TA’LIMNI TASHXIS ETISH
TA’LIMNI TASHXIS ETISH R EJ A : 1. O’quvchilar bilimini tashxis etishning mohiyati . 2. Ta’lim jarayonida nazorat va hisobga olishning vazifalari. 3. Ta’lim natijalarini tekshirish va baholashga qo’yiladigan talablar. 4. O’quvchilarning bilim, ko’nikma va malakalarini baholash mezonlari . 5. O’quv faoliyati natijalarini hisobga olish turlari, shakl va metodlari.
Ta’lim tashxisi mohiyati haqida gapirishdan oldin tashxisni umumiy yondashuv hamda tashxislashni amaliy pedagogik faoliyat jarayoni sifatida qabul qilamiz. Tashxis – bu didaktik jarayon kechadigan barcha sharoitlarni oydinlashtirish, uning natijalarini belgilash demak. Tashxissiz didaktik jarayonni samarali boshqarish, mavjud sharoit uchun optimal natijalarga erishish mumkin emas. Ta’lim tashxisida oqibatlar, erishilgan natijalar va ta’lim olganlik farqlanadi. Shuningdek, ta’lim olganlikni tashxislash vaqtida belgilangan maqsadni amalga oshirishda erishilgan daraja sifatida ham qaraladi. Didaktik tashxisning maqsadi o’quv jarayonini uning samaradorligi bilan bog’liq holda aniqlash, baholash va tahlil qilishdan iborat. Yuqoridagilardan ma’lum bo’ladiki, tashxis ta’lim oluvchilarning bilim, ko’nikma va malakalarini an’anaviy tekshirishga nisbatan kengroq va chuqurroq ma’no kasb etadi. Ta’limni baholash yoki tekshirish faqat natijalarni qayd etadi, biroq ularning kelib chiqishini izohlamaydi. Tashxis natijalarini ularga erishish yo’llari va vositalari, usullari bilan aloqadorlikda baholaydi, ta’lim samarasini ta’minlovchi jarayon va bosqichlarni aniqlaydi: O’quvchilarning bilim, ko’nikma va malakalarini nazorat qilish, baholash tashxislashning zaruriy tarkibiy qismlari sanaladi. Ular pedagogik texnologiyaning ancha qadimiy usullaridir. Nazorat va baholash maktab amaliyoti rivojining doimiy hamrohi bo’lib kelgan. Shunga qaramay, bugun ham baholashning mazmuni, texnologiyalari haqida qizg’in munozaralar davom etmoqda. Avval bo’lgani kabi pedagoglar baho nimani qayd etishi lozimligini aniqlashga urinmoqdalar. Ularning fikrlaricha, bahoning: 1) ta’lim oluvchining o’zlashtirish darajasini qat’iy belgilovchi – sifat ko’rsatkichi, yoki; 2) u yoki bu ta’lim tizimining ustunligi, kamchiliklarini ko’rsatuvchi ko’rsatkich ekanligi aniq belgilanishi zarur. Ta’limni baholashda ziddiyatli qarashlarning tug’ilishini buyuk pedagog Ya.A.Komenskiy ham ta’kidlab o’tgan edi. U pedagoglarni o’zlari ega bo’lgan
baholash huquqidan aql bilan foydalanishga chaqirgan. Ta’lim oluvchilarga nisbatan nazoratning obyektiv bo’lishiga erishish didaktik tizimlarning asosida yotadi. Olimlarning ta’kidlashicha, demokratlashgan ta’lim tizimida yuzaki (formal) nazorat bo’lmasligi lozim, Didaktik nazorat ta’limning o’ziga xos metodi sifatida aniq ifodalangan ta’lim beruvchi, rivojlantiruvchi xususiyatga ega bo’lishi o’z- o’zini nazorat qilish bilan birlashishi, eng avvalo, ta’lim oluvchining o’zi uchun zarur va foydali bo’lishi lozim. Ta’lim tizimini demokratlashtirish bilim, ko’nikma va