Axloq va uning jamiyat hayotidagi oʻrni
Axloq va uning jamiyat hayotidagi o rniʻ Reja: 1. Etikaning mohiyati va ahamiyati. Axloq, uning tarkibi va funksiyalari. Axloqiy qadriyatlar ierarxiyasi. 2. Etikaning kategoriyalari (muhabbat va nafrat, baxt va baxtsizlik kabi), axloqiy tamoyillar va me’yorlarining shaxs va jamiyat munosabatlarida namoyon bo‘lishi. 3. Nikoh va oilaning axloqiy qadriyatga doir jihatlari. Milliy ma’naviyatimizda nikoh va oilaga doir axloqiy qadriyatlar. Jamiyatda inson devalvatsiyasi (qadrlanish va qadrsizlanishi).
«Etika» so‘zi yunoncha ethos – odob, urf-odat ma’nosini anglatadi. Bu atama maxsus fan nomi sifatida ilk bor Aristotel (er. avv. 384-322 y.y.) tomonidan fanga kiritilgan edi, keyinchalik uni qat’iy ma’noda stoiklar ishlatgan edilar. Axloqshunoslik bir necha ming yillik tarixga ega bo‘lgan qadimiy fan. U bizda “ Ilmi ravish ” , “ Ilmi axloq ” , “ Axloq ilmi ” , “ Odobnoma ” singari nomlar bilan atab kelingan. Ovro‘poda esa «Etika» nomi bilan mashhur, biz ham yaqin- yaqingacha shu atamani qo‘llar edik. Uni birinchi bo‘lib yunon faylasufi Arastu muomalaga kiritgan. Arastu fanlarni tasnif qilarkan, ularni uch guruhga bo‘ladi: nazariy, amaliy va ijodiy. Birinchi guruhga u falsafa, matematika va fizikani; ikkinchi guruhga – etika va siyosatni; uchinchi guruhga esa – san’at, hunurmandchilik va amaliy fanlarni kiritadi. Shunday qilib, qadimgi yunonlar axloq haqidagi ta’limotni fan darajasiga ko‘targanlar va «Etika» ( ethika) deb ataganlar. Biroq, bizda milliy-mintaqaviy axloqiy qadriyatlarimizning, dastlabki axloqiy g‘oyalarning vujudga kelishi qadimgi yunonlar yashagan davrdan o‘nlab asrlar avval ro‘y bergan. Ajdodlarimizning eng ko‘hna e’tiqodiy-axloqiy kitobi - «Avesto» buning yorqin dalilidir. Shu sababli endilikda bu fanni ham ilmiy-tarixiy, ham zamonaviy-hayotiy talablar nuqtai nazaridan «Axloq falsafasi» deb atashni maqsadga muvofiq deb bildik. Axloqshunoslik qadimda fizika va metafizika bilan birgalikda falsafaning uzviy (uchinchi) qismi hisoblanar edi. Keyinchalik (Arastudan so‘ng) alohida falsafiy yo‘nalishdagi fan maqomini oldi. Bu fikrni quyidagicha kengaytiribroq talqin etish mumkin. Ma’lumki, falsafaning fanlar podshosi sifatidagi vazifasi barcha tabiiy va ijtimoiy ilmlar erishgan yutuqlardan umumiy xulosalar chiqarib, insoniyatni xaqiqatga olib borishdir. Shundan kelib chiqqan holda, falsafaning tadqiqot ob’ektini tafakkur deb belgilash maqsadga muvofiq. Axloqshunoslik axloqiy tafakkur taraqqiyotini tadqiq etadi va amaliyotda insonni ezgulik orqali haqiqatga olib borishga xizmat qiladi. Shu bois uni axloq falsafasi yoxud ezgulik falsafasi deb atash mumkin. Hozir u falsafiy fan sifatida uch yo‘nalishda ish olib boradi, ya’ni axloqiy tafakkur taraqqiyotini tadqiq etar ekan, u axloqni: 1) bayon qiladi; 2) tushuntiradi; 3) o‘rgatadi. Shunga ko‘ra, u tajribaviy-bayoniy, falsafiy-nazariy va rasmona- me’yoriy tabiatga ega. Qadimgilar uni amaliy falsafa deb ataganlar. Zero sof nazariy axloqshunoslikning bo‘lishi mumkin emas. U insoniyat o‘z tajribasi orqali erishgan donishmandlik namunalarini hikmatlar, naqllar, matal-maqollar tarzida bayon etadi, kishilarni axloqiy qonun-qoidalarga o‘rgatadi, ularga axloqning mohiyatini tushuntiradi va falsafiy xulosalar chiqaradi. Yani, axloqshunoslik fanida Aflotun, Arastu, Epikur, sitseron, Seneka, Avgustin, Forobiy, Ibn Sino, G‘azzoliy, Spinoza, Kant, Hegel, Shopenhauer, Foyerbax, Kirkegaard, Nitsshe, Vl. Solovyov, Losskiy
