Ona tili darsliklaridagi tilga oid terminlarning tahlili
Ona tili darsliklaridagi tilga oid terminlarning tahlili MUNDARIJA Ishning umumiy tavsifi ……………………………………………………....……….....3 I BOB. TERMIN VA TILSHUNOSLIK TERMINLARI MASALALARIGA DOIR QARASHLARI 1.1. Termin, lug‘at, terminologiya atamalarning sharhi……………………………….....6 1.2. Fonetik, orfografik va orfoepik terminlarining darslik va izohli lug‘at (“O‘TIL” va “TTIL”)dagi talqini……………………………………………………………………….18 1.3. Leksikolok va frazeologik terminlarining darslik va izohli lug‘atlarda berilishi…....34 II BOB. GRAMMATIK TERMINLARNING MAKTAB DARSLIKLARI VA IZOHLI LUG‘ATLARDA BERILISHI 2.1. Morfologik terminlarining darslik va izohli leksikografik manbalardagi talqini……..42 2.2. Mustaqil so‘z turkumlari qiyosi……………………………………………………….43 2.3. Sintaktik terminlarining qiyosiy-tipologik tahlili……………………………………68 III BOB.TARJIBA - SINOVISHLARINATIJALARI 3.1. Ona tili darsliklaridagi tilshunoslik terminlarining genetik tarkibi…………………..79 Xulosa lar …...…………………………………………..……...... ......................................85 Adabiyotlar ro‘yxati ……………………………………………………………………..87
ISHNING UMUMIY TAVSIFI Mavzusining dolzarbligi. Maktab o‘quvchilarining til sohasi bo‘yicha nazariy bilimlarining poydevori bo‘lgan umumta’lim maktablaridagi ona tili darsligi, tilimizning bebaho xazinalarini o‘zida jamlagan izohli lug‘at hamda tilshunoslik ilmiy-nazariy natijalarini o‘zida jamlagan manbalardagi tilshunoslik terminlarining tipologik tasnifi, qiyosi, genezesi va etimologiyasini maktab ona tili darsliklari asosida o‘rganish tadqiqotning muhim ahamiyati sanaladi. Ma’lumki, “Ona tili” o‘quv predmeti o‘quvchilarni adabiy nutq me’yorlari bilan qurollantiradi, ularning so‘z boyligini oshirib, so‘z qo‘llash malakasini shakllantiradi va yuksaltiradi. Ona tili darsliklari xalqimizning kelajagi bo‘lgan yoshlarni milliy faxr bo‘lgan til olamining jozibasi va til hodisalarini nazariy o‘rgatishga poydevor vazifasini bajarmoqda. Shu bois darsliklaridagi til hodisalarini lisoniy tadqiq etish, undagi terminlarining terminografik xususiyatlarini o‘rganish, zamonaviy ilm-fan talablarga mos holda talqin qilish va sharhlab o‘qitish ta’lim samaradorligini oshiradi. Maktab ona tili darslarida reja asosida o‘quvchiga tanishtiriladigan til hodisalari va ularni qamrab oladigan terminlarining bir-biriga o‘xshash va farqli tomonlari o‘rganish, ularni qiyosiy sharhlash bilan bir qatorda bu terminlarni leksikografik va terminografik manbalardagi terminlar bilan qiyoslash, manbalarning tipologik xususiyatlarini yaqindan o‘rganilishiga zamin yaratadi. Shu jihatdan olganda tilshunoslikka oid terminlarini qiyosiy-tipologik sharhlash masalasini o‘rganish, til hodisalarini aks ettiruvchi tilshunoslik terminlarini o‘qitish samaradorligini oshirish ishimizning dolzarbligini belgilovchi omil sanaladi. Tadqiqotning obyekti sifatida, asosan, so‘nggi yillarda makrab o‘quvchilari uchun tavsiya etilgan ona tili darsliklarining oxirgi nashri, shuningdek, tilshunoslik terminlari lug‘ati hamda o‘zbek tilining 5 tomli izohli lug‘atlarga e’tibor qaratildi. 2
Tadqiqotning predmeti ni tilshunoslikka oid terminlarning qiyosi va o‘zaro munosabati, ona tili darsliklaridagi tilshunoslik terminlarining nazariy o‘rganilishi, iyerarxik va sintagmatik jihatdan o‘zaro ta’siri, terminlarning darsliklarda berilish metodikasi tahlil qilinishi tashkil etadi. Tadqiqotning maqsad va vazifalari. Biz o‘z tadqiqotimizda umumta’lim maktablarining ona tili darsiliklarida berilgan tilshunoslikka oid terminlarini qiyosiy o‘rganish va atamalarning nazariy, metodologik jihatdan qo‘llanilishini tadqiq qilishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik. Binobarin, ishda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratiladi: – darslik va lug‘atlarda berilgan terminlarning tipologik ahamiyatini ko‘rsatib berish; – termin o‘qitilishidagi g‘oyaviy o‘ziga xoslikni misollar asosida sharhlash; – manbalarda berilgan tilshunoslik terminlarini qiyosiy tahlil qilish va ularning o‘ziga xosligini ko‘rsatib berish; – darsliklar, shu bilan birgalikda, leksikografik manbalarda berilgan terminlarining farqli jihatlarini tahlilga tortish; – tilshunosliklikka oid terminlarning o‘ziga xos qiyosiy usullarini yoritish; – maktabda tilshunoslik terminlarining o‘qitishda ta’lim samaradorligini oshiruvchi usullarni joriy qilish va tahliliy xuloslar chiqarish. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat: maktab darsliklaridagi tilshunoslik terminlarining o‘zaro va leksikografik manbalardagi terminlar bilan qiyosiy o‘rganish, tartibga solish amaliy ahamiyatga ega muhim masala bo‘lsa-da, maktab darsliklarida berilgan tilshunoslik terminlarining qiyosi mazkur tadqiqot ishimizda birinchi marta o‘rganilmoqda; darsliklarda til sathlariga oid tilshunoslik terminlari tipologik usul nuqtayi nazardan tahlil qilingan; maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan ona tili darsliklarida tilshunoslik terminlarining berilishi, terminologiyaga oid nazariy ma’lumotlar mavzusini yoritishda izchil tahlillarga asoslanilgan; 3
