Sintaktik uslubiyat. Sodda gaplar uslubiyati.
Sintaktik uslubiyat. Sodda gaplar uslubiyati. R e j a: 1. Sintaktik uslubiyatning mundarijasi, maqsad va vazifalari. 2. Sintaksisning stilistik imkoniyatlari. 3. Ilmiy uslub sintaksisi elementlari. 4. So‘zlashuv uslubining sintaktik elementlari. 5. Badiiy uslub sintaksisi elementlari. 6. Sintaktik sinonimiya stilistik vosita sifatida. -gap bo‘laklari sinonimiyasi; -so‘z birikmasi doirasida sinonimiya; -gaplar sinonimiyasi: sodda gaplar sinonimiyasi, qo‘shma gaplar sinonimiyasi. 7. Ifoda maqsadiga ko‘ra gap turlarining stilistik xususiyatlari. 8. Tasdiq va inkor gaplarning qo‘llanishi. 9. Bir tarkibli gaplarning stilistik xususiyatlari : -shaxsi aniq gap; -shaxsi noaniq gap; -shaxsi umumlashgan gap; -egasi topilmaydigan gap; -nominativ gap. 10. Gap bo‘laklarning funksional qo‘llanishi. 11. Gapda so‘zlar tartibining stilistik vazifasi. 12. Uyushiq bo‘laklarning stilistik vazifasi. 13. Undalma stilistik vosita sifatida. 14. Kirish bo‘laklarning va kiritmalarning stilistik xususiyatlari.
1. Sintaktik uslubiyatning mundarijasi, maqsad va vazifalari. Verli M.: «Uslub so‘zga qaraganda ko‘proq gapda shakllanadi». Galperin I. R.: uslubning o‘ziga xos belgilari uning sintaktik qurilishidadir. Gvozdev A. N.: «Sintaksisning stilistika uchun juda muhimligi shu bilan belgilanadiki, gap nutqning asosiy birligi sifatida tafakkur va aloqa uchun xizmat qiladi. Gapda so‘zlarning oddiy tartibining o‘zi turli variantlarni hosil qiladi, turli ma’no yoki ekspressiv ottenkalar ifodalaydi. Funksional uslublarning shaklanishida sintaksis muhim rol o‘ynaydi. Ayrim sintaktik hodisalar stilistik vosita sifatida funksional chegaralanganligi bilan o‘ziga xos xususiyatlarga ham egadir. Masalan, sifatdosh va ravishdosh oborotlar, bog‘lovchilarning ayrim turlari ko‘proq kitobiy nutqqa xos bo‘lib, ifodaga kitobiy kolorit beradi, to‘liqsiz gaplar, ko‘pgina elliptik qurilmalar, kesimi undov va harakat nomi bilan ifodalangan gaplar ko‘proq so‘zlashuv nutqida qo‘llanadi. Poetik sintaksis vositalari esa badiiy nutq uchun xarakterlidir. Ayrim sintaktik birliklar ma’lum funksional stillarda keng qo‘llanib, boshqalari uchun esa tipik bo‘lmaydi. Masalan, ergashgan qo‘shma gaplar, yig‘iq gaplar funksional stilning bir ko‘rinishida ko‘p, boshqa ko‘rinishida esa kam qo‘llanadi. Ammo bunday hollarda ham gapning konkret tipi, uning tuzilishi, leksik va morfologik tarkibi funksional stillar uchun umumiy xarakterda bo‘ladi. Ayniqsa, hozirgi o‘zbek adabiy tilida rivojlangan sintaktik hodisalar sinonimiyasi funksional stil uchun tuganmas manbadir. 2. Sintaksisning stilistik imkoniyatlari. Sintaktik stilistika birliklarini belgilash bu sohaning predmetini belgilash demakdir. Ritorika, poetika, adabiyot nazariyasida sintaktik figuralar deb atalgan qurilmalar stilistik snntaksis vositalari deb qaraladi. Bundan tashqari, o‘rinli va original qo‘llangan sintaktik qurilmalar ham stilistik vositalar bo‘lib xizmat qiladi. Antik ritorikadan boshlab sintaktik figuralar deb atalayotgan hodisalar (ritorik so‘roq, ellips, gradatsiya, band, anafora, epifora, takror, antiteza kabilar) badiiy-poetik sintaksis birliklari hisoblanadi. O‘zbek tili badiiy-poetik sintaksisi elementlari haqida fikr yuritilganda ham, shular tilga olinadi.
O‘zbek tili taraqqiyotining hozirgi bosqichida funksional uslublar farqlanib, uning ilmiy, badiiy, publitsistik, rasmiy ish qog‘ozlari, so‘zlashuv kabi uslublari shakllandi. Sintaktik qurilmalar nutq uslublarida neytral bo‘lgani kabi, funksional xarakterda ham bo‘ladi. Sintaktik stilistika uchun neytral xarakterdagi sintaktik vositalar emas, nutq uslublariga xoslangan funksional sintaktik vositalar muhimdir. 3. Ilmiy uslub sintaksisi elementlari. Ilmiy nutq uchun fikrni aniq, logik izchillik bilan ifodalash xarakterlidir. Umuman, ifodaning logik izchil bo‘lishi, bunda logik uquv, logik zehn, logik qobiliyatga mo‘ljallanishi, mana shu maqsadda ifodaning intellektual elementlariga ko‘p murojaat qilinishi ilmiy uslubning asosiy belgilaridan hisoblanadi. Ilmiy asarlar mulohaza va isbotdan iborat bo‘ladi. Isbot aniq bayon qilinadi. Buning uchun ifodaning to‘liq bo‘lishi lozim. SHunga ko‘ra ham ilmiy matnlar uchun to‘liq gaplar xarakterli. Bunda to‘liqsiz gap fikrning aniqligiga putur etkazadi. Ilmiy ifodada logik izchillikni ta’minlovchi muayyan so‘z tartibiga amal qilish muhimdir. Bunda o‘zbek adabiy tilining grammatik qurilishi talablariga rioya qilinadi. SHu bilan birga, fikrni aniq, izchil ifodalash uchun ba’zan gap bo‘laklarining tartibini o‘zgartish ham mumkin. Ilmiy nutqning o‘ziga xos belgilaridan yana biri unda qo‘shma gap, uning murakkab tiplarining keng qo‘llanishidir. Qo‘shma gap komponetlari ko‘pincha semantik munosabatlarni aniqroq ifodalovchi bog‘lovchi va bog‘lovchi vazifasidagi boshqa vositalar orqali birikadi. Juda ko‘p hollarda chunki, shuning uchun, shu sababli kabi bog‘lovchilar, shart mayli va ravishdosh shakllari, -dek affiksi kabilardan keng foydalaniladi. Ilmiy uslubda passiv qurilmali gaplar, bir tarkibli gap tiplaridan egasi topilmaydigan gaplar keng ishlatiladi.
