ESTETIK ONG VA ESTETIK FAOLIYAT. ESTETIKANING ASOSIY TUSHUNCHALARI
ES T E T I K O N G V A ES T E T I K F A O L I Y A T . ES T E T I K A N I N G A S OS I Y T U S H U N C H A L A R I . Reja: 1. Estetik ong va uning tuzilmasi. 2. Estetik faoliyat mehnatning o'ziga xos turi sifatida. 3. Estetikaning asosiy mezoniy tushunchalari. a) Go’zallik b) ulug’vorlik, s) fojiaviylik, d) kulgililik. 3.1. Estetik ong va uning tuzilmasi . Estetik anglash . Estetik anglash iborasini ajratib ko’rsatishiizning sababi shundaki, odatda falsafiy fanlarga doir ilmiy adabiyotlarda “ anglash ” o’rniga “ong” ostilohi qo’llab kelinadi. Estetik ong, ilmiy ong, huquqiy ong va h.k. Bizningcha, bu unchalik to’gri emas: ruschadagi- “ soznaniyie ” so’zining yuzaki (kalka) tarjimasi. Ma’lumki, “ soznaniyie ” so’zi ruschada ikki xil ma’noni: ong va anglash ma’nolarini bildiradi. Miya muayyan fiziologik yaxlitlik bo’lgani kabi, uning asosiy faoliyati bo’lmagan ong, shu jumladan ongsizlik ham, avvalambor insondagi hissiy-intellektual yaxlitlik, uni maydalab, yuqoridagidek, “ongcha” larga bo’lish mantiaqn o’rinsiz, ikkichidan, u narsa-hodisalardan muxtor tarzda mavjud, faqat zarur sharoitda faoliyatga kirishgandagina narsa-hodisaga munosabatini, voqelikka aralashish xususiyatini namoyon qiladi.Ana shu o’ziga xos tahliliy faoliyatni biz anglash deb ataymiz va shu anglashning darajasiga qarab, kishilar ongining yuksakligi yoki pastligi haqida fikr yuritamiz. Demak, ong insonning o’ziga o’xshash yakka yaxlitlik, uning faoliyati bo’lmish anglash esa har xil va ko’pqirralidir. Ongning anglashga munosabati xuddi olmos bilan uning qirralari o’rtasidagi munosabatga o’xshaydi; yaxlit olmos bo’lagining har qirrasini alohida olmos deb ataymiz qanchalik mantiqqa to’g’ri kelmasa, anglashni uzil-kesil ong tarzida taqdim etshimiz ham, bizningcha, shunchalik noo’rin. Shunday qilib, inson o’ziga ato etilgan ongning turli qirralari bilan olamning turli tomonlarini,har xil jihatlarini nurlantiradi, o’zida aks ettirib, tahlil etadi, xulosalar chiqaradi.
Estetik anglash, aytib o’tganimizdek, estetik jarayonni tashkil etishi barobarida estetik munosabatni yuzaga keltiradi, ongning ana shu faoliyati ichki nafosatni shakllntiradi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, estetik anglash faqat estetik qadriyatlar yoxud obyektlarni idrok etishda emas, balki yangi estetik qadriyatlar yaratishda ham faol ishtirok qiladi, ya’ni u estetik faoliyat jarayonida o’zining doimiy ulushiga ega: san’at asarining dunyoga kelishida, turmush sharoitini, ishlab chiqarishning go’zllashuvida va shunga o’xshash holatlarda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Estetik anglash inson ruhiyatida o’ziga xos, chuqur ijobiy rihiy o’zgarishlarni vujudga keltiradigan estetik holat. U estetik faoliyatning boshlanishidan avval insonni unga tayyorovchi hodisa sifatida muhim: usiz estetik faoliyatning ro’y berishi mumkin emas. Estetik anglashning murakkab hodisa ekani estetik ihtiyoj, turli hislar va ma’naviy andozalarning har bir shaxs uchun alohida ruhiy evrilish tarzida namoyon bo’lishi bilan bog’liq: bu evrilish kuchli va asosan his-hayajon, ehtirosli kechinmalar asosida vujudga keladi. Inson zoti dunyoga kelganidan boshlab tabiat va jamiyat deb atalgan