MAHALLIY MOLIYA
MAHALLIY MOLIY A Reja: 1.Mahalliy moliyaning mohiyati va tarkibi. Mahalliy byudjet . 2.Hududlarni rivojlantirishda mahalliy byudjetning moliyaviy imkoniyatlari . 3.Mahalliy byudjetdan tashqari fondlar.
1. Mahalliy moliyaning mohiyati va tarkibi. Mahalliy byudjet Mahalliy byudjetlar O’zbekiston Respublikasi davlat byudjetida muhim tarkibiy qismni tashkil etadi va mahalliy hokimiyatlarning faoliyat ko’rsatishlarida moliyaviy manba bo’lib hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000 yil 14 dekabrdagi “Byudjet tizimi to’g’risida”gi Qonunida “Mahalliy byudjet – Davlat byudjetining tegishli viloyat, tuman, shahar pul mablag’lari jamg’armasini tashkil etuvchi bir qismi bo’lib, unda daromadlar manbalari va ulardan tushumlar miqdori, shuningdek, moliya yili mobaynida aniq maqsadlar uchun ajratiladigan mablag’lar sarfi yo’nalishlari va miqdori ko’zda tutilishi ko’rsatilgan. Mahalliy byudjetlar tizimi mahalliy talab-ehtiyojlarni to’laroq qondirishni hamda davlatning markazlashgan tartibda amalga oshiradigan tadbirlarning bajarilishi bilan chambarchas bog’langan holda ijro etishga imkon yaratib beradi. Mahalliy byudjetlar daromadlari asosan mahalliy soliqlar va umumdavlat soliqlaridan ajratmalar hisobiga shakllanadi. Respublika va mahalliy byudjetlari o’rtasidagi munosabatlarni, bog’liqlikni yanada takomillashtirish, shubhasiz regionlarni iqtisodiy rivojlantirish ular o’rtasidagi iqtisodiy nomutanosiblikka mumkin qadar barham berishdan iborat. Bundan tashqari, mahalliy byudjetlarga tushumlarning yangi manbalarini qidirib topish, soliq undirishning progressiv tizimini joriy qilish va mavjud soliq tushumlari asosini takomillashtirish sohasida bir qancha ishlar amalga oshirilgan bo’lsada bu ishlarning haqiqiy holati hali to’liq o’rganilmagan. Shu sababli mahalliy byudjet faoliyatini hamda mahalliy byudjet daromadlari bazasini o’rganib chiqish va tahlil qilish zarurdir. Mahalliy byudjetlar daromadlari bazasini mustahkamlashga oid muammolarni hal qilishda va ularning hozirgi holatini tahlil qilishda
rivojlangan davlatlar tajribasiga tayanib, bu tajribalarni Respublikamizning mahalliy sharoitidan kelib chiqqan holda tadbiq qilish bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqish muhimdir. Ushbu kurs ishi loyihasida mahalliy byudjetlar daromadlarning amaldagi bo’linish tamoyillarini o’rganish va mahalliy byudjetlarni tartibga solish amaliyoti yuzasidan tegishli takliflar kiritish, amaliyotda qo’llanilayotgan soliqlar, mahalliy byudjetga tushadigan soliqlar turini kamaytirish asosida yangi soliq bazalarini yaratish yo’llarni aniqlash va boshqa masalalar ko’rib chiqildi. Byudjet daromadlarini shakllantirishda mahalliy soliqlar rolini oshirishning asosiy yo’nalishlaridan biri sifatida ularning shu jarayondagi salmog’ini oshirish e’tirof etilgan va unga, bir tomondan, soliqqa tortish bazasini kengaytirish va ikkinchi tomondan, tegishli mahalliy soliqlarning stavkalarini o’zgartirish orqali erishish ko’zda tutilgan ekan, to’g’risini aytganda, unga osonlikcha o’z-o’zidan erishib bo’lmaydi. Bu ancha murakkab bo’lgan yo’nalish hisoblanib, uning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, ko’p jihatdan, byudjet va soliq to’lovchilar manfaatlarining mushtarakligiga bog’liq. Ana shunday mushtaraklilikka erishilmas ekan, byudjet daromadlarini shakllantirishda mahalliy soliqlar rolini oshirishning birinchi yo’nalishi o’z samarasini ko’zlanganidek bera olmaydi. Bunday sharoitda, albatta, ushbu maqsadga erishishning boshqa yo’nalishini qidirib topishga ehtiyoj tug’iladi. Bizning fikrimizcha, ana shunday yo’nalishlardan biri mahalliy soliqlarning undirish mexanizmini takomillashtirish orqali ularning byudjet daromadlarini shakllantirishdagi rolini oshirish hisoblanishi kerak. Mahalliy byudjet – Davlat byudjetining tegishli viloyat tuman, shahar pul mablag’lari jamg’armasini tashkil etuvchi bir qismi bo’lib, unda daromadlar manbalari va ulardan tushumlar miqdori, shuningdek moliya yili mobaynida aniq maqsadlar uchun ajratiladigan mablag’lar sarfi yo’nalishlari va miqdori nazarda tutiladi.
