Jahondagi ekologik muammolar va ularning bartaraf etilishi
Jahondagi ekologik muammolar va ularning bartaraf etilishi
Bundan roppa-rosa 10 yildan soʻng dunyo manzarasi qanday boʻlishi haqida hech oʻylab koʻrganmisiz? Insoniyatning hayot kechirish tarzi qay tarzda oʻzgarishi mumkinligi haqida-chi? Hozirgi anʼanalarimiz qay darajada oʻzgarishi mumkin deb hisoblaysiz? Shunisi maʼlumki, yer sharining ekologik vaziyati oʻtgan asrga nisbatan misli koʻrilmagan darajada oʻzgarishga ulgirishi bilan bir qatorda avlodlarning chinakamiga qargʻishiga sabab boʻluvchi muammolarni ham vujudga keltirdi. Garchi ushbu hodisalar dunyo hamjamiyatini global ekologik muammolar toʻgʻrisida koʻproq maʼlumotlarga ega boʻlish, tadqiqotlar olib borish va bu muammolarni bartaraf etish borasida amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirishga undab kelayotgan boʻlsa hamki, koʻpchilik mamlakatlar va millatlar bu muammolarning koʻlami shabadasini seza olishmayapti yoxud ular oʻzlarini mutlaqo xabarsizdek tutishmoqda.
Oʻtgan asrga nisbatan insoniyat yashash tarzi shunchalik darajada oʻzgardiki, insoniyat sivilizatsiyasida hali mutlaqo kuzatilmagan global isish, dengiz va yer ekotizimlarining misli koʻrilmagan darajada kamayib borishiyu, yer yuzining turli mintaqalarida qurgʻoqchilik, suv toshqinlari kabi bir qator salbiy holatlar ham yuz berayotganligi barchamizga birdek ayondir. Bir soʻz bilan aytganda insonning tabiatga aralashuvi aqlga sigʻmaydigan darajaga yetishga ulgurdi.
'Global muammolar - umumba shariy hayot va taraqqiyot bilan bogʻliq hozirgi zamon muammolari.Ular jumlasiga jahon termoyadro urushining oldini olish, xalqaro terrorchilikka qarshi kurash va barcha xalqlar uchun tinchlikni taʼminlash; rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar oʻrtasida ijtimoiyiqtisodiy taraqqiyot darajasidagi tafovutni bartaraf etish, ochlik, qashshoqlik va savodsizlikni tugatish, rivojlanayotgan mamlakatlarda aholining tez surʼatlar bilan koʻpayayotganligini tartibga solish, atrof muhit halokatli tarzda ifloslanib borayotganligining oldini olish; insoniyatni kerakli resurslar — oziq-ovqat, sanoat xom ashyosi, energiya manbalari bilan taʼminlash, fan va texnika taraqqiyoti salbiy oqibatlarga olib kelishiga yoʻl qoʻymaslik kabilar kiradi.
Global muammolarni 4 guruxga ajratish mumkin: 1) xalqaro siyosiy munosabatlarda vujudga kelgan global muammolar — jahonda rivojlangan, rivojlanib kelayotgan va qoloq mamlakatlarning mavjudligi. Hozirgi kunda jahon siyosiy tartibotini belgilashda dunyodagi 7 rivojlangan mamlakatning mavqei katta. Bu mamlakatlar bilan qoloq mamlakatlar orasidagi tafovut gʻoyat kuchaydi. Taraqqiy qilgan mamlakatlarda demokratik qadriyatlar rivojlangan boʻlsa, qoloq mamlakatlarda avtoritarizm, demokratiyaga zid boʻlgan ijtimoiy munosabatlar avj oldi, xalqaro xavfsizlikka qarshi tahdidlar paydo boʻldi. Buni terrorchilik, ekstremizm koʻrinishlari vujudga kelganligi tasdiqlaydi;