Falsafa ilmi, uning predmeti va uning muammolari
Mavzu: Falsafa ilmi, uning predmeti va uning muammolari Reja: 1. Falsafaning predmeti va ob’ekti 2. Dunyoqarash tushunchasi va uning turlari 3. Falsafiy dunyoqarashning mohiyati 4. Falsafaning jamiyat hayotida tutgan o’rni Falsafa dunyoqarash sifatida
Har qanday falsafa insonning dunyoga nisbatan u yoki bu munosabatini ifodalab, muayyan dunyoqarashni shakllantiradi. Falsafaga berilgan eng oddiy va dastlabki ta’riflar: falsafa - bu dunyoqarash yoki boshqacha aytganda: falsafaning mavzusi - «dunyo - inson» tizimidir. Dunyoqarash nima? Hamma zamonlarda ham inson oldida uning atrof muhitga, boshqa odamlarga, o‘z-o‘ziga nisbatan munosabatini belgilovchi savollar ko‘ndalang turadi. Har birimiz unday yoki bunday tarzda ularga duch kelamiz. Bizni o‘rab turgan dunyo nimadan tashkil topgan? Uni bilib bo‘ladimi va agar bilish mumkin bo‘lsa, qay darajada? Insonni o‘zi nima? U qanday bo‘lishi kerak? O‘limdan so‘ng bizni nima kutadi? Dunyoni nima boshqaradi? Dunyoda yovuzlik muqarrarmi? Inson dunyoni o‘zgartira oladimi? Mana shunday savollarga javoblardan inson dunyoqarashi shakllanadi. Dunyoqarash - bu insonni o‘rab turgan dunyo va uning unda tutgan o‘rniga nisbatan qarashlar majmuidir. Dunyoqarashning asosiy masalasi - «Men» (sub’ekt dunyosi) va «Men - emas» (sub’ektga nisbatan tashqarida bo‘lgan dunyo) o‘rtasidagi munosabatdir. Har qanday dunyoqarash tarkibiga: bilim, baholash, e’tiqod va aqidalar kiradi. Dunyoqarash turli shaklda mavjud bo‘lishi mumkin: kundalik, mifologik, afsonaviy, diniy, badiiy, falsafiy va ilmiy tusdagi tasavvurlar. Dunyoqarash shaxsiy ong va ijtimoiy ong dalili tarzida bo‘lishi mumkin. Masalan, afsonaviy dunyoqarash to‘g‘risida gapirganda biz muayyan shaxsning olam to‘g‘risidagi tasavvurlari emas, balki qadimgi zamon jamoasi tasavvurlari haqida fikr yuritamiz. Yohud biz xristianlar, musulmonlar, buddaviylar va boshqa diniy guruhlar dunyoqarashi to‘g‘risida gapiramiz. Shu bois dunyoqarash shaxs, ijtimoiy guruh (diniy, milliy, yoshga oid, jinsiy, kasbiy va b.), davlat, davlatdan tashqari tuzilmalar dunyoqarashi sifatida ham bo‘lishi mumkin. Falsafa nazariy tafakkur sifatida Dunyoqarashning kundalik, diniy-afsonaviy va badiiy turlaridan farqli ravishda, falsafiy dunyoqarash asosiy qoidaga muvofiq nazariy shaklda mavjud bo‘ladi. Falsafa o‘z oldiga ongli tarzda muayyan muammolarni qo‘yadi va ularni
ma’lum tamoyillar asosida maxsus joriy qilingan va ishlab chiqilgan tushuncha (kategoriya) va usullar orqali hal qiladi. Falsafa avval boshdanoq nazariydir. Bundan tashqari, u umuman tarixiy jihatdan tafakkurning dastlabki shakli hisoblanadi. Falsafa o‘z shakllanishining boshidanoq tajriba (amaliy bilim, amaliy malaka, hayotiy ko‘nikma va an’analar)dan farqli o‘laroq, narsalarni mantiq va dalil, kundalik tasavvurlarga tanqidiy munosabat, yuzaki voqea-hodisalarning ichki, tashqi nigohdan yashirin mohiyatini to‘g‘ri xulosa, fikr qilish orqali topishga qaratilgan. Qadimgi Xitoy faylasuflari o‘z davridayoq