Xettlarda Elchilar,Choparlar,Kotiblar
Xettlarda Elchilar,Choparlar,Kotiblar
Xettlar davlati tashqi siyosatida elchilar, choparlar, xabarchilik kabilar muhim rol o‘ynagan. Diplomatik mazmundagi echilar va nomalarning muntazam almashinuvi, hukmdorlar o‘rtasidagi davriy uchrashuvlar aftidan o‘sha paytlarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning barqarorligidan (normalligidan) dalolat bergan. Ayniqsa, bu holat biri vassal bo‘lib turgan davlat bilan bo‘lganda majburiy bo‘lgan. Masalan, Xett hukmdorining Sunassuras va Aziru bilan shartnomalarida ularning davriy ravishda xett hukmdori saroyiga tashrif buyurishi majburiy ekanligi belgilangan. Va aksincha, dushmanlik holatida shaxsiy yoki elchilik orqali munosabatga kirishilmagan. Ularning Xattiga dushman bo‘lgan mamlakatlar bilan munosabat o‘rnatishlari taqiqlangan
Masalan, Muvatallining Sunassuras bilan shartnomasida “Sunassuras hech qachon o‘z elchilarini xurritlarga yubormaydi va Xurri mamlakatidan keladigan elchilarni o‘zining mamlakatiga umuman qo‘ymaydi” deyilgan edi. Xett davlati tarixida ham diplomatiya ning birinchi shakli bo‘lgan “Ad hoc (ad hok) diplomatiyasi”dan foydalanilgan. Xett diplomatiyasida elchi mazmunini ifoda etuvchi bir qator tushunchalar qo‘llanilgan. Jumladan: lùTEMU (akkadcha. LÙ temi) – Alansandu bilan shartnomada elchi sifatida tilgan olingan diplomatik martabalar(ranga)dan biri. Halugatalla (akkadcha muqobili Mar Šipri (Mar Shipri)) – davlatning boshqa mamlakatlar bilan aloqasi xalugatalla nomli elchilar tomonidan ta'minlangan.
Mixxat matnli xettcha hujjatlardan ma'lum bo‘lishicha, xalugatallalar doimiy ravishda xorijiy mamlakatlarda ushlab turilgan va va bu elchilarning o‘z davlatiga (Xattiga) qaytishi o‘sha davlat ruxsati bilan amalga oshgan. Bu holat Xettlar klassik qadimgi elchilik tizimidan (Ad Hoc) biroz farqli tizimga ega ekanligini ko‘rsatadi. Shattivaza bilan, Nuxashsha hukmdori Tette, Sunassuras bilan akkad tilida bitilgan shartnomada odatda “mar sipri” – “chopar, elchi, xabarchi” unvoniga ega mansabdor tilga olingan. Aftidan, aynan ushbu elchi xettchada “halugatalla” (haluga – “xabar”, “noma”) deb atalgan bo‘lsa kerak. Arsava maktublariga ko‘ra, bunday elchilar noma bitilgan lavhlarni bir hukmdordan boshqasiga yetkazib turgan. LÙKARTAPPU – shumercha “yem xaltasini tutgan kishi”, “ot jilovi” ma’nolarini beruvchi “kir4.dab” so‘zidan kelib chiqqanligi ko‘rsatiladi. Ba’zi olimlar uni “izvoshchi” va “maxsus chopar” deb tarjimaqilishadi. Bundan tashqari, ushbu atama “(hayvon) haydovchi (ya’ni cho‘pon)” tarzida ham tarjima qilingan.