Ilmiy asarlarning isbot, xulosa qismlarida shunday ekan, aytiladi, deb ataladi, masalan, to‘xtab o‘taylik, diqqat qilaylik, diqqat qiling, qiyoslang, qiyos qiling kabi iboralardan keng foydalaniladi. Ilmiy matnlar uchun o‘quvchining diqqatini bayon qilinayotgan hodisaga jalb qilish maqsadida ayrim so‘zlar, so‘z birikmalari, gaplarni ajratish, havola va turli izohlar berish ham xarakterlidir. 4. So‘zlashuv uslubining sintaktik elementlari. So‘zlashuv uslubi so‘zlashuv nutqi tushunchasidan farq qiladi. So‘zlashuv nutqi adabiy so‘zlashuv uslubi bo‘lib, tilning adabiy normalariga mos keladi. U «ishlangan», «tartibga solingan» bo‘lib, kasbi yoki mutaxassisligidan qat’i nazar, shu tilda so‘zlashuvchi har bir kishi uchun tushunarli bo‘lgan asosiy uslub hisoblanadi. So‘zlashuv uslubi erkin holda shakllanishi bilan farqlanadi, unda emotsionallik kuchli bo‘ladi. So‘zlashuv nutqida adabiy so‘zlashuv nutqiga xos elementlarning biror jihatdan adabiy til normalariga mos kelmaydigan qurilmalarining qo‘llaiishi mumkinligi ham uning xarakterli belgilaridan hisoblanadi. So‘zlashuv nutqi sintaktikasining o‘ziga xos belgilari uning nutq momentida shakllanishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Oddiy so‘zlashuvning asosiy sintaktik belgilari quyidagilar: 1.Fikr ko‘proq to‘liqsiz gap shaklida ifodalanadi. 2.Faqat kesimdan tashkil topgan to‘liqsiz gaplar ko‘p qo‘llanadi. 3. Sifatdosh + emish, sifatdosh+ekan qurilmalari hamda tuslangan ravishdoshlar bilan ifodalangan gaplar ko‘p ishlatiladi. 4. Maqol va hikmatli so‘zlar, turli xalq iboralari keng qo‘llanadi. 5. Inversiya xarakterli. 5. Badiiy uslub sintaksisi elementlari. Badiiy nutq kommunikativ va estetik vazifa bajaradi. «Badiiy uslubning boshqa uslublardan ajralib turadigan asosiy belgisi,— deb yozadi A. I. Efimov,— uning estetik vazifasi, obrazliligi va ekspressivligidir».
Badiiy uslubning qo‘llanish doirasi juda keng bo‘lib, tematik va stilistik tomondan chegaralanmagan. Bunda barcha uslub imko-niyatlaridan foydalaniladi, shu bilan birga, adabiy til normalaridan chekinilishi mumkin. Badiiy uslub sintaksisi sifatlovchining keng qo‘llanishi, so‘z tartibida teskari, sub’ektiv tartibga keng yo‘l qo‘yilishi, ritorik so‘roq va undov gaplar, sintaktik figuralarning ko‘p qo‘llanishi kabi holatlar bilan xarakterlanadi. 6. Sintaktik sinonimiya stilistik vosita sifatida. Fikrni to‘g‘ri va ta’sirchan ifodalashda sintaktik sinonimiya imkoniyatidan keng foydalaniladi. Stilistikada sinonim va variant tushunchalari farq qilinadi. Sinonim ma’no ottenkasini ko‘rsatadi. Variant esa aniq ma’no ottenkasiga ega bo‘lmaydi. U bir ma’no ottenkasi doirasida bo‘ladi. SHendels E. I.: «Variantlar sinonim hisoblanmaydi, ular yo ma’no jihatidan bir xil dublet bo‘ladi yoki ma’nosidagi farqi grammatik ma’nolar sistemasiga ta’sir ko‘rsatmaydi». Qiyoslang: Bu boqqa juda ko‘p mehnatimiz singgan (0) - Mehnatimiz bu boqqa juda ko‘p singgan; Sintaktik sinonimiya gap bo‘lagi, so‘z birikmasi, gap doirasida bo‘lishi mumkin. -gap bo‘laklari sinonimiyasi. Odatda, gap bo‘laklarining har biri sinonimiya hosil qilishi mumkin. Masalan: 1. Bir tarkibli gaplarning bir turida kesim harakat nomi (o‘qish, o‘qimoq, o‘quv) hamda kerak, zarur, lozim, darkor kabi so‘zlarning qo‘shilishidan tashkil topgan qurilmalar bilan ifodalanadi. Bular kesim sinonimiyasidir. Qiyoslang: Jasoratlariga ofarin o‘qimoq kerak. (0.) Lekin zarur vaqtdagina tilga erk bermoq lozim. (0.) SHuning uchun ularni g‘aflatdan uyg‘otish darkor. (0.) Aql, fahm-farosat bi-lan ko‘ngilni yo‘lga solib turish kerak. (A. Q.) Ko‘makchili va kelishikli shakldagi to‘ldiruvchi va hollar sinonimiya hosil qiladi. To‘ldiruvchi sinonimiyasi: Olim uchun vijdon ham o‘tkir ilm kabi zarur. (J. A.) Olimga vijdon ham o‘tkir ilm kabi zarur.