tashqi muhit bilan munosabatga kirishadi, dastlab bu munosabat onglanmagan, intuitiv, biologik –genetik tarzda, keyinroq esa anglab yetilgan, yuksak darajadagi ijtimoiy hodisa sifatida ro’y beradi. Estetik munosabat . Gap shundaki, estetik munosabatdan boshqa barcha munosabat turlari inson “aqlini taniganidan so’ng”, ya’ni go’daklik davridan o’tgandan keyin voqe bo’ladi. Masalan, go’dak hali uyat hissini bilmaydi, unda axloqiy munosabat hattoki ibtidoiy darajada ham shakllanmagan, xohlagan vaqtida, to’g’ri kelgan joyda tabiiy ehtiyojni qondiradi. Lekin u beshikda yotar ekan, tushib turgan ola-chanoq quyosh nuridan quvonadi, uni kuzatadi, u bilan o’yanagisi keladi yoki beshikka osig’liq rangli o’yinchoqdan zavqlanadi, g’adir-budur, shaklan qo’pol narsalarni emas, mayin duxobani yoki shunga o’xshash yumshoq, silliq narsalarni hush ko’radi, ularni siypalab zavqlanadi. Bularning bari estetik munosabatning insoniy mohiyat namoyon bo’luvchi hodisa sifatida ibtidodan mavjud ekanini ko’rsatadi. Shuningdek, qarab, umrining qolganini ko’proq to’shakda o’tkazayotgan kishi jisman zaifligi tufayli tashqi muhit bilan utilitar – empiric munosabatini davom ettira olmasligi mumkin, lekin u badiiy adabiyot o’qib, teletomosha ko’rib, musiqa eshitib zavqlanadi, ya’ni tashqi dunyoga estetik munosabatda bo’la biladi: inson moddiy boylik yaratishdan mahrum bo’lganpaytda ham estetik munosabat tufayli, to o’lguncha o’z ma’naviyatini boyitish imkonini yo’qotmaydi. Estetik munosabatning qamrovligi, bir umrli ma’naviy hodisa sifatidagi ahamiyati ana shunda. Barcha munosabatlar qatori estetik munosabat ham ikki asosiy unsurdan tashkil topadi: obyekt va subyekt . Lekin bunda obyekt subyekt tomonidan belgilanadi: agar subyekat estetik jarayonga kirishmasa, uning munosabati,obyekt qanchalik go’zal yoki ulug’vor bo’lmasin, estetik shakl kasb etmaydi. Estetik jarayon esa subyektning botiniy his- tuyg’ulariga, kayfiyatiga, vaqtiga, kuzatishiga, mushohadasiga, fikrlash imkoniyati va fikrlash darajasiga, qobiliyatiga, iste’dodi, obyekt bilan o’rtadagi masofa tasavvuri kabi tug’ma hamda ta’lim, tarbiya va tajriba vositada vujudga kelgan qarashlarga bog’liq. Estetik munosabat ana shu estetik jarayonning pirovard natijasidir. Masalan, O’rol Tansiqboyevning “ Tog’dagi qishloq” asarini sotayotgan do’kon xizmatchisida bu rasmga nisbatan estetik munosabat tug’ilmaydi, sotuvchi unga faqat Tovar sifatida qaraydi, maqsadi uni iloji boricha kattaroq pulga sotish, ya’ni sotuvchi estetik jarayonni boshidan kechirmaydi, o’z vaqti, kuzatishi, diqqat-e’tiborini asosan, oldi- sotdi jarayoniga yo’naltiradi, uning munosabati iqtisodiy-moliyaviy chegaradan nariga o’tmaydi. Rasmni sotib olgan xaridor esa unda Vatanning bir parchasini, tog’ qishlog’ining o’ziga xos go’zalligini ko’radi, undagi ko’zga ko’rinmaydigan, lekin botiniy bir tuyg’u bilan ilg’ab olinadigan ruhni, olislarda qolib ketgan bolalik deb atalgan umrning bir bo’lagini qalban his qiladi, ho’rsiniq aralash quvonch hissini tuyadi. Chunki unki butun botiniy- ruhiy muruvvatlarining faoliyati, ongi, diqqat-e’tibori, mushohadasi, tasavvuri, qobiliyati, intelektual tajribasi rasmdagi go’zallikning nimasi bilandir tanish va ayni paytda notanish ko’rinishini
