“Parazitizmning kelib chiqishi”
“Parazitizmning kelib chiqishi” REJA: 1. “Parazit-xo’jayin” tizimida ektoparazitizmning kelib chiqishi. 2. Endoparazitizmning kelib chiqishi. 3. Qon parazitizmining kelib chiqishi.
Parazitizmning kelib chiqishi Turli-tuman hayvonlar orasida uchraydigan parazitizm hodisasi turli xil yo’llar bilan kelib chiqqan. Hatto bir shakldagi parazitizm hodisasining kelib chiqishi ham turli yo’llar bilan amalga oshishi mumkin. Bunday yo’llar qanday ko’rinish va jarayonda bo’lmasin, oqibatda erkin yashovchi organizmining oziqlanish usuli va yashash joyining o’zgarishi hamda har xil turlarga mansub bo’lgan ikkita organizmlardan iborat “ parazit-xo’jayin ” tizimini paydo bo’lishi bilan ifodalanadi. 1. Ektoparazitizmning kelib chiqishi Aksariyat ektoparazitlar yirtqichlardan kelib chiqqan. Bundan oldinroq tilga olingan zuluklar va qandalalarning yirtqichlik bilan oziqlanish usulidan ektoparazitga o’tib borganligini ko’rgan edik. Yirtqichlikdan ektoparazitizmga o’tib borish jarayonini bo’g’imoyoqlilar turlari orasida ham ko’rish mumkin. Masalan, chivinlar, iskaptoparlar, qon so’ruvchi pashshalar, yirtqichlardan juda kam farq qiladi. Ularning parazit bo’lishi uchun xo’jayin hisobidan oziqlanishi va unda joylashib olishi uchun ko’proq vaqt talab qilinadi. Uzoqroq vaqt davomida xo’jayin bilan bog’langanlik darajasini ayrim kanalar (masalan, Ixodes ) misolida aytish mumkin. Burgalarda esa xo’jayin bilan yanada yaqinroq va ko’proq vaqt bog’langanlik darajasini ko’rish mumkin, chunki uning lichinkasi va g’umbagi tashqi muhitda, erkin hayot kechiradigan bo’lsa, imagosi esa hayotini asosiy qismini yoki ko’proq qismini xo’jayin tanasida o’tkazadi. Ana shunga o’xshash vaqtinchalik yoki ko’proq vaqt davomida xo’jayin bilan bog’langan parazitlardan doimiy parazitlar kelib chiqishi uchun juda yaqin qoladi. Masalan, bitlarni o’z tuxumlarini chetga emas, balki xo’jayin tanasiga qo’yishini ko’rsatish mumkin. Ektoparazitlarni ushbu yo’l bilan kelib chiqishida ularning quruqlikda yashovchi umurtqali hayvonlar bilan aloqasini juda yaqin munosabatda bo’lishi intila borishiga bilan bog’lash mumkin. Bunday yaqin munosabatda bo’lish imkoniyati birinchi navbatda umurtqali hayvonlarning inlari, uyalari va boshqa yashash joylariga turli-tuman bug’imoyoqlilarni ham yashashga moslasha borishi bilan ham bog’lash mumkin. Bunday sharoit va imkoniyat dastlab ayrim bo’g’imoyoqli
hayvon turlarini oziqlanishga chorlasa, keyinchalik uning tanasiga uzoqroq o’rnashib olishga moslashtira boradi. Ushbu yo’l bilan ektoparazit kanalar (Argasidae oilasi ayrim turlari, qo’tir kanalari, patxo’r kanalar), tivitxo’rlar ayrim qandalalar, burgalar, qon so’ruvchi pashshalar va boshqa bir qator bo’g’imoyoqlilar kelib chiqqan. Tivitxo’rlar (Mallophaga) haqida shuni aytish mumkinki, ular dastlab hayvon va o’simlik qoldiqlari bilan oziqlanuvchi ajdodlaridan kelib chiqqan deb hisoblash mumkin. Shuning uchun ham