tadqiqotda tilshunoslik terminlari bilan bog‘liq o‘xshash va farqli jihatlar, tarixiy va madaniy taraqqiyot natijasida ro‘y bergan o‘zgarishlar, tilshunoslik sathlariga xos bo‘lgan tushunchalarning mazmun-mohiyati aniqlangan. Tadqiqot manbalari. Dissertatsiya ishimizga O‘zbekistonda umumta’lim maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan ona tili (5-9 sinflar) darsliklarini hamda o‘zbek tilining izohli lug‘ati hamda tilshunoslik terminlarining izohli lug‘atlarini manba qilib oldik. Bitiruv – malaka ishining nazariy va amaliy ahamiyati. Terminlarning etimologiyasi va ularning darslik va leksikografik manbalarda berilishining o‘ziga xos usullari, tabiatini yoritish asnosida chiqarilgan nazariy umumlashmalar bu manbalarda berilgan terminlarni qiyosiy-tipologik jihatdan tadqiq etish uchun asos bo‘ladi. Darslikda mavjud bo‘lgan tilshunoslik bo‘limlarga oid atamalar, ular haqida maktab darsliklarida yuritilgan nazariy fikr mulohazalarning tahlil qilinishi, atamalarni tipologik qiyoslash asosida aniqlangan, jamlangan. Ma’lumotlarning ilmiy, metodologik ahamiyatining yoritilishi, tadqiqod davomida nashr etilgan maqolalar ham uning nazariy qimmatini belgilaydi. Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati shundan iboratki, tilshunoslikka oid terminlar qiyosiy-tipologiyasi bilan bog‘liq materiallardan oliy o‘quv yurtlari, litsey hamda kollejlarda o‘tiladigan nazariy tilshunoslik, tilshunoslikka kirish, ona tili o‘qitish metodikasi darslarida, seminarlar tayyorlashda, talabalar uchun darsliklar, o‘quv-uslubiy, metodik qo‘llanmalar yozish, turli bosqichdagi ta’lim tizimida til hodisalarini o‘rganishda terminlarning nazariy va amaliy jihatdan o‘rnini ko‘rsatishda foydalanish mumkin. Ish tuzilmasining tavsifi. Mazkur dissertatsiya ishimiz uch bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati va ilovalardan tashkil topgan bo‘lib, umumiy hajmi 91 sahifadan iborat. 4
I BOB. TERMIN VA TILSHUNOSLIK TERMINLARI MASALALARIGA DOIR QARASHLAR 1.1. Termin, lug‘at, terminologiya atamalarning sharhi. Tilshunoslikning terminologiya sohasida olib borilgan qator tadqiqotlarga qaramay “termin”ni ta’riflash muammosi tilshunoslik va terminologiyaning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Terminning o‘ziga xos jihatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan ko‘p sonli tadqiqotlar olib borilgan, ammo tilshunoslikda hali ham terminni aniqlashnining universal va oson usullarini ishlab chiqishga erishilmagan. Termin zamonaviy tadqiqotlarda ma’lum ilm-fan sohasiga doir tushunchani aniq ifodalaydigan so‘z yoki so‘z birikmasi sifatida ta’riflanadi. Har bir fan, texnika, san’at va madaniyatga oid bo‘lgan terminlar birlashib terminologiya deb ataladi. [23, 106] V.A.Tatarinov terminni maxsus tushuncha, holat yoki pretmet bilan bog‘liq bo‘lgan til birligi (so‘z, so‘z birikmasi) sifatida ta’riflaydi. Bu normativ yondashuvda asoslangan ta’rifda termin umumadabiy tildagi so‘zlardan farqlanuvchi maxsus semantik-grammatik sturukturaga ega bo‘lgan ma’lum turdagi leksik birlikdir. [37. 11] Deskriptiv yondashuv vakillarining fikricha, “termin” yakka, alohida, mustaqil nomlash birligi bo‘lib, maxsus lisoniy belgi xususiyatiga ega so‘z yoki so‘z birikmasi orqali ifodalanishidan qat’iy nazar, bitta tushunchaga mos keluvchi bir belgini ifodalaydi. Deskriptiv yondashuvda termin maxsus vazifa bajaruvchi so‘z sifatida ta’riflanib, asosan, terminoligik birliklarning vazifalariga e’tibor qaratilgan. D.S.Lotte terminni ma’lum ilm-fan sohasi tizimidagi tovush belgisi va unga aloqador tushuncha birligi deya baholaydi. [37, 11] Ushbu ta’riflardan terminning asosiy xususiyati va belgilari aks etishi va izohning aniq va ixcham bo‘lishi kerakligi inobatga olingan. Deskriptiv yo‘nalishdagi yana bir yondashuvga, asosan, terminologiya zamonaviy adabiy til leksikasining muhim tarkibiy qismi bo‘lganligi sababli termin va so‘z orasida aloqa mavjud (Masalan, olmosh so‘z turkumi Mahmud Qoshqariyning “DLT” asarida “almash” deb nomlangan, so‘zning ma’nosi uning almashib qo‘llanilishiga ishora qiladi). Biroq bu ta’rif ham termin mohiyatini to‘liq 5