Inson va fuqaro huquq va erkinliklari.
Mavzu: Inson va fuqaro huquq va erkinliklari . Reja: 1. Inson huquqlari va fuqaro huquqlari konsepsiyalari mazmuni. 2. Inson va fuqaro huquqlari, ularning farqlanishi va nisbati. 3. Jamiyat rivoji tarixida tabiiy va pozitiv huquqlar o’zgarishlari. 4. Inson huquqlari va erkinliklarining tabiiy-huquqiy konsepsiyasi. .
O’zbekiston Respublikasining yangi Konstitusiyasida sovetlardan keyingi tuzumning asosiy qoidalarini tartibga solishda insonning tug’ilishidan boshlab ajralmas huquq va erkinliklari to’g’risidagi tabiiy-huquqiy g’oyalarga tayaniladi. Bunday yondashuvni tasdiqlash uchun Konstitusiyada (13-modda) quyidagilar e’lon qilinadi: «O’zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplariga asoslanadi, ularga ko’ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr- qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi». Konstitusiyaning «Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari» deb nomlangan ikkinchi bo’limi «Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og’ir jinoyatdir» (24-modda) degan qoidadan kelib chiqadi. Asosiy Qonunimiz loyihasi uch ming yillik milliy davlatchilik hamda xorijiy konstitusiyaviy tajriba, inson huquqlari bo’yicha xalqaro standartlarni o’zida mujassamlashtirdi. Mazkur loyiha 1992 yil 26 sentyabrda matbuotda e’lon qilinib, umumxalq muhokamasidan o’tkazildi. E’tiborlisi shundaki, muhokamalar chog’ida fuqarolarning nihoyatda siyosiy faolligi ko’zga yaqqol tashlanib turdi. Shu ma’noda, ushbu hujjat, haqiqatan ham, xalqchil Konstitusiyaga aylandi. Xo’sh, Asosiy Qonunimiz qabul qilingach, qanday yutuqlarga erishdik? Avvalo, u qabul qilinishi natijasida jamiyatda barqaror konstitusiyaviy tartib o’rnatilib, davlat organlari Konstitusiya doirasida shakllangani va amal qilib kelayotganini aytib o’tish zarur. Iqtisodiy sohada esa mulkchilikning barcha shakllari, jumladan, xususiy mulk tengligi, tadbirkorlik erkinligi o’rnatilib, Konstitusiya ijtimoiy yo’naltirilgan bozor munosabatlarining rivojlanishi uchun zarur shart-sharoit va kafolatlar yaratib berdi. Siyosiy sohada Asosiy Qonunimiz huquqiy davlatchilikning zarur mezonlariga muvofiq tarzda erkinlik va demokratiyaning huquqiy kafolatlarini yaratdi. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida mamlakatda siyosiy va mafkuraviy hurfikrlik, so’z va axborot erkinligi o’rnatildi. Fuqarolarimiz jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan barcha siyosiy huquq va erkinliklarga ega bo’ldi.
Darhaqiqat, Konstitusiyamiz eng demokratik, xalqaro miqyosdagi me’yor va talablarga to’liq javob beradi. Xususan, Fransiya Davlat kengashi a’zosi, Konstitusiyaviy huquq xalqaro assosiasiyasi raisi Didye Mos “O’zbekiston Konstitusiyasi rivojlangan demokratik davlatlarning Asosiy qonunlariga to’liq muvofiqdir. Unda demokratik davlat qurishning barcha muhim tamoyillari — Prezidentlik instituti, hukumat, parlament, sud organlarining vakolatlari va boshqalar o’z aksini topgan. Demokratiyaning universal qadriyatlariga to’liq darajada muvofiq bo’lgan insonning asosiy huquqlari aniq belgilangan”, deb alohida qayd etgan edi. Shu o’rinda aytish joizki, Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi va boshqa xalqaro hujjatlarning asosiy prinsipial qoidalarini o’zida jamlagan Konstitusiyamizda inson huquq va manfaatlari, erkinliklari hamma narsadan ustunligi mustahkamlandi, odamlar uchun munosib hayot sharoiti yaratishga xizmat qiladigan ijtimoiy adolat tamoyillari e’lon qilindi. Jumladan, davlat jamoat birlashmalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlashi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib berishi alohida belgilab qo’yildiki, bu tamoyil sobitqadamlik bilan hayotga tatbiq qilinmoqda. Buni istiqlol yillarida mamlakatimizni demokratik yangilash jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining chinakam mustaqilligini ta’minlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, faoliyatlarini tashkiliy-huquqiy va moddiy-texnikaviy jihatdan qo’llab-quvvatlashga qaratilgan 200 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingani tasdiqlab turibdi. Muhimi, bu boradagi huquqiy asos davr talabidan kelib chiqqan holda takomillashtirilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar natijasi o’laroq, bugungi kunga kelib, yurtimizda ijtimoiy hayotning turli sohalarida 6000 dan ziyod nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari samarali faoliyat yuritmoqda. Mazkur tashkilotlar hozirgi paytda fuqarolarning salohiyatini ro’yobga chiqarish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligi va huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda manfaatlar