yakuniy shakldagi dao bilimi (bevosita ma’lum modda dunyosini bilish) va asosiy sabab sifatidagi dao (mohiyatni bilish)ni farqlaganlar. Asosiy sabab sifatidagi daoni bilish - yakuniy shakldagi daoni bilish kalitidir: «Yer yuzida ibtido mavjud va u Olam onasidir. Onani anglashga qachon erishilsa, demak uning bolalarini ham anglash mumkin bo‘ladi. Falsafa nazariylash-tirishning yakuniy usuli sifatida Tajriba (yakka, alohida narsalarni bilish) bilan fan (narsalar sababi va ibtidosini umumiy bilish) Qadimgi Yunon falsafasida bir muncha aniq ajratilgan. Qadimgi Yunon faylasuflari e’tiborni ibtido va sababni bilishga qaratganlar, «chunki qolgan hammasi ular orqali tushuniladi»2. Qadimgi (antik) falsafa nazariy tafakkurning muhim xususiyati bo‘lmish ta’rif («nima», «qanday?» savollari bilan bog‘liq) bilan tushuntirish («nima uchun?», «qanaqa sabab?» savollariga javob)ni aniq farqlagan. Masalan: yunon faylasufi Arastu (eramizdan avvalgi 384-322 yillar) shunday deb yozgan edi: «Tajribaga ega bo‘lganlar «nima» ekanligini biladilar, ammo «nima uchun ekanligini, ya’ni sababini bilmaydilar»3. Dunyoning an’anaviy diniy-afsonaviy manzarasi bilan qanoatlanuvchi ko‘pchilik odamlardan farqli o‘laroq, eng ilk davrlardagi faylasuflar turli tabiiy va ijtimoiy jarayonlar hamda hodisalarni aqliy yo‘l bilan (nazariy) tushunishga va uni kelib chiqish hamda kechish sabablari va qonuniyatlarini tushuntirishga uringanlar. Faylasuf nigohiga tushgan barcha narsa, ya’ni Quyosh, Oy va ularning tutilishi, yulduzlar, mavsumlarning almashishi, musiqiy asboblarning tuzilishi, hayvon va odamlarning kelib chiqishi, daryolarning toshishi, davlatning siyosiy
tuzilishi kabi boshqa hamma narsalar faylasufona fikr yuritish (nazariy fikrlash) mavzusi bo‘lgan. Nazariy dunyoqarash bo‘lgan falsafa, shu bilan birga mantiqiy tizimlashtirilgan dunyoqarash hamdir. Boshqacha aytganda, bu inson va dunyoga bo‘lgan qarashlarning oddiy majmui emas, balki muayyan, rasional-mantiqiy usul bilan tuzilgan kategoriya (falsafiy tushuncha)lar tizimidir. Falsafa inson nazariy faoliyatining yagona shakli emas. Fan ham xuddi shu kabidir. Biroq falsafa fandan farqli o‘laroq, nazariylashtirishning yakuniy (oxirigacha oborilgan) turidir. Falsafaning yakuniy nazariyalashtiruvchiligi quyidagilarda ifodalanadi. Birinchidan, bu falsafa fanining predmetining xususiyatidadir. Falsafa mavzusi bo‘lmagan biron-bir bilim yoki hayot sohasi mavjud emas. Shuning uchun ham biz tabiatshunoslikning falsafiy muammolari, siyosat va huquqning falsafiy muammolari, tilshunoslikning falsafiy muammolari, texnikaning falsafiy muammolari va boshqalar haqida gapiramiz. Ikkinchidan, bu turli hodisa, voqea va jarayonlarning yakuniy umumiy ta’rifi va tushuntirishdir. Falsafani hamma narsa emas, eng avvalo umumiy, universal hodisalar qiziqtiradi. Falsafa xususiy muammolar bilan shug‘ullanmaydi. Xususan, rivojlanish mexanizmini o‘rgana turib, u biron-bir rivojlanishning xususiy sohasi (masalan, biron-bir muayyan til rivoji yoki umurtqali hayvonlar asab