O`zbekistonda tarixiy me`moriy obidalarni saqlash va ta`mirlashda xalqaro hamkorlik va shaharsozlik masalalari.
O`zbekistonda tarixiy me`moriy obidalarni saqlash va ta`mirlashda xalqaro hamkorlik va shaharsozlik masalalari. Reja: 1.Sobiq Ittfoq davrida qadimgi shaharlarnini holati 2.O‘rta asrlar shaharlari XX asr ikkinchi yarimidagi holati . 3. XX asr 90-yillarida O‘zbekiston hukumatining tarixiy-me’moriy obidalarni saqlash buyicha kurgan chora tadbirlari.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng tarixiy-me’moriy va shaharsozlik merosini asrab-avaylash hamda tiklash jamiyatda ma’naviy yangilanish davrini boshidan kechayotgan yosh suveren respublika uchun dolzarb ahamiyatga molik masalalardan biriga aylandi. 1990-yillar boshiga kelib, O‘zbekistonning qadimgi shaharlari oldida madaniy meros ob’ektlarini saqlash va ta’mirlash kabi murakkab vazifalari qatoriga, tarixiy binolar joylashgan hududlarni kompleks ravishda tiklashdek murakkab muammo yuzaga keldi. Buning sababi quyidagilar bilan izohlanadi: Birinchidan, avvalgi bobda (2.1-paragrafda) ta’kidlanganidek, sobiq Ittifoq davrida, ya’ni 1987 yilga qadar tarixiy shaharlar bosh rejalarida ularning tarixiy qismi, shu jumladan, tarxiy-arxitektura qo‘riqxonalaridagi mavjud me’moriy ob’etklarni asl holida saqlashga qaratilgan loyihalarning etarli darajada ishlanmaganligi, yoki “oq dog‘” sifatida bosh rejalaridan chetda qolib ketilganligi qayd etilgan. Qolaversa, tarixiy hududlarni zamonaviy sharoitlar yaratish bilan birga qadimiy shahar muhitini saqlagan holda kompleks rekonstruksiya ishlari Ittifoq doirasida Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahridan tashqari, boshqa shaharlarda deyarli olib borilmagan. Bu holat O‘zbekiston, shu jumladan, qadimiy Samarqand va Buxoro uchun ham talluqlidir. Ularning tarixiy markazlarida tarixiy hududlar alohida qo‘riqxona hududlariga ajratilgan bo‘lsa-da, biroq qator hollarda me’moriy yodgorliklar (baland) inshootlar bilan noqulay ravishda qo‘shni bo‘lib qolib, o‘zining shaharsozlik ahamiyatini namoyon etaolmay qolgan edi. Albatta, garchi bunday ob’ektlar me’morchiligi (arxitekturasi) kontrast prinsipi bo‘yicha hal etilishi mumkin bo‘lsa-da, ushbu hollarda loyihalashtirish chog‘ida yodgorlik va yangi bino o‘rtasidagi maqbul masofani belgilash masalasi e’tibordan chetda qolgan edi. SHuningdek, xalq me’morchiligining noyob ob’ektlari ko‘p bo‘lgan ommaviy imoratlarni saqlab qolish, asrab-avaylash va yangilash vazifasi, aslida, nisbatan inobatga olingan edi. Mutaxassislarning fikricha, ko‘p yillar mobaynida (sovet davrida) ommaviy uy-joylarga nisbatan nigilizm va beparvolik hukmronlik qildi,
bu esa ko‘plab me’moriy boyliklarning yo‘qotilishiga olib keldi. Odatda, shaharlarning bosh planlarida tarixiy-me’moriy qo‘riqxona hududlar «oq dog‘» tarzida – loyihaviy ishlanmalarsiz qoldirib kelingan, bu bilan binolarni asrab- avaylash va yangilash yo‘liga g‘ov qo‘yilgan O‘MSIV MMOMQFIICHBB JA. Protokol zasedaniya kollegii Gosudarstvennogo stroitelnogo komiteta SSSR (Gosstroy) Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi hukumatining 1966 yil 13 iyuldagi № 370 sonli qarori bilan Afrosiyob arxeologik