ular avval qushlar inida joylashib, u yerdagi organik qoldiqlar bilan oziqlangan. Keyinchalik esa u yerdan qush tanasiga o’tib, o’rnashib, qush terisadigi bo’rtib chiqqan o’lik shox moddasi bilan oziqlanadigan bo’lgan. Bunday vaqtda ayrim tivitxo’rlar, masalan, Physostomum qayta qon bilan oziqlanishga o’tgan, ayrimlari esa masalan, saqoqush (birqazon) tivitxo’ri T etrophthalmus parlar orasidan tumshug’i ostidagi katta xalta ichiga kirib, qon so’rib oshiqlanishiga moslashadi. Tuxum qo’yish uchun esa parazit og’iz orqali tashqariga chiqib xo’jayinining parlari orasiga o’rnashadi. Ayrim bo’g’imoyoqlilar, masalan iksod kanalari, qiziltana lichinkalari, ko’pgina qushqanotlilar va boshqa shu kabi uya va inlarda yashamaydigan guruhlar ochiq biotop bilan bog’liq bo’lgan hayvonlar (reptiliyalar, tuyoqlilar, ayrim yirtqichlar) ga hujum qilish orqali asta-sekin ektoparazitizmga moslasha borgan. Ayrim hollarda ektoparazitizm hodisasi o’troq hayot kechirish tarzidan kelib chiqadi. Ushbu yo’l bilan kelib chiqqan ektoparazitlarga birinchi navbatda Trichodina guruhiga kiruvchi to’garak kiprikli infuzoriyalarni kiritish mumkin, chunki ushbu infuzoriyalar ajdodlarining deyarli barchasi o’troq yashovchi bo’lgan. Buning ustiga ularning anchagina turlari suv tubiga emas, balki tirik organizmlar tanasiga o’rnashib olib hayot kechiruvchilar bo’lgan. Xuddi shunday usulda suv hayvonlari tanasiga mo’ylov oyoqli qisqichbaqasimonlar ( Cirripedia ) turkumi vakillari ham yopishib hayot kechirgan. Ularning ayrim turlari (Coronulo balaenarum) hatto, kitlarning terisiga chuqur o’rnashib olishga ham moslashgan.
To’g’ri ichkali yirtqich turbellariyalardan (Rhabdocoela) ehtimol monogenoidlar (Monogenoidea) kelib chiqqandir, chunki ular ko’p hollarda baliqlarning ektoparazitlari bo’lib, jabralarda, so’zgich qanotlarida va terisida yashaydi. Gyrodactylus avlodining ayrim turlari, xo’jayin terisining ajratgan shilimshiq moddalari bilan oziqlansa, ba’zi turlari (Dactylogyrus vastator) epiteliy bilan bir qatorda xo’jayin qonini ham so’radi, hatto Diclybothriidae, Hexabothriidae avlodlarining turlari faqat xo’jayin qoni bilan oziqlanadi. Aslida Monogenoidea sinfidagi chuvalchanglarda ektoparazitizm hodisasi qanday kelib chiqqanligi masalasini kiprikli chuvalchanglarning uncha katta bo’lmagan Temnocephala turkumi vakillari orqali bilish mumkin. Ushbu juda mayda chuvalchanglar krab va qilichdumlilarning tanasiga o’rnashib, oladi. Ularning gavdasining oldingi o’chida barmoqsimon o’simta yoki paypaslagich, orqa uchida so’rg’ich bo’ladi. Xo’jayin tanasidan ular faqat boshpana sifatida foydalanadi, oziqlanishi esa yirtqichlik bilan bo’lib xo’jayin tanasida o’rmalab yuruvchi mayda hayvonlar hisobida amalga oshadi. Ektoparazitizmning kelib chiqishida yirtiqlik bilan oziqlanuvchi mayda organizmlarning polifag xususiyatdan monofagiya xususiyatiga o’tib borishi bilan ham tushuntirish mumkin. Masalan, Diptera turkumidagi ayrim