malakalarni nazorat va baholashdan emas, balki baho yordamida o’qishga undashning murakkab shakllaridan voz kechishni talab qiladi. O’quvchilarning o’quv mehnatini rag’batlantirishning yangi usullarini izlash, ta’lim va tarbiya sohasida kuch to’plab borayotgan shaxsiy foyda tamoyili yangicha yondashuvlarni belgilab beradi. Tashxislash tizimida baho rag’batlantirish vositasi sifatida bir qator afzalliklarga ega. Birinchi navbatda, baholovchi fikrlar (ballar) qo’llanishi mumkin bo’lgan tashxislash natijalari shaxsning yetuklik darajasini belgilashga ko’maklashadi, bu esa raqobatli ta’lim sharoitlarini yaratishda muhim omil sanaladi. Ta’lim (shuningdek, nazorat)ning ixtiyoriyligi tamoyili bilan boyitilgan baho o’tmishda o’quvchilar uchun majburiy bo’lgan ta’limning zaruriy vositasidan shaxsiy reyting – shaxsning jamiyatdagi mavqyei ko’rsatkichini tadrijiy aniqlash usuliga aylanadi. Ta’lim jarayonida nazorat va hisobga olishning vazifalari. Ta’lim jarayonining muhim tarkibiy qismlaridan biri - nazorat va hisobga olishdir. Bu tushunchalar o’ziga xos mohiyat va xususiyatlarga ega. O’qituvchi nazorat va hisobga olishni to’g’ri tashkil etsa, ta’lim jarayonining samaradorligi ortadi. Buning uchun o’qituvchi o’quvchining o’quv materiallarini o’zlashtirish darajasini aniqlab berishi lozim. Nazorat (ta’lim jarayonida) ta’lim oluvchining bilim, ko’nikma va malakalari darajasini aniqlash, o’lchash va baholash jarayonini anglatadi. Aniqlash va o’lchash tekshirish deb ham ataladi.
Tekshirish – nazoratning tarkibiy qismi bo’lib, uning asosiy didaktik vazifasi o’qituvchi va o’quvchilar o’rtasida teskari aloqani ta’minlash, pedagog tomonidan o’quv materialini o’zlashtirish haqida obyektiv axborot olinishi, bilimlardagi kamchilik va nuqsonlarni o’z vaqtida aniqlashni ta’minlashdir. Tekshirishning maqsadi nafaqat o’quvchining bilim darajasi, sifati, shuningdek, uning o’quv mehnati hajmini ham aniqlashdan iborat. Tekshirish tizimidagi birinchi bosqich ta’lim oluvchilarning bilim darajasini oldindan aniqlash hisoblanadi. Odatda, u o’quv yili boshida o’quvchilar tomonidan avvalgi o’quv yilida o’zlashtirilgan bilimlari darajasini aniqlash maqsadida o’tkaziladi. Bu kabi tekshirish, shuningdek, o’quv yilining o’rtasida yangi bo’lim (kurs)ni o’rganishga kirishilganda ham o’tkazilishi mumkin va o’rinli. Bilimlarni tekshirishning ikkinchi bosqich har bir mavzuni o’zlashtirish jarayonidagi joriy tekshirishdir. Joriy tekshirish ta’lim oluvchilar tomonidan o’quv dasturida belgilangan ayrim alohida elementlarni o’zlashtirish darajasini tashxislash imkonini beradi. Mazkur tekshirishning asosiy vazifasi alohida olingan muayyan vaziyatni o’rganishdir. Bunday tekshirish shakl va metodlari turlicha bo’lib, ular o’quv materiali mazmuni, murakkabligi, o’quvchilarning yoshi va tayyorgarligi, ta’lim bosqichi va maqsadlari, muayyan pedagogik sharoitlarga muvofiq belgilanadi. Oraliq tekshirish bilim, ko’nikma va malakalarni tekshirishning uchinchi bosqichi sanalib, o’quvchilarning