Xona interyeri hamda jihozlanish dizayni zamonaviy taraqqiyot yo‘nalishlari
Xona interyeri hamda jihozlanish dizayni zamonaviy taraqqiyot yo‘nalishlari Reja: 1. Interer va fasadlarni bo‘yash 2. Xona intererini bezatish 3. Xona intereridagi badiiy bezaklar. 4.Umumta’lim maktablarida texnologiya ta’limi o‘quv xonalarini jihozlash va unga qo‘yiladigan talablar. 5.O‘quv ustaxonalarini jihozlash dizayni va zamonaviy taraqqiyot yo‘nalishlari.
Interer va fasadlarni bo‘yash Ta’lim muassasasi devorlarni bo‘yash da ranglar turli yoshdagi o‘quvchilarga turlicha ta’sir etishini hisobga olib amalga oshiriladi. Ko‘p hollarda ana shu ta’sirni bilmaydigan kishilar tomonidan devorlarni bo‘yashda ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yiladi. Bu ish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha tadbirlarda badiiy sovet va tasviriy san’at o‘qituvchilarining ishtirok etishi maqsad muvofiqdir. Devorlarni bo‘yashda ranglarni o‘z o‘rnida qo‘llash, ularning psixologik ta’siriga alohida e’tibor berish lozim. Ranglarni o‘z o‘rnida qo‘llanishi pirovard natijada ta’lim-tarbiya ishlari sifatini oshirishga qaratilgan bo‘lsa, psixologik ta’sirchanlik ham sinfda o‘quvchi uchun maishiy va ma’naviy qulaylik yarata olishi kerak. Sinf xonalarini bo‘yash uchun ranglar tayyorlashda ularning yorug‘lik qaytarish xususiyatlarini nazarda tutish lozim. Sinf xonasining shakli, hajmi, unga tabiiy yorug‘lik qay darajada tushishiga, sun’iy yoritish xarakteriga qarab devorlarini bo‘yash uchun u yoki bu rangning to‘yinganligi aniqlanadi. Ranglarning to‘yinganligini aniqlash uchun turli ranglarga bo‘yalgan sirtlarning yorug‘lik qaytarish koeffitsientlarini hisobga olish lozim. Devorlarni bo‘yashda qo‘llanadigan asosiy ranglarning yorug‘lik qaytarish xususiyatlari quyidagicha: Oq – 85% Kulrang - 55% Och sariq- 75% Yashil- 52% Och yashil- 65% Havorang- 35% Och ko‘k- 65% To‘q qizil-13% Sariq- 65% To‘q ko‘k- 8% Inson ko‘zi sirtlardagi yorqinlik va ranglarni shu sirtlarga tushayotgan yorug‘likning qaytishi natijasida idrok qiladi. Sirtlarning yorqinligi, birinchidan, ularni qanday rangli yorug‘lik nurlari bilan yoritilganiga, ikkinchidan, shu sirt unga tushayotgan nurlarni qanday aks ettirishiga bo g‘ liq. Kunduzgi yorug‘likda ranglar va ularning tuslari yaxshi ko‘rinsa, kam yoritilgan joylarda ranglar to‘qnashadi va bir-biridan farqlanishi qiyinlashadi.
Ranglar spektrida mavjud bo‘lgan barcha ranglarni uch asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha xarakterlash qabul qilingan: 1. Rang qaytarish koeffitsienti o‘lchanadigan yorqinligi (sirtga tushayotgan yorug‘lik bilan sirtdan qaytuvchi yorug‘lik nisbatlari) bilan. 2. Rang to‘lqinidagi aynan o‘sha rangning o‘zi bilan; 3. Rangning to‘yinganligi va tozaligi bilan (bu rangning ranglar spektridagi boshqa ranglarga nisbat miqdori). Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, xona va intererlarni jihozlash, ommaviy tadbirlar: munozara, miting, tantanali marosim va kechalar o‘tkaziladigan joylarni bezash uchun nurni filtrlaydigan rangli yoritkichlar va applikatsiyalardan foydalanish kerakli kayfiyatni vujudga keltirishda katta rol o‘ynaydi. Buning dalili sifatida shuni aytish mumkinki, munozaralarda sariq, to‘q sariq, yashil, och jigar rang yoritkichlar yordamida qo‘shimcha ishonchlilik, oshkoralik vaziyati, kechalarda och tusli qizil, sariq, havo rang yoritkichlar orqali ko‘tarinkilik kayfiyati, tantanali mitinglarda sariq, ko‘k, to‘q sariq, yashil rangli yoritkichlar bilan jiddiylik, betartiblik vaziyati vujudga keltiriladi. Dam olish xonalaridagi rang va yorug‘lik o‘quvchilar va o‘qituvchilarning ishdan va o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida yaxshiroq xordiq chiqarishlari uchun qulay sharoit yaratadigan bo‘lishi lozim. Sinf xonalaridagi ranglar ikki-uch xildan oshmasligi lozim. O‘quv yurtidagi umumiy ranglar uyg‘unligini saqlash uchun bir xil ranglarning to‘yinganlik va yorqinlik darajasi bir necha variantlarda olinishi mumkin. O‘qituvchilar yoqtiradigan yorqin, to‘yingan ranglarni o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan xonalarda qo‘llash mumkin. Dam olish xonalari, vestibyul, zinopoyalar, oshxona va boshqa joylarda hamda majlislar zali va boshqa joylarda qo‘llaniladigan ranglarning yorqinligi va gammasiga qo‘yiladigan qat’iy talablarga javob beradigan ranglardan foydalanish kerak Bu joylardagi ranglarning yorqinlik jihatidan kontras bo‘lishi o‘quvchilarni binoga kirib kelishida, tanaffus paytlarida ularning kayfiyatini ko‘taradi.
