PARRANDALARNI ASRASH VA OZIQLANTIRISH
Mavzu: PARRANDALARNI ASRASH VA OZIQLANTIRISH Reja: 1. Parranda kasalliklari fanining predmeti va moxiyati. 2. Parranda kasalliklari fanining mazmuni va asosiy vazifalari. 3. Parranda kasalliklari fanining boshka fanlar bilan bo g’ likligi
Parrandalar odatda katakli qafaslarda va 10-20 sm qalinlikdagi to’shamali (yog’och qipiq) yerda me’yoriy mikroiqlim sharoitida asralishi talab etiladi. Buning uchun bino ta’mirlanishi, oqlanishi, dezinfeksiya o’tkazilib, isitish, shamollatish va yetarli yoritish imkoniyati bo’lishi lozim. Jo’jalarni asrashda dastlabki 5 kunda - xona harorati +32... +36 ° S bo’lishi, 10 kundan keyin esa, + 26 , + 28°S va so’nggi har haftada +2°S dan pasaytirilib, +18 … +20°S da saqlanishi lozim. Harorat me’yoridan pasayganda jo’jalar kam harakat bo’lib, bosilib nobud bo’lishi kuzatiladi. Haroratni nazorat qilish uchun termometrlar yerdan 20 sm balandlikda osib qo’yiladi. Tovuqlar uchun esa, xonadagi o’rtacha harorat +16° +18°+20°S atrofida bo’lishi zarur. Haroratning pasayishi yoki ko’tarilib ketishi tovuqlar mahsuldorligining kamayishiga sabab bo’ladi. Parrandaxonaning nisbiy namligi 60-70% atrofida bo’lib, yoritish rejimiga ham rioya qilinishi zarur. Xonalar jo’jalarning dastlabki 2 kunlik yoshida - 24 soat, so’ngra 16-12 soat davomida yoritiladi. Tuxumdor tovuqlarning xonasi esa o’rtacha 14-16 soat yoritiladi. Jo’ja va tovuqlarni me’yoriy rasionlar asosida muvofiqlashtirilgan oziqalar bilan boqish muhim o’rin tutadi. Chunki, parranda organizmi oziqa moddalarining yetishmovchiligiga juda sezgir bo’lib, ular organizmida biror oziqa yoki vitaminning yetishmovchiligida mo’ljaldagi mahsuldorlikka erishib bo’lmaydi. Shuning uchun parrandalarni to’la qiymatli omixta yemlar bilan oziqlantirish maqsadga muvofiqdir. Oziqa tarkibi - makkajo’xori doni, bug’doy (yorma holatda), soya shroti, kepak, baliq uni, go’sht- suyak uni, beda uni, o’simlik yog’i, osh tuzi, mineral qo’shimchalar va boshqalardan iborat bo’lib, mutaxassis maslahati bilan parrandaning mahsuldorligiga moslab muvofiqlashtirilgan rasion tuzilishi zarur. Bir kunda jo’jalar 6-3 marta , tovuqlar 3-2 marta oziqlantiriladi, Jo’jalarga bir kunda 5- 10 g, tovuqlarga - 110-140 grammgacha omixta oziqa beriladi.
Oziqalardagi to’yimli va biologik faol moddalar parrandalar organizmiga energiya manbai va qurilish materiallari sifatida hamda moddalar almashinuvi jarayonlarining me’yorida kechishi uchun zarur bo’lib, parrandalarning yuqumsiz kasalliklari ko’pincha oziqlantirish va saqlash qoidalarining buzilishi oqibatida kelib chiqadi. Parrandalar organizmi ehtiyojlarini to’liq qondirish uchun oziqalar tarkibida quyidagi oziqaviy va biologik faol moddalar bo’lishi zarur: 1. Organik moddalar. 1.1. Tarkibida azot saqlovchi moddalar; 1.1.1. Oqsillar, aminokislotalar; 1.2. Tarkibida azot saqlamaydigan moddalar; 1.2.1. Yog’lar (gliseridlar, yog’ kislotalari, mum, sterinlar va boshqalar); 1.2.2. Xom kletchatka (lignin, sellyuloza, pentozalar); 1.2.3. Azotsiz ekstraktiv moddalar (organik kislotalar, qand, kraxmal va boshqalar); 1.2.4. Biologik faol moddalar (vitaminlar, garmonlar, fermentlar va boshqalar); Rasion tarkibidagi oqsillar murakkab tuzilishga ega bo’lgan organik moddalar bo’lib, o’sish, rivojlanish, ko’payish, himoyalanish va mahsulot berishda asosiy ahamiyatga ega. Shu sababli parrandalar rasionida oqsillarning yetarli darajada bo’lishi zaruriy omillardan biri hisoblanadi. Aminokislotalar oqsillarning asosiy strukturaviy elementlarini tashkil etadi. Shuning uchun ham, rasionlar tarkibidagi oqsillarning to’la qiymatliligi ularning aminokislotalar tarkibiga ko’ra baholanadi. Bugungi kunda 100 dan ortiq aminokislotalar aniqlangan bo’lib, ulardan 20 tasi oqsillar sintezida qatnashadi. Aminokislotalardan lizin, metionin, triptofan, arginin, gistidin, leysin, izoleysin, fenilalanin, trionin, valin va glisin tovuqlar organizmi uchun juda zarur hisoblanadi. Aminokislotalarning yetishmasligi tovuqlarda ishtahaning pasayishi, jo’jalarning o’sish va rivojlanishdan qolishi, tuxumdor tovuqlarda esa tuxum berishning kamayishiga sabab bo’ladi. Shuning uchun ham, tovuqlarni
