JAMIYAT VA TABIATNING O‘ZARO TA’SIRI
JAMIYAT VA TABIATNING O‘ZARO TA’SIRI Reja: 1. Odam va geografik muhit 2 . Irqlar haqida tushuncha va Yer yuzi aholisi 3 . Insonning tabiatga ta’siri 4 . Aholi sonining o‘sishi bilan bog‘liq muammolar
1.Odam va geografik muhit Odam tirik organizmlar evolyutsiyasi natijasida paydo bo‘lgan. Aqlli hayvon (odam ajdodi) oddiy qurollarni yasay oladigan bo‘lgandan boshlab odam deyiladi. Afrikadagi Oldova darasidan topilgan odamlar yasagan mehnat qurollarining yoshi 3-3,5 mln. yilga teng. Dastlabki odamlar evolyutsiyasi tabiat evolyutsiyasidan sekin borgan. Hozirgi odamning paydo bo‘lishi tahminan 100 ming yil ilgari ro‘y bergan. Bu odamlar Homo sapiyens – ongli odam deyiladi. Odam paydo bo‘lishi Janubi–g‘arbiy Osiyo va Shimoli – Sharqiy Afrikada ro‘y bergan deb hisoblanadi. Keyin odamlar Yer yuzining turli qismlariga tarqalgan va turli joylar tabiatiga moslashishi jarayonida ba’zi bir antropologik o‘zgarishlar ro‘y bergan. Ongli odam paydo bo‘lishi bilan kishilik jamiyati yuzaga keldi. Kishilik jamiyati taraqqiyoti tabiat evolyutsiyasidan tezroq bordi. Odam aqlli mavjudot bo‘lishiga qaramay tabiat ustidan hech qachon hukmron bo‘la olmaydi. Uning o‘zi tabiatning bir qismi bo‘lib, tabiat qonunlarini yaxshi bilib olib, ularga amal qilgandagina tabiatdan to‘g‘ri va oqilona foydalanishi mumkin. Tabiatning odamni o‘rab olgan, inson jamiyati bilan bevosita o‘zaro ta’sir va aloqada bo‘lib turadigan, ya’ni Yerning odam hayoti bilan juda yaqindan bog‘langan qismi geografik muhit. Geografik muhit doim kengayib boradi, chunki odam hayot faoliyati makonini borgan sari kengaytiradi. Landshaft qobig‘i esa kengaymaydi. Odam landshaft qobig‘idan ham tashqariga chiqib ketishi mumkin. Odam hozirgi vaqtda ilgarigi tabiiy muhitda yashayotgani yo‘q, u bir- biri bilan bog‘liq bo‘lgan ikkita muhitda – tabiiy va sun’iy (texnogen) muhitda yashamoqda. Inson tomonidan yaratilgan texnik muhit (sun’iy sharoit) bir xil xususiyatga ega emas. Ba’zilariga, masalan, geografik muhitning o‘zgartirilgan elementlari – shaharlar, ishlab chiqarish korxonalari,
yo‘llar, to‘g‘onlar va boshqalarga qarab turmay o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, buzilib, yo‘qolib ketadi. Ba’zilari, masalan, suv omborlari, kanallar, ekilgan o‘rmonlar, sun’iy tepalar, tekislangan yerlar tabiiy qonuniyatlar asosida rivojalanishida davom etadi. Shuning uchun ham inson bunyod etgan texnogen elementlar tashlab qo‘yilsa, buzilib ketadiganlari geografik (tabiiy) muhitga kirmaydi. 2.Irqlar haqida tushuncha va Yer yuzi aholisi Yuqorida aytilganidek, odamlar Yer yuzining ma’lum bir hududida paydo bo‘lib, keyin turli tabiiy sharoitli joylarga borib qolgan. Bu joylar tabiiy sharoitiga moslashish jarayonida uzoq vaqt davomida tashqi antropologik belgilar vujudga kelgan. Bunday belgilarga odam terisining rangi, sochining rangi, jingalak, to‘lqinsimon, tik o‘sishi, ko‘z kesimining shakli, yuz tuzilishi, labning qalin-yupqaligi va boshqalar misol bo‘ladi. Bu belgilar irqiy belgilar deyiladi. Mana shunday irqiy belgilarga qarab Yer yuzi aholisi 3 ta katta irqqa va bir qancha oraliq irqlarga bo‘linadi. Hozirgi vaqtda 3 ta yirik irq-yevropoid, mongoloid, negroid irqlari mavjud. Ba’zi tadqiqotchilar avstraloid irqini ham alohida irq deb ajratishadi. Bular: 1) yevropoid va ekvatorial irqlar oralig‘ida efiop, sudan, janubiy hind oraliq irqlari. 2) yevropoid va mongoloid irqlari oralig‘ida janubiy mongoloid, yapon, polineziya, mikroneziya oraliq irqlari mavjud. Hozirgi zamonda irqiy belgilar kuchaymay, aksincha, asta-sekin kamayib bormoqda. Turli irq vakillari bir-birlaridan irqiy belgilarga ko‘ra farq qilsalar ham aslida yerda odam zoti bor. Buni quyidagi dalillar isbot qiladi. 1) Turli irqqa mansub kishilar yashaydigan hududlarda o‘z davrida yuksak tashkiliy davlatlar yuzaga kelgan, o‘z davrining rivojlangan madaniyati tarkib topgan, buyuk kishilar yetishib chiqqan, olamshumul ixtirolar qilingan. Bunga Misrdagi ehromlar, Markaziy va Janubiy