singari buyuk faylasuflar yaratgan axloq nazariyasiga doir ta’limotlar bilan birgalikda «Patanjali», «Qobusnoma», Sa’diyning «Guliston», Jomiyning «Bahoriston», Navoiyning « Mahbub ul - qulub», Montenning «Tajribanoma», Laroshfukoning «Hikmatlar», Gulxaniyning «Zarbulmasal» kabi amaliy axloqqa bag‘ishlangan asarlar ham o‘z mustahkam o‘rniga ega. Axloqshunoslikning boshqa falsafiy fanlardan farqi ham, o‘ziga xosligi ham undagi nazariya bilan amaliyotning omuxtaligidadir. Demak, «etika», «axloq» «xulq-atvor» tushunchalari bir-biriga yaqin, lekin ayni bir xil tushunchalar emas. Etika axloq va xulq-atvor to‘g‘risidagi fandir, axloq-odob, xulq-atvor esa u o‘rganadigan ijtimoiy hodisalardir. Etika fanining o‘rganish ob’ekti axloqdir. Axloq – ijtimoiy ongning maxsus shakli, jamiyat ma’naviy hayotining muhim sohasi. Etikaning predmeti axloq vujudga kelishi va taraqqiyotining umumiy qonuniyatlari, uning mohiyati, tarkibi, tamoyillari va me’yorlaridir. Etika axloq vujudga kelishi va taraqqiyotining umumiy qonuniyatlarini o‘rganganligi sababli falsafiy fan bo‘lib hisoblanadi. Uni qadimdan «amaliy falsafa» deb atab kelganlar. Chunki falsafaning ontologiya, gnoseologiya, sotsiologiya, estetika, mantiq kabi boshqa sohalaridan farqli ravishda etika odamlarning o‘zlarini turli sharoitlarda qanday tutishlari, qanday qilib axloqiy bo‘lib borishi qonun-qoidalarini o‘rgatadi, ularning axloqiy munosabatlarini shakllantiradi. Etika axloqning kelib chiqishi va mohiyatini, kishining jamiyatdagi axloqiy munosabatlarini o‘rganadi. «Axloq« so‘zi arabchadan olingan bo‘lib, insonning muomala va ruhiy xususiyatlari majmuini, fe’lini, tabiatini anglatadigan «xulq» so‘zining ko‘plik shaklidir. «Axloq« iborasi ikki xil ma’noga ega: umumiy tushuncha sifatida u fanning tadqiqot ob’ektini anglatsa, muayyan tushuncha sifatida inson fe’l-atvori va xatti-harakatining eng qamrovli qismini bildiradi. Axloqni umumiy tushuncha sifatida olib, uni doira shaklida aks ettiradigan bo‘lsak, doiraning eng kichik qismini odob, undan kattaroq qismini - xulq, eng qamrovli qismini axloq egallaydi. Odob – inson haqida yoqimli taassurot uyg‘otadigan, lekin jamoa, jamiyat va insoniyat hayotida u qadar muhim ahamiyatga ega bo‘lmaydigan, milliy urf- odatlarga asoslangan chiroyli xatti-harakatlarni o‘z ichiga oladi. Xulq – oila, jamoa, mahalla-ko‘y miqyosida ahamiyatli bo‘lgan, ammo jamiyat va insoniyat hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydigan yoqimli insoniy xatti- harakatlarning majmui. Axloq esa – jamiyat, zamon, insoniyat tarixi uchun namuna bo‘la oladigan ijobiy xatti-harakatlar yig‘indisidir.
Axloq deb jamiyatda kishilar o‘z xulq-atvorlarida, munosabatlarida amal qiladigan prinsiplar, normalar va qoidalar majmuiga aytiladi. Axloq – ijtimoiy hodisa, ijtimoiy ong, jamiyat ustqurmasi, ma’naviy madaniyatining maxsus shakli. U doimo ijtimoiy borliq, ijtimoiy-tarixiy shart- sharoitlar, ijtimoiy munosabatlar bilan belgilanadi. Shu bilan birga, axloq o‘z rivojlanishida nisbiy mustaqillik xarakteriga ham ega bo‘ladi. Axloqning tarkibini quyidagi qismlar tashkil etadi: 1. Axloqiy ong - vojiblik (luzumiylik), ezgulik, adolat haqidagi g‘oyalar, tasavvurlar, qarashlar, nazriyalar majmui. Axloqiy ong ijtimoiy borliqni, axloqiy munosabatlarni aks ettiradi. Axloqiy ongning tarkibini quyidagi shakllari tashkil etadi: axloqiy normalar, axloqiy an’analar, xulqlar, axloqiy odatlar, axloqiy marosimlar, axloqiy his- tuyg‘ular, axloqiy e’tiqodlar, axloqiy sifatlar, axloqiy qarashlar, axloqiy ideallar, axloqiy hukmlar. 2. Axloqiy munosabatlar – axloqiy norma va prinsiplar asosida kishilar o‘rtasida amal qiladigan aloqalar. 