Biologiya o‘qitish metodikasi fan sifatida
Biologiya o‘qitish metodikasi fan sifatida Reja: 1. Biologiya o‘qitish metodikasining maqsadi va vazifalari. 2. Biologiya o‘qitish metodikasi fan sifatida. 3. Biologiya o‘qitish metodikasining tadqiqot metodlari 4. Biologiya o‘qitish metodikasining boshqa fanlar bilan bog‘liqligi. 5. Biologiya o‘qitish metodikasining o‘quv fani sifatida.
Biologiya o‘qitish metodikasining maqsadi va vazifalari. Biologiya o‘qitish metodikasi biologiya fan asoslari bilan bog‘liq bo‘lgan o‘quv, jarayonlar, prinsiplar va qonuniyatlar to‘g‘risidagi fandir. Mazkur prinsip va qonuniyatlarni bilish o‘qituvchiga maktab biologiya kursi bilan bog‘liq o‘quv- tarbiyaviy jarayonlarni zamon talablariga mos holda tashkil etish va boshqarish imkonini beradi. Biologiya o‘qitish metodikasi biologiya o‘quv fanlarining mazmuni, uning o‘qitish shakllari, metodlari, vositalarini o‘zaro bog‘liq holda joriy etishning maqsad qilib qo‘yadi. Biologiya o‘qitish metodikasining asosiy vazifasi o‘quvchilarga biologik o‘quv fanlar bo‘yicha chuqur atroflicha bilim berish, ularning har tomonlama rivojlangan shaxs sifatida kamol topishiga ko‘mak beruvchi o‘quv fanlar mazmunini, o‘qitish shakllari, vositalari va metodlarini ishlab chiqishdan iborat. Biologiya o‘qitish metodikasi fan sifatida Har qanday fan insonning tadqiqot faoliyati bilan aloqador bo‘lib, u narsa va xodisalar to‘g‘risida bilimlar to‘plashga yo‘nalgan, hamda tadqiqot qilinayotgan narsa xodisalar to‘g‘risida to‘liq va chuqur bilim olishga qaratilgan. Fanning asosiy funksiyasi tadqiqot hisoblanadi. Biologiya o‘qitish metodikasi fan sifatida mazkur fan bilan bog‘liq o‘quvchilarning bilim olish, tarbiyalanish va rivojlanishini nazariy va amaliy jihatidan tadqiq qilishni maqsad qilib qo‘yadi. Fanning asosiy belgisi bo‘lib, maqsadning aniqligi, o‘rganish predmeti, bilimlarni bilish usullari va shakllari hisoblanadi. SHu bilan birga fanning rivojlanish tarixi, uning boyishiga sababchi bo‘lgan kashfiyotlarni bilish ham muhim sanaladi. Biologiya o‘qitish metodikasi pedagogik fanlar tarkibiga kiradi. SHu sababli uning oldida turgan maqsad va vazifalar ham umumpedagogik maqsad va vazifalardan kelib chiqadi.
Biologiya o‘qitish metodikasi barcha o‘quv fanlarga taaluqli bo‘lgan pedagogik qoidalarni, biologik o‘quv materialiga tadbiq etishga yo‘nalgan. SHu bilan bir qatorda biologiya o‘qitish metodikasi tabiiy, ilmiy, biologik, psihologik, pedagogik bilimlarni o‘zida mujassamlashtiradi. Biologiya o‘qitish metodikasi biologiya o‘quv fanining o‘qitish maqsadini, mazmunini, biologik bilimlarning tanlash printsipi ni belgilab beradi. Biologiya o‘qitishning hozirgi davrda samarali bo‘lishi o‘quvchilarning o‘quv, mehnat va jamoat faoliyatlarida qatnashishi uchun zarur bo‘lgan biologik bilimlar, ko‘nikmalar, malakalarni egallaganliklari bilan belgilanadi. Ular esa o‘z navbatida o‘quvchilarning tarbiyalanganlik natijasida, dunyoqarashi, e’tiqodi, tabiat, jamiyat va shaxsga bo‘lgan munosabatida namoyon bo‘ladi. O‘quvchilarning rivojlanish darajasi, qobiliyati, jismoniy va aqliy jihatdan takomillashtirishga bo‘lgan extiyoji bilan ifodalanadi. Biologiya o‘qitishning maqsadi yuqorida qayd qilingan omillardan kelib chiqadi. Biologiya o‘qitishning maksadlarini bilish o‘qituvchiga o‘qitish jarayonini boshqarish imkoniyatini beradi. Fan sifatida biologiya o‘qitish metodikasining vazifalari tubandagilardan iborat: 1. O‘quvchilarning o‘qitish va tarbiyalash, kamolga etkazishda o‘quv fanining o‘rnini aniqlash; 2. Maktab o‘quv dasturlari va darsliklarni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish va uni maktab amaliyotiga tadbiq etish; 3. O‘quvchilarning yoshiga mos ravishda o‘quv fanlarining mazmuni, undagi mavzularning o‘rganish izchilligini belgilash; 4. Biologik o‘quv fanlarining o‘ziga xos tomonlarini e’tiborga olgan holda, o‘qitish usullarini, tashkiliy shakllarini ishlab chiqish; 5. O‘qitish jarayonida qo‘llash uchun 6 zarur jihozlarni aniqlash. Biologiya xonasi tirik burchak, tajriba er maydonini tashkil etish, tabiiy, tasviriy, dinamik, audio, video vositalarni belgilash.
