Mehnat qonunchiligiga rioya etilishi borasidagi amaliyotni o‘rganish
Mavzu:Mehnat qonunchiligiga rioya etilishi borasidagi amaliyotni o‘rganish Reja: 1. Mehnat huquqining tushunchasi va predmeti. 2. Mehnat huquqining uslubi va vazifalari. 3. Mehnat huquqining tizimi. 4. Mehnat huquqining fuqarolik, qishloq xo`jalik huquqi, ma`muriy va ijtimoiy ta`minot huquqlaridan farqi.
Mehnat huquqining tushunchasi va predmeti. Mehnat huquqi huquqshunoslik tarmoqlari orasida etakchi o`rin tutadi. U ijtimoiy mehnatga oid munosabatlarni tartibga soladigan huquqiy normalar tizimidan iborat. Bu munosabatlar mehnat bozoriga amal qilish, mehnatni tashkil qilish va uni qo`llash jarayonida namoyon bo`ladi. Mehnatga oid munosabatlar quyidagi o`ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi: Mehnatga oid munosabatning sub`ekti - xodim korxona, muassasa, tashkilotning mehnat jamoasi tarkibiga qo`shiladi va o`z mehnati bilan korxona jamoasi oldidagi vazifani bajarishga kirishadi. Ijtimoiy mehnat taqsimotiga ko`ra, muayyan mehnat funktsiyasini bajarish xodim majburiyatlarining predmetini tashkil etadi. Muhimi shuki, bu ish bir qancha kishilar faoliyati bilan uyg’unlashgan, ya`ni mehnat kooperatsiyasi doirasida bajariladi. Xodimning va mehnat jamoasi har bir a`zosining ish faoliyati muayyan rejim o`rnatilgan sharoitda amalga oshiriladi. Mehnatga oid munosabatlar sub`ektlarining mehnatni tashkil etishga doir tartib-intizom, qoida - talablariga bo`ysunishi mehnatga oid munosabatlarning izchilligi va samaradorligini belgilovchi zarur omillardan biri. Mehnatga oid munosabatlar ixtiyoriy harakterga ega bo`lsada, ular bevosita ishlab chiqarish doirasida namoyon bo`ladi va muayyan maqsadlarni ko`zlab amalga oshiriladigan ijtimoiy foydali faoliyat sanaladi. Xulosa qilib aytganda, mehnat huquqining predmetini, ya`ni mehnat shartnomasi bo`yicha ishlayotgan xodimlar mehnatining ishlab chiqarishda qo`llanishi tufayli paydo bo`ladigan ijtimoiy mehnatga oid munosabatlar tashkil etadi. Ushbu munosabatlar mehnat huquqi predmetining yadrosi hisoblanadi. Ijtimoiy voqelikda mehnat huquqining predmetini tashkil etuvchi munosabatlar tizimi mehnatga oid munosabatlardan tashqari, ular bilan muayyan tarzda bog’langan boshqa munosabatlarni ham qamrab oladi. Bu munosabatlar mehnat
munosabatlaridan ilgariroq, ular bilan bir vaqtda, yoxud bevosita mehnat munosabatlaridan kelib chiqishi mumkin. Mazkur munosabatlar jumlasiga: Mehnat sohasida tashkiliy boshqaruvga oid munosabatlarni; Ishga joylashtirishga oid munosabatlarni ; Kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish bilan bog’liq munosabatlarni; Mehnat muxofazasi va mehnat qonunchiligiga rioya etishni nazorat qilishga doir munosabatlarni; Mehnat nizolarini hal etish bilan bog’liq munosabatlarni kiritish mumkin. Yuqorida sanab o`tilgan munosabatlarning har biriga xos xususiyatlarga qisqacha to`xtalib o`tamiz. Mehnat sohasidagi tashkiliy boshqaruvga oid munosabatlarda , odatda, ish beruvchi bilan mehnat jamoasi, kasaba uyushmasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organlari o`rtasida kelib chiqadigan munosabatlarni aks ettiradi. Ishga joylashtirishga doir munosabatlar o`rta umuta`lim, hunar texnika bilim yurtlari, texnikumlarni tamomlagan yoshlarni, urush nogironlari va qatnashchilarini, harbiy xizmatni tugatib, iste`foga chiqqanlarni, shuningdek jazoni o`tab bo`lgan shaxslarni, mehnat va ishlab chiqarishning qayta tashkil etilishi, korxonalarning bankrot bo`lishi oqibatida ishdan bo`shatilgan kishilarni hamda aholining boshqa toifalarini ishga joylashtirish kabi masalalarni qamrab oladi. Ishlab chiqarishda kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishga doir munosabatlar asosan xodimlarning o`qishi, muayyan kasb yoki mutaxassislikka ega bo`lishi, shuningdek, ishlab chiqarishdan ajralmagan o`z malakasini oshirishi jarayonida shakllanadi. Mehnat muhofazasi va mehnat qonunlariga rioya etishni nazorat qilishga doir munosabatlar. Bu kabi munosabatlar amalda vakolatli davlat idoralarining korxonalarda mehnatni muxofaza qilish va mehnat qonunlariga rioya etishni nazorat qilish jarayonida namoyon bo`ladi. Mehnat nizolarini hal qilishga doir munosabatlar . Bunday nizolar asosan mehnatni tashkil qilish, shart - sharoitlarini belgilash va ishlab chiqarishga tadbiq etish jarayonida yuzaga keladi. Ko`pincha mehnat nizolari ish beruvchi bilan
xodim o`rtasida vujudga kelgan kelishmovchilik o`z vaqtida hal qilinmagan taqdirda ro`yobga chiqadi. Ammo mehnat nizolari jamoa shartnomasini qabul qilish yuzasidan ham kelib chiqishi mumkin. Mehnat huquqining uslubi va vazifalari. Mehnatga oid munosabatlarni tartibga solishda huquqshunoslikning ushbu sohasida qo`llaniladigan uslubning quyidagi asosiy xususiyatlarini ko`rsatib o`tish mumkin: Birinchidan, bu mazkur munosabatlarni tartibga solinishini markazlashtirilgan hamda lokal normalar uyg’unlashtirilgan holda qo`llaniladi. Ikkinchidan, bu uslub mehnatga oid munosabatlarning qonunlar va shartnomalar asosida tartibga solish jarayonida uzviy bog’liqligida namoyon bo`ladi. Bu xol Mehnat Kodeksining 4-modda 2-qismida yaqqol ifodalangan. Uchinchidan, mehnatga oid munosabatlarni tartibga solishda korxona mehnat jamoasi, kasaba uyushmasi va xodimlarning boshqa vakillik organlari ishtirok etishi belgilab qo`yilgan. To`rtinchidan, Mehnat Kodeksining 10 - moddasida munosabatlarning huquqiy jihatdan tartibga solishda halqaro huquqiy normalar, shuningdek, davlatlararo shartnomalar qoidalarining qo`llanishi nazarda tutilgan. Agar O`zbekiston Respublikasining halqaro shartnomasida yoki Halqaro Mehnat tashkilotining O`zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan konventsiyasida xodimlar uchun mehnat to`g’risidagi mamlakatimizda qabul qilingan qonun va boshqa normativ xujjatlarga nisbatan imtiyozliroq qoidalar belgilangan bo`lsa, u holda halqaro shartnoma yoki konventsiya qoidalari qo`llaniladi. Mehnat huquqi uslubining dastlabki belgisi - bu mehnat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning markazlashtirilgan va lokal usullarining uyg’unlashtirilgan holda qo`llanishida namoyon bo`ladi. Mehnat Kodeksining 9-moddasida ta`kidlab o`tilganidek, mehnat sohasidagi davlat boshqaruvini O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini
ijtimoiy muxofaza qilish vazirligi va uning xududiy bo`linmalari tomonidan amalga oshiriladi. Mehnatga oid munosabatlarini lokal usulda huquqiy jihatdan tartibga solishda korxonadagi ish vaqti rejimini, mehnat ta`tili grafiklari, jamoa shartnomasining mazmuni va shartlari, markazlashtirilgan tartibdagi normativ xujjatlarda belgilangan xodimlarning qo`shimcha imtiyoz va kafolatlari aks ettiriladi. Bunda, bir tomondan ish beruvchi, ikkinchi tomondan esa, mehnat jamoasi, kasaba uyushmasi va xodimlarning boshqa vakillik organlari ishtirok etadi. Ma`lumki, mehnat huquqi muayyan vazifalarni bajaradi. Mehnat huquqining vazifalari deganda, huquqiy jihatdan ta`sir o`tkazishning asosiy yo`nalishlari tushuniladi. Bu xol muayyan huquq normasining jamiyat hayotida qanday ahamiyat kasb etishi va aynan nimaga xizmat qilishini anglatadi. Mehnat huquqi quyidagi ikki vazifa: ishlab chiqarish va himoyalashni bajaradi. Umuman olganda, mehnat huquqi iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, g’oyaviy - tarbiyaviy vazifalarni bajaradi. Jumladan uning: -iqtisodiy vazifasi ishlab chiqarishga ta`sir o`tkazish orqali namoyon bo`ladi; -siyosiy vazifasi ishlab chiqarish jarayonida xodimlar ijtimoiy - siyosiy faolligining oshishida aks etadi; -g’oyaviy tarbiyaviy vazifasi ijtimoiy mehnatning takomillashuvi hamda xodimlarni ma`naviy - ma`rifiy tarbiyalashda ifodalanadi; ijtimoiy vazifasi mehnat qilish huquqining erkinligini ta`minlashda namoyon bo`ladi. Mehnat huquqi normalari bilan tartibga solinadigan bunday ijtimoiy munosabatlar xuddi shu huquq nomalari bilan birgalikda mehnat huquqi fanining predmetini tashkil etadi.