Ammo yorqin to‘yingan ranglar bilan katta sirtlarni bo‘yash tavsiya etilmaydi. Chunki bu hol umumiy yoritilganlikni pasaytiradi, o‘quvchilarda tig‘izlik taassurotlarini keltirib chiqaradi, ularning ko‘zini charchatadi. Rang hamda yorug‘likning kuchli kontrastlari o‘quvchilarda quvnoq kayfiyat yaratishga ko‘maklashadi. Ammo bunday mazkur xonalarning devorlari turli-tuman to‘q ranglarga bo‘yalishi kerak, degan ma’no chiqarmaslik lozim. Bunday ranglar bolalarning jig‘iga tegishi, estetik jihatdan esa hech qanday manfaat keltirmasligi shubhasizdir. Bundan tashqari, katta yuzalarning (pol, devor) to‘q ranglarga bo‘yalishi xonaning yorug‘ligiga to‘siq bo‘ladi. Bu moyli bo‘yoqda ham, boshqa xil bo‘yoqlarda ham salbiy natijaga olib keladi, xonada ko‘rish tiniqligi yo‘qoladi, xonaning o‘zi "torayib ketadi". Barcha xonalar katta va yorug‘ xona taassurotini berishi kerak. O‘rtacha quyuqlikdagi, rangi to‘q bo‘yoq bilan ko‘tilgan darajada kuchli va quvnoq taassurot beradigan vaziyatni vujudga keltirish mumkin emas. Demak, mazkur xonalarning pol va devorlarini, eshik va romlarini ham yorqin rangga bo‘yash kerak. To‘rt tomondagi devorning pastki qismini (ya’ni panelini), doskani to‘qroq qilish kerak Kamroq miqdorda ishlatilgan to‘q rang xonadagi boshqa ranglarning ravshanligini va yorqinligini kuchaytirib ko‘rsatadi. Xona intererini bezatish Bezak san’atning binoni bezatishga xizmat qiladigan asosiy yo‘nalishlari - o‘quv xonalarini, sport va majlislar zallarini, koridorlarni bezash, ko‘rgazmalar tashkil etish, maktab teatri uchun dekoratsiya ishlash, dekorativ – amaliy san’at buyumlari yasash, plakatlar chizish, turli axborot vositalarini tayyorlash va hokazolardan iboratdir. Har qanday metodik vazifa singari badiiy bezash ishlari ham professional aniqlikka va ijodiy yondashishga asoslanishi kerak.
Professional o‘quvchining badiiy izlanishini to‘g‘ri va konstruktiv yo‘nalishga solsa, ijodiy yondashish, etuk badiiy xulosalar chiqarishga olib boradi. Intererni badiiy bezashda dekorativ-amaliy san’atning yog‘och va ganch o‘ymakorligi, naqqoshlik, dekorativ haykaltaroshlik, mozaika, vitraj, chekanka va boshqa turlaridan foydalaniladi. Badiiy bezash ishlarida amaliy bezak san’atining ana shu turlarini qo‘llashdan ko‘zlanadigan maqsad-ta’lim va tarbiya maskani bo‘lmish o‘quv yurti intererining o‘ziga xos xususiyatlarini to‘laroq yoritishdan, o‘quvchilarda bu san’atga qiziqish uyg‘otishdan va amaliy bezak san’at sirlarini o‘quvchilar uchun yanada yaqinroq va tushunarliroq qilishdan iboratdir. Tavsviriy san’atning barcha turlari kabi badiiy bezash ishlari ham kompozitsiyaning umumiy qonuniyatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. Kompozitsiya lotincha "kompositie" so‘zidan olinib, to‘qish, tuzish, joylashtirish, alohida qismlarni butun qilib birlashtirishni anglatadi. Badiiy bezash san’atida bajarilayotgan ishlarning ta’sirchanligini oshirish ba’zan kompozitsiyaning ma’lum qoidalarini bo‘zish ham mumkin. Ko‘pincha badiiy bezak ishlarida qo‘llanayotgan yangi, ilgari ishlatilmagan materiallardan foydalanishda ma’lum originallikka erishish maqsadida shunday qilinadi. Badiiy bezak ishlarida kompozitsiyaning asosan uchta: tekis, xajmli, kenglik va chuqurlikka ega bo‘lgan turlari mavjud. Bularning barchasi u yoki bu G‘oyani amalga oshirishda, qanadydir bir umumiy sifat va belgilarga ega bo‘ladi. Gorizontal kompozitsiya – bunda kompozitsiya elementlarini gorizontal yuzaga joylashtiriladi, masalan, dala, shahar ponoramasi va boshqalar. Vertikal kompozitsiya aktiv, dinamik kompozitsiya bo‘lib, yuqoriga o‘sish, parvoz tasavvurini hosil qiladi; uning detallari asosan tik chiziq bo‘yicha joylashadi. Dioganal kompozitsiya – uning qurilishi dinamik va shiddatli sxemalarga asoslanadi.