qo‘riqxonasi tashkil etilgan edi. O‘zbekiston hukumatining 1982 yil 26-maydagi № 397 sonli qarori bilan Samarqand Davlat birlashgan tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasi tashkil qilindi (uning tarkibiga Afrosiyob arxeologik qo‘riqxonasi ham kirdi). Samarqand shahar Ijroqo‘mining 1987 yil 10 noyabrdagi № 409/22 sonli qarori bilan muzey-qo‘riqxonasining Nizomi va chegaralari (muhofaza tegralari) tasdiqlangan edi. O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlari markaziy hududlarida har zamonda bir o‘tkazilgan tarixiy binolarni tiklashga oid tajriba ijodiy muvaffaqiyatsizliklardan, me’moriy merosni saqlashning eng oddiy qoidalari buzilganligidan dalolat beruvchi yorqin misollardir. Masalan, Samarqand shahrida Registon majmuasi atrofini tiklash misolida salbiy xususiyatga ega bir talay holatlarni ko‘rishimiz mumkin. Mustaqillikning dastlabki yillariga kelib, Registon majmui ko‘pgina tarixiylik qimmatini yo‘qotgan, ko‘proq me’morlarning, ayniqsa 1960-1980 yillar davomidagi muvaffaqiyatsiz harakatlaridan “jabrlangan”. Ularning har qaysisi shu erning o‘zida navbatdagi qiyofasizlikni abadiylashtirishga harakat qilgan. SHunday qilib, Registondan ko‘rinib turadigan maydonda (masofada) tasodifiy, aslida esa qiyofasiz, yangi binolar birin-ketin qad ko‘targan. G‘arb tomonda – qozonxonasining mo‘risi ko‘rinib turgan namunali maktab, haykali, mozaikasi va amfiteatri bor o‘ziga xos «nazm bog‘i» (darvoqe, bularning bari nafaqat majmua uchun begona, balki maydonning urg‘u (aksent)larini ham chalkashtiradi), janubda – nihoyatda keng ochiq hudud, bir xil shakldagi mungli binolar orasidan o‘tuvchi transport magistrali, sharq va shimolda – arxitekturasiga ko‘ra yangi muzey,
kinoteatr, univermag yoki restoranning muayyan bir g‘oyaviy yo‘nalishga ega bo‘lgan binosi qurilgani seziladi. Ularning joylashuvida tizim, tartib, o‘zaro bog‘liqlik va bir-biriga mutanosiblik yo‘q: har biri go‘yoki asosiy narsaga – buyuk tarixiy Majmuaga befarqligini ta’kidlaydi, ko‘rinib turgan aniq nomutanosiblikni yaratadi, me’moriy, fazoviy muhitning ko‘lamdorligini buzadi Qadimiy shaharlarning tarixiy hududiga o‘ylamay kirishga intilish yanada ko‘proq xavotir uyg‘otadi. Masalan, Buxorodagi Minorai kalon (1127 yil) oldida suv uchun mo‘ljallangan tuxumsimon rezervuar joylashtiriladigan temir beton uch oyoq ko‘rinishidagi suv bosimi yaratuvchi minoraga ega bo‘lgan ko‘p qavatli sanoat binosi qurish taklif etilgan. Respublikamizning deyarli barcha shaharlaridagi tarixiy markazlarda bugun ham ana shunday tahdidlar yuzaga kelib turibdi.Bunday muvaffaqiyatsizliklar – kelajak uchun jiddiy ogohlantirishdir. Tarixiy hududni tiklash puxta o‘ylangan qarorlar chiqarishni talab etadi, bilimsizlik, ijodiy no‘noqlikka toqat qilmaydi. Zero, tarixiy shaharlar o‘zbek millatining beshigi, O‘zbekiston tarixining yodgorligi sifatida, ularni saqlash ishi alohida e’tiborga molik vazifalar qatoridan o‘rin olishi zarur. O‘rta asrlar tarixidan misol tariqasida yana bir me’moriy shaharsozlik hisob- kitobini eslab o‘tish joiz. Registon maydon sifatida XVII asrda barpo bo‘lgan Ulug‘bek madrasasi (XV asr) ikki asrdan keyin madaniy meroslar bilan