Respublika byudjeti – Davlat byudetining umumdavlat tusidagi tadbirlarni moliyalashda foydalaniladigan qismi bo’lib, unda daromadlar manbalari va ulardan tushumlar miqdori, shuningdek moliya yili mobaynida aniq maqsadlar uchun ajratiladigan mablag’lar sarfi yo’nalishlari va miqdori nazarda tutiladi. Mahalliy byudjet davlat byudjetining muhim va ajralmas tarkibiy qismi bo’lib, u orqali hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi moliyaviy mablag’lar bilan ta’minlab boriladi. Mahalliy byudjetlarning mavqeyini yanada oshirish byudjet siyosati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Davlat byudjeti daromadlarining katta qismini joylarga berish, byudjetlarni mustahkamlash zarur. Bu esa mintaqalar mustaqilligini oshirish, ularning tashabbuskorligini, byudjetning ijrosidagi manfaatdorligi va bu boradagi ma’suliyatini oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari bu narsa mahalliy byudjetlarga tushumlarning yangi manbalarini qidirib topishga rag’batlantiradi, joylarda byudjet intizomini mustahkamlaydi. Mahalliy byudjet daromadlari quyidagilardan tashkil topadi: 1. Qonun hujjatlarida belgilangan normativlarga muvofiq mahalliy byudjetlarga yo’naltiriladigan mahalliy soliqlar, yig’imlar, bojlar va boshqa majburiy to’lovlar; 2. Qonun hujjatlarida belgilangan normativlarga muvofiq mahalliy byudjetlarga o’tkaziladigan umumdavlat soliqlari, yig’imlari, bojlari va boshqa majburiy to’lovlar; 3. Qonun hujjatlarida belgilangan normativlarga muvofiq davlat mulki obyektlarini joylashtirish, foydalanishga berishdan olingan daromadlar; 4. Qonun hujjatlarida belgilangan normativlarga muvofiq meros olish, hadya etish huquqi bo’yicha davlat mulkiga o’tgan pul mablag’lari; 5. Yuqori byudjetlardan beriladigan byudjet dota t siyalari, byudjet subvensiyalari va byudjet ssudalari;
6. Yuridik va jismoniy shaxslardan, shuningdek chet el davlatlaridan kelgan qaytarilmaydigan pul tushumlari; 7. Qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromadlar hisobiga. O’zbekiston Respublikasi mahalliy byudjetlari tomonidan xarajatlarni amalga oshirish uchun tegishli daromadlarga ega bo’lishi kerak. Shuning uchun mahalliy byudjet daromadlarini shakllanishining amaldagi holati va ushbu jarayondagi daromad manbalarini tahlil qiladigan bo’lsak, avvalambor, daromadlarning shakllanishiga e’tibor berish lozim. Bulardan tashqari, byudjet ijrosi jarayonida yuqori byudjet bilan yuzaga keladigan o’zaro hisob – kitoblar hisobiga shakllanadigan daromadlar ham mahalliy byudjet daromadlari bo’lishi mumkin. Shunga muvofiq mahalliy byudjetlar daromadlari o’z daromadlari (mahalliy soliqlar va yig’imlar) va yuqori byudjetdan ajratiladigan ajratmalar (umumdavlat soliqlaridan ajratmalar, dotatsiyalar, subvensiyalar, ssudalar) hisobidan shakllanadi. Mahalliy byudjetlarning eng birinchi daromad manbai bo’lib mahalliy soliqlar va yig’imlar xizmat qiladi. Bu daromad turlari qonunchilikka asosan mahalliy byudjetlarga biriktirilgan daromad manbai hisoblanadi. Mahalliy soliqlar va yig’imlar quyidagilardan iborat: 1. Mol-mulk solig’i; 2. Yer solig’i ; 3. Transport vositalari uchun benzin, dizel yoqilg’isi va gaz uchun jismoniy shaxslardan olinadigan soliq ; 4. Savdo huquqini olish uchun yig’im va tovarlarning ayrim turlari, jumladan spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari bilan savdo qilish huquqini olish uchun lisenziya yig’imlari; 5. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanuvchi yuridik shaxslar hamda jismoniy shaxslarni ro’yxatdan o’tkazish uchun yig’im.