Yangilanayotgan O`zbekistonda tarix falsafasi
Yangilanayotgan O`zbekistonda tarix falsafasi . Reja: 1. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev asarlari. O’zbekiston Respublikasining rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Xarakatlar strategiyasining maqsad vazifalari. 2. Taraqqiyot strategiyasi – milliy taraqqiyotimiz garovi. Ijtimoiy taraqqiyotda tarixiy ong va tarixiy xotiraning o’rni. 3. Dunyo xamjamiyati va O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlar
Biz mamlakat hayotiga doir har bir qarorni xalqimiz bilan maslahatlashib, bevosita muloqot asosida qabul qilmoqdamiz. “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan g‘oya bu borada faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda. 2017 yil xalq bilan yaqindan muloqot qilish, uning dardu tashvishlari, hayotiy muammolarini samarali hal etish bo‘yicha yangi tizim yaratilgan yil bo‘ldi, deb aytishga to‘la haqlimiz. Bu tizimning asosi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashning o‘ziga xos demokratik instituti sifatida amalda o‘zini oqlamoqda. Qisqa muddatda ana shu qabulxonalarga bir yarim milliondan ziyod fuqaro murojaat qilgani va qancha-qancha odamning yillar davomida hal etilmagan muammolari ijobiy yechilgani O‘zbekistonda xalq hokimiyati nomiga emas, amalda joriy etilayotganini ko‘rsatmoqda. Joriy yilda O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tashkil etish, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” va “Nuroniy” jamg‘armalari ishini yanada faollashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi. Yurtimizda yashab kelayotgan, lekin fuqaroligi bo‘lmagan 1100 dan ortiq shaxsga O‘zbekiston fuqaroligi berildi. O‘ylaymanki, bu inson huquq va erkinliklarini amalda ta’minlashga qaratilgan ishlarimizning yana bir tasdig‘idir. Bugungi kunda jamiyat hayotidagi mavjud muammolarni samarali yechish, keng ko‘lamli islohotlarni izchil davom ettirish zarurati davlat boshqaruvi sohasida mutlaqo yangi tizim yaratishni taqozo etmoqda. O‘ylaymanki, buning uchun “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish vaqti keldi. Bu borada boshqa muhim masalalar qatorida davlat xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash va ularning munosib ijtimoiy ta’minot tizimini yaratish, ayni vaqtda mansabdor shaxslar javobgarligini oshirishni ham ko‘zda tutish maqsadga muvofiqdir.
Biz boshqaruv sohasida birinchi navbatda ijro hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish, kadrlar, moddiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha aniq mezon va tartiblarni joriy etishimiz zarur. Ikkinchidan , ijro hokimiyati organlari zimmasidagi vazifalarni amalga oshirish tartibini, ularning mas’uliyat doirasini aniq belgilash lozim. Uchinchidan , iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sirlarni qisqartirish va bozor mexanizmlaridan keng foydalanish kerak. Ya’ni davlat ishtirokidagi biznes tuzilmalarini tashkil etishni cheklash, bu borada bozorga xos mexanizmlarni ishlab chiqish, davlatning ayrim funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish darkor. To‘rtinchidan , hokimiyatning vakillik organlari va ijro hokimiyati idoralari o‘rtasida yaqin hamkorlikni ta’minlaydigan usul va uslublarni takomillashtirib, o‘ta markazlashgan boshqaruvdan bosqichma-bosqich voz kechish lozim. Davlat xizmatlarini bevosita quyi bo‘g‘inlarda ko‘rsatish, mahalliy hokimiyat idoralari uchun moliyaviy va boshqa imkoniyatlarni kengaytirish zarur. Bu borada mavjud tartib-taomillarni optimallashtirish va soddalashtirish, boshqaruvning innovatsion shakllarini joriy etish lozim. Beshinchidan , davlat xizmati institutini isloh qilish, korrupsiyaga qarshi ta’sirchan kurash mexanizmlarini joriy etish kerak. Bugun hayotning o‘zi bizdan professional, tezkor va samarali davlat xizmati tizimini shakllantirish, yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor, el-yurtga sadoqatli kadrlarga keng yo‘l ochish bo‘yicha samarali tizim ishlab chiqishni talab etmoqda. Yuqorida zikr etilgan vazifalarni bajarish uchun O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi ni og‘ishmay amalga oshirishimiz darkor. Ma’lumki, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish maqsadida ushbu yo‘nalishda alohida qonun qabul qilindi. Shu asosda aniq maqsadlarga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan davlat dasturi izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Ana shunday ishlarimiz natijasida shu yilning 9 oyida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar o‘tgan yilga nisbatan 33 foizga kamaydi. Biz bunday natijalarni korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi uzoq va davomli