ilg’ab olishga qaratilgan; har gal u shu rasmga tikilganida ana shu ichki faoliyatga asoslangan jarayonni qayta boshdan kechiradi. Uning rasmga har galgi munosabati estetik munosabatdir. Shunday qilib, sotuvchi qo’liga tushgan mablag’dan qoniqish hosil qilsa, rasm ixlosmandi tasvirlangan manzara go’zalligidan, qalbida uyg’ongan hissiyotdan, olislarda “ borib kelgan” xayolotidan, hatto tasavvurida”, shu tasavvur “ turtkisi” tufayli paydo bo’lgan xayoliy manzaradan zavqlanadi. Yoki Ko’kaldosh madrasasi yonidan ishga kechikishdan xavotirlanib shoshilinch o’tib borayotgan xizmatchini olaylik, mahobatli estetik obyektning ulug’vorligini his etmaydi, bu yodgorlikka nisbatan unda estetik munosabat yuzaga kelmaydi, chunki vaqt va kundalik tashvishlar iskanjasida, yuqoridagi sotuvchiga o’xshab estetik jarayonni boshidan kechirishga tayyor emas. Shunga o’xshash misollarni ko’plab keltirish mumkin. Estetik ihtiyoj . Estetik anglash va shu asosdagi faoliyat jarayoninig ibtidosi estetik ehtiyojga borib taqladi. Estetik ehtiyoj inson hayotida ro’y beradigan barcha estetik hodisalarning asosi sifatida ham tabiiy – biologik, ham ijtimoiy – ma’naviy, mohiyatga ega; “go’zal nafs” , nafosatga tashnalik, insonda estetik hissiyotni qo’zg’atish xususiyatini saqlab qolgan holda, keyinchalik uning butun umri moboynida takomillashib boradi, estetik muhokama, estetik baho, estetik did va estetik idealning shakllanishiga xizmat qiladi. Har bir shaxsdagi madaniyatlilik darajasi, ma’naviy salohiyati uning estetik ehyitoji darajasi bilan o’lchanadi. U “go’zal nafs” sifatida boshqa ehtiyojdan talab etilayotgan obyektdan moddiy – iqtisodiy, ijtimoiy – siyosiy va boshqa manfaatlar kutmasligi, beg’arazligi bilan ajralib turadi. Estetik ehtiyoj estetik hissiyot bilan uzviy, dialektik bog’liq; estetik ehtiyoj ko’pincha estetik hissiyotni uyg’otsa, ba’zan estetik hissiyot estetik ehtiyojni vujudga keltiradi. Masalan, siz “Mirzo Ulug’bek” spektaklini ko’rish xohishi – estetik ehtiyoj tufayli teatrga bordingiz; spektakl moboynida sizda estetik hissiyot – hayratlanish, zavqlanish, quvonish va boshqa tuyg’ular qo’zg’aldi. Spektakldan keyin esa u haqda mulohaza yuritishga, undagi ijobiy va salbiy qiyofalarni baholashga, qolaversa, yaqin kishilarga spektakl mazmunini o’z estetik nuqtayi nazaringizdan so’zlab berishga yoki Mirzo Ulug’bek suratini chizishga, unga atab she’r yozishga yoki u haqda insho yozishga ehtiyoj sezasiz. Demak, estetik ehtiyoj hissiyotni uyg’otsa, hissiyot yana estetik ehtiyojni, muayyan estetik hodisani o’zgacha badiiy – estetik talqin qilish, unga ijodiy yondashish ehtiyojini tug’diradi. Zero, J. Lokk aytganidek, “ nimaiki tushunchada bor ekan, u bundan avval hissiyotda mavjud edi; agar hissiyotdan aqlga narsalar qiyofasi uzatilmas ekan, u holda tafakkur uchun hech qanday material berilmagan bo’ladi”. Demak, estetik anglash avvalo estetik hissiyot bo’lishini taqozo etadi. Estetik hissiyot . Ko’pincha adabiyotlarda esteik hissiyot “ estetik tuyg’u” so’zi birlik shaklida beriladi. Goh estetik kechinmaning, goh estetik hayajonning sinonimi tarzida talqin qilinadi. Bizningcha , bu unchalik tog’ri emas. Chunki hayajon ham, kechinma ham bitta tuyg’udan emas, tuyg’ular silsilasidan iborat bo’ladi, shu sababdan uni ko’plikda – hislar yoki hissiyot shaklida qo’llash maqsadga muvofiq. Estetik baho . Qadriyat va baho, yuzaki qaraganda, mohiyatan bir xil bo’lishi kerakdek tuyuladi. Aslida ular orasida o’ziga xos farq mavjud. To’g’ri, estetik qadriyat obyektning subyektga munosabatini anglatadi, obyekt, odatda, o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’ladi. Lekin bu-muayyan go’zallik yoki ulug’vorlik hamma uchun ham, hamma vaqt ham bir xildagi go’zallik va ulug’vorlik bo’lib qolaveradi, degani emas. Chunki estetik baho subyektning obyektga munosabati, u obyektning qadriyatini belgilaydigan xususiy mezon, bu xususiylik shaxsga, jamiyatga va zamonga tegishlidir. Shu jihatdan bir obyekt-qadriyat har xil baholanishi va hatto muayyan vaqt mobaynida baholanmasligi mumkin. Shunday qilib, estetik baho shunday ma’naviy hodisaki, garchand qadriyat yaratmasa ham, qadriyatni idrok etish faqat u orqali amalga oshadi. Estetik bahoning yana bir muhim xususiyati shundaki, u estetik anglash tuzilmasi ichidagi eng qamrovli, eng miqyosli ta’sirga ega. U ma’lum ma’noda estetik anglashning deyerli
barcha unsurlari uchun mezon vazifasini o’taydi. Chunonchi, estetik hissiyot, estetik did va estetik idealda buni yaqqol ko’rish mumkin. Ayniqsa, u estetik did bilan chambarchas bog’liq. Endi ana shu estetik did masalasini ko’rib chiqamiz. Estetik did . Estetik did tushunchasining o’ziga xosligi shundaki, u bir tomondan, idrok, fahm, farosat kabi ildizi aqlga borib taqalsa, ikkinchidan, o’zining ehtiros, his-hayajon, subyektiv baholash xususiyati bilan ulardan ajralib turadi. Shu sababli biz did haqida gapirganimizda odatda,estetik did deganda – insondagi go’zallik, ulug’vorlik, fojiaviylik singari estetik xususiyatlarni, umuman, nafosatni idrok etish qobiliyatini nazarda tutiladi. Masalan, osmonni qora bulut to’liq qoplab olganini ko’ra- bila turib, yomg’irpushsiz va soyabonsiz yulga chiqqan odamni fahmsiz, chang, loy poyafzalini yechmay, gilamni bosib, ichkariga kirgan odamni farosatsiz deb ataymiz, qalampirnusxa rangli ko’ylak, jinsi shim va ayni paytda kirza etik kiyib, salla o’rab olgan odamni ko’rsak, uni didsiz deymiz. Birinchi hodisada biz tabiiy sharoitga moslashmay, o’ziga jabr qilayotgan kishini, ikkinchisida ham gigiyenik, ham axloqiy qonun-qoidalariga amal qilmay tarbiyasizligi tufayli uy egasini ranjitgan odamni, uchinchi hodisada kiyinishdagi uyg’unlikni tushunmagan, go’zallik bilan bachkana yaltiroqlikning farqiga bormagan kimsani ko’ramiz. Yoki, boshqacha qilib aytganda, biz ongning, birinchi hodisada- haqiqatga, keyingisida- ezgulikka, uchinchisida – go’zallikda munosabatini uchratamiz. Har uchala hodisaning asosida ham qobiliyat yotadi. Zero, fahm-aqliy, farosat-axloqiy, did-estetik qobiliyatni yuzaga chiqaradi. Uchala qobiliyatning ham ibtidosi, tabiiy-tug’malikka borib taqalsa-da, ular o’zlarini asosan tarbiya, ijtimoiy munosabatlar orqali ro’yobga chiqaradi. Ayniqsa, estetik did murakkab tarbiya jarayonini taqozo etadi. Chunki u ham aqliy, ham axloqiy, ham hissiy tarbiya uyg’unlashgan umumiylikdan iboratdir. Biz yuqorida estetik bahoning estetik did va ideal bilan bog’liqligini aytib o’tgan edik. Xuddi shunday holat estetik did uchun ham xos. U estetik baho bilan shu qadar uzviy bog’liqki, ularni ba’zan ajratib bo’lmay qoladi, guyo estetik baho estetik didning ajralmas qismidey tuyuladi. Lekin, shunday bo'lsa-da, ularni aynanlashtirish yoki bir xodisa sifatida qabul qilish mumkin emas, aks holda bunday qarash ilmiy tahlil tamoyillaridan yiroq “ ko’cha gapi” ga aylanib qoladi. Zero, estetik did muayyan estetik baho yoki baholar yig’indisi emas, balki estetik bahoga layoqatni anglatadigan, subyekt uchun baho me’yorlarini va mezonlarini tayyorlab beruvchi - “ishlab chiqaruvchi” jarayondir. Demak, estetik didsiz estetik bahoning mavjudligi mumkin emas. Ayni paytda shunday holni estetik ideal bilan bog’liqlikda ham ko’rish mumkin: estetik ideal estetik didning yashash sharti hisoblanadi; did ma’lum ma’noda idealning amaliyotdan namoyon bo’lishidir; estetik idealning o’zgarishi albatta didning o’zgarishiga olib keladi. Shunday qilib, did estetik anglash jarayonidagi o’rnini almashtirib bo’lmaydigan muhim halqalaridan biri, estetik anglashning eng muhim unsuridir. Ana shu nuqtayi nazrdan estetik did tarbiyasi inson shaxsi kamolotida katta rol o’ynaydi, estetik did tarbiyasining asosan uch ildizi mavjud. Ular go’zallik, san’at va badiiy ijod.Albatta, badiiy ijod deganda faqat san’at asarlarining yaratilish jarayonini tushuninsh kerak emas, u ayni paytda dizaynda, modada, atrof – muhitni va mehnatni go’zallashtirishda ham namoyon bo’ladi. To’g’ri, badiiy did estetik didga nisbatan xususiy, tor qamrovli, lekin u shuning barobarida estetik didning asosini tashkil etadi, deyish mumkin. Estetik did har kimda har xil bo’lishini, unda subyektiv mushohada kuchli ekanini bilasiz Buyuk ingliz faylasufi Deyvid Hyum shundan kelib chiqib, did haqida bahslashmaydilar, ya’ni har kimning didi har xil degan fikrni ilgari surdi. Lekin shunday estetik qadriyatlar borki, ular muayyan zamon, ijtimoiy hayot, umummilliy, umuminsoniy, madaniy daraja bilan shartlanadi. Ular idrok etilganida bahslashish mumkin emas . Chunki, bunda bir ikki odamning yoki guruhning didi o’zgacharoq bo’lsa xususiylikka nisbatan maxsus e’tiborini qaratish shart emas: ularning fikri sukut saqlash yo’li bilan inkor etiladi. Chunki, yuz minglab yoki millionlab shaxslar va qator zamonlar tan olgan qadriyatni “bu menga yoqmaydi”, deyishga hech kimning ma’naviy haqqi yo’q, agar shunday deydiganlar topilsa, ularning didi, aytilganidek, e’tiborga
noloyiq. Shuning uchun ham Kant o’zining o’zining did haqida bahslashish mumkin emas, degan mashhur qoidasini, o’ziga xos antinomiyasini o’rtaga tashlaydi. Kantning haqligini quyidagi misolda yaqqol ko’rish mumkin. Deylik , Eshmat chinnigulni, Toshmat esa atirgulni yaxshi ko’radi. Bu holatda ularning birortasini tanqid qilib bo’lmaydi, chunki har ikki did o’ziga xos subyektiv kechinmalarga asoslansa – da, ularning umumiy obyektiv ildizlari bor, ularga gullardagi go’zallikni ikki xil shaklda ko’radilar va bu holat tabiiy. Shu sabali har ikki did ham hurmatga, e’tiborga loyiq. Bordiyu Eshmat tovus va uning dumini , Toshmat esa echkiemar va uning dumini go’zal desa, Toshmatning fikri yo nom chiqarish uchun qilinayotgan oliftagarchilik yoki estetik didsizlik tarzida qabul qilinadi. Chunki, insoniyat zamonlar moboynida tovusni – jannat qushi , go’zallik ramzi sifatida , echkiemarni esa xunuklik timsoli sifatida qabul qilib keladi: bu o’rinda did borasida bahslashish mumkin emas , zero, tovusning go’zalligi umubashariy “tasdiqdan o’tgan”. Shu sababli Toshmatning fikri tanqidiy rad etiladi uning “o’ziga xos”, “subyektiv” qarashi hisobga olinmaydi. Shunday qilib, umumbashariy yoki umuminsoniy estetik qadriyat sifatida tan olingan estetik obyektlar haqida bahslashmaydi , ular barcha rasmona did egalari tomonidan yuksak baholanadilar. Estetik did murakkab hissiy – intelektual hodisa, dedik. Uning bu xususiyati doimo, yuqorida aytganimizdek, estetik ideal bilan bog’liq estetik ideal, bir tomondan, didni belgilab bersa, ikkinchi tomondan, estetik did estetik idealning amaldagi ko’rinishidir. Xo’sh estetik idealning o’zi nima? Endi estetik anglashning ana shu unsuriga to’xtalamiz. Estetik ideal . Ideal deganda, biz odatda muayyan bir inson shaxsi yoki ijtimoiy – tarixiy hodisaning boshqalar tomonidan yuksak namuna , oliy maqsad hamda komillik tarzida qabul qilinishini nazarda tutamiz. U tasavvurdagi shaxs yoki jamiyatni real shaxslar va mavjud jamiyatdan yuqori qo’yish, ya’ni ideallashtirish bilan bog’liq. Masalan, O’zbekistonni kelajagi buyuk davlat sifatida tasavvur etishimiz uning hozirgi reallikdan baland, namunaviy bo’lishini anglatadi. Ayni paytda ana shu yuksak namunaviylik har bir o’zini tanigan odam uchun oliy ijtimoiy maqsaddur. Yoki Navoiy shaxsini olib ko’raylik, u komil inson sifatida biz uchun ideal hisoblanadi. Bularni biz ijtimoiy ideallar sirasiga kiritamiz. Shuningdek, har bir inson o’zi intiladigan subyektiv idealda ham mavjud bo’ladi, o’z idealini belgilab olmagan inson shaxs hisoblanmaydi. Zero, har biro dam ko’rib turganidan yorug’roq, musafforoq, yuksakroq narsaga intilishi shart, aks holda uning hayoti ma’nosiz kechadi, uning mavjudligi faqat biologik jonzodligi bilan chegaralanib qoladi. Ideal borasida gap ketganda, uning mavjudlik shartlari masalasi muhim. Ijtimoiy ideal ko’proq kelajak bilan, shaxsiy ideal esa asosan o’tmish bilan bog’liq. Masalan, Farobiyning fozil odamlar shahri – kelajakda ma’lum ma’noda realikka aylanishi mumkin bo’lgan ideal jamiyat. Bir necha asr avval yashab o’tgan Jaloliddin Manguberdi esa o’zbek millati uchun, ayniqsa yoshlarimiz uchun ideal qahramon. Lekin har ikki holda ham ideal real hayotimizda mavjud emas – biri kelajakdan, ikkinchisi esa o’tmish qa’ridan turib bizni yuksak axloqiylik, baxt va qahramonlikka chorlaydi. To’g’ri shaxsiy ideal real hayotda ham mavjud bo’lishi mumkin. Biroq bunday ideal ko’pincha ma’naviyatni mafkuraga bo’ysundirish oqibatida vujudga keladi. Shu sababli unga ko’proq vaqtinchalik, o’tkinchilik xususiyati xos: u jamiyatga hodisa sifatidagina ruhiy ta’sir ko’rsatadi va yangi bir mohiyat ochilgan paytda o’z ideallik xususiyatini yo’qotadi: “unday emas”. “bunday” bo’lib chiqadi. G’oyaning o’z realligiga mos emasligi ochilib qoladi . “Zero, ideal – deydi, Xegel – o’z realligi bilan aynanlashgan g’oyadir” . Masalan, Lenin, Stalin kabi shaxslar yolg’on tashviqot, siyosiy fribgarliklar, vositasida jamiyatni totalitar mafkuralashtirish natijasida ma’lum muddat ideal sifatida qabul qilindilar . Lekin ularning asl mohiyati, munofiqliklari, qattolliklari, qizil terorga asoslanib siyosat yurgizganliklari fosh etilgach, ular aksil idealga aylandilar.