tizimining rivojlanishi)ga daxl qilmasdan, rivojlanish kategoriyasini universal qonuniyat darajasigacha tahlilini chiqaradi. Nazariy tahlilni umumiylik darajasigacha yetkazish uchun falsafa tomonidan maxsus kategoriyalar - umumiy tushunchalar: borliq, sifat, mohiyat, sabab, zarurat va boshqalar ishlab chiqilgan. Uchinchidan, falsafaning yakuniy nazariylashtirishi uning refleksiyaga – o‘z- o‘zini tahlil qilishga moyilligi, ya’ni o‘z-o‘zini bilishi, falsafiy fikrni o‘ziga nisbatan qaratishi bilan xotimalanadi. Falsafa nimanidir o‘rganib qolmay, balki shu o‘rganishning sharoit va yo‘llarining o‘zini ham faylasufona fikr yuritish mavzusiga aylantiradi
Ko‘rib turibmizki, falsafa turli jihatlarga va ko‘p vazifalarni bajarishga qodir. Ma’naviy faoliyatning o‘ziga xos turi sifatida unga dunyoqarash, bilim, nazariyasiga doir, uslubiy, integrativ-sintetik, aksiologik, tanqidiy, bashoratlash, loyihalash, evristik va mafkuraviy vazifalar xosdir. Falsafaning turli tomon va vazifalarini aniqlash negizida uning predmeti sohasini ham belgilash mumkin. Falsafaning mavzu sohasi «dunyo-inson» tizimi hisoblanadi: a) «dunyo» tizimi, b) «inson» tizimi va a) ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabat tizimi. Bu tizimlarning o‘zi turli darajada tasavvur etilgan. «Dunyo» tushunchasida bir butun dunyo, uning tarkibiy qismlari (megadunyo, makrodunyo, mikrodunyo; anorganik dunyo, organik dunyo, ijtimoiy dunyo va hokazolar), ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik va o‘zaro munosabat tushuniladi. «Inson» tushunchasida alohida olingan shaxs, turli darajadagi ijtimoiy jamoalar, bir butun jamiyat tushuniladi. Falsafani «dunyo» va «inson» tizimidagi hamma narsa va «inson»ni «dunyo»ga bo‘lgan har qanday munosabati qiziqtiravermaydi. Falsafa eng avvalo umumiylikka, «dunyo-inson» tizimidagi universal munosabatlarga yo‘nalgan. Bularga ontologik (borliq haqida), gnoseologik (bilish haqida), aksiologik (qadriyatlar haqida) va praksiologik munosabatlar kiradi. Bu munosabatlarning umumiyligi ularning zarur tarzdaligini bildiradi. Insonlar qaerda va qanday davrda yashamasinlar albatta mana shu munosabatlar orqali atrof muhit bilan bog‘liqdirlar: ular - shu dunyoning mahsuli, ular shu dunyoni o‘rganadilar, uni baholaydilar va o‘zgartiradilar. Shunday qilib, falsafa - bu ijtimoiy ongning o‘ziga xos shakli, nazariy dunyoqarash turidir. Bunda insonning dunyoga bo‘lgan universal munosabatlari (ontologik, gnoseologik, aksiologik va praksiologik) kategoriyalarning muayyan tizimi orqali umumiylashgan shaklda aks etadi va inson madaniyati yutuqlari sintezlanadi. Shu bilan bir qatorda, falsafa umumnazariy, dunyoni yaxlitligi va biirbutunligicha o‘rganadigan fandir. Eramizdan oldingi I-ming yillikda Markaziy Osiyo hududida saklar va masmaget qabilalari yashar edilar. Eramizdan oldingi VI asr oxiri V asr boshlarida saklar forslar davlati tarkibiga kirdilar, eramizdan oldingi IV asrda esa, Markaziy Osiyoga makedoniyalik Iskandar Zulqarnayn qo‘shinlari hujum qildi. Bu davrda