Biologiya o‘qitish metodikasining ob’ekti bo‘lib, mazkur o‘quv fani bilan aloqador bo‘lgan ta’lim- tarbiyaviy jarayon hisoblanadi. Biologiya o‘qitish metodikasining predmeti bo‘lib biologik ta’lim ning maqsadi, mazmuni, o‘qitish usullari, shakllari, o‘quvchilarning tarbiyasi va rivojlanishidir. Mazkur kurs ma’ruza va laboratoriya mashg‘ulotlarida ushbu masalalar yuzasidan fikr yuritiladi . Biologiya o‘qitish metodikasining ilmiy – tadqiqot metodlari . Biologiya o‘qitish metodikasi fan sifatida quyidagi ilmiy-tadqiqot metodlariga tayanadi. 1.Maktab o‘qituvchilarining ish tajribasini kuzatish va faoliyatdagi ijobiy, salbiy tomonlarini aniqlash; 2.Bu sohada to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilish, umumlashtirish va hal etilmagan muammolarni aniqlashtirish va ularni hal etish uchun zarur ishchi farazlarni ilgari surish; 3.Ilgari surilgan farazlarning qanchalik haqiqatga yaqin ekanliklarini aniqlash maqsadida ta’lim muassasalarida pedagogik tajribalar o‘tkazish hamda tajribaviy, nazorat sinflardan olingan ma’lumotlarni o‘zaro taqqoslash; 4.Kuzatish va pedagogik eksperimentlardan olingan ma’lumotlarni tahlil qilish, umumlashtirish va xulosalash; 5.Olingan ma’lumotlarga asoslanib, metodik maqolalar, qo‘llanmalar yaratish va ishlab chiqilgan fikr mulohazalarning ommaviy maktablarda tekshirishdan o‘tkazish va tasdig‘ini olish. Hozirgi davrga kelib, biologiya o‘qitish metodikasida o‘tkazilgan pedagogik tajribalar natijasida “Biologik tushunchalarni rivojlantirish”, “Biologiyada o‘qitish shakllarining sistemasi”, “Biologiyada o‘qitish metodlari”, “Biologiyada ekologik tushunchalarni rivojlantirish”, “Biologiya o‘qitishning moddiy bazaviy sistemasi”, “Pedagogika oliy o‘quv yurtlari talaba biologlarning maktabdagi ishga metodik tayyorlash sistemasi” kabi nazariyalar ishlab chiqilgan va amaliyotga tadbiq etilgan.
Maktablarda o‘qitiladigan biologiya o‘quv fanlarga qarab “Biologiya o‘qitish metodikasi” fani “Biologiya o‘qitishning umumiy metodikasi”, “Botanika o‘qitish metodikasi”, “Zoologiya o‘qitish metodikasi”, “Odam va uning salomatligini o‘qitish metodikasi” va nihoyat “Biologiya (Sitologiya va genetika asoslari), Biologiya (Evolyusiya va ekologiya asoslari)ning o‘qitish metodikasi” kabi xususiy o‘qitish metodika fanlariga ajratiladi. Biologiya o‘qitishning umumiy metodikasi barcha biologik o‘quv fanlariga oid o‘qitishning maqsadi, vazifasi, mazmuni, prinsiplari, usullari, vositalari, shakllari, biologiyani o‘qitish tarixi, bosqichlari kabi masalalarni qamrab oladi. Xususiy metodikalar esa u yoki bu o‘quv fanining mazmuni o‘quvchilarning yoshi bilan bog‘liq dars, darsdan tashqari ishlar, sinfdan tashqari mashg‘ulotlar, ekskursiyalar, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarini tashkil etish, jihozlash kabilarni diqqat markazida tutadi. Biologiya o‘qitish metodikasining boshqa fanlar bilan bog‘liqligi. Biologiya o‘qitish metodikasi pedagogikaning bir qismi bo‘lgan didaktika bilan juda yaqin aloqadadir. Agar didaktika o‘quvchilar tomonidan bilimlar, ko‘nikmalar va malakalarni o‘zlashtirish qonunlarni o‘rgansa va u maktabdagi barcha o‘quv fanlari uchun o‘qitish nazariyalarni va prinsiplarini ishlab chiqsa, biologiya o‘qitish metodikasi biologiya bilan bog‘liq o‘qitish va tarbiyalash mazmuni, shakllari, va metodlari hamda vositalari bilan bog‘liq nazariy va amaliy masalalarni ishlab chiqadi. Biologiya o‘qitish metodikasi psihologiya bilan uzviy aloqadadir. CHunki, biologiyani o‘qitish o‘quvchilarning yosh xususiyatlariga mos bo‘lgan taqdirdagina samara beradi. Masalan o‘smirlarda ya’ni V - VI sinf o‘quvchilarida diqqat beqaror bo‘lgani sababli biologiya o‘qituvchisi dars jarayonida bir necha metodlardan foydalanib, o‘quvchilar faoliyatini almashtirib turadi, hamda ularning tafakkurini konkret ekanligini e’tiborga olib, ko‘rgazmali vositalardan ko‘proq foydalaniladi. Y u qori sinflarda esa o‘quvchilar diqqati barqarorlashgani va ularda abstrakt tafakkur rivojlangani uchun darslar ko‘proq ma’ruza shaklida o‘tkazilishi va bir, ikki metoddan foydalanish kifoya qiladi.