chivinlar faqat qon so’rish bilan oziqlanmaydi. Ular ba’zan o’simlik shirasi bilan ham kun kechiradi. Lekin ayrim turlari, masalan, sese qon so’rish bilan tirikchilik qiladi. Ushbu turkumning uchinchi bir guruhi ( Ornithomya, Hippobosca ) xo’jayin tanasiga o’rnashib olishi mumkin yoki uni tashlab, xuddi o’sha turning boshqa individi yoki boshqa yaqinroq turga o’rnashib parazitlik qiladi. Nihoyat qon so’ruvchi qo’sh qanotlilardan Stenopteryx hirumdinis, Melophagus ovinus kabilar qaldirg’och, qo’y kabi hayvonlarni o’zlariga xo’jayin qilib ular tanasida uzoq vaqt davomida ektoparazit sifatida yashaydi. Quruqlik umurtqali hayvonlarining ektoparazitlari ayrim bo’g’imoyoqlilarning lichinkalari bo’lishi mumkin. Bunday lichinkalar nekrofag oziqlanishdan tirik organizmning to’qimalari hisobidan oziqlanishga o’tishi bilan ifodalanadi. Masalan, Calliphora va Lucilia lichinkalari o’lgan hayvon go’shti
bilan oziqlanadi, lekin ba’zan odam yarasiga tushib qolsa fakultativ parazit sifatida yashashi mumkin. Ushbu hasharotlar ba’zan sog’lom qo’ylar juniga tuxum quyadi. Tuxumdan chiqqan lichinkalar esa qo’yning terisini teshib, uning to’qimalari bilan oziqlanishga ham o’tadi. 2. Endoparazitizmning kelib chiqishi Endoparazitizmning kelib chiqishi ustida mulohaza yuritilar ekan, uni eng avvlo ektoparazitlik bilan hayot kechiruvchi organizmlar bo’lganligini e’tirof qilish lozim. Ushbu fikrni isbotlash uchun Trichodina avlodiga kiruvchi parazit infuzoriyalarni ko’pgina turlarini ko’rsatish mumkin. Aslida bu avlod turlari baliqlarning ektoparazitlari sifatida ularning jabralari, terisi va so’zgich qanotlarida yashaydi. Lekin birqator turlari ( Trichodina urinaria, T. renicola, T. albourni ) olabo’g’a, qora cho’rtan va ukleya kabi baliqlarining siydik pufagi, siydik yo’li va tuxum yo’llarida endoparazitlik qilib yashaydi. Ushbu turlarning ektoparazitlikdan endoparazitlikka o’tishi ma’lum bir qulayliklar va sabablarga bog’liq bo’lish ehtimoli bor. Gap shundaki, baliqlarning jabralari bilan ajratish organlari funksional jihatdan bir-biriga ancha yaqin ya’ni jabra orqali ham, buyraklari orqali ham ammiak va mochevina ajratiladi. Jabradan buyrakka, undan tuxum yo’liga o’tish unchalik qiyin bo’lmay qoladi. Ushbu jarayonni amalga oshganligini tasdig’i sifatida shuni qayd qilish mumkinki, skat balig’ini tuxum yo’llarida endoparazitlik qiluvchi Trichodina oviducti uning siydik pufagida ham bemalol yashash qobiliyatini yo’qotmagan. Ektoparazitning endoparazitga o’tish mumkinligini baqa ko’p so’rg’ichlisi Polystoma integerrimum misolida ham isbotlash mumkin. Keltirilgan misollardan shu narsani alohida qayd qilish mumkinki ko’p hollarda (trixodinalar misolida) parazit o’zining aktiv harakati va faoliyati tufayli xo’jayin tanasining yangi qism va organlarini egallab, yashash tarzini o’zgartsa, ayrim hollarda (baqa ko’p so’rilisi misolida) xo’jayinning metamorfoz bilan rivojlanishi va ma’lum organning (itbaliq