3. Axloqiy praktika (amaliyot) – axloq normalarining hayotda bevosita amalga oshirilishi, bajarilishi. Axloqning jamiyatda, inson hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati uning funksiyalarida o‘z ifodasini topadi: Regulyativ funksiya – eng asosiy funksiya bo‘lib, jamiyat a’zolari xulq- atvorlarini moslashtirish, boshqarishdan iborat. Baholash funksiyasi – axloq normalari va etika kategoriyalari orqali xulq- atvorlar to‘g‘risida hukm chiqarish (yaxshi-yomon, axloqli-axloqsiz, adolatli- adolatsiz, vijdonli-vijdonsiz va h.k.). Bilish funksiyasi – axloq ijtimoiy ong shakli sifatida ijtimoiy hodisalar, munosabatlar, kishilar xulq-atvorlarini bilib olishning muhim vositasi hisoblanadi. Tarbiyaviy funksiya – axloq inson xulq-atvorlari, irodasi va dunyoqarashini shakllantirish uchun xizmat qiladi. Axloqning mohiyati va vujudga kelishi to‘g‘risida turli nazariyalar mavjuddir. Diniy-teologik nazariya (Platon, F.Akvinskiy, Avgustin, neotomizm) vakillari axloqni g‘ayritabiiy g‘oya, ilohiy ruh, xudo bilan bog‘lab qo‘yadi, uni xudo yaratgan deydi. Sub’ektiv idealistik nazariya (Kant, Max, Yum, neopozitivizm) axloqni shaxs ongi, aql-irodasi mahsuli deb qarab, uning ob’ektiv asoslari va ijtimoiy mohiyatini inkor etadi.
Biologik nazariya (Ch.Darvin, Sh.Leturno, K.Kautskiy) axloqning ijtimoiy mohiyati va ob’ektiv asoslarini inkor etib, uning oliy rivojlangan hayvonlar instinktidan iborat qilib qo‘yadi. Axloqning mohiyati va taraqqiyot qonunlarini ilmiy-materialistik etika to‘g‘ri tushuntirib bera oladi. Bu ta’limotga ko‘ra, axloq ijtimoiy hayotda, jamiyatda, insoniy munosabatlar doirasida vujudga kelgan va mavjud bo‘ladi. U ijtimoiy- tarixiy praktika, mehnat, ijtimoiy munosabatlar taqozosi ostida vujudga kelgan va taraqqiy etib bergan. Turli jamiyatlarda axloqning turli tarixiy shakllari mavjud bo‘lgan. Axloq taraqqiyotining bu tarixiy shakllari turli ijtimoiy-tarixiy davrlar, konkret jamiyatlar hayoti, ulardagi ijtimoiy guruhlar, sinflarga xos manfaatlar, munosabatlarni ifodalagan, ular uchun xizmat qilgan. Shuningdek, axloq normalari va prinsiplari barcha jamiyatlar, ijtimoiy guruhlar, umuman insoniyat uchun qadrli, qimmatli bo‘lgan umuminsoniy qadriyatlar, g‘oyalarni ham o‘z ichiga olib, rivojlantirib kelgan. Shu asosda axloqiy progress sodir bo‘lgan. Uning ob’ektiv mezoni bo‘lib shaxsning axloqiy yetukligi, uning erkin, ongli va ijtimoiy faol hatti-harakatlari hisoblanadi. Jamiyatning umumiy taraqqiyoti bilan bog‘liq holda axloqiy progress ham murakkablashib, boyib boradi. Axloq falsafasining hozirgi kunda umumjahoniy global muammolarni hal qilishdek muhim vazifasi ham borki, u haqda alohida to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. Bu muammolardan biri, eng muhimi, sayyoramizda etosfera - axloqiy muhit davrini yaratish bilan bog‘liq. Etika axloq haqidagi bir butun ilmiy nazariya bo‘lib, u o‘z predmetini ijtimoiy munosabatlar bilan chambarchas aloqadorlikda tadqiq etadi, faqat axloqning paydo bo‘lishi va tarixiy taraqqiyoti qonuniyatlarini, funksiyalarini aniqlash bilangina cheklanib qolmay, balki ayni paytda axloqning ijtimoiy mohiyatini, kishilarning yurish- turishini axloqan tartibga solish qonunlarini va u orqali ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Etika qadim zamonlardan boshlab falsafaning tarkibiy qismi, hattoki uning yadrosi hisoblanardi. Filosoflar dunyoqarash muammolari (Bizni o‘rab olgan olamning o‘zi nima? Odamning shu olamdagi o‘rni qanday, odam dunyoni bila olishi mumkinmi, bilishning yo‘llari qanday va h.k.)ga javob berish jarayonida jamiyatda odam qanday yashamog‘i va faoliyati qanday bo‘lmog‘i kerak, uning ijtimoiy burchi, vazifasi nimadan iborat, insoniy turmush kechirishning normalari qanday bo‘lishi kerak va boshqa shu kabi savollarga ham javob topishga, ya’ni inson borlig‘ining eng muhim masalalarini hal qilishga uringanlar.