Amerikadagi qadimiy inshootlar, Hindiston va Indoneziyadagi aql bovar qilmaydigan sajdagohlar, qadimiy Xitoy, eron, O‘rta Osiyo, Misrdagi davlatlarni misol qilib ko‘rsatishimiz mumkin. 2) Hamma irq vakillarida ham irqiy beligilar faqat tashqi beligilar bo‘lib, odam ichki a’zolari bir xil, qon tarkibi, guruhlari ham o‘xshash. Turli irq vakillari o‘zaro chatishib, metislar tug‘ilishi mumkin. 3) Turli irq vakillari bolalarini bir xil sharoitda tarbiyalab, o‘qitilsa, hamma irq vakillari orasidan ham olimlar, shoir - yozuvchilar, turli hunar egalari yetishib chiqishi mumkin. Hozirgi vaqtda Yer yuzida 7,2 milliarddan ortiq kishi yashaydi (2014 yil). Lekin ular hamma joyda bir xilda taqsimlanmagan. Bunga tarixiy va tabiiy sharoitlar ta’sir ko‘rsatadi. Inson yashashi va uning xo‘jalik faoliyati uchun qulay bo‘lgan hududlarda odam juda qadimdan yashab keladi va aholi zichligi ham katta. Inson yashashi uchun noqulay hududlar nisbatan qiyin o‘zlashtiriladi. Odamlar bunday joylarga yaqinda kelib o‘rnashgan. Hozir ham o‘zlashtirilmagan hududlar (Antarktida, Grenlandiya, Arktikadagi orollar, cho‘llar, shimoldagi tabiati og‘ir yerlar) mavjud. Aholining joylashishiga yer yuzasi relefi juda katta ta’sir ko‘rsatadi. S.I.Bruk ma’lumotiga ko‘ra, Yer yuzi aholisining 56,2% dengiz sathidan 200 m gacha bo‘lgan pasttekisliklarda, 24% 200 m dan 500 m gacha bo‘lgan hududlarda, 11,6% 500-1000 m gacha balandlikda, 4,4% 1000-1500 m gacha va 3,8 foizi 1500 m dan baland yerlarda yashaydi. Aholining joylashishiga hududning suvga yaqin – uzoqligi ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Yer yuzi aholisining yarmi dengizdan 200 km gacha bo‘lgan hududlarda yashaydi. Bunday yerlar butun quruqlikning atigi 16 foizini tashkil etadi. Hozirgi vaqtda tabiatning insonga ta’siri o‘zgarib bormoqda. Ilgarigi vaqtlarda inson tabiiy sharoitda yashagan bo‘lsa, endilikda o‘zi o‘zgartirgan texnogen sharoitda yashashga ko‘nikib bormoqda. Bunday sharoitda
insonning sog‘ligi, ma’naviy barkamolligi qanday rivojlanadi? Bular maxsus tadqiqotlarni talab qiladi. 3.Insonning tabiatga ta’siri Inson tabiatdan o‘z ehtiyojlari uchun foydalanish jarayonida unga turli xil ta’sir ko‘rsatadi. Inson ta’siri tabiatning mikroyelementlariga, ayniqsa kuchli bo‘ladi. Insonning tabiatga bo‘lgan ta’sirini shartli ravishda ikki turga bo‘lish mumkin: maqsadli ta’sir va maqsadsiz ta’sir. Insonning o‘ylab, biror maqsadni ko‘zlab, tabiatga ko‘rsatgan ta’siri maqsadli ta’sir deyiladi. Bunda odam tabiatdan foydalanish maqsadida unga ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, yer osti boyliklarini qazib chiqarish, o‘rmonni kesish, yerlarni haydash, baliq, mo‘ynali hayvon larni ovlash va h.k. Buning natijasida tabiat kambag‘allashadi. Lekin tabiatga maqsadli ta’sir etib, masalan, daraxt ekib, ayrim tur o‘simlik va hayvonlarni, qo‘riqxonalarni ko‘paytirib tabiatni boyitish ham mumkin. Daryolarga to‘g‘on qurib suv omborlari bunyod etish, cho‘llarga suv chiqarib, vohalar bunyod etish hamda ularni obodonlashtirish, ihota o‘rmonlarini bunyod etish, ayrim hayvon va o‘simliklarni iqlimlashtirish ham tabiatga maqsadli ta’sir etishdir. Tabiatga maqsadli ta’sir etganda ham ba’zan xatolarga yo‘l qo‘yish mumkin. Masalan, Amudaryo va Sirdaryo suvini sug‘orishga to‘liq olib qo‘yish natijasida Orol dengizi qurib bormoqda. Uning atrofida geoyekologik inqiroz davom etmoqda. Umuman maqsadli ta’sir etishni boshqarish, ilmiy asosda muayyan reja bilan olib borish mumkin. Lekin insoning tabiatga ta’siri ba’zan maqsadsiz, o‘ylanmagan bo‘lishi ham mumkin. Bunday ta’sir bir qarashda arzimagan ko‘rinsa ham, biroq bora-bora juda katta oqibatlarga olib kelishi mumkin. Masalan, katta shaharlar atrofida ba’zi bir tabiiy gulli o‘simliklar yo‘qolib bormoqda. Agar bahorda dam olish kunlari dalaga dam olgani, o‘ynagani chiqqan kishilarni