o’quv materialining muayyan bob yoki bo’limlari bo’yicha o’zlashtirgan bilim, ko’nikma va malakalari darajasini aniqlash, baholash shakli. Yangi mavzuni o’rganish bilan birga o’quvchilar avval o’zlashtirilganlarni takrorlaydilar. Takroriy tekshirish bilimlarni mustahkamlashga ko’maklashadi, biroq o’quv ishlari bosqichini tavsiflash, bilimlarning mustahkamlik darajasini tashhislash imkonini bermaydi. Tashhisning boshqa shakl va metodlari bilan birga qo’llanilsagina ushbu tekshirish kutilgan samarani beradi. Tizimning to’rtinchi bosqichi –o’quvchilarning bilim, ko’nikma va malakalarini yaxlit bo’lim yoki kursning alohida mavzusi bo’yicha davriy tekshirish hisoblanadi. Mazkur tekshirishning maqsadi – kursning turli qismlarida
o’rganilgan o’quv materialining strukturaviy elementlari o’rtasidagi o’zaro aloqalarni o’zlashtirish sifatini tashhislash. Davriy tekshirishning asosiy vazifasi – tizimlashtirish va umumlashtirish. Tekshirishni tashkil etishda beshinchi bosqich ta’lim oluvchilarning ta’lim jarayonining barcha bosqichlarida egallangan bilim, ko’nikma va malakalarini yakuniy tekshirish va hisobga olishdir. O’zlashtirishning yakuniy hisobi har bir chorak va o’quv yili oxirida o’tkaziladi. U olingan baholarni qo’shib, o’rtacha arifmetik ballni mexanik tarzda chiqarishdangina iborat bo’lmasligi lozim. Bu, avvalo, mazkur bosqichda belgilangan maqsadga muvofiq tarzda mavjud bilim darajasi (sifati)ni tashxislashdir. Tekshirishdan tashqari nazorat o’z ichiga baholash (jarayon sifatida) va baho (natija sifatida) ham oladi. O’zlashtirish tabellari, sinf, guruh jurnallari, reyting daftarchalari va shu kabilarda baholar shartli belgilar, kod signallari, xotiralash belgilari va hokazolar baho ko’rinishida qayd etiladi. O’quvchining o’zlashtirish darajasini baholash uchun nazorat yakunlari (natijalari) asos bo’ladi. Bunda o’quvchilar ishining ham sifat, ham miqdor ko’rsatkichlari hisobga olinadi. Miqdor ko’rsatkichlari ko’proq ballar yoki foizlarda. Sifat ko’rsatkichlari esa a’lo, yaxshi, qoniqarli va hokazo baholovchi fikrlar yordamida qayd etiladi. Har bir baholovchi fikrga oldindan kelishilgan (belgilangan) ma’lum ball, ko’rsatkich (masalan, o’rin – 1, 2, 3, 4 va hokazo) tayinlanadi. Bunda baho o’lchash va hisoblashlar natijasida olinadigan son emas, balki baholovchi fikrga yuklangan ma’no ekanini unutmaslik muhim. Baholovchi son sifatida qo’llashga berilib ketishning oldini olish uchun bir qator mamlakatlarda baholar harfli (A, V, S, D va hokazo) ifodaga ega. Bahoni amalda egallangan bilim, ko’nikma va malakalar bilan davlat ta’lim standartiga ko’ra o’zlashtirilishi belgilangan bilim, ko’nikma va malakalar umumiy hajmi o’rtasidagi nisbat sifatida tushunish (ta’riflash)dan ta’lim darajasining miqdoriy mazmuni kelib chiqadi. O’zlashtirish (ta’lim samaradorligi) ko’rsatkichi BqAG’T yuz foiz nisbat asosida hisoblanadi. Bunda: B – o’zlashtirish (ta’lim samaradorligi) bahosi; A – amalda o’zlashtirilgan bilim, ko’nikma va malakalarning hajmi;