Abu Mansur al-Moturidiy (870 - 944) hayoti va ijodi haqida
Abu Mansur al- Moturidiy (870 - 944) hayoti va ijodi haqida
Abu Mansur al-Moturidiy sunniy e’tiqodidagi ikki yirik oqimlardan biri bo‘lmish Moturidiya oqimining asoschilaridan hisoblanadi. Uning hayoti haqida ma’lumotlar juda ozdir. To‘liq nomi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Hanafiy al-Moturidiy as- Samarqandiydir. Buyuk kalom imomi va fikh olimi asli Samarqandning Moturid qishlog‘idan (hozirgi Jonboy rayonida joylashgan) bo‘lib, uning taxallusi shu qishloqqa nisbatan olingandir. Abu Mansur al-Moturidiy dastlabki ta’limni shu qishloqda olib, keyinchalik Movarounnahrning o‘sha davrdagi diniy va ma’rifiy markazi bo‘lgan Samarqandda davom ettiradi. Abu Mansur al-Moturidiy (870 - 944)
Al-Moturidiy yashagan davr Somoniylar hukmronlik qilgan davrga to‘g‘ri keladi. Samarqand dastlab bu davlatning poytaxti bo‘lib, so‘ngra IX asrning oxiridan boshlab poytaxt Buxoroga ko‘chirildi. Biroq o‘sha vaqtda ham Samarqand Buxoro bilan bir qatorda Movarounnahrning iqtisodiy-madaniy markazi bo‘lib qolaveradi. Abu Mansur al-Moturidiy tug‘ilgan yili haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. U Samarqandda 944—945 yilda vafot etgan va shahar chekkasidagi Chokardiza degan qabristonga ko‘milgan.
Ba’zi manbalarda uning Samarqanddagi al-Ayoziy madrasasida ta’lim olgani qayd etilgan. Al-Moturidiy Abu Bakr Ahmad al-Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad al-Iyodiy, Imom A’zam mazhabidagi buyuk olim Nasr ibn Yahyo al-Balxiy, Muhammad ibn al-Fadl kabilarni o‘zining ustozi deb bilgan. Al-Moturidiy fiqh va kalom masalalari bilan qiziqib, Hanafiya mazhabi olimlaridan dars olib o‘z bilimini oshiradi. Shu vaqt davomida ko‘plab mashhur faqihlar va muhaddislar bilan muloqatda bo‘lgan va munozaralar qilgan. Butun umri davomida shu sohaga oid asarlar yozib qoldirgandir. Mahmud ibn Sulaymon al-Kafaviyning (vafoti 1582 yil) "Katoib ul-a’lom al-axyor fi taboqot va mashaoyix mazahab an-Nu’mon" ("Nu’mon mazhabiga mansub bo‘lgan taniqli alloma faqihlar va shayxlar haqidagi kitob") nomli kitobida al-Moturidiy va uning asarlari haqida ayrim ma’lumotlar beriladi. Masalan, quyidagi asarlari nomlari keltirilgan: "Kitab Tavhid" ("Allomani yakkalashlar kitobi"), "Kitab Maqomat", "Kitab rad avomil lil adila lil kabiy" ("Ka’biy zalolatlarining boshlanishini rad qilishga bag‘ishlangan kitob"), "Kitab bayon va hum ul-mu’tazila" ("Mu’tazila g‘avg‘olari va undan qo‘rqmaslik haqidagi kitob bayoni"), "Kitab Ta’vilot al- Qur’on" ("Kur’on ta’vili kitobi").
Lekin Hoji Xalifaning (1609—1659) "Kashf az-zunun an-asomil kutub va-l-funun" ("Kitob va fanlar nomlari haqidagi shubhalarni bartaraf etish kitobi") kitobida e’tirof etilishicha, yana Abu Mansur al- Moturidiyning "Ma hazi ash-shari’a" ("Shariat asoslari sarasi"), "Kitab al-jadal" ("Dialektika haqida kitob") kabi asarlari ham bo‘lgan. Bulardan tashqari al-Moturidiyning "Kitab al-usul" ("Diniy-ta’limot usuli kitobi") asari ham ma’lum. Abu Mansur al-Moturidiyning ko‘p asarlari bizgacha yetib kelmagan, yetib kelganlari ham asosan xorijiy mamlakatlar kutubxona va qo‘lyozma fondlarida saqlanadi. Al-Moturidiy islom olamida juda nozik hisoblangan "Kitab Tavhid" — asari bizning davrimizga yetib kelgan va u 1970 yilda Fathulloh Xulif tomonidan Bayrutda nashr etilgan. U islom dinidagi sunniylarning to‘rtta asosiy mazhabi asoschilarining asarlarini o‘rganib, fiqhga va kalomga oid asar yozadi.