muvozanatini ta’minlashda nechog’li katta ahamiyat kasb etayotgani hyech kimga sir emas. E’tiborlisi, yurtimizda inson huquqlariga rioya etilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazorati (monitoringi) yo’lga qo’yildi. Bunga davlat tomonidan inson huquqlari bo’yicha milliy institutlarni qo’llab-quvvatlash, jumladan, Ombudsman instituti va Inson huquqlari bo’yicha milliy markazning moddiy-moliyaviy, kadrlar ta’minotini hamda resurs salohiyatini kuchaytirish bo’yicha aniq choralar ko’rilayotganini misol sifatida keltirish mumkin. Siyosiy partiyalar xususida ham ana shu fikrni aytish joiz. Ularning jamiyatni demokratlashtirishdagi rolini oshirish to’g’risidagi konstitusiyaviy talablarning hayotga tatbiq qilinishi hisobiga xalqaro saylov standartlari milliy qonunchilikka va huquqni qo’llash amaliyotiga joriy etildi. Natijada chinakam professional, ikki palatali parlament shakllantirildi. Bu ham inson huquq va manfaatlarini ta’minlashda muhim qadam bo’lganligi xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. Konstitusiyamizning 24-moddasida yashash huquqi — har bir insonning uzviy huquqi ekani mustahkamlab qo’yilgan. O’tgan yillar mobaynida ushbu tamoyil asosida juda ko’p xayrli ishlar ro’yobga chiqarildi. Jumladan, O’zbekistonda demokratik davlatlar qatorida o’lim jazosi bekor qilindi, “Xabeas korpus” instituti joriy etildi. Bularning barchasi sud-huquq tizimini liberallashtirishga qaratilgan tub islohotlar samarasidir. Shu bilan birga, advokatura institutining nufuzi oshirildi, sud qarorlari ijrosini ta’minlash tizimi, prokuratura faoliyati bugungi kun talablari darajasida takomillashtirildi. Bu boradagi ishlarning izchil davom ettirilayotgani esa sohada erishilayotgan yutuqlarimiz bundan ham ulkan bo’lishidan darak beradi. Umuman olganda, mustaqillik yillarida O’zbekiston bosib o’tgan yo’l va qo’lga kiritilgan yuksak marralar Konstitusiyamiz sharofatidandir, desak, ayni haqiqatni aytgan bo’lamiz. Zero, yangi milliy davlatchilik qurish, uning ijtimoiy- siyosiy tizimini yaratish, demokratik tamoyillarga asoslangan siyosiy va iqtisodiy tizimni shakllantirish, qonun ustuvorligi, uning barcha uchun tengligini ta’minlash mazkur hujjatda belgilab qo’yilgan.
Prezidentimiz I.Karimov tomonidan taqdim etilgan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” konstitusiyaviy taraqqiyot, davlatni modernizasiya qilish strategik maqsadlarini amalga oshirishda yangi bosqichni boshlab berdi. Boshqacha aytganda, ushbu hujjat davlat hokimiyati subyektlari o’rtasida vakolatlarni taqsimlashning aniq va tizimli huquqiy mexanizmini yaratishga qaratilgan konstitusiyaviy islohotlarni izchil chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda. Ayni paytda u mamlakat ijtimoiy taraqqiyoti hamda farovonligini ta’minlashda harakatga soluvchi kuch sifatida jamiyatning butun siyosiy tizimini demokratlashtirishga yangi rag’bat bo’ldi. Muxtasar aytganda, Konstitusiyamiz tom ma’noda mustaqillik ramzi, insonparvar qomus sifatida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlarning huquqiy kafolati bo’lib xizmat qilmoqda Konstitusiyaga xos bo’lgan tabiiy-huquqiy yondashuv, aslini olganda, inson tug’ilishidanoq yuzaga keladigan va ajralmas huquq hamda erkinliklar o’zida birlamchi huquqiy asosni ifodalashini anglatadi. Konstitusiyada foydalanilgan, biz uchun yangi bo’lgan, inson tug’ilishidanoq yuzaga keladigan va ajralmas huquq hamda erkinliklarning tabiiy- huquqiy konstruksiyasi, aslida, odamlar huquqlarining ilgari sovet nazariyasi va amaliyotida hukmronlik qilgan oktroirlangan (rasmiy ma’murlar tomonidan yuqoridan hadya qilingan) xarakteri to’g’risidagi tasavvurlarga qarshi qartilgan. Mazkur konstruksiyaning aksiletatik mazmuni shubhasiz: asosiy huquq va erkinliklar har bir kishiga davlat tomonidan majbur qilinadigan shart-sharoitlarga, ma’murlarning hohish-irodasi va hal etishiga bog’liq bo’lmagan, balki so’zsiz tabiiy bo’lgan asos bo’yicha (tug’ilishning tabiiy fakti tufayli) tegishlidir. Insonning tug’ilishidanoq yuzaga keladigan va ajralmas huquq hamda erkinliklariga havola qilish birlamchi va so’zsiz erkinlikni, har qanday individning qolgan barcha - davlat, jamiyat, boshqa individlar bilan munosabatlarida huquqiy layoqatliligi va huquq subyekti ekanligini namoyish etishga qaratilgan.