . XX asrning oxiriga kelib Moskvada to‘rtta lingvokulturologik maktab yuzaga keldi: 1. Yu.Yu. Stepanov maktabining maqsadi madaniyatning davomiyligini diaxron nuqtayi nazardan tasvirlashdir. Yo‘nalish turli davrlarda yaratilgan matnlar yordamida, ya’ni tilning faol egasi emas, balki tashqi kuzatuvchisi sifatida ish ko‘radi. 2. N.D. Arutyunova maktabi turli xalqlar va davrlarga oid matnlardagi umummadaniy terminlarni tadqiq etadi. Mazkur madaniy terminlar ham tilning faol egasi emas, balki tashqi kuzatuvchisi nuqtayi nazaridan o‘rganiladi. 3. V.N. Teliya maktabi Rossiyada va xorijda frazeologizmlarning lingvokulturologik tahlil qilish bilan tanilgan. V.N.Teliya va uning shogirdlari lisoniy mohiyatlarni jonli til egasining refleksi nuqtayi nazaridan tadqiq qilishadi. Ya’ni bu madaniyat semantikasini bevosita til va madaniyat subyekti orqali egallashga qaratilgan yo‘nalishdir. 4. V.V. Vorobyev, V. M. Shaklein maktabi. Ular Ye.M.Vereshchagin va V.G.Kostomarovlarning ta’limotlarini rivojlantirishdi. Shunday qilib, lingvokulturologiya jonli milliy tilda va til jarayonlarida namoyon bo‘ladigan moddiy va ma’naviy madaniyatni o‘rganadigan ijtimoiy fandir. U tilni madaniyatning yaratilish vositasi, rivojlanishi, saqlanishi va namoyon bo‘lishidek eng muhim vazifasini belgilab beradi. 5 Ибрагимова Р.С. Француз ва ўзбек тилларида АЁЛ концептининг лингвокогнитив тадқиқи: Филол. фанлар номзоди... дис.автореф. –Тошкент, 2012. 6 Худойберганова Д. Матннинг антропоцентрик тадқиқи. –Тошкент: Фан, 2013. 7 Маҳмудов Н. “Тилнинг мукаммал тадқиқи йўлларини излаб...”// Ўзбек тили ва адабиёти. – Тошкент, 2012. -№ 5. –Б. 3-16.