Shaxsiy huquq va erkinliklari
Shaxsiy huquq va erkinliklari Reja: 1. Shaxsiy huquq va erkinliklar tushunchasi 2. Yashash huquqi. Erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi 3. Sudda himoya bilan ta’minlanish huquqi 4. Fikrlash, so‘z, e’tiqod erkinligi. Axborot olish, tarqatish, hujjatlar bilan tanishish huquqi 5. Vijdon erkinligi
Shaxsiy huquq va erkinliklar tushunchasi Shaxsiy huquq va erkinlik tushunchasini aniqlashdan avval umuman, huquq nima, erkinlik nima, degan tushunchalarni aniqlash lozim. Huquq davlat tomonidan ta’minlanadigan, himoya qilinadigan nimadir qilish, amalga oshirish, munosib yashash sharoitiga ega bo‘lish, zo‘rliklardan himoya qilinishning tabiiy imkoniyatidir. Erkinlik esa biron-bir narsada (xulq-atvorda, faoliyatda) qonun bilan taqiqlanmagan biron-bir cheklashning yo‘qligidir. Ya’ni huquqda asosiy masala — imkoniyat yaratish, erkinlikda esa cheklashning yo‘qligidir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklari uch guruhga bo‘lib mustahkamlangan. Bular: «Shaxsiy huquq va erkinliklar», «Siyosiy huquqlar», «Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar». Fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari ustuvor huquq hisoblanadi va bu O‘zbekiston Konstitutsiyasida birinchi o‘rinda berilganligida ham ko‘rinadi. Shaxsiy huquq va erkinliklar fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i, e’tiqodi bilan bog‘liqdir. Shaxsiy huquq va erkinliklar insonni shaxs sifatida namoyon etuvchi imkoniyatdir. Shaxsiy huquq va erkinliklarni, odatda, tabiiy huquqlar ham deb yuritiladi. Ular inson tug‘ilishi bilan vujudga keladi. Ularni davlat bermaydi. Faqat shu huquqlarni davlat ta’minlaydi va shunga majbur. Shaxsiy, ya’ni tabiiy huquqlar barcha mamlakatlarda mavjud va davlat tomonidan ta’minlanadi. Shaxsiy huquq va erkinliklar xalqaro hujjatlar bilan ham himoya qilinadi. O‘zbekiston Konstitutsiyasini ishlab chiqishda va qabul qilishda, fuqarolarning shaxsiy huquqlari belgilangan xalqaro hujjatlar, jumladan, «Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi» qoidalariga amal qilindi. Natijada, birinchi marta Konstitutsiyada yashash huquqi qayd qilinib, bu huquqni ta’minlashni davlat o‘z zimmasiga oldi. Shaxsiy huquq va erkinliklar boshqa huquqlardan farq qilib, ularni cheklash mumkin emas. Alohida hollarda cheklash zarurati
bo‘lsa, bu Konstitutsiya asosida, unda ko‘rsatilgan tartibda amalga oshiriladi. Ya’ni ba’zi hollarda cheklash qonunga asosan amalga oshirilishi belgilangan. Shaxsiy huquqlardan barcha shaxslar, fuqaroligidan qat’i nazar, foydalanadi va davlat ham barchaga fuqaroligidan qat’i nazar, shaxsiy huquq va erkinliklardan foydalanishga imkon yaratadi. Konstitutsiyaga asosan, shaxsiy huquq va erkinliklar bilan bog‘liq, insonning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr- qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi ham bu huquqlarning huquq va erkinliklar tizimida ustuvor hisoblanishiga olib keladi. Yashash huquqi. Erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi «Insonning hayoti, shaxsi va erkinligi daxlsizdir», deb qayd qilingan Konstitutsiya qabul qilinayotgan Oliy Kengash sessiyasida va shu g‘oya Konstitutsiyada to‘la ifodasini topgan. Inson hayoti Konstitutsiyada yashash huquqining belgilanishi va har tomonlama ta’minlanishi bilan kafolatlanadi. Konstitutsiyaning 24-moddasida «Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir», deb belgilangan. Insonning yashash huquqi qonunlar bilan himoya qilinadi. Yashash huquqi hayot kechirish bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun inson hayotiga har qanday tajovuz qonunga asosan jazolanadi. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida inson hayotiga qilingan tajovuzlar uchun jazo belgilangan. Kodeksning 97-moddasida qasddan odam o‘ldirish uchun, 98-moddada kuchli ruhiy hayajonlanish natijasida qasddan odam o‘ldirish uchun, 99-moddada onaning o‘z chaqalog‘i (bolasi)ni o‘ldirganligi uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Xuddi shuningdek, Jinoyat kodeksida ehtiyotsizlik bilan odam o‘ldirish, zaruriy mudofaa chegarasidan chiqib odam o‘ldirish uchun ham jinoiy jazo belgilangan. Og‘ir jinoyat sodir etgan shaxslarni o‘lim jazosi orqali hayotdan mahrum qilish masalasi ham yashash huquqi bilan bog‘liq hodisa. Bu — ayrim davlatlarda oxirgi chora tariqasida qo‘llaniladigan jazo. Mamlakatimizda demokratlashtirish jarayoni chuqurlashib borishi bilan bu
masalaga ham yondashuv o‘zgarib bormoqda. O‘zbekiston XXI asrga ijtimoiy hayotning barcha sohalarini erkinlashtirish vazifasi bilan kirib keldi. Bu borada 2001-yil avgustida bo‘lib o‘tgan ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 6-sessiyasida qabul qilingan «Jinoiy jazolarni liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun muhim rol o‘ynaydi. Umuman, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, o‘lim jazosini qo‘llashni kamaytirishga harakat qilmoqda. Mustaqillikka erishgan vaqtda Jinoyat kodeksining 30 dan ortiq moddasida o‘lim jazosi belgilangan bo‘lsa, 1994-yilda 13 moddada, 1998-yilda 8 moddada, 2001-yilda 4 moddada, keyinchalik javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatda qasddan odam o‘ldirish va terrorizm uchun jazo belgilangan kodeks moddalaridagina o‘lim jazosi qoldirildi. Hozirgi kunda esa birorta jinoyat uchun o‘lim jazosi belgilanmagan. 2005-yil 28-yanvarda O‘zbekistonning birinchi Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida «Sud-huquq tizimini liberallashtirish borasida biz hal etishimiz lozim bo‘lgan yana bir masala — bu jazolash tizimidan o‘lim jazosini chiqarib tashlashdir», deb qayd qildi. Shuni hayotga tatbiq etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 1-avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan, 2008-yil 1-yanvardan jinoiy jazo turi sifatida o‘lim jazosi bekor qilindi. Bu bevosita insonning Konstitutsiyada belgilangan yashash huquqini ta’minlashni kuchaytirishga qaratilgandir. Bizning bosh maqsadimiz — jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etishdir. Insonning yashash huquqi to‘la-to‘kis bo‘lishi uchun yashashi davomida hayotdan to‘la bahramand bo‘lishi va o‘z imkoniyatlaridan to‘la foydalanishi uchun unga, albatta, erkinlik va daxlsizlik zarur. Shuning uchun Konstitutsiyaning 25-moddasida «Har kim erkinlik
va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas», deb belgilangan. Erkinlik shaxsning o‘z ixtiyori bo‘yicha yashash, hayot kechirish imkoniyati bo‘lib, faqat shaxs qonunlarga itoat etishi zarur. Mamlakatimizda har bir kishining erkinligi uning shaxsiy daxlsizligi bilan ta’minlanadi. Daxlsizlik degani, shaxsning erkinligini cheklovchi hech qanday harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligidir. Qonunda belgilangan asoslardan tashqari hech kimning erkinligi cheklanishi, erkinlikka zarar yetkazilishi mumkin emas. Qonun tegishli hollarda kishilarning erkinligini cheklashga yo‘l qo‘yadi. Ya’ni ular jinoiy harakat sodir etsa yoki shunday harakat sodir etishda gumon qilinsa, shaxsni jamiyatdan ajratishga zarurat bo‘lsa. Lekin har qanday erkinlikni cheklash qonunga asosan va qonun vakolat bergan organlar tomonidan amalga oshiriladi. Ichki ishlar organlari ma’lum muddatga shaxslarni ushlab turishi, prokuratura organlari qamoqqa olish haqida sanksiya (rozilik) berishi, sud organlari esa ozodlikdan mahrum qilish yoki boshqa erkinlikni cheklovchi jazolar berishi mumkin. Mamlakatimizda har bir kishining erkinligini yanada kengroq ta’minlash maqsadida va jahon tajribasiga tayangan holda shaxsni ushlab turish (ya’ni erkinligini cheklash) masalasini adolatli hal qilish uchun «Boshqa demokratik davlatlar kabi O‘zbekistonda ham shaxsni ushlab turish, hibsga olish, shuningdek, boshqa protsessual majburiy choralarni qo‘llash uchun sanksiya berish huquqlarini ham sudlarga o‘tkazish kerak, deb o‘ylayman», deb Prezident bu masalaga oydinlik kiritdi hamda shu masalani hayotga tatbiq qilish uchun 2005-yil 8-avgustda «Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish to‘g‘risida» Farmon qabul qildi. Bu bilan shaxs erkinligi va daxlsizligini ta’minlash kuchaytirildi. Sudda himoya bilan ta’minlanish huquqi Konstitutsiyaning 26-moddasida «Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini