O‘simliklarning kasalliklarga va zararkunandalarda chidamliligini aniqlash usullari
Mavzu: O‘simliklarning kasalliklarga va zararkunandalarda chidamliligini aniqlash usullari. R e j a: 1. Chidamlilikni baholashda mavjud sharoitning roli. 2. Chidamlilikni baholashda laboratoriya usullarining ahamiyati. 3. Infeksion fon va infeksion yuklama. 4. Infeksion fon yaratilishidagi bosqichlar. 5. O‘simliklarni viruslar bilan zararlash usullari. 6. O‘simliklarni mahsus usullar yordamida zararlash. 7. O‘simliklarni baholash usullari.
Ekinlarning kasallik va zararkunandalarga chidamli navlarni yaratishda ularning chidamliligi, boshqa belgi va xususiyatlarini baholashdan farq qilib, faqat o‘simlik bilan patogen va zararkunanda munosabati bilan aniqlanadi. Yalpi patogenning va hasharotlarning zararlashi mumkin bo‘lgan sharoit yaratiladi va faqat shu usuldagina to‘g‘ri baholash mumkin. Seleksiya amaliyotida navlar tabiiy sharoitda yoki boshqa sharoitlarda patogen yoki hasharotlarning rivojlashish uchun qulay bo‘lgan sharoitlarda olib boriladi. Umuman, chidamlilikni baholash kasallik va hasharotlarning rivojlanishi to‘g‘risida ma’lumotlarga asoslanib o‘tkazilishi lozim. Shuni ham ta’kidlash lozimki, tabiiy sharoitda har yili ham kasallik va zararkunandalarga chidamlilikni baholash uchun ular kerakli miqdorda rivojlanmaydi. Shuning uchun bunday yillarni kuzatish seleksiya jarayonining cho‘zilib ketishiga olib keladi. Bundan tashqari tabiiy sharoitda chidamlilikni baholash jarayonining cho‘zilishini boshqa sabablari ham bo‘lishi mumkin. Masalan, monogen tipidagi chidamlilikni faqat patogenning aynan shu shtammi mavjud sharoitda baholash lozim. Lekin bu shtammlar ob-havo sharoiti va boshqa omillarga qarab ba’zi yillari umuman paydo bo‘lmasligi, ba’zan esa faqat o‘simliklarning usuv davri oxirida paydo bo‘lishi mumkin. Poligen tipidagi chidamlilikni baholash ham dala sharoitida doimo kutilgan natijalarni beravermaydi. Bir necha chidamliligi har xil navlarni bitta dalada yonma-yon yetishtirish bilan baholashda ham kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi mumkin. Chunki chidamsiz navlarga katta miqdorda inokulyumning to‘g‘ri kelishi chidamli navlarda past ko‘rsatkich belgilanishiga olib keladi. Bu qiyinchiliklarga qaramay navlarni kasallik va zararkunandalarga chidamliligini baholashning aniq usullarining ishlab chiqilishi va qo‘llanilishi seleksion jarayonning muhim bosqichlari bo‘lib hisoblanadi. Bu usullar infeksion, invazion, provokatsion fonlar yaratish va chidamlilikni baholashning maxsus laboratoriya usullarining ishlab chiqilishiga asoslanadi.
Bunday laboratoriya usullarining ishlab chiqilishi seleksion jarayonni, yangi navlarni yaratishni jadallashtirilishiga qaratilgan. Ularning ko‘pchiligini ekspress- usullar ham deb aytish mumkin. Chunki bu usullar tez muddatda chidamlilik to‘g‘risida ma’lumotlar olish imkonini beradi. Ularni ishlab chiqarishdagi usullar ilmiy asoslangan bo‘lishi lozim. Ko‘pgina laboratoriya usullari bilvosita usullarga asoslangan. Ya’ni chidamlilik kasallanish yoki zararlanish darajasiga qarab emas, balki chidamlilik bilan korrelyativ bog‘liqlikda bo‘lgan boshqa ko‘rsatkichga qarab baholanadi. Masalan, bug‘doy va arpaning chang qorakuyaga chidamliligini baholash uchun gulning urug‘ tumshuqchasida sporalarning o‘sish va donning zararlanish xarakteriga qarab baholashga asoslangan ekspress-usul bilan aniqlanishi mumkin. Baholashning laboratoriya usullari faqat chidamlilikni baholash uchun emas, balki o‘simlikning ba’zi himoya omillari (mexanizmlari) va chidamlilik tiplarini aniqlash uchun ham qo‘llaniladi. Masalan, laboratoriya usullari yordamida patogenning o‘simlikda tarqalishiga chidamliligi kabi xususiyatlari baholanadi. Infeksion fon va infeksion yuklama . Navlarning chidamliligini baholash va sinash ishonchli va aniq ma’lumotlar olishning sharoitlaridan biri - infeksion yuklamani ta’minlovchi infeksion fonning mavjudligi. Infeksion fon deb o‘simliklarda ma’lum kasalliklarni chaqira oladigan infeksiyaning mavjudligi va kasallikning rivojlanishi uchun qulay bo‘lgan muhitga aytiladi. Infeksion yuklama deganda o‘simlikning yuza birligiga to‘g‘ri keladigan infeksiya birligining miqdori tushuniladi (bakteriya, zamburug‘, viruslar). Infeksion fon tabiiy va sun’iy bo‘lishi mumkin. Tabiiy infeksion fon deb, sinalayotgan navlarni infeksiya tabiiy holda to‘plangan dalalarda yoki kasallikning epifitotiya sharoitlarda sinab ko‘rilishiga aytiladi. Masalan,
g‘o‘zani bir maydonda suro‘nkasiga ko‘p yillar mobaynida ekilishi fuzarioz va vertitsillyoz so‘lish kasalliklarining patogenlarini ko‘payib ketishiga olib keladi. Agar ushbu dalada g‘o‘zaning navlari ekilib sinab ko‘rilsa albatta bo‘larning ichidan bir nechta chidamli o‘simliklar topilishi mumkin. Bu esa kelajakda ushbu o‘simliklardan birlamchi material sifatida viltga chidamli navlar yaratilishi mumkin. Umuman, tabiiy infeksion fondan tuproqda yashovchi va u orqali yuqadigan kasalliklarga chidamli navlar yaratilishida keng qo‘llaniladi, chunki tuproq sharoiti kam o‘zgaradigan muhit hisoblanadi. Sun’iy infeksion fon deb patogenlarni tuproqqa yoki bevosita o‘simlikni o‘ziga o‘tkazish yo‘li bilan zararlashga aytiladi. Masalan, g‘o‘zaning vilt qo‘zg‘atuvchisi uchun sun’iy infeksion fon yaratishda patogen bo‘lgan zamburug‘ dastlab ko‘paytiriladi va tuproqqa solinadi. Umuman sun’iy infeksion fon yaratish usullari kasallik qo‘zg‘atuvchining va o‘simlikning biologik xususiyatlarini hamda patogen xarakterini hisobga olib yaratiladi. Har qanday usulda yaratilgan fon albatta zararlanishni ta’minlashi kerak. Provakatsion fon deb o‘simliklarni kasallik bilan maksimal darajada zararlanishini ta’minlovchi sharoit yaratilishiga aytiladi. Masalan, bahori bug‘doyni erta va chuqurroq ekish uning unib chiqishini kechiktiradi va o‘simliklarning qattiq qorakuya bilan zararlanish imkoniyatini oshiradi. Yoki boshqa misol. Kartoshkani pastlik joylarda, demak suv ko‘llab qolishi ta’minlangan sharoitda o‘stirilishi, fitoftoroz kasalligini rivojlanishiga olib keladi. Ko‘p hollarda provokatsion sharoit infeksion fonda joylashtiriladi va bu hodisani infeksion-provokatsion fon deb aytiladi. Ushbu fonni ayniqsa laboratoriya va teplitsa sharoitlarida tashkil qilish juda qulay. Chunki bu yerlarda harakat va kamchilikni istagan tarzda boshqarish mumkin. Chunonchi, teplitsalarda g‘allagullilarni zang va un shudring kasalliklarining har xil turlariga chidamliligini aniqlash oddiy holga aylangan,. va aynan teplitsalarda kasallikka
moyil birlamchi sinashdan o‘tmaganlari yaroqsiz deb topiladi va keyingi ish jarayonidan olib tashlanadi. Kasallikka chidamli formalar esa dala sharoitida, ishlab chiqarishga eng yaqin bo‘lgan sharoitda sinalib yakunlovchi baho olishi mumkin. Infeksion fonni yaratilishida birinchi bosqich infeksiyani to‘plash hisoblanadi. Parazitning turiga qarab infeksiya to‘plash jarayoni turlicha o‘tadi. Fuzarioz va vertitsillyoz so‘lish kasalliklarini qo‘zg‘atuvchi yarimparazitlar yoki boshqacha fakultativ parazitlar, kolba yohud boshqa shisha idishlarda bo‘g‘langan boshoqli g‘alla donlarida osonlikcha ko‘payadi. Boshqa parazit zamburug‘lar, masalan, kartoshkaning fitoftoroz, olmaning kalmaraz, g‘allagullilarning gelmintosporioz kasalliklari qo‘zg‘atuvchilarini esa mahsus tayyorlangan oziqlantirilgan muhitlarda yoki tabiiy substratlarda (kartoshka bo‘laklari- fitoftoroz uchun, olxo‘ri damlamasi- monilioz uchun va h.k.) to‘plash mumkin. Sun’iy sharoitlarda ko‘paytirib bo‘lmaydigan yoki ko‘paytirishi qiyin bo‘lgan patogenlarning sporalarini kasallangan o‘simliklardan yig‘ib olib quruq holda muzlatgichlarda saqlash mumkin. Shu usulda zangning uredosporalarini va qorakuyaning xlamidosporalarini infeksionligini yo‘qotmasdan bir necha yil saqlash mumkin. O‘simlik hujayralaridan tashqarida nafaqat ko‘payish, hatto uzoq muddatda saqlanishga ham moslashmagan viruslarni yig‘ish va saqlash ayniqsa qiyin. Viruslarni yig‘ish va saqlash uchun ularga moyil o‘simliklarni teplitsada zararlantirib keyin izolyatorlarning ichida, boshqa viruslar bilan zararlanmaslik choralariga rioya qilib bu o‘simliklar parvarish qilinadi va shtamm o‘simliklari deb ataladi. Ikkinchi bosqich – zararlantirish. Bu bosqichda quyidagi shartlar bajarilishi kerak: