Yevropaning geografik o‘rni, chegaralari va siyosiy xaritasi
Yevropaning geografik o‘rni, chegaralari va siyosiy xaritasi
• Ma’lumki, Yevrosiyo materigi ikki qit’a – Yevropa va Osiyoga bo‘linadi. Yevropa qit’asi Yevrosiyo materigining g‘arbiy qismini egallaydi. «Yevropa» so‘zi qadimiy assuriyaliklar tilidan kelib chiqqan bo‘lib, «Quyosh botishi», ya’ni «g‘arb» ma’nosini anglatadi. Yevropaning maydoni 10 mln. km2 ga teng bo‘lib, shundan 4,1 mln. km2 hudud Rossiyaning Yevropadagi qismiga to‘g‘ri keladi. Qit’a aholisi, 2018-yil ma’lumotlariga ko‘ra, 746 mln. kishiga, ya’ni jahon aholisining salkam 10 % iga teng.
Yevropa qit’asining qirg‘oqlari shimolda Shimoliy Muz okeani, g‘arbda Atlantika okeani, janubda Atlantika okeani havzasiga tegishli bo‘lgan O‘rta va Qora dengizlar suvlari bilan yuviladi. O‘rta dengiz va Gibraltar bo‘g‘izi Yevropani Afrikadan ajratib turadi. Sharqda Yevropa, asosan, quruqlik orqali Osiyo qit’asi bilan chegaradosh.
Yevropaning geografik o`rni Yevropa va Osiyoning chegarasi ko‘plab geografik adabiyotlarda Ural tog‘lari, Qozog‘istondagi Emba daryosi, Kaspiy dengizining shimoli-g‘arbiy qirg‘oqlari, Rossiya janubidagi Kuma- Manich botig‘i, Azov va Qora dengizlari, Bosfor bo‘g‘izi, Marmar dengizi, Dardanell bo‘g‘izi va Egey dengizi orqali o‘tkaziladi. Ayrim manbalarda ikki qit’a chegarasining Kaspiy va Qoradengizlari orasidagi qismi Katta Kavkaz tizmasi orqali o‘tkaziladi.