Raqamli bankda xizmat kursatishning afzalliklari
Raqamli bankda xizmat kursatishning afzalliklari Reja: 1. Raqamli bank haqida tushunchalar va foydalanuvchilarga afzal jihatlari 2. Bank xizmatlarini modernizatsiyalash va soddalashtirishning mamlakat moliyaviy xizmatlarini rivojlantirishda muhim ahamiyati 3. Raqamli banklarning mamlakatimizda tutgan o’rni 4.
Kirish Raqamli bank — innovatsion bank texnologiyalaridan foydalangan holda bank xizmatlarini masofaviy ko‘rsatuvchi bank yoki uning tarkibiy bo‘linmasi. Ushbu maqola doirasida “ANOR BANK” AJ faoliyati misolida “Raqamli bank” tushunchasiga ta’rif berib o’tamiz hamda raqamli bank xizmatlarining ayni damdagi holati va bankning faoliyati tahlil etilgan. Shuningdek, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan an’anaviy banklar va raqamli banklarning faoliyatini taqqoslash natijasida mamlakatimizdagi bank xizmatlarini rivojlantirish borasida xulosalar shakllantirilgan. . Bank xizmatlarini modernizatsiyalash va soddalashtirish tizimi mamlakat moliyaviy xizmatlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda axborot texnologiyalari, barcha sohalarda bo‘lgani kabi, bank tizimiga ham keng joriy etilgan. Bank tizimida raqamli bankingni rivojlantirish iqtisodiy o‘sishning asosiy masalalaridan biri ekanligi, ayniqsa butun dunyo bo’ylab hukm surayotgan koronavirus pandemiyasi davrida ham yaqqol yuzaga chiqdi. Prezidentimiz bank tizimiga to‘xtalar ekan, “Afsuski, bank tizimi raqamli texnologiyalardan foydalanish, yangi bank mahsulotlari va dasturiy ta’minotni joriy etish bo‘yicha zamonaviy talablardan ortda qolmoqda”, deya ta’kidlagan. Bunda biz raqamli bank xizmatlarini ishlab chiqilishi kerak bo’lgan masala sifatida tan olishimiz zarur. Muhim masalalardan biri bu foydalanuvchilarning bank tizimiga ishonchini oshiradigan va qulay xizmatlarni taklif etadiga raqamli bank tizimini rivojlantirish hisoblanadi. Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, innovatsion bank texnologiyalaridan foydalangan holda (kassa xizmatlarini ko'rsatmasdan) masofadan turib bank xizmatlarini ko'rsatuvchi bank yoki uning sho’ba korxonasi
raqamli bank hisoblanadi. Bu butun bank yoki bank filialiga berilgan ta'rifdir. Raqamli banking bank xizmatlaridan foydalanuvchilarga bank mahsulotlarini onlayn tarzda taqdim etish uchun dasturiy ta'minot to'plami sifatida ko'rib chiqilishi lozim. A.A.Gontarning ta’kidlashicha, “Raqamli banking - bu bank va uning mijozlari o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning yangi shakli, shu jumladan raqamli, axborot va texnologiya strategiyalari sohasidagi iste'molchilar va tijorat mijozlari uchun moliyaviy xizmatlar sohasidagi innovatsiyalar”. Tadqiqotchi olimlardan Suchat Tungjitnob, Kitsuchart Pasupa, Boontawee Suntisrivaraporn o’z tadqiqot ishlarida “Mobile banking” to’g’risida quyidagi fikrlarni bildirib o’tganlar “Bank mijozlari banklarning mobil ilovalari (mobile banking) yordamida istalgan joyda va istalgan vaqtda bank operatsiyalarini darhol amalga oshirishlari mumkin. Bundan tashqari, mobil banking ilovasi qo'shimcha filiallarni ko'paytirish xarajatlarini kamaytiradi. Bank, shuningdek, ilovadan mijozlar ma'lumotlarini olishdan foyda oladi”. “Rivojlangan mamlakatlarda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, elektron banking operatsion xarajatlarni kamaytiradi va shuning uchun banklar uchun katta foyda keltiradi. …. Raqamli banking daromad olish uchun ko'proq imkoniyatlar yaratadi, chunki ular qo'shimcha foizsiz manbalardan daromad keltiradi. Qulay bo‘lgan elektron bank xizmatlari va mahsulotlarining joriy etilishi banklarga bo‘lajak mijozlarni jalb qilish imkonini berdi va bu ularning bozordagi ulushini oshirish imkonini berdi”. O‘zbekiston qonunchiligiga ilk marta raqamli bank tushunchasi 2018- yildan boshlab kiritilgan bo’lib, “Banklarni ro‘yxatga olish va ular
faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida” Nizomning birinchi bandida raqamli bankka quyidagicha ta’rif berilgan: “Raqamli bank — innovatsion bank texnologiyalaridan foydalangan holda (kassa xizmatini ko‘rsatmasdan) bank xizmatlarini masofaviy ko‘rsatuvchi bank yoki uning tarkibiy bo‘linmasi. Raqamli banklar tomonidan bank xizmatlarini masofaviy ko‘rsatish bankning ichki tartib qoidalariga asosan qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda amalga oshiriladi”. O’zbekistonda ilk bor “ANOR BANK” AJ 2020-yil sentyabr oyidan raqamli bank sifatida birinchi onlayn xizmatlarini ishga tushirgan hamda hozirgi kunda bir qator zamonaviy bank xizmatlarini ko’rsatib kelmoqda. Boston Consulting Group analitiklarining hisoblashlariga ko’ra, raqamli iqtisodiyot bo’yicha boshqa rivojlanayotgan davlatlar yetakchilardan o’rtacha 8-10 yilga orqada qolgan. Ammo agarda hech qanday chora-tadbirlar ko’rilmasa, 3-5 yildan so’ng orqada qolish 15-20 yilga ham yetishi mumkin. “Industriya 4.0” konseptsiyasi doirasida ushbu ko’rsatgich milliy iqtisodiyotning investitsion raqobatbardoshlik reytingi ko’rsatgichini aniqlashda asosiylaridan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda bank sohasi dunyo bo’ylab raqamli qurollanish poygasiga kirishgan. 2018-yilda dunyo banklari raqamli banking imkoniyatlari uchun 9.7 mlrd. AQSH dollari miqdorda investitsiya kiritishni rejalashtirgan. Ko’pchilik tijorat banklarida onlayn va mobil bank dasturlarini yaratish va rivojlantirish odatiy bank filiallari va ATMlarni ko’paytirishdan ko’ra muhimroq deb qaralmoqda. Dunyo bo'ylab banklar allaqachon raqamli texnologiyalarga investitsiyalar qanday bo'lishi mumkinligi hamda mijozlarni jalb qilish
va qoniqish hosil qilish haqida tushunib yetmoqda. Misol uchun Amerika banki an’anaviy bank filiallariga qaraganda ko’proq onlayn depozitlar qabul qilgan. Bankning Bosh ijrochi direktori Brayn Moynihaning fikriga ko’ra, raqamli bank xizmatlariga investitsiya kiritish mijozlarning ehtiyojini qondirishga yordam beradi. Darhaqiqat, “Raqamli bank” tushunchasi 2015-2020 yillar davomida Yevropa davlatlarida jadallik bilan rivojlangan. Raqamli banklar o‘z mijozlariga yanada qulaylik va foydali xizmatlarni taqdim etish maqsadida zamonaviy raqamli innovatsiyalardan keng foydalanadi. Afsus bilan qayd etish lozimki, jahon iqtisodiy forumi ma’lumotlariga ko’ra mamlakatimiz bu ko’rsatgich bo’yicha oxirgi o’rinlardan birida turadi. Moliyaviy sektorda huddi shu tufayli ro’y berayotgan salbiy oqibatlarni yengib o’tish uchun milliy iqtisodiyotda raqamli iqtisodiyotni keng ko’lamda qo’llashga erishish asosiy masalalardan biri bo’lib hisoblanadi. Raqamli banking usullarini qo’llash, iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash va mobil tizimlar rivojlanishiga alohida ahamiyat berish moliyaviy bozorlar va banklar rivojlanishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF5296- sonli farmoni1 imzolangach, bank tizimiga chakana bank xizmatlariga ixtisoslashgan “raqamli” banklar va bank bo‘linmalarini tashkil etish hamda innovatsion bank texnologiyalaridan foydalangan holda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada kengaytirish vazifasi yuklatilgan.