faoliyatimizning dastlabki samarasi, deb qabul qilishimiz, bu yo‘lda yanada qat’iy ish olib borishimiz shart. Islohotlarimiz samarasini oshirishda parlament, deputat va senatorlarning o‘rni va roliga alohida to‘xtalishni joiz, deb hisoblayman. Shu yil 12 iyulda Oliy Majlis a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisiga aylanishi zarurligini alohida ta’kidlab, amaliy chora-tadbirlar dasturini tasdiqlagan edik. Lekin bu dastur ijrosidan xalqimiz qanday naf ko‘rdi, qaysi deputat yoki senator odamlarimizning og‘irini yengil qilishga, sog‘liqni saqlash, ekologiya, kommunal xo‘jalik, ta’lim yoki boshqa sohalarda ularni qiynayotgan muammolarni hal qilishga qanday hissa qo‘shdi? Bu boradagi aniq misollarni xalqimiz hayotda ham, matbuot va televidenieda ham ko‘rayotgani yo‘q. Bu – haqiqat. Afsuski, deputatlar, senatorlarimiz uyg‘onishi kerak, bu – hayot talabi, degan gaplar gapligicha qolib ketdi. Yana bir bor aytaman, kutilgan amaliy natija yo‘q. O‘tgan bir yil davomida sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlandi. Xususan, sudlar tuzilmasini hamda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida hech qaysi hokimiyat bo‘g‘iniga bo‘ysunmaydigan organ – Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi. Kengash tomonidan sudyalikka nomzodlarni tanlash va tayinlashda ta’sirchan jamoatchilik nazorati o‘rnatildi. Mazkur sohadagi islohotlarni davom ettirishimiz lozim. Shu maqsadda Oliy Majlis huzurida Sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga ko‘maklashish komissiyasini tashkil etish zarur, deb hisoblayman. Bu komissiya odamlardan kelib tushayotgan murojaatlar, xalq bilan bevosita uchrashuv va muloqot jarayonida ko‘tarilayotgan masalalarni umumlashtirishi, parlament so‘rovi orqali haqqoniy vaziyatni tahlil qilishi, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi bilan birga muammolarni hal etish choralarini ko‘rishi lozim.
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash uchun, birinchi navbatda, sudyalarni odil sudlovga ta’sir o‘tkazadigan omillardan himoya qilish kerak. Tergov va sud ishiga aralashish holatlarini aniqlash, buning uchun javobgarlikni kuchaytirish va jazo muqarrarligini ta’minlash g‘oyat muhimdir. Biz “Xabeas korpus” institutini joriy etish va tergov olib borishda sud nazoratini kuchaytirish borasidagi ishlarni izchil davom ettiramiz. Shundan kelib chiqqan holda, tintuv o‘tkazishga va jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarning telefondagi muloqotlarini eshitib turishga sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish zarur. Biz ayrim qilmishlarni jinoyatlar toifasidan chiqarish va liberallashtirish, jinoiy jazolarni insonparvarlik nuqtai nazaridan o‘zgartirishga alohida e’tibor qaratamiz. Shu maqsadda 2018 – 2021 yillarda jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiliknirivojlantirish konsepsiyasi ni qabul qilishimiz va amalga oshirishimiz zarur. Xalqimizning kechirimli bo‘lish va bag‘rikenglik kabi azaliy qadriyatlaridan kelib chiqib, jinoiy javobgarlikka tortish muddatlarini qayta ko‘rib chiqish lozim. Shuningdek, yuksak professional darajada faoliyat yuritadigan malakali sudyalarni tayyorlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasini tashkil etishimiz kerak. Konstitutsiya bayramiga bag‘ishlangan majlisda ta’kidlanganidek, bundan buyon O‘zbekistonda hibsga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish, ruhiy hamda jismoniy bosim o‘tkazish, boshqa g‘ayriinsoniy zo‘ravonlikka mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday harakatlarni sodir etgan xodim yoki kimningdir “buyurtmasi”ni bajargan har qanday shaxs, kim bo‘lishidan qat’i nazar, muqarrar qonuniy jazoga tortiladi. Mahkumlar huquqlarini ta’minlaydigan qo‘shimcha mexanizmlar yaratishni hisobga olgan holda, jinoyat-ijro qonunchiligini yanada takomillashtirish alohida ahamiyat kasb etadi.