oziqlantirishda metionin, lizin, triptofan, arginin kabi aminokislotalarning yetarli darajada bo’lishi asosiy ahamiyatga ega. Tuxum beradigan tovuqlar uchun omixta yemlarda aminokislotalardan metionin 0,30%, lizin - 0,70, triptofan - 0,16 hamda arginin 0,85% bo’lishi kerak. Tovuqlar organizmining energiyaga bo’lgan ehtiyoji asosan uglevodlar va yog’lar hisobidan ta’minlanadi. Tovuqlar rasionining 65-80 foyizi donli oziqalardan iborat bo’lib, tarkibini kraxmal va kletchatka tashkil etadi. Kraxmal - donlarni un qismining asosini tashkil etib, ularning 70-84 foizi kraxmaldan iborat bo’ladi. Kletchatka - asosan donlarning po’stloq qismini tashkil etib, Kletchatka oziqalarga kerakli hajm beradi va ichaklar faoliyati hamda shira ajralishini yaxshilaydi. Lekin, kletchatkaning hazm bo’lishi qiyin bo’lganligi uchun uning oziqalar tarkibidagi miqdori me’yoridan ko’p bo’lmasligi kerak. Yog’lar - parrandalarni oziqlantirishda yog’larning ahamiyati katta, chunki yog’larning energetik qimmati o’ta yuqoridir. Oziqaviy yog’larning 1 kilogrammida 8500-8700 kkal almashinuv energiyasi bo’lib, uglevodlar energiyasidan 2-3 marta ko’pdir. O’simlik yog’lari hayvonot olami yog’lari bilan 1:1 nisbatda aralashtirilgan holda rasionga jo’jalar uchun 2-3%, katta yoshdagi tovuqlar uchun 3-5% gacha qo’shiladi. Yog’larning rasionda me’yordan ko’p bo’lishi tovuqlarning semirib ketishi va yog’ bosishiga sabab bo’lishi mumkin. Parrandalarni oziqlantirishda rasionning mineral qismi (makro- va mikroelementlar) asosiy ahamiyatga ega. Ularning mineral moddalarga bo’lgan ehtiyojlarini oziqalar tarkibidagi makroelementlar (kalsiy, fosfor, natriy) va mikroelementlar (marganes, rux, mis, temir, kobalt) to’liq qondira olmaydi. Shuning uchun ham ular tovuqlarga qo’shimcha ravishda berilishi zarur. Kalsiy - suyak to’qimasining asosiy qismini tashkil etadi. Organizm tarkibidagi 99% kalsiy suyaklarda to’plangan bo’lsa, faqatgina 1% kalsiy boshqa to’qimalarda uchraydi. Oziqalardagi kalsiyning yetishmaydigan qismi tovuqlarga bo’r, chig’anoq, suyak uni, tuxum po’chog’i kabilarni qo’shimcha ravishda berish bilan qoplanadi.
Rasionda kalsiy yetishmasligi yosh jo’jalarning o’sishdan qolishi, ona tovuqlarda tuxum berishning kamayishi, tuxum po’chog’ining yupqalanishiga sabab bo’ladi. Rasion tarkibida kalsiy elementining ortiqcha bo’lishi ham salbiy oqibatlarga olib keladi. Ya’ni yog’larning hazmlanishi yomonlashadi, fosfor va mikroelementlarning (marganes, temir, yod) almashinuvi buziladi. Fosfor - parrandalar organizmida moddalar va energiya almashinuvi javrayonlarining me’yorida kechishida asosiy ahamiyatga ega. Organizmda uning 80 foyizi suyaklarda, 20 foyizi esa to’qimalar va biologik suyuqliklar tarkibida bo’ladi. Fosforning yetishmasligi kalsiy yetishmovchiligiga nisbatan kam uchraydigan holatdir. Chunki fosfor donlar, kunjara, kepak va hayvonot olamidan olingan oziqalar tarkibida yetarlicha darajada bo’ladi. Rasion tarkibida fosforning ortiqcha darajada bo’lishi, kalsiyning so’rilishiga to’sqinlik qiladi va uning yetishmovchiligini kuchaytiradi. Natriy - donli oziqalar tarkibida juda kam miqdorda bo’lib, parrandalarning natriyga bo’lgan ehtiyojlari hayvonot olamidan olinadigan oziqalar (go’sht-suyak uni, baliq uni) va osh tuzi hisobiga qondiriladi. Rasionda natriyning yetishmasligi oqibatida parrandalarning ishtahasi pasayadi, yosh jo’jalar o’sishdan qoladi, katta yoshdagi tovuqlarning o’limi ko’payadi, bir-birini cho’qiydi (kannibalizm), tuxum berishi kamayadi. Natriyning ortiqcha bo’lishi esa tovuqlarning zaharlanishiga sabab bo’ladi. Shuning uchun ham osh tuzi rasionga 0,2-0,4% gacha qo’shilishi mumkin. Tovuqlarda osh tuzidan zaharlanish qonli ich ketishi, chanqoqning kuchayishi, tuxumning po’choqsiz bo’lishi kabi belgilar bilan kechadi. Mikroelementlar - (marganes, rux, mis, temir, kobalt, yod) parrandalar organizmida moddalar va energiya almashinuvida katta ahamiyatga ega bo’lib, rasionga ularning tuzlari qo’shiladi. Mikroelementlarning yetishmasligi oqibatida yosh jo’jalar yomon o’sadi, suyaklar qiyshayib qoladi, oqsash kuzatiladi. Ona tovuqlarda par va patlar sinuvchan, dag’al bo’lib qoladi, tushib ketadi, tuxumning sifati va miqdori kamayadi.