sezilarli darajada burkangan – devorning pastki qismi tuproq ostida qolgan. Aynan shu darajada XVII asrda ikkita yirik bino – Tillakori va SHerdor madrasalari qurilgan va ular o‘rtasida maydon hosil qilgan. Rekonstruksiya chog‘ida Ulug‘bek madrasasi yaqinida XV asr darajasidagi pastlik qoldirilib, XVII asr maydoni tiklash kerak edi. Amalda esa bema’ni murakkab vaziyat yuzaga kelgan: XV asr darajasidagi soxta maydon tiklangan, ikkita yodgorlik esa XVII asr darajasida osilib qolgan.Ta’kidlash joyizki, tarixdan o‘rganishga arziydigan shaharni reja asosida barpo etish amaliyoti tajribasi ham mavjud bo‘lgan. Amir Temur davrida Samarqand shahri bosh reja asosida qurilgani haqida ko‘plab misollar keltirish mumkin. Jumladan, shahardagi Bo‘stonsaroy, Ko‘ksaroy, Qutbi CHoxardaxum, Ruxobod va Amir Temur maqbarasi, Muhammad Sulton madrasasi va xonaqohlari
bir qatorda rejali joylashgan. SHuningdek, bosh reja asosida maydonlar, xovuzlar, favvoralar, masjid va madrasalarqurilgani, shahristonni bir necha davrozalar (SHayxzoda, Temir darvoza (Ohanin) So‘zangaron, Korizgoh kabi davrozalar) mustahkam mudofaa devor bilan o‘ralgani, shahar markazida CHorsu bozori va uni Temir darvoza bilan bog‘lab turuvchi keng va ravon ko‘cha o‘tganligi va ushbu ko‘chaning ikki tarafida savdo rastalari qurilgani, xullas 1370 yillardan boshlab mo‘g‘ul istilosidan vayrona holatdagi shaharni meros qilib olgan Sohibqiron, umrining oxirgi kunlariga qadar olib borgan shaharsozlik sohasidagi amaliyotini g‘arb mutaxassislari e’tiroficha – Osiyoda “haqiqiy shaharlar rejalashtirish”ni (istinnaya planirovka gorodov) boshlab bergan. SHunday qilib, Samarqand o‘zida o‘rta asr shaharlari xususiyatlarini mujassamlashtirib, Osiyoning uchta go‘zal poytaxtlari qurilishini boshlab bergan. Bular qatoriga Samarqandning o‘zi, Safoviylar davridagi Eronda 1597 yildan SHox Abbos I tomonidan qurilishi boshlangan va XVII asrda davom ettirilgan Isfaxon hamda SHohjahon tomonidan (1639-48 yy.) qurilgan SHoxjahonobod shaharlaridir. Ularning qurilishida Amir Temur davridagi Samarqandda qo‘llanilgan shaharsozlik va arxitektura tipologiyasi qo‘llanilgan. SHaharsozlikdagi tarixiy ilg‘orlik (birinchilik) amaliyotini saqlab qolish va rivojlantirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biriga aylandi. Ikkinchidan, istiqlolning dastlabki yillarida, ya’ni 1990-yillarda mamlakat shaharsozligida, shu jumladan, Zarafshon vohasida bir qator ob’ektiv va sub’ektiv jarayonlar bilan bog‘liq muammolar vujudga keldi. Avvalo bu davr izlanishlar va tajribalar davri bo‘lganligi, shuningdek, moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelganligi va qonunchilik tizimining takomillashmaganligi haqida arxiv ma’lumotlari va boshqa ilmiy xarakterdagi materiallar dalolat beradi. Mutaxassislar, 1994 yilgi O‘zbekiston Respublikasining “Qurilish normalari va qoidalari”da asosan “turar joylarni rekonstruksiya qilish jarayonida tarixiy va madaniy yodgorliklarni himoyalash” tartiblari ko‘zda tutilganligini qayd etishgan. O‘zbekiston Respublikasining 1995 yil 22 dekabrda qabul qilingan «Arxitektura va shaharsozlik to‘g‘risida»gi Qonunnda ham ushbu masala to‘la echimini topmagan.